Hasanayn.uz

Maqolalar

Ro‘yxatga qaytish

Husaynxon Yahyo Abdulmajid

MUSULMONLARNING BUGUNGI AHVOLI

O‘zingizga insof bilan bir nazar tashlab ko‘rdingizmi? Musulmonlarning bugungi ayanchli ahvollarining asosiy sabablaridan biri endi sizga ham ravshan bo‘lgandir?


MUSULMONLARNING BUGUNGI AHVOLI

Bir nechta sahobalar roziyallohu anhum bir o‘tirishda o‘tirishgan edi. Oralarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yo‘q edilar. Xolid ibn Valid, Abdurrahmon ibn Avf, Bilol ibn Raboha, Abu Zarr roziyallohu anhum ham bor edi.

Majlisdagilar bir mavzuda gaplashib o‘tirishardi. Abu Zarr roziyallohu anhu gapning orasida: «Men qo‘shinning falon joyda bo‘lishini taklif qilaman», dedi. Bilol roziyallohu anhu: «Bu taklif xato», dedi. Shunda Abu Zarr roziyallohu anhu: «Hali sen ham mendan xato topadigan bo‘lib qoldingmi, qora xotinning bolasi?» deb yubordi. Bilol roziyallohu anhu bu gapdan qattiq achchiqlandi, dahshatga tushdi va pushaymonlik bilan turib ketdi. «Allohga qasamki, seni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytaman», dedi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomon otlandi. Borib: «Ey Allohning Rasuli, Abu Zarrning men haqimda nima deganini ko‘rdingizmi?» dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «U sen haqingda nima dedi?» dedilar. Bilol roziyallohu anhu: «Shunday shunday deyapti», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuzlari o‘zgarib ketdi.

Abu Zarr bu xabarni eshitib, masjidga shoshib keldi va masjidga otilib kirib: «Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuh, ey Allohning Rasuli», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Abu Zarr! Uni onasi bilan aybladingmi?!» Sen johiliyati bor kimsa ekansan ku!» dedilar. Abu Zarr roziyallohu anhu yig‘lab yubordi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib o‘tirib: «Ey Allohning Rasuli, Allohdan menga mag‘firat so‘rang!» dedi va masjiddan yig‘lagancha chiqib ketdi. Shu payt Bilol piyoda kelib qoldi. Abu Zarr roziyallohu anhu o‘zini yerga tashladi. Bilolning oyoqlari ostiga boshini qo‘yib: «Ey Bilol! Allohga qasamki, oyog‘ing bilan boshimni ezmaguningcha boshimni ko‘tarmayman! Sen hurmatlisan, men tubanman!» dedi. Shu payt Bilol roziyallohu anhu ham yig‘lashga tushdi. Yaqin kelib, Abu Zarr roziyallohu anhuni yerdan ko‘tardi va tuproqqa belanib yotgan yonoqlaridan o‘pdi. Ikkovlari turib quchoqlashib ko‘rishdilar va yig‘lashdilar...

Ha, ular Islomni o‘zlarida aks ettirgan kishilar edi...

Endi bizning bugungi holimizga bir qaraylik...

O‘zingizga insof bilan bir nazar tashlab ko‘rdingizmi? Musulmonlarning bugungi ayanchli ahvollarining asosiy sabablaridan biri endi sizga ham ravshan bo‘lgandir?