
Husaynxon Yahyo Abdulmajid
ALLOH TAOLONI SHERIK TUTGAN ISHBILARMON
Misrning Diqhaliya viloyati, Tafahnal ashrof qishlog‘ida yashovchi Saloh Atiyya haqida zamondoshlari: «Sahobalar zamonidan qolgan kishi» deyishar edi. Bilasizmi nega?
ALLOH TAOLONI SHERIK TUTGAN ISHBILARMON
Misrning Diqhaliya viloyati, Tafahnal ashrof qishlog‘ida yashovchi Saloh Atiyya haqida zamondoshlari: «Sahobalar zamonidan qolgan kishi» deyishar edi. Bilasizmi nega?
Saloh Atiyya o‘zi qatori ekinshunoslik kulliyasini bitirgan bir qancha og‘aynilari bilan o‘qishni bitirganlaridan keyin moliyaviy qiyin ahvolga tushib qolishdi. Ularning qishlog‘i Misrdagi qashshoq va qarovsiz qolgan mintaqalardan biri edi. Saloh Atiyya bosh bilimdon tadbirkorlar o‘z tirikchiliklarini yo‘lga qo‘yish uchun hamkorlik asosida ish boshlamoqchi bo‘lishdi. Ular to‘qqiz kishi bo‘lib, chorvachilik qilishmoqchi edi. Sarmoya kishi boshiga ikki yuz junayhdan tushdi. Bu yig‘indi chinakam tadbirkorlarning nazari bilan qaraganda hatto sarmoya qilishga ham arzimas edi. Sheriklar o‘ninchi sherikni qidira boshlashdi. Ular o‘z loyihalari uchun o‘n kishilik ishbilarmonlar jamosi tuzishmoqchi edi. Shu asnoda bir kuni muhandis Saloh Atiyya og‘aynilarining oldiga kelib: «Men o‘ninchi sherikni topdim!» deb qoldi. Ular xursand bo‘lishdi. «O‘ninchi sherigimiz sarmoya solmaydi», dedi u. Sheriklar hayron bo‘lishdi. Saloh so‘zida davom etdi: «U bizlarni himoyasiga oladi, bizlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib turadi, shuning evaziga foydaning o‘ndan birini oladi», dedi. Ular: «Kim u?» deyishdi. Saloh: «Alloh!» dedi.
Sheriklar bitimni tuzishdi. O‘n sherikdan iborat hissadorlik jamiyati ish boshladi. Ilk odimdayoq ular aql bovar qilmas foydani qo‘lga kiritdilar. Sheriklar o‘zaro kelishib o‘ninchi «Hamkor»ning hissasini 20 foizga ko‘tarishdi. Bora bora bir necha yil ichida bu miqdor 50 foizga chiqdi. Endi foydaning yarmini to‘qqiz sherik, yarmini yolg‘iz o‘ninchi «hamkor» oladigan bo‘ldi.
Ular Uning hissasini o‘zlari uchun aloqsi bo‘lmagan joylarga, U istagan o‘rinlargagina sarflashar, U xursand bo‘ladigan ishlarga ishlatishar edi. Dastlab qishloqda o‘g‘il bolalar, keyin qizlar uchun boshlang‘ich bilim yurti ochildi. So‘ngra yana o‘g‘il bolalar uchun alohida, qizlar uchun alohida o‘rta, keyin oliy o‘quv yurtlari ta’sis etildi. So‘ngra yana ortgan pullarni jamlab, «musulmonlar uchun xayriya jamg‘armasi»ga asos solindi.
Keyinroq Saloh Atiyya o‘z qishlog‘iga olamga mashhur Azhari Sharifning bir bo‘linmasini ochishga muvaffaq bo‘ldi. Bu esa Azhar tarixida birinchi bor bundayin kichik qishloqchaga bo‘linma ochilishi edi. Shaharga temir yo‘l va poyezd to‘xtar yeri ham qilindi.
Vaqt o‘tishi bilan bitta kulliya bora bora to‘rtta kulliya bo‘ldi. Oliy o‘quv tolibalari uchun 600, toliblari uchun 1000 ta o‘rin yaratildi va hokazo ishlar shu tariqa taraqqiy etib bordi.
Bu aytganlarimiz mazkur sheriklikning qilgan sanoqsiz xayriyalaridan bir namuna, xolos.
To‘qqiz sherik o‘z ahdu paymonlariga vafo qilishdi. O‘ninchi «Hamkor» ham ular istagan ahdni ado etdi va ularga kutganlaridan oliy natijalar keltirdi. Pirovardida qishloqda birorta ishsiz odam, birorta kambag‘al oila qolmadi!
O‘tgan yanvar oyi 70 yoshdan o‘tgan Saloh Atiyya o‘zining umr bo‘yi qilgan sherkichiligini tamomlab, O‘zi ishlari uchun «sherik» deb topgan Robbining huzuriga, Uning huzuridagi nasibasini olgani ravona bo‘ldi. Alloh taoloning bu «hamkoriga» nimalar tayyorlab qo‘ygani, uning hissasiga qanday «foyda»larni bitib qo‘ygani yolg‘iz O‘ziga ayon. Saloh Atiyyaning janozasiga million odam yig‘ildi, butun qishloq motamsaroga aylandi. Olamlarning Robbi Alloh taolo uni oxiratida ham o‘zi kutganidan yuqori natijalar bilan siylasin!
Endi biz o‘z mol dunyoyimizda kimlarni sherik qilayotganimizga bir qaraylik chi! Bizni yo‘qdan bor qilgan, boylik va imkoniyat bergan Robbimizga topganimizdan qancha ajratyapmiz?!..