Hasanxon Yahyo Abdulmajid
«O‘ZBEK QORILARINING OLTIN SILSILASI» (O‘ZBEK QUR’ON USTOZLARINING TARJIMAI HOLLARI)
- Muallif
- HASANXON YAHYO ABDULMAJID
- Nashriyot
- HILOL-NASHR
- Hajmi
- 496 bet
- Yil
- 2022
- Muqovasi
- QATTIQ
- Alifbo
- KIRILL
ISBN 9789943646360
Kitobni sotib olish
HILOL-NASHRTavsif
KIRISH
بسم الله الرحمن الرحيم
Karamli, muruvvatli, yordam va fazlu in’om sohibi bo‘lmish Zotga, bizni iymonga hidoyat qilgan, bizlarga O‘z Kitobini – zamonlar o‘tishiga qaramay mo‘jizaligi davom etaveradigan Qur’onni nozil qilib, marhamat ko‘rsatgan, uni qalb ko‘zi ochiq, ma’rifatli kishilar uchun qalblar bahori qilgan, ko‘p takror bilan yoki vaqtlar o‘tishi bilan eskirmaydigan qilgan, yosh bolalar ham yodlab oladigan darajada zikr uchun oson qilib qo‘ygan hamda unga o‘zgartirish va yangilik daxl qilishidan saqlash kafolatini bergan, O‘z kalomi Furqonda: «Zikrni (Qur’onni) Biz nozil qildik va uni O‘zimiz muhofaza qilguvchimiz», deb marhamat qilgan Alloh subhanahu va taologa hamdu sanolar bo‘lsin!
Barcha makonu zamonlar qorilarining shayxi, «Ummatning eng sharaflilari – Qur’on homillaridir», «Sizlarning eng yaxshilaringiz – Qur’onni o‘rganib, o‘rgatganlaringizdir», «Qur’onni o‘qinglar, chunki u Qiyomat kuni o‘z sohibini shafoat qiladi», deya marhamat qilgan sayyidimiz Muhammad Mustafoga salavotu salomlar bo‘lsin!
Qur’oni Karimni bevosita nubuvvat mayog‘idan olgan va keyingilarga uni porloq holida to‘la-to‘kis yetkazgan ahli bayt va sahobalardan Alloh rozi bo‘lsin. Ushbu mash’alani bugungi kungacha so‘ndirmay, yog‘dusi ila saqlab kelgan qiroat ustozlari va qorilarga Alloh taoloning fazlu rahmati yog‘ilsin!
Bir necha yillardan buyon o‘zbek qorilarining, yaqin o‘tmishimizdagi Qur’on ustozlarining sanadini aniqlashga qiziqib, shu haqda so‘rab‑surishtirib yurar edim. Bu borada ustozlardan, ulug‘ yoshdagi ahli donishlardan eshitganlarimni goho ovozli shaklda, gohida yozma suratda qaydlab bordim. Izlanishlar ma’lum bosqichga yetib, ko‘plab savollarga javoblar topilib, asosiy masalalarga aniqlik kiritilgach, ushbu mavzuni atroflicha yoritib, elga taqdim qilishga kirishildi. Yig‘ilgan ma’lumotlarni tartiblab, yurtimizdagi va xorijdagi ustozlarga taqdim etib, maslahatlar olindi. Ular yana ayrim nuqtalarni yoritish va iloji bo‘lsa, bularni jamlab, bir kitob shakliga keltirib, keyin taqdim etishni tavsiya qilishdi. Qo‘lingizdagi risola ana shu maslahatga ko‘ra tayyorlanib, e’tiboringizga havola qilinmoqda.
Sanad – Islom ummatining ulug‘ xususiyatlaridan biri bo‘lib, bu sharaf boshqa biror xalqda topilmaydi. Sanadning ahamiyati haqida quyida to‘xtalamiz. Bu yerda aytmoqchi bo‘lganimiz shuki, sanadni o‘rganish, uning ustida ishlashning ham o‘ziga yarasha qonun‑qoidalari, yo‘llari bor. O‘zbek qorilarining sanadini tiklashda ana shu ma’noda ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Bu haqda o‘z o‘rnida so‘z yuritiladi.
Islomiy ilmlarda ijoza berish an’anasi mavjud bo‘lib, bu ma’lum bir ilmni egallaganlik haqidagi shahodatnoma hisoblanadi. Shahodatnomaning, ijozaning ham turlari, tartib-qoidalari, shartlari, odoblari bor. Risolada ushbu mavzuda ham ko‘pchilik uchun kerakli va qiziqarli ma’lumotlar o‘rin olgan.
Oxirgi yillarda qorilarning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga tutash sanadi bo‘lishi, ularga ijoza va shahodatnomalar berilishi haqidagi gaplarni ko‘pchilik katta qiziqish va hayrat bilan qarshi oldi. Chunki ommada bu haqda hech qanday ma’lumot yo‘q edi. Odamlarimiz bu mavzuni asosan chet ellarda o‘qigan qorilardan eshitgani uchun «Bunday sanad va ijoza faqat arab qorilarda bor‑u, bizda bo‘lmagan ekan», degan xayolda ham bo‘lindi. Bu tabiiy edi, chunki mustabid tuzum davrida kalimai shahodatni aytish jinoyatga aylangan bir holatdan musulmonchilik qaytadan dunyoga kelgandek tiklanib turgan bugungi kunga yetib kelgunimizcha bu kabi ilmiy mavzulardan so‘z ochishga hech kim jur’at ham, qunt ham qila olmagan. Natijada omma xalqimizni qo‘ying, hatto qorilarimiz ham o‘zlarining Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga tutash sanadlari borligini bilmaydigan holatga tushib qolgan edilar. Bunday bo‘lishi esa aslo durust emas, chunki qorilar Nabiy sollallohu alayhi vasallamga tutashgan sanadlarini to‘liq bilmasalar ham, uning muttasil ekaniga, mavjud ekaniga ishonchlari komil bo‘lishi kerak edi. Ushbu bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida qo‘lingizdagi to‘planib turgan ma’lumotlarni jamlab, tartiblab, ko‘pchilikning e’tiboriga havola qilish lozim topildi.
Ba’zan ahli Qur’onlar davrasida ayrim qorilarning «Biz sanad va ijozadan mahrum ekanmiz-da», degan ma’noda tushkun gaplariga guvoh bo‘lsak, ba’zida ayrim kishilarning yurtimizdagi qorilarni go‘yo sanadsiz o‘qiganlikda kamsitib, qiroatlari Nabiy sollallohu alayhi vasallamga yetishi haqida dalil yo‘qligi bilan ko‘ngillariga xijillik tushirilgani quloqqa chalinib qolar edi. Bunga qarshi ba’zi bir ustozlarning keskin so‘zlari aytilar, o‘zaro ranjishlar va ba’zan tortishuvlar ham yuz berib turar edi.
Yurtimizda qori bo‘lib, yuzlab qorilarni tarbiyalagan bir ustozga: «Siz ham arab shayxlarga o‘qib berib, ijoza olsangiz bo‘lardi», deyishibdi. Shunda u kishi: «Menga ustozim bergan ta’lim yetadi, o‘sha kishining o‘zi sanadlikka kifoya», deb javob beribdi. Bu aslida to‘g‘ri gap, ammo sanadning noma’lumligi bu borada qanoat hosil qilishga biroz to‘sqinlik qilishi bor gap edi. Qolaversa, qo‘llarida sanadlari bo‘lmagani uchun ular o‘z shogirdlariga bu borada biror vasiqa bera olmasliklari ham aniq. Bu muammoning yechimi ham ushbu ilmiy harakatni taqozo qildi.
Alhamdulillah, hozirda yurtimizda mahalliy ustozlardan ta’lim olgan yuzlab, minglab qorilar bor. Biroq so‘nggi paytlarda ularning ijozasi, sanadi yo‘q qorilar sifatida ko‘rilishi ko‘pchilikning, xususan, ustozlarning e’tirozi va ranjishiga olib kelmoqda. Aslida esa katta ustozlarning qiroatini eshitib, mulohaza qilgan odam biladiki, bu darajadagi yetuk qiroat sanadsiz bo‘lishi mumkin emas, faqat o‘sha sanadni isbotlash kerak, ko‘rsatish kerak, xolos. Aks holda bu da’vo quruq bo‘lib qoladi, ilmiy doirada ham qabul qilinmaydi.
Xullas, bu mavzudagi qarashlar, gap‑so‘zlar ham o‘z yechimini topishi, ilmiy dalillar bilan xulosalanishi lozim edi. Qorilar bilan uchrashilgan ayrim yig‘inlarda o‘zimizdagi ba’zi ma’lumotlar asosida o‘zbek qorilarining sanadi ham mavjudligi, bevosita Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga tutash ekanini aytib ham yurdik. Biroq to‘laqonli ish hali qilinmagan edi. Bugun ana shu ma’nodagi urinishlarning kamtarona xulosasini siz aziz kitobxonlarga yetkazishga muvaffaq qilgani uchun Robbimiz Alloh taologa hamdu shukronalar aytamiz va bu boradagi izlanishlarni davom ettirishda O‘zidan yordam so‘rab qolamiz.
Bir necha yil oldin ukam Husaynxon Yahyo qori Mulla Ro‘zi domlaning yetti qiroatdan olgan ijozalari ustida ishlab, uni o‘zbek tiliga tarjima qilgan, bu ijoza matni ustozimiz shayx Muhammad Sodiq rahmatullohi alayhning «Ulumul-Qur’on» nomli kitoblarida nashr etilgan edi. Undan keyin qo‘qonlik birodarlarimizdan Rafiqjon qori «Qur’oniy oltin silsila» nomli risola yozib, unda mazkur ijoza tarjimasini qisqartirilgan suratda, ayrim noaniqliklarni izohlab, sanaddagi qorilarning qisqacha tarjimai holi bilan nashr qildilar. Bu ikki urinish o‘z o‘rnida juda katta qiymatga ega bo‘lsa‑da, o‘zbek qorilarining Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga sanadlari muttasil ekanini dalillashga yetarli bo‘lmagan edi. Buning ikki asosiy sababi bor:
- Mulla Ro‘zi domlaning ijozalarida berilgan sanadda uzilishlar bor bo‘lib, mazkur nashrlarda bu muammo hal qilinmagan. Uzilgan sanad hech qachon maqsadga erishtirmaydi. Qo‘lingizdagi risolada ana shu muammo ilmiy asosda hal qilindi.
- Mulla Ro‘zi domlaning sanadi shogirdi Qodirxon qori orqali Abdulboqiy qorida davom etgan bo‘lsa‑da, Shahobiddin qori, Mubin qori va boshqa ustozlarning shogirdlariga bu sanad kifoya qilmaydi. Ayni paytda, boshqa ustozlarning ham Nabiy sollallohu alayhi vasallamga yetib boradigan sanadlarini aniqlashtirish lozim. Ushbu risolada mana shu nuqta ham muolaja qilindi.
Xulosa qilib aytganda, qo‘lingizdagi kitobda aksar o‘zbek qorilarining vahiy sohibi Muhammad sollallohu alayhi vasallamga tutashgan sanadi borligi ilmiy asosda ko‘rsatib berilgan. Sanaddagi har bir kishining Qur’onni kimdan olib, kimga o‘rgatgani tabaqot kitoblari, soha mutaxassislarining naqllari asosida bayon qilingan. Shu bilan birga, ularning qisqacha tarjimai hollari ham berildiki, bu Qur’oni Karim bizga qanday ulug‘ zotlar orqali, qanday og‘ir mashaqqatlar evaziga yetib kelganini ko‘rsatadi. Sanadlar ustida qilingan boshqa ishlar haqida quyida beriladigan alohida maqolada batafsil so‘z yuritiladi.
Ustozlar, qorilar va kitobxonlarga sanadlarni o‘rganishni qulaylashtirish maqsadida ularning arabcha matni o‘zbek tilidagi tarjimalari bilan birga ilova qilindi. Bunda sanad ikki xil ko‘rinishda ‒ ijoza yorliqlaridagi kabi hikoya uslubida hamda raqamli tartibda berildi. Bunda sanadni katta ustozlarga yetkazish bilan cheklanildi. Zero, ularning shogirdlari hozirda barcha qorilarga ma’lum bo‘lib, har kim ularni o‘zi bilib olsa va agar layoqati yetsa, sanadni ulab olsa bo‘laveradi. Bu boradagi omonatdorlik, ehtiyotkorlik va turli xafagarchilik, dilxiraliklarning oldini olish yuzasidan uni davom ettirishga biz jur’at etmadik.
Kitobning bir qismi, aniqrog‘i, o‘zbeklardan boshqa musulmonlar uchun qiziqarli va ahamiyatli bo‘lgan ma’lumotlar arab tiliga ham tarjima qilindi. Bu orqali o‘zbek Qur’on ustozlarini boshqa din qardoshlarimizga, arab qorilariga ham tanitish nazarda tutilgan. Bunda bir qator katta shayxlardan maslahat olib, qilingan ishlar ularning ko‘riklaridan o‘tkazildi. Jumladan, bugungi kunda barcha Qur’on ahliga tanish bo‘lgan ustoz doktor Ayman Rushdiy Suvayd, Misr qorilarining shayxi Ahmad Mu’asroviy, suriyalik qiroat ustozi Yahyo G‘avsoniylar ushbu ilmiy harakatni kuzatib, o‘z maslahatlarini berib bordilar. Xususan, qiroat sanadlari bo‘yicha taniqli mutaxassis Mustafo Sha’bon Misriy ushbu ilmiy ishni tayyorlashda bizga yaqindan yordam berdilar va sanadlarni tahlil qilishda o‘z ilmu tajribasi, beminnat ko‘magi bilan o‘zbek qorilariga munosib xizmat qildilar. Alloh barchalarini O‘z marhamati ila mukofotlasin!
Ushbu kamtarona urinishni nihoyasiga yetkazib, siz azizlarga taqdim etishda ko‘maklashgan barcha ustozlarga va do‘stlarga, jumladan, ustozim shayx Muhammad Ubayd, Abdulloh va Asroriddin qorilarga chin qalbdan tashakkur aytaman.
Aytishimiz lozimki, bu urinishlar bandaning harakati bo‘lgani uchun kamchiliklardan xoli emas. Shu bilan birga, ayrim ustoz qorilarimizning sanadida hali aniqlay olmagan joylarimiz bo‘lgani uchun ularni bu yerda keltira olmadik. Alloh muyassar etsa, ularni keyingi nashrlarda taqdim etish niyatidamiz.
Fursatdan foydalanib, yurtimizdagi barcha ahli Qur’onlarni, Qur’on ustozlarini va butun o‘zbek xalqini Qur’on qiroatida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga tutashgan sanadlari e’loni bilan muborakbod etaman hamda ushbu sharafga loyiq bo‘lishimizni Alloh taolodan so‘rab qolaman.
Hasanxon Yahyo Abdulmajid 03.07.2021
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2021 yil 13 dekabrdagi 03-07/7679-sonli xulosasi asosida chop etilgan
MUNDARIJA:
Shayx Ahmad Iyso Ma’saroviyning taqrizi
Shayx Yahyo al-G‘avsoniyning taqrizi
Abu Abdulloh Fayyumiyning taqrizi
Kirish
Birinchi bo‘lim
Sanad va ijozalar haqida
Sanad haqida
Sanad – islom ummatining xususiyatlaridandir
Sanad – qiroat to‘g‘ri bo‘lishining ruknlaridan biridir
Sanad ikki jihatdan ustunlikka ega bo‘ladi
Sanadni o‘rganish va davom ettirish shartlari
Ijoza haqida
Muhaddislar ijozasi bilan qorilar ijozasi o‘rtasidagi farq
Ijoza berishda qo‘shimcha nazariy bilimning ahamiyati
Qur’onni ustozdan o‘tkazish va ijoza olish darajalari
Samo’iy ‒ tinglash bilan ijoza olish
Qur’oni karimning bir qismini o‘qib berib, hammasi uchun ijoza olish haqida
Ijozaning turlari
Ayrim kalimalarning turlicha o‘qilishi bo‘yicha ijoza
Ijoza va sanad
Sanad va ijoza o‘rtasidagi munosabat
Ushbu risolada berilgan o‘zbek sanadlari ustida qilingan ishlar
Fazilatli shayx, ustoz, qur’on o‘qituvchisi mulla Ro‘zi ibn Muhammad Tole’ al-Andijoniy al-Buxoriyning Shotibiy tariqi bo‘yicha yetti qiroatda Nabiy sollallohu alayhi vasallamga tutashgan sanadi
Fazilatli ustoz, qur’on o‘qituvchisi Dovudxon To‘ra ibn A’zamxon to‘ra Andijoniyning Shotibiy tariqida yetti qiroat bo‘yicha Nabiy sollallohu alayhi vasallamga tutashgan sanadi
Fazilatli ustoz, mahoratli qur’on o‘qituvchisi Shahobiddin ibn Mo‘minjon Andijoniyning imom Hafs imom Osimdan rivoyat qilgan qiroat bo‘yicha Nabiy sollallohu alayhi vasallamga tutashgan sanadi
Fazilatli ustoz, mahoratli qur’on o‘qituvchisi Abdulboqiy ibn Mulla Ro‘zi ibn Muhammad Tole’ Andijoniyning hafs Osimdan rivoyat qilgan qiroat bo‘yicha Nabiy sollallohu alayhi vasallamga tutashgan sanadi
Fazilatli ustoz, mahoratli qur’on muallimi Muhammad Mubin ibn Aminjon Maxdum Andijoniyning imom Hafs imom Osimdan rivoyat qilgan qiroat bo‘yicha Nabiy sollallohu alayhi vasallamga tutashgan sanadi
Fazilatli ustoz, qur’on muallimi Husayn ibn Yunus Andijoniyning imom Hafs imom Osimdan rivoyat qilgan qiroat bo‘yicha Nabiy sollallohu alayhi vasallamga tutashgan sanadi
Ustoz Abdulboqiy qori Andijoniyning sanadidagi qorilar
Ustoz Muhammad Mubin ibn Aminjon Andijoniyning qiroat sanadidagi qorilar
Ikkinchi bo‘lim
Sanadda zikr qilingan zotlar haqida
Alloh jalla jalaluhu
Jabroil alayhissalom
So‘nggi payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallam
1‑Tabaqa. Usmon ibn Affon
Aliy ibn Abu Tolib
Abdulloh ibn Mas’ud
Ubay ibn Ka’b
Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu
2‑Tabaqa. Abu Abdurrahmon Sulamiy
Zirr ibn Hubaysh
3‑Tabaqa. Imom Osim
4-Tabaqa. Hafs ibn Sulaymon
5‑Tabaqa. Ubayd ibn Sobbah
6‑Tabaqa. Ahmad ibn Sahl
7‑Tabaqa. Aliy ibn Muhammad Hoshimiy
8‑Tabaqa. Tohir ibn G‘albun
9‑Tabaqa. Abu amr Doniy
10‑Tabaqa. Sulaymon ibn Najoh
11‑Tabaqa. Aliy ibn Huzayl
12‑Tabaqa. Abul Qosim ibn Firrux Shotibiy
13‑Tabaqa. Aliy ibn Shujo’
14‑Tabaqa. Muhammad ibn Ahmad Soig‘
15‑Tabaqa. Abu Abbos ibn Nahla
[15]‑Tabaqa. Abdurrahmon ibn Ahmad Bag‘dodiy
16‑Tabaqa. Ibn Labbon
17 [16]‑Tabaqa. Imom Jazariy
18‑Tabaqa. Rizvon uqbiy
[17]‑Tabaqa. Ahmad ibn Asad Umyutiy
[18]‑Tabaqa. Muhammad ibn Ibrohim Samadiysiy
19‑Tabaqa. Zakariyo Ansoriy
[19]‑Tabaqa. Aliy ibn G‘onim Maqdisiy
20‑Tabaqa. Nosiruddin Kabloviy
21‑Tabaqa. Shihoza Yamaniy
22‑Tabaqa. Ibn Abdulhaq Sunbotiy
23 [20]‑Tabaqa. Abdurrahmon ibn Shihoza Yamaniy
24 [21]‑Tabaqa. Muhammad Baqariy
25 [22]‑Tabaqa. Ahmad Baqariy
26 [23]‑Tabaqa. Abdurrahmon Ujhuriy
27 [24]‑Tabaqa. Ibrohim Ubaydiy
28 [25]‑Tabaqa. Ahmad Salamuna
29 [26]‑Tabaqa. 1. Ahmad Durriy
- Muhammad Mutavalliy
30 [27]‑Tabaqa. Hasan Juraysiy
31[28]‑Tabaqa. Ibrohim Sa’d Misriy
32 [29]‑Tabaqa. Abdulloh Hindiy
33 [30]‑Tabaqa. 1. Dovudxon To‘ra Andijoniy
-
Shayx Hasan ibn Ibrohim Sho’ir
-
Ustoz Mulla Ro‘zi qori domla
-
Ustoz ibn Yamin qori
34 [31]‑Tabaqa. 1. Ustoz Shahobiddin qori
-
Qodirxon qori Andijoniy
-
Ustoz Boqibilloh qoridada
35 [32]‑Tabaqa. 1. Ustoz muhammad Mubin qori
-
Ustoz Abdulboqiy qoridada
-
Ustoz Yahyoxon qori
36 [33]‑Tabaqa. Ustoz Badriddin qori
Uchinchi bo‘lim
O‘zbek diyorida qiroat va tajvid ilmlari tarixiga nazar
O‘zbekiston hududidan chiqqan mutaqaddim qorilar tarixiga qisqacha nazar
Movarounnahrda qiroat va tajvid ilmining rivojlanishi
«Savlatiya» madrasasi o‘zbek qorilarini yetishtirgan dargohlardan biri bo‘lgan
«Savlatiya» madrasasi hind ulamosining xotirasida
Ilova
-
Mulla Ro‘zi ibn Muhammad Tole’ Andijoniyning ijoza vasiqasi
-
Hasanxon Yahyo Abdulmajidning Osim qiroati bo‘yicha Nabiy sollallohu alayhi vasallamga tutashgan sanadi
Ushbu sanad – «yetti qiroat»ning sanadi bo‘lib, mashoyixlar va ishonchli imomlardan maxluqotlarning eng afzali bo‘lgan zotga tutashgan mutavotir sanadlardir
Hasanxon ibn Yahyo ibn Boqibilloh ibn Abdulmajid Andijoniyning imom Osim qiroati bo‘yicha Nabiy sollallohu alayhi vasallamga tutashgan sanadi
Xotima o‘rnida










