Hasanayn.uz

She’rlar

Ro‘yxatga qaytish

Hasanxon Yahyo Abdulmajid

AYO SOFIYA, FATH MUBORAK!

AYO SOFIYA, FATH MUBORAK!

Ayo Sofiya, qutlug‘ bo‘lsin ushbu izzatu shavkat. Yana yuksaldi sha’ning, yetdi hurmat ustiga hurmat.

Yoshing gar kattadir bu takbiru tahlil, azonlardan, Tug‘ilding qayta senda bu sadolar yangragan fursat.

Agar bag‘ringda ming yil chaldilar zang, kuylab Injildan, Ichingdan o‘t qo‘yib, Iyso‑yu Maryamdan chizib surat.

Valekin kimsa boshin qo‘ymadi ta’zim‑la poyingga, Musulmon tuprog‘ingga sajda qilgach, yetdi bu izzat.

Unutma, qo‘rqma, Islom ahlidan yo‘q senga hech ozor, Kelarlar pok kiyim, pok tanda, pok dil hamda pok tiynat.

Buzilmas bir toshing, aksincha, butlarlar kamu ko‘sting, Qo‘yib mehrobu minbarlar, toparsan ziyonatu haybat.

Nedan ikromu izzat etmasinlarkim, Kalom ichra Tilovat aylagaylar Maryamu Iysoda ko‘p siyrat?

Yana har bir musulmon ona der ul Binti Imronni, Masihni Haq so‘zi, ruhi, nabiysi deb bilar albat.

Nedan ardoqlamaslarkim, shudir iymon, shudir Islom? Ibodatxonaga hurmat, ibodat ahliga shafqat.

Taassuf, necha yildir etdilar Haq zikridan mahrum, Shukrkim, kuldi baxting, qayta uyg‘onganda bu millat.

Bu yanglig‘ shonu shavkat senga yo‘q hech o‘zga bir eldan, Hamisha poku xushbo‘y, barchaga maftuh beminnat.

Yetishdi fotiha fotihlaringdan, qutlagaydirman, Ochilding ham ochilding, ushbudir fath, ushbudir nusrat.

Iloho, to qiyomat so‘nmasin bu sha’nu iqboling, Hasan tuprog‘inga bosh qo‘ymaguncha etmasin raj’at