
Husaynxon Yahyo Abdulmajid
Alvido, Ramazon! Alvido, Siyom!
O‘n bir oy kutgandi tashrifingni jon, O‘n bir oy bezanmish sen uchun Jinon, Sog‘inching qonmasdan tushdi-ku hijron! Al-firoq, kechalar! Al-firoq, ayyom! Alvido, Ramazon! Alvido, Siyom!
Vujuding dillarga imtihon ermish, Visol-u firoqing iymon sinarmish, Qadringni bilganlar qadring toparmish, Seni sevganlarga do‘zaxdir harom! Alvido, Ramazon! Alvido, Siyom!
Senda inmish ko‘kdan Tavrot-u Injil, Ibrohim suhufi, Zaburi jamil, Senda nozil bo‘lmish Qur’oni Jalil, Sen Kalom oyisan, sunnating qiyom, Alvido, Ramazon! Alvido, Siyom!
Sen muruvvat oyi, saxovat oyi, Ilm-u amal, taqvo, tilovat oyi, Namoz-u duo-yu ibodat oyi, Qaniydi etsayding yil bo‘yi davom! Alvido, Ramazon! Alvido, Siyom!
Shaytonlar kishanda, ruhlardir ozod, Nafs ishi kasod-u, qalb uyi obod, Malaklar havasda, yomonlar barbod, Inson o‘zligini topmishdir tamom, Alvido, Ramazon! Alvido, Siyom!
“Allohu akbar!”, bas, og‘iz yopilar, “Allohu akbar!”, bas, ro‘za ochilar, Demakki, har ishda “Allohu akbar!”, Alloh ulug‘, bas, sen ulug‘san mudom, Alvido, Ramazon! Alvido, Siyom!
Bir kechang bor sening, ming oydan afzal, Bir tunlik ibodat — ming oylik amal, Umr qisqaligi yetkazmas xalal, Bu kecha tonggacha salomdir, salom! Alvido, Ramazon! Alvido, Siyom!
Yog‘ar tashrifingdan har yon barakot, Amal daftariga to‘lar hasanot, Ketarsan, dillarga cho‘kar hasarot, Kelding-u ketmoqqa rostlading xirom! Alvido, Ramazon! Alvido, Siyom!
Kim senda ezgudir, yil bo‘yi ezgu, Sendan bebahraga yo‘q abad yog‘du, Mag‘firat topmagan kechgusi qayg‘u, “Xor bo‘lsin!” demishlar Sohibi ikrom, Alvido, Ramazon! Alvido, Siyom!
Biz sendan tonmadik, tonma bizdan ham, Rayyon eshigida kut bizni bir dam, Shafoatchimiz bo‘l, rad etmas Egam, Salomun alaykum, va alaykum salom! Alvido, Ramazon! Alvido, Siyom!
Biz armon yutarmiz. Mayli, yaxshi bor, Kutarmiz o‘n bir oy yana intizor, Yana diydoringga yetkazsin G‘affor! Borgan-kelganingga ming bor ehtirom! Alvido, Ramazon! Alvido, Siyom!