
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
Sinvonim Husayn
Mushfiqim, ulfat, ukamjonim Husayn, Chin qorindoshim, jigarjonim Husayn.
Gar tilovat etsa, ko‘ngillar asir, Aylasa inshod, xushxonim Husayn.
So‘zlasa, dillar erib, vijdon turar, Ul masihanfos suxandonim Husayn.
Va’zi aql-u ruhga zo‘r ozuqadir, Ko‘zga nur-u dilga darmonim Husayn.
Totdi yoshlikdan necha dard-u alam, Misli Ayyub dardga polvonim Husayn.
Qalbi yonmish doimo Haq ishqida, Bo‘ldi elga shamsi tobonim Husayn.
Bo‘yla o‘ngi ichida, botinparast, Sidq-u siddiq, mehri pinhonim Husayn.
Bitsa ash’or, bo‘ysunar vazn-u aruz, Sursa barmoq, sheri davronim Husayn.
Fiqh-u tafsir-u hadis, ilmi suluk, Fors, arab tilga bilimdonim Husayn.
Yo‘q akam, o‘tmish otam, ketmish onam, Mahv etibdir barcha armonim Husayn.
“Yo”si tasg‘irdan emas, ta’zim uchun, Oxir-u sobiq Sulaymonim Husayn.
So‘zlasam vasfin tamom, topmas tamom, Bo‘lgusi eng yaxshi dostonim “Husayn”.
Yo Rab, et umrin uzun, jismin butun, To abad bo‘lsin mening yonim Husayn.
Jonim ul “yo”i xitobidan tirik, Olsa, illo olgusi jonim Husayn.
Bu Hasan bo‘lmish Husayn birlan butun, Xonumonim, juft-u sinvonim Husayn.