Hasanayn.uz

Maqolalar

Ro‘yxatga qaytish

Husaynxon Yahyo Abdulmajid

ERIGA SOVCHI BO‘LGAN AYOL

O‘z eriga sovchi bo‘lgan ayolni eshitganmisiz? Yana, sovchilikni kimga qilganini bilasizmi?


ERIGA SOVCHI BO‘LGAN AYOL

O‘z eriga sovchi bo‘lgan ayolni eshitganmisiz?

Yana, sovchilikni kimga qilganini bilasizmi?

U erini qattiq sevar edi, butun qalbi bilan, vujudi bilan sevar edi. Shuning uchun ham eri bilan bir necha yillargina yashashga rozi bo‘lmadi. Balki, o‘sha jufti haloli bilan abadiy baxt gashtini surishni istadi. U bu ish kimning qo‘lidan kelishini bildi va ish egasiga shaxsan o‘zi sovchilik bilan muroajaat qildi!

Bilasizmi, u kim?

«Ummat hakimi» deya unvon olgan, Damashqda «Qorilar sardori» deya e’zozlangan buyuk sahoba Abu Dardo roziyallohu anhuning ayoli Ummu Dardo!

Ummu Dardo shunday deb duo qilardi:

«Allohim! Abu Dardo dunyo hayotida menga sovchi bo‘ldi va uylandi. Endi men Sening huzuringda unga sovchi bo‘laman, jannatda uni menga uylantirishingni so‘rayman!»

Buni eshitgan Abu Dardo roziyallohu anhu unga: «Agar shuni istasang, men birinchi ering ekanman, mendan keyin turmushga chiqma», dedi.

Abu Dardo roziyallohu anhu vafot etdi. Ummu Dardo beva qoldi. U juda husndor, barkamol ayol edi. Unga Muoviya roziyallohu anhu sovchi bo‘ldi. Shunda u: «Yo‘q! Men bu dunyoda hech kimga turmushga chiqmayman, toki jannatda Abu Dardoga nikohlanaman, inshoalloh!» dedi.

Ha, sahobalar avlodi vafoda ham o‘rnak edilar! Biz-chi...?