
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
MUHADDISLAR
MUHADDISLAR
Bu olam ichra sizdir zubda[1]i inson, muhaddislar. Yana din ilmi qasri ichra siz sulton, muhaddislar. Tavorix qal’asida bo‘ldingiz posbon, muhaddislar. Erur past martabangiz oldida osmon, muhaddislar. Nechukkim, shayxingiz ‒ Payg‘ambari Rahmon, muhaddislar.
Rasuldan ilmu hikmat qoldi meros, sizlar oldingiz, Sochilgan erdi durlar, siz terib sandiqqa soldingiz, Qo‘shilgan toshu tuproqlarni undan mahv etoldingiz, Buningchun yurt kezib, na charchadingiz yoki toldingiz, Nabiyga bo‘ldingiz chin bovafo o‘g‘lon, muhaddislar.
Nabiy merosiga dushman eli ko‘p hamlalar etmish, Havo ahlin buzuq afkoridan turli zarar yetmish, Biri o‘zgartirib so‘zni, biri yolg‘on hadis bitmish, Valekin oftobingiz porlagach bori kuyib ketmish, Topolmas qadr sizdek ko‘kdagi Tobon[2], muhaddislar.
Hama tarixu siyrat ahliga siz bo‘ldingiz ustoz, Faqihga qayda sizsiz ijtihod osmonida parvoz?! Usuliy[3] oldingizda o‘ltirar ushlab qalamqog‘oz, Yozib Qur’onga tafsir ilk bor, siz bo‘ldingiz mumtoz, Haqingiz bo‘ldi ummat uzra bir ummon, muhaddislar.
Tizildingiz Rasulning poyin ushlab xuddi marjondek, Zamon charxini ojiz qo‘ydingiz mushtahkam arqondek, Yetib ummatga sunnat bexatar tomirdagi qondek, Himoya etdingiz bu durni go‘yo tandagi jondek, Agar ta’rifingiz etsam, bo‘lar doston, muhaddislar.
Bor ermish ushbu mulk ichra shahanshahlar shahanshohi, Topolmas haddu imkon hech kishi bo‘lmoqqa hamrohi, Bashorat topdi Haqdan, mustajob bo‘ldi mudom ohi, Muhammad ibn Ismoil, Buxorodir qadamgohi, Uning fazliga birdek keltirar iymon muhaddislar.
Hadis ilmida dunyo ahliga peshvo Buxoriydir, Farosat, bilmu hikmat, hifzda yakto Buxoriydir, «Sahih» bitmoq usulin aylagan barpo Buxoriydir, Ishonchda etgan ikkinchi kitob imlo Buxoriydir, Bularning hech biriga topmadi imkon muhaddislar.
«Sahih»in yozdi so‘ngra «soniyasnayn»,[4] ya’ni ul Muslim, Uning tartibu ta’lifi muhaddislarga bir ta’lim, Bo‘lib fahmu mahorat, aqlu idrokiga el taslim, Buxoriyni qilib tasdiq, so‘zin gar aylasa taqdim, Egar bosh, ittifoq o‘lmish ‒ deyib ‒ shayxon, muhaddislar.
«Sunan» yozmoqda mohirdir Abu Dovud Sijistoniy, Uning tartibini ilm ahli derlar ayni osmoniy, Demishlar bu kitobni din uchun bir ahdi iymoniy, Uning mislini hargiz ko‘rmamishdir dunyai foniy, Qabul etgay, agar u aylasa farmon, muhaddislar.
Muhammad ibn Iyso Termiziy ham bir sunan yozmish, Faqihlar fiqh bitmoqlikda undan orqada qolmish, Bo‘lib mazmuni ravshan, barcha undan foydalar olmish, «Hasan» bog‘iga bu mulk ichra eng avval asos solmish, Topolmabdir uningdek ko‘zlari giryon muhaddislar.
Keyingi eng sahih to‘plamga kelmish «Mujtabo» deb nom, Uni Ahmad Nasoiy sayladi, Haqdan bo‘lib ilhom, Topilmas unda hech roviylar ichra illatu badnom, Agar bilsangiz, ushbu beshta ustun uzradir Islom, Ularga poydevor aylar emish Qur’on muhaddislar.
Cho‘zib bo‘y «Oltilikka» chiqdi bir alloma Qazvindan, Tuzibdir bir sunan, behojat ermish madhu tahsindan, Go‘zaldir tartibi ham xolidir takroru taxmindan, Xulosa ‒ bo‘ldi o‘z da’vosining haqdori haqchindan, Uni ko‘rgach, demishlar «qolmadi armon», muhaddislar,
Jahonga qo‘ydi o‘t yog‘du sochib Molik «Muvatto»si, Nechukkim, bo‘ldi «DorusSunna»[5]ning bir durri yaktosi, Hadis mulkini zabt etmish, agar fiqh erdi da’vosi, Faqihlar, mujtahidlar ushbu durning bo‘ldi shaydosi, Bilar nurni Haqdan hujjatu burhon muhaddislar.
Samarqand maktabidan chiqdi ustoz Dorimiy hazrat, Buxoriy, Termiziylardanda bo‘lmishdir anga sabqat,[6] Tuzibdir turfa bir to‘plamki, undan uyg‘onib hayrat, Birov «musnad», «sahih» der, boshqasi bermish «sunan» nisbat, Deyurlar sohibin chun, hofizi davron, muhaddislar.
Sahihlar gulshanin to‘ldirdi ul alloma Bin Hibbon, Uning guldastasi birlan muzayyan bo‘ldi bu bo‘ston, Bo‘lib bu gullarining rangu ro‘yi, bo‘yi ming alvon, Darak bergayki beshak, qanchalar mohir o‘shal bog‘bon, Uning ta’rifu tavsifidadir hayron muhaddislar.
Kiey siz bu ilm osmonida yulduzdek oshkora, Demay yulduzki, Kun atrofida to‘qqizta sayyora, Bir olam har biringiz, balki undan katta yuz bora, Butun insoniyatga nuringizdan o‘zga yo‘q chora, Agar siz bo‘lmasangiz, barchamiz sarson, muhaddislar.
Bugun bizlar jaholat zulmati ichra ziyo izlab, Yurakni o‘rtarar dardu alamlarga davo izlab, Ko‘ngillar ichra o‘rnashgan kasallarga shifo izlab, Qonarmu tashnalik, deb ham izingizdan navo izlab, Turibmiz ositonangizda bu alvon, muhaddislar.
Erur maqsad bu dam ‒ ushbu to‘qiz maxzanni keltirsak, Ularning durlarin oyinamizda aks ettirsak, Hayotbaxsh nurlarin bu yurt elin ko‘ngliga yetkazsak, Rasul merosidan ummatlarini bahravar etsak, Nechukkim, sizga ikkinchi Vatan ‒ Turon, muhaddislar.
Demay to‘qqiz xazina, asli ganjin silsilangiz bu, Bu olma ichra eng sof, shubhasiz, chin silsilangiz bu, Kalomullohga yo‘ldosh, quvvati din silsilangiz bu, Hadis mulkida beshakshubha «Oltin silsila»ngiz bu, Uni taqmish bo‘yinga aylabon marjon muhaddislar.
Iloho, barcha o‘tgan ul muhaddislarni rahmat et, Hayot vorislarin hifzu himoyang ichra izzat et, Bu ojiz qullaringning ishlariga fathu nusrat et, Rasulingning shafoat naqdiga bu ishni illat et, Umid aylarki Sendan, biz kabi, rizvon[7] muhaddislar.
Hasanxon Yahyo Abdulmajid 09.10.11.
[1] Zubda ‒ biror narsaning sarasi, eng yaxshisi.
[2] Tobon ‒ Oy yoki Quyosh.
[3] Usuliy ‒ usuli fiqh ilmi bilimdoni, shu ilm bilan shug‘illanadigan odam.
[4] «Soniyasnayn» ‒ ikkitaning biri, ikkitaning ikkinchisi. Bu yerda hadis ilmidagi eng buyuk ikki kishining biri, aniqrog‘i, ikkinchisi mazmunida. Bu ibora Qur’onda Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam va Abu Bakr roziyallohu anhu ikkovlariga nisbatan ishlatilgan.
[5] «Dorussunna» ‒ «Sunnat diyori», Madiynai Munavvaraning nomlaridan biri.
[6] Sabqat ‒ oldin o‘tganlik, ildamlik.
[7] Rizvon ‒ Allohning roziligi; jannat.