Hasanxon Yahyo Abdulmajid
«QUR’ON O‘QISH QO‘LLANMASI»
- Muallif
- HASANXON YAHYO ABDULMAJID
- Nashriyot
- HILOL-NASHR
- Hajmi
- 192 bet
- Yil
- 2022
- Muqovasi
- QATTIQ
- Alifbo
- KIRILL
ISBN 9789943814349
Kitobni sotib olish
HILOL-NASHRTavsif
SO‘ZBOSHI
الۡحَمۡدُ لِلّٰهِ الَّذِي أَنۡزَلَ عَلَى عَبۡدِهِ الۡكِتَابَ وَلَمۡ يَجۡعَلۡ لَهُ عِوَجًا، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ الْمُصْطَفَى وَعَلَى آلِهِ وَأَصۡحَابِهِ وَمَنْ وَالَاهُ.
Bandasiga kitob nozil etgan va unda hech bir egrilik aylamagan Allohga hamdu sanolar bo‘lsin! Sayyidimiz Muhammad Mustafoga va u zotning oli as’hoblariga, u zotni do‘st tutganlarga salotu salomlar bo‘lsin!
Assalomu alaykum, aziz ilm toliblari!
Yurtimiz Islom nuri bilan munavvar bo‘lgan kezlardan beri xalqimiz Allohning bashariyatga nozil qilgan so‘ngi kitobi Qur’oni Karimga o‘zgacha ixlos bilan yondashadi. Zero, musulmon ummati bu ilohiy Kalomga hamisha muhabbatli bo‘lgan. Bugun ham xalqimiz o‘zligi va qadriyatlarini tiklash barobarida Qur’on o‘rganishga o‘ziga xos iqbol bilan harakat qilmoqda. Bu borada ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirildi va oshirilmoqda.
Kamina xodimingiz ham ushbu mavzuda ayrim kamtarona ishlarni elga taqdim qildi. «Qur’on tartili» qo‘llanmasi, «Iqro‘» va «O‘n kechaga qasam» nomli dasturlar shular jumlasidandir. Bu qo‘llanmalar orqali juda ko‘pchilik Qur’on o‘qiy olish sharafiga muvaffaq bo‘lganini aytib, muallifga duoyi xayr va tashakkurlarni izhor qilib kelmoqda. Bundan tashqari yana ayrim qo‘llanmalar, darsliklar ham nashr qilindiki, bularning barchasi ilm‑ma’rifat sari bosilgan muborak qadam o‘laroq barcha donishsevarlarni xushnud qilmoqda. Biroq bu borada yanada qulay va mukammalroq asarlarga ehtiyoj mavjudligi yangi urinishlarni taqozo qilmoqda. Qo‘lingizdagi risola aynan ushbu mulohazalar mahsulidir.
Qur’on o‘rganishda boshlang‘ich qo‘llanmalar ichida «Muallimi soniy» kitobining o‘rni beqiyos. Muallifning ixlosi va maqbuliyat sababidan bo‘lsa kerak, sal kam bir yarim asrdirki, bu kitobcha o‘zi bir necha sahifadan iborat va o‘ta qisqa bo‘lsa‑da, nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqada Qur’on o‘rganishda asosiy narvon vazifasini o‘tab kelmoqda. Hatto odamlar Qur’on o‘qishni o‘rgatadigan qo‘llanma desa, «Muallimi soniy»ni tushunadigan bo‘lib qolgan. Shu e’tibordan sizga taqdim etilayotgan yangi qo‘llanma aynan ushbu kitob asosida, uning yangicha talqini o‘laroq tayyorlandi.
Kitobni aynan chop qilmay, biroz to‘ldirishlar bilan nashr etishga bir qator omillar turtki bo‘ldi. Jumladan:
- «Muallimi soniy»ni muallif Ahmad Hodiy Maqsudiy rahmatullohi alayh o‘zining turkiy alifboni o‘rganishga bag‘ishlangan «Muallimi avval» kitobidan keyin o‘qishga moslab yozgan. Buni kitobning dastlabki nashrlarining bosh sahifasida va muqaddimasida muallif o‘zi ta’kidlab o‘tgan. Chunki u paytlarda hozirgi MDH davlatlari hududida joriy alifbo arab yozuviga asoslangan turkiy alifbo edi. O‘quvchilar dastlab «Muallimi avval» orqali savod chiqarib, o‘z ona tillaridagi kitoblarini o‘qishni o‘zlashtirib olib, keyin Qur’on o‘qishni o‘rganish uchun «Muallimi soniy» kitobiga murojaat qilishgan. Tabiiy, kitobning tuzilishida ushbu omil inobatga olingan. Bugun esa bizda joriy alifbo lotin yoki kirill yozuviga asoslangan. Endi Qur’on o‘rganuvchilar uchun «Muallimi soniy»dagi harflar tamoman notanish, kamiga ayrim qoidalar tushunarsiz va mashqlar kamlik qilib qoldi. Kitobning ushbu yangi talqinida aholining bugungi savodxonlik darajasidan kelib chiqib, kitob bugungi o‘quvchilar talabiga moslashtirildi.
- «Muallimi soniy» kitobining yozuvi o‘sha paytdagi mavjud mus’haflarni o‘rganishga qaratilgan bo‘lgani bois o‘sha mus’haflarning yozuv uslubi, aniqrog‘i, mus’haf belgilarini qo‘yishda qadim usulga tayanilgan. Bunday mus’haflar hozirda nisbatan kam nashr qilinadi, ko‘pchilik mus’haflar, jumladan, ayni paytda O‘zbekistonda chop etilayotgan mus’haflar ham hozirda keng tarqalgan mus’haf turi-sharqiy xat uslubining rivojlangan shaklida, aniqrog‘i, «Madina mus’hafi»* uslubida nashr qilinmoqda. Bu ikki uslub o‘rtasida ziddiyat bo‘lmasa‑da, boshlang‘ich saviyadagi kishiga qiyinchilik tug‘diradigan darajada tafovut bor. Shuning uchun ayrim o‘quvchilar «Muallimi soniy»ni yaxshi o‘qib chiqqandan keyin ham zamonaviy mus’haflarni dadil o‘qiy olmaydi, chunki ular bu yozuvni o‘rganishmagan. Ushbu qo‘llanmada bu muammo ham hal qilindi: kitobda Madina mus’hafi xat uslubi qo‘llanildi, ayrim istilohlar o‘z o‘rnida tushuntirildi.
* Madinai Munavvarada Saudiya podshohi Fahdning matbaasida chop etilgan mus’haf nomi. Ushbu uslubda bitilgan mus’haflar xozirgi kunda butun Islom olamida eng ko‘p tarqalgan bo‘lishi bilan birga ko‘pchilik tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilingandir.
- «Muallimi soniy» o‘sha paytdagi maktab va sharoitga mos bo‘lib, unda madrasalardagi ustozlar qoidani og‘zaki tushuntirib borishlari nazarda tutilgan. Bugun esa buning imkoni deyarli yo‘q. Ushbu yangi talqinda bu jihat ham to‘ldirildi. Xususan, harf va qoidalarni o‘rganishga kirishishdan oldin bilib olish zarur bo‘lgan asos ma’lumotlar taqdim etildi va nutq tovushlarining hosil bo‘lish o‘rni va talaffuz me’yori berib borildi.
- O‘sha paytda maktab‑madrsalarda Qur’on o‘qish qoidalari boshqa manbalar asosida ham o‘rgatilgani e’tiboridan «Muallimi soniy»da ba’zi bir o‘qish qoidalari berilmagan. Bugun esa jamiyatda u paytdagi ilmiy muhit yo‘qligi hech kimga sir emas. Ushbu yangi qo‘llanmada jamiyatimizning bugungi holati inobatga olindi.
- Har bir harfni o‘rganishda u anglatgan nutq tovushining hosil bo‘lish o‘rni suratlar yordamida ham ko‘rsatildi.
- Qo‘llanma o‘rganish oson bo‘lishi uchun darslarga ajratildi. Har bir darsda bittadan harf o‘rganiladi. Qoidalarni ham imkon qadar har birini alohida darsda berishga harakat qilindi. Har bir dars bir kunda o‘zlashtirishga mo‘ljallangan. Shunda o‘quvchi 48 kunda Qur’on suralarini o‘qishga tushadi va ravon tilovat qilish malakasini hosil qila oladi, inshaalloh!
«Muallimi soniy» uslubida yozilgan ushbu «Qur’on o‘qish qo‘llanmasi»da boshqa qulayliklar ham borki, ularga kitobxon o‘qish jarayonida bevosita o‘zi guvoh bo‘lishi mumkin.
Qo‘llanmani o‘rganishga kirishishdan oldin asl «Muallimi soniy» kitobi va uning muallifi haqida qisqacha to‘xtab o‘tamiz.
Muhtaram o‘quvchilar! Ojizonalik bilan tuzilgan ushbu qo‘llanmamizda biror kamchilikka yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, buning uchun Siz azizlardan uzr so‘raymiz va fikr-mulohazalaringizni darig‘ tutmagaysiz, deb umid qilaman.
Alloh taolodan ushbu kamtarona amalni xolis O‘zining rizosi yo‘lida va musulmonlar uchun manfaatli etishini so‘rab qolaman. Barchamizga Haq taoloning yordami va rahmati bo‘lsin. Omin!
Hasanxon Yahyo Abdulmajid 07.03.2021
MUNDARIJA:
So‘zboshi
«Muallimi soniy» kitobi haqida
Birinchi dars. Tovush, harf, maxraj va sifat
Maxraj va sifat
Maxrajlar surati
Ikkinchi dars. Alifbo
Arab alifbosi
Arab harflarining yozilishi
Uchinchi dars. Harakat va sukun
Harakatlar
Sukun
To‘rtinchi dars. Undoshlar tasnifi
Beshinchi dars. Unlilar haqida
Cho‘ziq unlilar ifodasi
Unlilarning talaffuzi
Oltinchi dars. Hamza va alif
Hamza harfi
Alif haqida
Yettinchi dars. ر ‒ rō
Sakkizinchi dars. ز ‒ zā
To‘qqizinchi dars. م ‒ mӣm
O‘ninchi dars. ت ‒ tā
O‘n birinchi dars. ن ‒ nӯn
O‘n ikkinchi dars. ي ‒ yā
O‘n uchinchi dars. ب ‒ bā
O‘n to‘rtinchi dars. ك ‒ kāf
O‘n beshinchi dars. ل ‒ lām
O‘n oltinchi dars. و ‒ vāv
O‘n yettinchi dars. ‒ hā
O‘n sakkizinchi dars. ف ‒ fā
O‘n to‘qqizinchi dars. ق ‒ qōf
Yigirmanchi dars. ش ‒ shӣn
Yigirma birinchi dars س ‒ sӣn
Yigirma ikkinchi dars. ث ‒ s:ā
Yigirma uchinchi dars. ص ‒ sōd
Itboq qoidasi
Yigirma to‘rtinchi dars. ط ‒tō
Yigirma beshinchi dars. ج ‒ jӣm
Yigirma oltinchi dars. خ ‒xō
Yigirma yettinchi dars. ح ‒ h:ā
Yigirma sakkizinchi dars. غ ‒ g‘ōyyn
Yigirma to‘qqizinchi dars. ع ‒ ’ayyn
O‘ttizinchi dars. د ‒ dāl
O‘ttiz birinchi dars. ض ‒d:ōd
O‘ttiz ikkinchi dars. ذ ‒ z:āl
O‘ttiz uchinchi dars. ظ ‒z:ō
O‘ttiz to‘rtinchi dars. O‘xshash undoshlar
ص, س va ث undoshlari
أ va ع undoshlari
ح, va خ undoshlari
ت va ط undoshlari
ذ, ز va ظ tovushlari
ظ va ض undoshlari
O‘ttiz beshinchi dars. Cho‘ziq unlilar
Kichik mad harflari
O‘ttiz oltinchi dars. Tashdid
O‘ttiz yettinchi dars. Tanvin
Tashdid va tanvin
O‘ttiz sakkizinchi dars. Alif va hamza
O‘ttiz to‘qqizinchi dars. To‘garak tā hamda alfiyya vāv va alfiyya yā
ة / ــة ‒ to‘garak tā
Ā unli ifodasi
Alfiyya vāv
Alfiyya yā
Qirqinchi dars. Vaqf, ibtido va vasl; ayiruvchi va bog‘lovchi hamza
Vaqf, ibtido va vasl
Ayiruvchi va bog‘lovchi hamza
Qirq birinchi dars. Bog‘lovchi hamza va uning harakati
Qirq ikkinchi dars. Mad
Qirq uchinchi dars. Idg‘om hodisasi
Qirq to‘rtinchi dars. Yozilsa-da, o‘qilmaydigan harflar
Qirq beshinchi dars. Tafxim va tarqiq
Lafzi jalola
Qirq oltinchi dars. Sokin nun va tanvin qoidalari
Izhor
Idg‘om
Iqlob
Ixfo
Qirq yettinchi dars. Vaqf
Qirq sakkizinchi dars. Mus’hafda sukun va tanvin ifodasi










