Hasanayn.uz

Kitoblar

Ro‘yxatga qaytish

Hasanxon Yahyo Abdulmajid

«MAVLID»

Nashriyot
«Hilol-nashr»
Hajmi
384 bet
Muqovasi
Qattiq
Alifbo
Kirill

Tavsif

SO‘Z BOSHI

Bizni O‘zining so‘nggi elchisi Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatlaridan qilgan Alloh taologa cheksiz hamdu sanolarimiz bo‘lsin!

Hayotlarining har bir lahzasi biz uchun ibrat manbai bo‘lgan habibimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga durudu salavotlarimiz bo‘lsin!

O‘sha muhtasham hayotning har bir lahzasini diqqat bilan o‘rganib, kelajak avlodlarga o‘ta aniqlik ila rivoyat qilib qoldirib ketgan sahobai kiromlarga va bu ilmiy omonatni sahifalarga qaydlab, bizgacha yetib kelishida xizmat qilgan ulamoi kiromlarga Alloh taoloning roziligi va rahmati bo‘lsin!

Alloh subhanahu va taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qiladi: «Darhaqiqat, sizlar uchun – Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p zikr qiladiganlar uchun Allohning Rasulida go‘zal o‘rnak bordir» (Ahzob surasi, 21-oyat).

Ha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam butun insoniyat uchun, xususan, mo‘min-¬musulmonlar uchun eng oliy o‘rnakdirlar. Mana shu haqiqatdan kelib chiqib, Islom ummati qadimdan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hayotlarini atroflicha, qunt bilan o‘rganib, o‘rgatib kelgan. Sahobai kiromlar u zot alayhissalomning har bir so‘zu amallarini, harakotu holatlarini diqqat bilan kuzatib, yodlab borganlar va o‘zlaridan keyingi avlodlarga bekamu ko‘st yetkazganlar. Ularning naqllarini qog‘ozga tushirish natijasida hadis kitoblari, siyrat asarlari vujudga kelgan.

Hijriy to‘rtinchi-beshinchi asrlarga kelib, kishilarda ilmga bo‘lgan rag‘bat va munosabatlardagi o‘zgarishlarni sezgan ayrim ulamolarimiz va musulmonlarning amirlari ko‘pchilik bilan o‘zaro maslahatlashgan holda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shaxslari va hayotlarini, sunnatlari va siyratlarini yaxshiroq o‘rganish va xalqqa yetkazish maqsadida u zot tavallud topgan rabi’ul-avval oyini siyratni o‘rganish mavsumi o‘laroq o‘tkazishni yo‘lga qo‘yganlar. Shunday qilib, bu oyni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yaxshiroq tanish, odamlarning u zot haqlaridagi bilimlarini oshirish, muhabbatlarini sayqallash ma’nosidagi bir ma’rifiy oyga aylantirganlar. Buning uchun turli ko‘rinishdagi mavlid marosimlarini tashkil qilganlar. Bu ish bugungi kungacha butun Islom olamida an’ana sifatida davom etib kelmoqda.

Mavlid munosabati bilan qilinadigan yig‘inlar ikki xil shaklda tus olgan. Ba’zi bir joylarda bu tadbir bayramona kayfiyatda, shodlik izhor qilish, sovg‘alar ulashish, na’t va nashidlar kuylash kabi ishlar bilan o‘tkaziladi. Ikkinchisi esa ilmiy anjuman shaklida o‘tkaziladigan mavlid yig‘inlaridir. Bular mavlid oyini siyratni o‘rganish mavsumi sifatida o‘tkazishga qaratilgan tadbirlardir. Bugungi kunda har ikkala usulni jamlagan holda mavlid yig‘inlari qilish ham keng yoyilgan.

Insoniyat tarixidagi eng fasohatli, balog‘atli va oliymaqom she’riy asarlar «madiyhun-Nabiy» – Nabiyning madhi deya atalgan, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning madhida yozilgan she’rlardir. Musulmon xalqlarning shoirlari o‘zlari va elatlarining Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatlarini u zotning madhlarida bitgan she’rlarida namoyish etganlar. Ularning eng sara she’rlari ham aynan shu mavzuda bo‘lgan. Bu buyuk ummon tinimsiz ravishda yangi-yangi «zilol suvlar» – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning madhlarida bitilgan she’rlar, qasidalar bilan to‘lib kelmoqda. Bu asarlarning har biri Nabiyyulloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatning ramzi va namunasi hamdir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning madhlari va tavsiflarida yozilgan asarlarning bir turi mavlid asarlaridir. Ularda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlari, sifatlari va siyratlari qisqacha bayon qilinadi. Ana shunday asarlaridan biri imom Ja’far Barzanjiy rahmatullohi alayhning «Mavlid» asarlari hisoblanadi. Bu mavlid butun Islom olamida, xususan, bizning diyorlarda keng tarqagan bo‘lib, bugungi kunda ham ko‘p joylarda o‘qiladi. Bizda ham bu asar go‘zal ohanglarda, yaxshi bir suratda o‘qiladi, orada salavotlar aytiladi, tilovatlar qilinadi. Bularning hammasi yaxshi. Ammo mazkur mavlid asari arab tilida bo‘lgani uchun hozirda ko‘pchilik uning ma’nosini tushunmaydi. Mavlid o‘qishdan asl maqsad esa uning mazmunini tushunishdir. Shu e’tibordan, ahli ilmlarimiz va qori domlalarimiz bilan maslahatlashib, mavlid yig‘inlarida mavlid asarining arabchasini o‘qish bilan kifoyalanib qolmay, kishilarni aytilayotgan na’tlarning mazmunidan ham boxabar qilinsa, siyratga doir yana boshqa suhbatlar ham qilinsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi, degan xulosaga keldik va buni tajribada ham qo‘llagan bo‘ldik. Biroq, mazkur mavlid asari adabiy jihatdan g‘oyatda mukammal asar bo‘lib, uning ma’nosini tushunish biroz mushkulroq. Shu bois, uning tarjima va sharhini qilish ayni muddao edi. Buni Hasanxon Yahyo Abdulmajid muvaffaqiyat bilan bajardilar. U kishi avval asarning tarjimasini tayyorladilar. Keyin maslahatlashib, uni qisqacha sharhlashga kirishdilar. Orada ayrim masalalar bo‘yicha suhbatlashib turildi. Nihoyat, tarjima va sharh bitgach, uni kitob qilib nashr etishga qaror qilindi.

Alloh taolodan muhtaram Hasanxon qoriga yuksak muvaffaqiyatlar tilab qolamiz. Bundan keyin ham ilm-ma’rifat yo‘lida tolmay xizmat qilib borishlarini umid qilamiz.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Mil. 2015.12.02/hij. 1436 yil 20 rabi’ul­oxir.

O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasining 2025 yil 24 fevraldagi 03-07/1244-raqamli xulosasi asosida tayyorlandi.