Hasanayn.uz

She’rlar

Ro‘yxatga qaytish

Hasanxon Yahyo Abdulmajid

QURʼON ILA

QURʼON ILA

Aytamiz hamdu sano Qurʼon ila. Aylagaymiz iltijo Qurʼon ila. Istagaydirmiz shifo Qurʼon ila. Oqibat kelsa qazo Qurʼon ila, Bosh qoʻyarmiz yer aro Qurʼon ila.

Jahlu zulm ichra edi insoniyat, Oʻylamasdi ne mehr, iffat, uyat, Xoliqin bilmasdi, yoʻq bir maʼrifat, Aysh uchun erdi ayol zoti faqat, Keldi shunda Mustafo Qurʼon ila.

Keldi-yu, olamni haqqa chorladi, Zulmu shahvat butlarini xorladi, Kun misoli olam uzra porladi, Kimki ul zot soʻzlarini korladi, Boʻldilar, bas, muqtado Qurʼon ila.

Tingla, banda, keldi Robbingdan bu nur! Uygʻon endi, etmagin kibru gʻurur. Fitrating ‒ bu pok dinga yuzni bur, Ikki dunyo ichra topgaysan surur, Ham koʻrarsan roʻshno Qurʼon ila.

Lafzu maʼnosi uning moʻjiz erur, Hukmu irshod bobida tengsiz erur, Oʻxshashin bitmoqqa xalq ojiz erur, Gar usiz oʻtsa hayot, nochiz erur, Hosil oʻlgay muddao Qurʼon ila.

Bilki, har kim boʻlsa odam millati, Unga Qurʼon Xoliqingning hujjati, Bunga masʼuldir Muhammad ummati, Yoʻqsa bitmasdir bu dunyo kulfati, Barcha ish boʻlgay raso Qurʼon ila.

Odam oʻgʻli, koʻr ne keldi senga joh, Oilada jufting vazir, sen ersa shoh, Barchasi xizmatda senga xayrxoh, Sen ularga mehribon pushtu panoh, Barcha bu izzat sanga Qurʼon ila.

Ey ayol, muslimasan, mahjubasan, Xoliqu maxluqqa teng mahbubasan, Bil, hayo, iffat-la sen margʻubasan, Xulqu odobing bila matlubasan, Barcha bu xislat sanga Qurʼon ila.

Tingla, xalqim, dardu dil izhorlarim, Sen uchundir barcha yoʻq-u borlarim, Xoh qabul et, xoh rad et zorlarim, Saqlamay sendan siru asrorlarim, Aytayin borin raso Qurʼon ila.

Avvalo Odam ato farzandisan, Ham Buxoriy, Termiziy dilbandisan, Bobiru Temurning arjumandisan, Yaʼni Islom ummatin bir bandisan, Barchasi boʻlmish ravo Qurʼon ila.

Qanchalar yuksakdir ajdoding sening! Yashnatib dunyoni i(y)joding sening! Lol etib olamni bunyoding sening! Keldi «Ustoz xalq» deb oting sening, Tarixing topmish ziyo Qurʼon ila.

Ayladi noming ulugʻ ajdodlaring, Oʻylagin ne der seni avlodlaring! Foyda bermas hech bino-bunyodlaring, Oʻtmas uzring, bitmagay faryodlaring, Etmasang burching ado Qurʼon ila.

Kel, elim, Qurʼon tilovat aylagil, Gʻamni qoʻy, bir zum halovat aylagil, Ham tadabbur, fikri oyat aylagil, Ikki dunyoingni jannat aylagil, Ham mudom etgin duo Qurʼon ila.

Shukrkim, yurting bugun ozod erur, Har jihatdan kun sayin obod erur, Dushmaning xomush va doʻsting shod erur, Senga mendan ushbu dilsoʻz yod erur: Boʻl hamisha oshno Qurʼon ila.

Qutlagay bayram bilan oʻgʻling Hasan, Yaʼni Qurʼon bazmi ‒ qutlugʻ anjuman, Ne muborak xalq bu, ushbu Vatan! Sen uchun boʻlsin fido ming jonu tan, Senga taʼzimlar bajo Qurʼon ila.

25.04.2017