Hasanxon Yahyo Abdulmajid
«MUALLIMI SONIY» YANGI TALQINDA (HUSNIXAT DAFTARI BILAN)
- Muallif
- HASANXON YAHYO ABDULMAJID
- Nashriyot
- HILOL-NASHR
- Yil
- 2024
- Muqovasi
- YUMSHOQ
- Alifbo
- KIRILL
ISBN 9789910731914
Kitobni sotib olish
HILOL-NASHRTavsif
SO‘ZBOSHI
الۡحَمۡدُ لِلّٰهِ الَّذِي أَنۡزَلَ عَلَى عَبۡدِهِ الۡكِتَابَ وَلَمۡ يَجۡعَلۡ لَهُ عِوَجًا، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ الْمُصْطَفَى وَعَلَى آلِهِ وَأَصۡحَابِهِ وَمَنْ وَالَاهُ.
Bandasiga kitob nozil etgan va unda hech bir egrilik aylamagan Allohga hamdu sanolar bo‘lsin! Sayyidimiz Muhammad Mustafoga va u zotning olu asʼhoblariga, u zotni do‘st tutganlarga salotu salomlar bo‘lsin!
Assalomu alaykum, aziz ilm toliblari!
Yurtimiz Islom nuri bilan munavvar bo‘lgan kezlardan beri xalqimiz Allohning bashariyatga nozil qilgan so‘nggi kitobi Qur’oni Karimga o‘zgacha ixlos bilan yondashadi. Zero, musulmon ummati bu ilohiy Kalomga hamisha muhabbatli bo‘lgan. Bugun ham xalqimiz o‘zligi va qadriyatlarini tiklash barobarida Qur’on o‘rganishga o‘ziga xos iqbol bilan harakat qilmoqda. Bu borada ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirildi va oshirilmoqda.
Kamina xodimingiz ham ushbu mavzuda ayrim kamtarona ishlarni elga taqdim qildi. «Qur’on tartili» qo‘llanmasi, «Iqro’» va «O‘n kechaga qasam» nomli dasturlar shular jumlasidandir. Bu qo‘llanmalar orqali juda ko‘pchilik Qur’on o‘qiy olish sharafiga muvaffaq bo‘lganini aytib, muallifga duoyi xayr va tashakkurlarni izhor qilib kelmoqda. Bundan tashqari yana ayrim qo‘llanmalar, darsliklar ham nashr qilindiki, bularning barchasi ilm‑ma’rifat sari bosilgan muborak qadam o‘laroq barcha donishsevarlarni xushnud qilmoqda. Biroq bu borada yanada qulay va mukammalroq asarlarga ehtiyoj mavjudligi yangi urinishlarni taqozo qilmoqda. Qo‘lingizdagi risola aynan ushbu mulohazalar mahsulidir.
Qur’on o‘rganishda boshlang‘ich qo‘llanmalar ichida «Muallimi soniy» kitobining o‘rni beqiyos. Muallifning ixlosi va maqbuliyat sababidan bo‘lsa kerak, salkam bir yarim asrdirki, bu kitobcha o‘zi bir necha sahifadan iborat va o‘ta qisqa bo‘lsa‑da, nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqada Qur’on o‘rganishda asosiy narvon vazifasini o‘tab kelmoqda. Hatto odamlar Qur’on o‘qishni o‘rgatadigan qo‘llanma desa, «Muallimi soniy»ni tushunadigan bo‘lib qolgan. Shu e’tibordan sizga taqdim etilayotgan yangi qo‘llanma aynan ushbu kitob asosida, uning yangicha talqini o‘laroq tayyorlandi.
Kitobni aynan chop qilmay, biroz to‘ldirishlar bilan nashr etishga bir qator omillar turtki bo‘ldi. Jumladan:
- «Muallimi soniy»ni muallif Ahmad Hodiy Maqsudiy rahmatullohi alayh o‘zining turkiy alifboni o‘rganishga bag‘ishlangan «Muallimi avval» kitobidan keyin o‘qishga moslab yozgan. Buni kitobning dastlabki nashrlarining bosh sahifasida va muqaddimasida muallif o‘zi ta’kidlab o‘tgan. Chunki u paytlarda hozirgi MDH davlatlari hududida musulmonlar o‘rtasidagi joriy alifbo arab yozuviga asoslangan turkiy alifbo edi. O‘quvchilar dastlab «Muallimi avval» orqali savod chiqarib, o‘z ona tillaridagi kitoblarini o‘qishni o‘zlashtirib olib, keyin Qur’on o‘qishni o‘rganish uchun «Muallimi soniy» kitobiga murojaat qilishgan. Tabiiyki, kitobning tuzilishida ushbu omil inobatga olingan. Bugun esa bizda joriy alifbo lotin va kirill yozuviga asoslangan. Endi Qur’on o‘rganuvchilar uchun «Muallimi soniy»dagi harflar tamoman notanish, kamiga ayrim qoidalar tushunarsiz va mashqlar kamlik qilib qoldi. Ko‘p o‘quvchilar «Muallimi soniy»ni o‘qish orqali Qur’onga tushishadi‑yu, ammo savodxonlik yetishmaganidan suralarni o‘qishga qiynalishadi yoki juda ko‘p xato bilan o‘qishadi. Poydevor bo‘sh bo‘lgach, har qadamda muammo chiqaveradi. Kitobning ushbu yangi talqinida aholining bugungi savodxonlik darajasidan kelib chiqib, kitob zamonamiz o‘quvchilari talabiga moslashtirildi.










