Maqolalar

Ro‘yxatga qaytish

Hasanxon Yahyo Abdulmajid

ENG KATTA BOYLIK

Dunyo kezib, Odam bolalarini ko‘zdan kechirar ekansiz, musulmonu nomusulmon xalqlarni yaqindan tanir ekansiz, o‘zbek xalqining o‘ziga xos fazilatlari tasavvuringizda yanada yorqin gavdalanadi va uning barcha jozibasi Islom bilan bog‘liq ekaniga hamda ajdodlarimiz Islomni juda go‘zal tarzda namoyon etganiga guvoh bo‘lasiz.


Oldingi postda o‘zbek xalqining eng katta boyligi haqida so‘ralgan edi. Unga 250 dan ortiq javob yozildi. Eng ko‘p, balki asosiy javob “Iymon va Islom” bo‘ldi. Bu tabiiy javob ayni haqiqat edi. Boshqa javoblarda ko‘rsatilgan “go‘zal xulq”, “qadryat”, “ulamolar”, “qorilar”, “osudalik”, "sabr-qanoat" ham aslida shu iymonu islomning sharofati ekanida shubha yo‘q. Demak, javoblarning xulosasi quyidagicha: o‘zbek xalqining eng katta boyligi iymonu islomidir.

To‘g‘risi, savolning javobi menda ham aynan shu edi. Zero, bundan boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas. Biroq ko‘pchilikning fikri mening uchun muhim edi. Xayriyatki, xalqimiz uyg‘oq ekan, odam ancha xursand bo‘ldi.

Endi maqsadga o‘tsam. Alloh taolo bandalarning rizqini har xil qilgani kabi, moddiy va ma’naviy boyliklarni xalqlarga turlicha taqsimlagan. Jahondagi elatlarga solishtirilganda, o‘zbek millati ham Alloh taolo ne’matni serob qilgan xalqlardan hisoblanadi. Dunyo kezib, Odam bolalarini ko‘zdan kechirar ekansiz, musulmonu nomusulmon xalqlarni yaqindan tanir ekansiz, o‘zbek xalqining o‘ziga xos fazilatlari tasavvuringizda yanada yorqin gavdalanadi va uning barcha jozibasi Islom bilan bog‘liq ekaniga hamda ajdodlarimiz Islomni juda go‘zal tarzda namoyon etganiga guvoh bo‘lasiz.

Boshqacha qilib aytganda, o‘zbek xalqining eng katta boyligi Islom ekani ikki jihatdan izohlanadi:

  • Birinchidan, bu xalqning o‘zligi, qadryatlari Islom bilan bog‘liq, uni millat qilib tutib turadigan asosiy kuch ham islomiy o‘zlikdir. Zero, bu millat o‘lkada Islom dini gurkiragan davrlarda shakllangan, uning qadryatlari, asosiy urfu odatlari ham shundan ruh olgan. Shu bois, Islom bo‘lmasa, o‘zbek millati o‘zligini ham yo‘qotadi. Islomdan qochgan o‘zbeklar o‘zligidan ham ayriladi. Bu millatning agar musulmonchiligini olib qo‘ysangiz, qiymatini yo‘qotadi. Turli o‘lkalarda yashayotgan millatdoshlarni kuzatgan kishi bunga yana ham ko‘proq amin bo‘ladi. Yana bir haqiqat shuki, istaymizmi-yo‘qmi, bugungi o‘zbek millati qirg‘iz, qozoq kabi qardoshlardan farqli ravishda, ko‘p madaniyat va qonlar qorishmasidan vujudga kelgan. Xususan, unda islom madaniyati va arabu fors qonining ulushi katta. Qiyofalar, til xususiyatlari, shajaralar bunga yorqin dalil. Bu millatning mintaqada asrlar osha ilmu siyosatda yetakchi bo‘lib kelishi ham bejiz emas, buning asosiy sababi uning ana o‘sha boy o‘zligidir.
  • Ikkinchidan, yurtimizdan yetishib chiqqan allomalar, buyuk ajdodlarimiz so‘ngi ilohiy risolatni shunday teran va chuqur anglab, shunchalar go‘zal shaklda tatbiq etganki, uning o‘xshashini topish dushvor. Aqidasi sof, fiqhi o‘tkir, tasavvufu axloqi yuksak. Yaxshi o‘rganilsa, bu xalqning hatto urf-odatlari ham shariat mezoniga solinganini ko‘rasiz. Ayrim johillarning bid’atu xurofotlari o‘zlikdan emas.
    To‘g‘risi, bugun dunyoni kezib, olimu fuzalolarini ko‘rib, buyuk mashoyixlarimizning maqomlari qanchalar yuksak bo‘lganiga yana bir bor amin bo‘lmoqdamiz. Ilohiy risolatning suratu ma’nosi bilan o‘zida aks ettirgan ushbu islomiy o‘zlik haqiqatan bebaho boylikdir, uni asrab-avaylab, unga qayta hayot baxsh etish bugungi o‘zbek olimlari oldida turgan ulkan vazifalardandir. Oldinda ham yurtimizdan chiqqan allomalar butun dunyoga barcha ilmlarda, xususan, Islom ilmlarida ustozlik qilgan. Bugun ham ana shunday buyuk xizmatga millatda ishtiyoq va layoqat bor. Ajdodlardan qolgan sof islomiy ilmlarni agar qayta jonlantira olsak, bu boylikka bugun hamma xaridor bo‘lishi aniq. Ana shunday biz bu boylikning qanchalar bebaho ekaniga yana bir bor shohid bo‘lamiz.

Ne’matning shukri uni asrash va uni to‘g‘ri tasarruf qilishni taqozo etadi. Biz avlodlarni avvalo ajdodlar merosidan bahramand etishimiz, shu bilan birga, ularni zamon ruhida tarbiya qilishimiz lozim. Bu bilan cheklanmay, xalqimiz ichidang oldingidek buyuk Islom olimlarini yetishtirishimiz, islomiy ilmlar rivojida xizmat qilishimiz va uning hayotbaxsh da’vatini butun dunyoga taratishmiz darkor. Mana shunda biz o‘z boyligmizdan to‘g‘ri foydalangan bo‘lamiz.
Aytish joizki, kimlardir bundan darrov dunyaviy taraqqiyot, ilm-fan tashvishiga tushmasin. Ajdodlarimiz biz uchun yetarli namuna, ular dinu dunyoni qushning ikki qanotidek ko‘rishgan. Biz ham shu yo‘ldan borishimiz lozim. Texnika va sanoatdagi taraqqiyotimiz ham ana shunda yanada yuksak bo‘ladi. Shunisi ham aniqiki, texnikani pulga sotib olsa bo‘ladi, ammo ma’naviyat pulga topilmaydi. Iymonni moddiyatga sotish hayvonning yem bergani uchun qossobning qo‘lini o‘pshidek gap. Inson esa ma’naviyati bilan mavjuddir.
Alloh iymonu islomimizdan ayirmasin!