Hasanayn.uz

Kitoblar

Ro‘yxatga qaytish

Hasanxon Yahyo Abdulmajid

«NAVOIYDAN CHU TOPQAYLAR NAVOYE»

Muallif
HASANXON, HUSAYNXON YAHYO ABDULMAJID
Nashriyot
HILOL-NASHR
Hajmi
240 bet
Yil
2014
Muqovasi
QATTIQ
Alifbo
KIRILL

ISBN 9789943814509

Kitobni sotib olish

HILOL-NASHR

Tavsif

NAVOIY GULDASTASI

Bismillahir Rohmanir Rohim

Robbimiz Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar bo‘lsin! Sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga bitmas-tuganmas salavotu salomlar bo‘lsin!

Xalqimizga ma’rifiy xizmat ko‘rsatishni maqsad qilib olgan, yaqindagina ish boshlagan «Hilol-nashr» matbaa-nashriyoti mutasaddilari mumtoz adabiyotimizni o‘rganish borasida olib borilayotgan ishlarga ham munosib hissa qo‘shish niyatida adiblarimiz va ziyolilarimiz bilan maslahatlashib, «Mumtoz adabiyot durdonalari» rukni ostida risolalar chop etishga, ushbu sohada baholiqudrat faoliyat yuritishga bel bog‘ladilar.

Biz bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaymiz va ularga bu borada ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.

«Hilol-nashr»ning chaqirig‘iga dastlab javob berganlar yosh tadqiqotchilarimizdan aka-uka Hasanxon va Husaynxon Abdulmajidovlar bo‘lishdi. Ular ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy rahmatullohi alayh hazratlarining «Arba’in», «Sirojul-muslimin» va «Munojot» asarlarining qiyosiy matnini, nasriy bayonini va izohlarini tayyorlab, bu to‘plamni «Navoiydin chu topqaylar navoye» deb nomlabdilar va uni siz muhtaram o‘quvchilarga taqdim qilmoqdalar.

Tadqiqotchilar o‘zlari o‘rgangan matnlarga o‘ziga xos nazar bilan qaraganlar. Bunda ularga o‘zlari tadqiq qilayotgan «Arba’in», «Sirojul-muslimin» va «Munojot» asarlariga asos manba bo‘lgan birlamchi manbalardan bevosita foydalana olishlari juda qo‘l kelgan. Shu bilan birga, bu borada Hasanxon va Husaynxon qorilarga arab tilini, hadis va shariat ilmlarini a’lo darajada bilishlari katta yordam bergan. Ulardagi bu imkoniyat Navoiy tilini, ijodini teran anglab yetishda muhim asos bo‘lgan, desak, adashmagan bo‘lamiz.

Ulug‘ bobomiz Alisher Navoiy rahmatullohi alayh va u kishiga o‘xshash mumtoz adabiyotimiz namoyandalarining asarlari qancha ko‘p o‘rganilsa, shuncha oz. Zero, ularning asarlari bitmas-tuganmas ziyo manbaidir. Sizga taqdim qilinayotgan Navoiyning ushbu uch asari hozirgacha bir qator adiblar tomonidan turli yo‘sinda o‘rganilgan, nashrga tayyorlangan, chop qilingan va o‘quvchilarga yetib borgan. Ushbu turlilik mazkur asarlarni o‘rganish va tushunish ko‘lamini kengaytirgan, saviyasini oshirgan va har bir asarga o‘ziga xos rang baxsh etgan. Bizningcha, Hasanxon va Husaynxon Abdulmajidovlarning tayyorlagan nashrlari ham yangicha tarovat kasb etadi. Chunki tadqiqotchilarimiz o‘zlari o‘rgangan va nashrga tayyorlagan matnlar mavzusini nafaqat o‘qishgan, balki uqishgan va ular bilan yashashgan hamdir.

Ushbu kitobni muhtaram o‘quvchilarimizga taqdim qilar ekanmiz, uni tayyorlagan Hasanxon va Husaynxonlarga chin qalbdan muvaffaqiyatlar tilab qolamiz. Bundan keyin ham ijodiy ishlarni davom ettirib, ilm-ma’rifat yo‘lida hormay-tolmay xizmat qilib borishlarini umid qilamiz.

Shu bilan birga, muhtaram adiblarimiz va tadqiqotchilarimizdan mumtoz adabiyotimiz merosini xalqimizga yetkazishdek savobli ishda «Hilol-nashr» nashriyoti faoliyatida bevosita ishtirok etib, ko‘maklashishlarini so‘raymiz.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 14.08.13 /1434, 7 shavvol

MUNDARIJA

Navoiy guldastasi

«Navoiydin chu topqaylar navoye» risolasiga taqriz

Muqaddima

Buyuk shaxsiyat

Ulug‘ davlat arbobi

«Arba’in»

Qirq hadis

Xotima

«Sirojul-muslimin»

Munojot

So‘nggi so‘z o‘rnida

Lug‘at