Hasanayn.uz

She’rlar

Ro‘yxatga qaytish

Hasanxon Yahyo Abdulmajid

ADOLATJON, MARHABO!

ADOLATJON, MARHABO!

Necha yillar sendan faqat yuz o‘girdik, Buning uchun ming bahona, vaj qidirdik, Bosh ko‘tarsang qaydan, chunon gurzi urdik, Adolatjon, marhabolar, xush kelibsan! Qadding ko‘tar, nega so‘lg‘in, jim turibsan?

Sensiz qonga to‘ldi qancha pok yuraklar, Zulmu sitam ichra so‘ldi oq yuraklar, Majruh, mahrum bo‘ldi qancha sog‘ yuraklar, Adolatjon, marhabolar, xush kelibsan! Qadding ko‘tar, nega so‘lg‘in, jim turibsan?

Ajab, har kim senga o‘zin nisbat berar, Dushmanlaring boshing olib, do‘stmiz deyar, Noming sotib, hayqirgancha og‘zin kerar, Adolatjon, marhabolar, xush kelibsan! Qadding ko‘tar, nega so‘lg‘in, jim turibsan?

Bilasanmi, senga qancha tashna dillar? Dildan seni kuylashga zor qancha tillar! Sog‘ingandir seni ko‘zlar necha yillar! Adolatjon, marhabolar, xush kelibsan! Qadding ko‘tar, nega so‘lg‘in, jim turibsan?

Elim senga benihoya intizordir, Bir bor boqib kulishinga qancha zordir, Izlab seni har ko‘chada beqarordir, Adolatjon, marhabolar, xush kelibsan! Qadding ko‘tar, nega so‘lg‘in, jim turibsan?

Izlagaymiz seni ko‘cha, ish, o‘qishdan, Qonunlardan, hukmlardan, yozu qishdan, Ko‘rinmaysan, haydashganmi seni ishdan? Adolatjon, marhabolar, xush kelibsan! Qadding ko‘tar, nega so‘lg‘in, jim turibsan?

Sen yo‘q suv ham oqar tog‘u soylarga, bas, Farovonlik, pullar boqar boylarga, bas, Muhabbat ham, baxt ham yuzi oylarga, bas, Adolatjon, marhabolar, xush kelibsan! Qadding ko‘tar, nega so‘lg‘in, jim turibsan?

Hamma seni bizdan desa, bo‘lma hayron, Azal shunday yaratilgan ko‘hna inson, Lekin seni darhol tanir iymon, vijdon, Adolatjon, marhabolar, xush kelibsan! Qadding ko‘tar, nega so‘lg‘in, jim turibsan?

Mahbub qildi seni elga Odil Xudo, Sening uchun bo‘ldi qancha jonlar fido, Seni deb Haq oxiratni etdi paydo. Adolatjon, marhabolar, xush kelibsan! Qadding ko‘tar, nega so‘lg‘in, jim turibsan?

Bildik, asling ekan sening samolardan, Topdik seni ko‘kdan kelgan nidolardan, Qutqar kelib bizni barcha nizolardan, Adolatjon, kutib olay qalqib seni, Quvolmasin yurtdan hech kim qaytib seni.

Senga ta’zim, senga olqish har zamonda, Sen bilandir baxtu iqbol har makonda, Kela qolgin, qaror topgin bu Turonda, Adolatjon, kutib olay qalqib seni, Quvolmasin yurtdan hech kim qaytib seni