
Husaynxon Yahyo Abdulmajid
VIRD VA VIRD MAVSUMI
Alloh taolo insonni O‘zi yaratgan ekan, unga yaratgan Parvardigori oldidagi vazifalarini ham, boshqa mavjudotlar oldidagi burchlarini ham o‘rgatish uchun Islom dinini nozil qildi. Islom insonning bo‘sh, bekor qolishini aslo istamaydi, aksincha, o‘zi uchun ham, o‘zgalar uchun ham doimo manfaat keltirishga, faol bo‘lishga undaydi. Buning uchun insondan har bir kunini va butun hayotini ma’lum maqsadga yo‘naltirishini talab qiladi.
VIRD VA VIRD MAVSUMI
Bismillahir‑Rohmanir‑rohim
Bandalarining imkon-iqtidorini, fe’l-atvorini turlicha yaratgan va ular uchun O‘ziga yetishishning son‑sanoqsiz yo‘llarini tayyorlab qo‘ygan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin!
Insoniyatga Robbini tanitgan va Unga qanday yetishishni amalda ko‘rsatib bergan Muhammad Mustafoga salotu salomlar bo‘lsin!
Alloh taolo insonni O‘zi yaratgan ekan, unga yaratgan Parvardigori oldidagi vazifalarini ham, boshqa mavjudotlar oldidagi burchlarini ham o‘rgatish uchun Islom dinini nozil qildi. Islom insonning bo‘sh, bekor qolishini aslo istamaydi, aksincha, o‘zi uchun ham, o‘zgalar uchun ham doimo manfaat keltirishga, faol bo‘lishga undaydi. Buning uchun insondan har bir kunini va butun hayotini ma’lum maqsadga yo‘naltirishini talab qiladi.
Ma’lumki, inson farishtalik bilan hayvonlik xususiyatlarini o‘zida mujassam etgan murakkab mavjudotdir. Binobarin, u mana shu ikki taraflama xususiyatini saqlab turishi lozim. Shundagina u komil inson bo‘ladi va dunyoyu oxiratning baxtu saodatini topadi. Buning uchun esa zarur bo‘lgan ma’lum amallarni bajarib borishi darkor. Inson tanasining tirik va sog‘lom turishi uchun moddiy ozuqalar qanchalar zarur bo‘lsa, ruhining tirik va sog‘lom bo‘lishi uchun ham ma’naviy ozuqa shunday zarurdir. Tana uchun moddiy ozuqa bardavom bo‘lishi shart bo‘lganidek, ruh uchun ham davomiy ma’naviy ozuqa shart. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Amallarning Allohga eng suyuklisi oz bo‘lsa ham bardavom bo‘lganidir», deganlar. Ma’lumki, har qanday amal vazifa qilib olingandagina bardavom bo‘ladi. Ulamolar ana shunday vazifa qilib olingan amalni «vird» deb ataganlar. Ushbu maqolada shu xususda so‘z yuritmoqchimiz.
Vird
«Vird» so‘zi asli arab tilida «suvga borish» degani. Ma’lumki, ilgari har kimning uyida suv oqib turgan emas. Kishilar o‘zlari va choravalariga suv olib kelish uchun hovuz yoki quduqqa borishgan. Ana o‘sha suvga borish arab tilida «varoda-yaridu-virdan» fe’li bilan ifodalanadi. Suv hayot zarurati bo‘lgani uchun suvga borish kishilarning kundalik va doimiy ishi bo‘lgan. Xuddi shuningdek, savobli amallar inson ruhining hayotiy zarurati ekani hamda inson ularga kundalik hayotida murojaat qilib turishi lozim bo‘lgan uchun savobli amalni vazifa qilib olish ulamolar istilohida «vird» deb atalgan.
Vird ikki turga bo‘linadi: umumiy va xususiy.
Umumiy vird barcha musulmonlar bajaradigan amallardir. Xususiy vird esa har kimning o‘z qobiliyati, imkoniyati va kasbi, turmush tarzidan kelib chiqqan holda qiladigan vazifasidir.
Umumiy vird barcha shar’iy amallarda mavjuddir. Masalan, namozni olaylik. Odatda musulmonlar farz namozlariga qo‘shib o‘qiladigan nafllarni, ya’ni bir kunda o‘n ikki rak’atdan iborat ravotib sunnat namozlarini doimiy ravishda o‘qib yuradilar. Aslida shu ham vird. Shuningdek, namozdan keyin Kursi oyatini o‘qish, tasbehlar aytish, bomdoddan keyin Yosin surasini, xuftondan keyin Mulk surasini o‘qish kabi zikrlar ham vird hisoblanadi. Alloh taologa shukrlar bo‘lsinki, diyorimiz musulmonlari mazkur virdlarni o‘z ajdodlaridan o‘rganishgan va ularga doimo amal qilib kelishadi. Zotan, diyorimizda dinu diyonatni saqlab, keyingi avlodga yetakzgan ota‑bobolarimiz, diyorimiz ulamolarining deyarli barchalari naqshbandiya tariqatida bo‘lgan va bu tariqatdagi virdlar aynan sunnatdan olingan bo‘lgan. Ular o‘z tariqatlaridagi oson va qulay virdlarni ommaga ham ta’lim berganlar.
Bu amallar farz bo‘lmasa‑da, ularni og‘ishmay ado etamiz, xuddi farz kabi tark qilmay bajaramiz. Biroq, bu amallarni odat emas, «vird» sifatida bajarish samaraliroq bo‘ladi. Ko‘pchiligimiz namozga taalluqli bundan boshqa virdlarga kam vaqt ajratamiz. Boshqa amallardagi virdlar esa aksariyat musulmonlarimizda kam kuzatiladi, balki unday virdlar haqida ko‘pchilikda yetarli tushuncha ham yo‘q. Biz ushbu maqolada ana o‘sha unutilayozgan va qayta amalga qo‘yishimiz lozim bo‘lgan turli virdlar haqida so‘zlamoqchimiz.
Odatda «vird» so‘zini tasavvuf ahli ko‘p ishlatadi. Bunda asosan kundalik vazifa qilib olingan tilovat va zikrlar nazarda tutiladi. Natijada ko‘pchilik vird deganda faqat tilovat va zikrlarnigina tushunadigan bo‘lib qolgan. Aslida virdlar boshqa amallarni ham o‘z ichiga oladi. Biz bunga ayrim misollar keltiramiz va boshlang‘ich vird sifatida ulamolarning tavsiyalarini ham bayon qilamiz.
- Namoz.
Yuqorida aytib o‘tilgan ravotib sunnatlar namoz virdining eng ozidir. Undan tashqari yana bir qancha virdlar ham hadislarda kelgan.
Oisha roziyallohu anho: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biror namozni boshlasalar, uni davomiy o‘qir edilar», degan. Demak, kishi farz namoz va uning sunnatlaridan tashqari hadislarda kelgan turli nafllardan ham o‘z imkoniyatiga muvofiqlarini vazifa qilib, kun taritibiga kiritib olishi ulug‘ amaldir. Misol tariqasida tahorat shukronasi namozi, tahajjud, ishroq va choshgoh namozlarini keltirish mumkin.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Jannatga kirsam, oldimda kimningdir sharpasi keldi. Qarasam, Bilol ekan», deganlar va Bilol roziyallohu anhudan: «Nima bilan jannatda mendan o‘zib ketding?» deb so‘raganlar. Shunda u kishi har azondan keyin ikki rak’at namoz o‘qishni hamda har doim tahorati sinishi bilan tahorat olishi va ketidan ikki rak’at shukr namozi o‘qib olishni odat qilganini aytgan. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Mana shu tufayli ekan-da» deganlar.
Demak, ba’zi namozlarni vird qilib olish kishini jannatning yuksak maqomlariga yetkazar ekan.
Tavsiya: Ravotib sunnatlardan tashqari quyidagi namozlarni vazifa qilib olish: tahorat sinishi bilan yangi tahorat qilib, ikki rak’at «shukri vuzu’» namozini o‘qib olish. Choshgoh va tahajjud namozlarini ikki rak’atdan bo‘lsa ham doimiy o‘qib borish.
- Ro‘za.
Musulmon kishi farz namozlaridan tashqari ba’zi nafl namozlari ni vird qilib olganidek, Ramazon ro‘zasidan tashqari ham nafl ro‘zalarni vazifa qilib olishi yaxshidir. Payshanba va dushanba kunlari, shuningdek, muharram oyining birinchi to‘qqiz kunida, har oyning oydin kunlari, ya’ni 13–15‑kunlari ro‘za tutish, shuningdek, rajab va sha’bon oylarida ko‘p ro‘za tutish sunnatda kelgan. Kishi mazkur ro‘zalardan o‘z imkoniyatiga qarab vird qilib olishi kerak bo‘ladi. Masalan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Payshanba va dushanba kunlari amallar Alloh taoloning huzuriga ko‘tariladi. Shuning uchun amallarim Alloh taoloning huzuriga ko‘tarilganda ro‘zador bo‘lishni istayman», deganlar. Imron ibn Husoyn roziyallohu anhuga: «Sha’bonning oydin kunlari ro‘za tutdingmi?» deganlarida u kishi: «Yo‘q», degan. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ro‘zadan chiqqach, o‘shaning o‘rniga bir‑ikki kun tutib qo‘y», deganlar. Bu bilan oydin kunlarda, xususan, sha’bon oyining oydin kunlarida ro‘za tutishni vird qilib olishni tavsiya qilganlar, Ramazondan keyin bo‘lsa ham qazosini tutib qo‘yishni buyurganlar.
Tavsiya: Har oyning oydin kunlari uch kun ro‘za tutish.
- Sadaqa.
Musulmon kishi farz qilingan namoz va ro‘zalardan tashqari nafl namoz va ro‘zalarni o‘ziga vird qilib olganidek, farz qilingan zakotdan tashqari ham infoqu sadaqani o‘ziga vird qilib olishi marg‘ubdir. Masalan, bir oyda topgan pulining ma’lum qismini (o‘ndan birini, beshdan birini) Alloh yo‘lida sarf qilishni o‘ziga vird qilib olishi mumkin. Birov yordam so‘rab kelganda berib qo‘yish, zaruratni ko‘rganda xayriya qilish o‘z yo‘liga. Ammo ma’lum miqdorda xayr qilishni vird qilib olib, egasini izlab topib bo‘lsa ham berib yurish alohida fazilatga egadir. Yuqoridagi hadisi sharifda kelganidek, bu amal Alloh taologa suyukliroq, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga muvofiqroq bo‘ladi.
Tavsiya: zakotga qiyosan, har oylik daromaddan 2,5 foiz xayriya ajratish.
- Tilovat.
Islom ummatining eng katta fazilati uning Qur’on ummati ekanidir. Shu bois bu ummat Qur’onga oshno bo‘lganda insoniyatning eng peshqadam millati bo‘lgan. Qur’ondan uzoqlashgan paytda esa yetkachilikni qo‘ldan bergan va ortda qola boshlagan. O‘zini Qur’on ummati deb bilgan har bir inson ummatlik burchini bajarishi lozim. Bu esa Qur’oni Karimga doimiy ravishda bog‘lanib turish bilangina ro‘yobga chiqadi. Shundagina uning hayoti Qur’oni Karimga muvofiq bo‘ladi. To‘g‘ri, Qur’oni Karim hofizi yoki qiroat mutaxassisi bo‘lish shu sohaning egalariga xos. Ular Qur’on ilmlari bo‘yicha ummatning zimmasidan farzi kifoyani soqit qilib turadilar. Ammo Qur’oni Karimni o‘z arab harfida to‘g‘ri o‘qiy olish malakasiga ega bo‘lish har bir musulmonga farzi ayndir. Qur’oni Karimga mansublik eng buyuk sharafdir. Bu mansublik unga har doim bog‘lanish bilangina hosil bo‘ladi. Buning uchun har bir musulmon o‘zi uchun Qur’oni Karimdan har kuni ma’lum miqdor o‘qishni vird qilib olishi lozim. Islom ummatining dastlabki bo‘g‘ini, vahiy guvohlari bo‘lgan eng afzal zotlarning barchasi Qur’oni Karimdan o‘ziga vazifa qilib olganlar. Bu ishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari bosh o‘rnak bo‘lganlar. Masalan, Banu Saqif qabilasidan kelgan vafdning oldiga chiqqanlarida ularni kuttirib qo‘yganlariga uzr aytib, Qur’oni Karimdan virdlarini tamomlamay chiqishni istamaganlarini aytganlar. Barcha sahobai kiromlarning Qur’oni Karimdan virdlari bo‘lgan. Aksarlari haftada bir xatm qilganlar. Ba’zi ulamolar Qur’oni Karimni qirq kundan ortiq xatm qilmay yurishni makruh sanaganlar. Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh «Eng kamida yilda ikki marta xatm qilish lozim, aks holda musulmon kishi Qur’oni Karimning haqqini ado qilmagan bo‘ladi», deganlar. Binobarin, har bir musulmon namozda yoki namozdan tashqarida Qur’oni Karimdan o‘ziga vird qilib olishi lozimdir.
Tavsiya: Har kuni Qur’oni Karimdan yarim pora o‘qish. Qur’on tilovati uchun eng afzal vaqt tong payti hisoblanadi.
- Zikr.
Zikr bandani Allohga bog‘lab turadigan vositadir. Jumla ibodatlardagi asosiy maqsad Allohning zikridir. Namozlar ketidan aytadigan zikrlarimiz ham aslida vird ekanini yuqorida aytdik. Ammo bu bir kun uchun kam. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning har bir onlari zikr bilan o‘tgan. Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, «Ey Allohning Rasuli, Islomning qonun‑qoidalari ko‘payib ketdi, menga bir amalni o‘rgatingki, uni qilsam, jannatga kirayin», dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Tiling Allohning zikri bilan namlanib tursin», dedilar, ya’ni tiling zikrdan qurimasin, dedilar. Muntazam zikrda bo‘lish yoki esga tushganda zikr aytib yurish yaxshi, ammo muayyan zikrlarni ma’lum adadda, belgilangan vaqtda aytib yurish alohida fazilatga ega. Bunday vird Alloh taoloni doim yodda tutishga, muroqabaga erishishga, namozda xushu’ hosil qilishga katta yordam beradi. Avvalgiyu keyingi xatolari mag‘firat qilingan zot – Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Darhaqiqat, qalbim xiralashib qoladi va men bir kunda Allohga yuz marta istig‘for aytaman», deganlar.
Tavsiya: Quyidagi zikrlarning har birini o‘n bir martadan aytib yurish:
«Astag‘firullooha va atuubu ilayh», (Allohdan mag‘firat so‘rayman va unga tavba qilaman)
«Subhaanalloohi va bihamdihii, subhaanalloohil‑’aziim», (Allohni Unga hamd aytgan holda poklab yod etaman, buyuk Allohni poklab yod etaman)
«Laa havla va laa quvvata illaa billaah», (Chora ham, quvvat ham faqat Alloh bilandir)
«Alloohumma, solli ’alaa sayyidinaa Muhammadin va aalihii va sohbihii va sallim». (Ey Alloh! Sayyidimiz Muhammadga, u kishining oilasi va sahobalariga salavot yubor va salom yo‘lla)
Zikr uchun eng afzal payt bomdod namozi o‘qib bo‘lingan paytdir. Zikrlarni bora‑bora ko‘paytirib borish tavsiya qilinadi, masalan, 33 tadan yoki 100 tadan aytish mumkin.
Shuningdek, turli munosabatlar bilan, masalan, uyga kirganda va chiqqanda, hojatga kirganda va undan chiqqanda, tong otganda va kech kirganda aytiladigan turli zikrlardan ham vird qilib olish kerak. Bunday zikrlarning matni va ma’nosi shu mavzuga bag‘ishlangan kitoblardan o‘rganiladi.
- Talabi ilm (ilm o‘rganish).
Islom ilm dinidir. Ilm talab qilish har bir musulmonga beshikdan lahadgacha vojibdir. Musulmon kishi boshqa ibodatlar qatori ilm olishdan ham vird qilib olishi lozim. Zotan, ilm olish eng ulug‘ ibodatlardandir. Islomda birgina oyatni o‘rganish yuz rak’at nafldan, bitta ilm bobini o‘rganish esa ming rak’at nafl namozdan afzaldir. Sahobai kiromlar doimiy ravishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning suhbatlariga kelib turishgan va ilm olishgan. Masalan, Umar roziyallohu anhu qo‘shnisi bilan kunma‑kun navbatlashar edi. Bir kun birlari o‘z yumushi bilan yurib, boshqasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida bo‘lar va kun bo‘yi olgan ilmlarini kechki payt sherigiga yetkazardi. Ertasi kuni esa almashishardi. Islom ummati o‘zining shonli davrida boshqalar tarafidan «yoppasiga madrasaga qatnaydigan ummat» deb ta’riflangan va e’tirof etilgan. Buning uchun musulmonlar har kuni ilm orttirib borishlari lozim. To‘g‘ri, arab tilini, shar’iy ilmlarni chuqur o‘rganish va bu bilan shug‘ullanish ilm ahlining ishi. Ammo har bir musulmon o‘z hayoti uchun kerakli bo‘lgan ilmlarni har kuni ziyoda qilib borishi vojib.
Tavsiya: Hozirgi sharoitdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, xalqimizning oddiy bir vakili o‘z tilimizda nashr qilingan islomiy adabiyotlardan o‘qishni bir necha bet bo‘lsa ham vazifa qilib olishi kerak. Masalan, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining kitoblaridan birini olib, har kuni undan besh sahifa yoki yarim soat mutolaa qilishni vazifa qilib olish mumkin. Iloji bo‘lsa, oila davrasida bo‘lsa, yana yaxshi. Bir kitob tugagach, ikkinchi kitobga o‘tiladi.
- Uyqu.
Inson ibodatga, dunyoviy va uxroviy ishlarga quvvat hosil qilish uchun uyquga muhtoj bo‘ladi. Shuning uchun uyquni tartibga solib olish ham alohida vird hisoblanadi.
Tavsiya: Bir kunda 7‑8 soat uyqu me’yordagi uyqudir. Uyqu kishining tungi yoki kunduzgi virdlariga xalaqit bermaydigan tarzda tartibga solinishi kerak. Uyqu uchun eng afzal vaqt kechki 9 bilan tonggi 5 ning orasidir. Qisqa tunlarda uyqu me’yoriga yetmay qolsa, qaylula bilan o‘rnini to‘ldirish tavsiya qilinadi. Bunga tartibli taomlanish, tanani chiniqtirib, sog‘lom tutish uchun jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish ham qo‘shiladi.
Istasak, bu ro‘yxatni yana davom ettirishimiz mumkin. Biz bu yerda misol tariqasida asosiy amallarni keltirdik, xolos.
Endi xususiy zikrga kelsak, bu har kimning sohasi, mutaxassisligi, qobiliyati va imkoniyatiga qarab belgilanadi. Muxtasar taqsim qiladigan bo‘lsak, kishilar yo ilm olguvchi tolib, yo ilm berguvchi olim, yo boshqaruv sohasidagi rahbar, yo sanoat va tijorat egasi bo‘ladi. Ana shu ishlarni halol, xolis va sifatli bajarish ham vird hisoblanadi. Shuningdek, ba’zilar o‘zini ibodatga ajratgan obid yoki qalbini ilohiy muhabbat zabt etgan oshiq bo‘lishi ham mumkin.
Yuqorida aytib o‘tilgan barcha virdlar bir kunlik hayotimizning ozgina qismini oladi. Xususiy vird esa uning asosiy qismini tashkil qiladi.
Endi xususiy vird haqida ham asosiy misollarni keltiramiz.
- Tolibi ilm.
Ilm tolibining virdi ilm tahsil qilishdir. Uning kechasi bilan namoz o‘qib chiqib, kunduzi darsda uxlashi to‘g‘ri kelmaydi. Balki u kechasi ozroq ibodat qilib, kunduzi ilm o‘rganishi, dars olishi, takror qilishi lozim. U barcha ishlarini xususiy virdiga qarab moslashi kerak.
- Olim.
Ilm egasining virdi egallagan ilmini tarqatishdir. Faqih kishi talabalarga fiqhni o‘qitish, kitob yozish bilan o‘z virdini ado qiladi. Qur’on ustozi Qur’oni Karimni o‘qish va o‘qitish bilan virdini o‘taydi. Vo‘izning virdi va’zu irshoddir. Riyoziyotchining virdi talabalarga riyoziyotni o‘qitish, o‘z sohasida ilmiy izlanishlar olib borish, kashfiyotlar qilish bilan ado bo‘ladi, va hokazo.
- Rahbarning virdi adolatli va samarali boshqaruv olib borishdir. Uning virdi boshqaruv ilmida izlanish qilish, sohani rivojlantirish, adolat bilan boshliqlik qilishdir. Harbiy kishining harbiy mashg‘ulotlari uning uchun virddir. Vatan, din va millatni himoya qilish uning vazifasidir.
- Tijorat va sanoat ahliga o‘z sohasida namunali, halol‑pok ishlash, yangiliklar yaratish, sifatli mahsulot ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish sohani taraqqiy ettirish virddir.
Boyning virdi infoq‑ehsonlar qilish, muhtojlarga yordam berishdir. Olim boshqalarga berilmagan iste’dodi bilan ilmni taratish orqali bunga iste’dodi bo‘lmaganlarning kamtigini to‘ldirganidek, boylik jamg‘arishga qobiliyati bor kishi bunga uquvi yo‘qlarning kamlarini to‘ldirib turishi kerak. Shuning uchun ham ulug‘ tobein, qariyb yarim asr Qur’on o‘qitgan imom Abu Abdurrahmon Habib Sulamiy rahmatullohi alayh Usmon roziyallohu anhudan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Sizlarning eng yaxshingiz Qur’onni o‘rganib, uni o‘rgatganlaringizdir», deganlarini rivoyat qila turib: «Bu hadis meni mana shu yerga o‘tqazib qo‘ygandir», desalar, buyuk tobe’in Hasson ibn Abu Sinon rahmatullohi alayh: «Kambag‘al va muhtojlar bo‘lmaganida, tijorat qilmas edim», deganlar. Olimlar o‘z virdini ado etish o‘rniga boshqa ishlar bilan shug‘ullanib ketsa, kishilar johillashib, jamiyat tanazzulga yuz tutadi. Sarvatmandlar virdlarini unutgan, mol-mulkka oid munosabatlarda Islomdan uzoqlashgan paytda el orasida ijtimoiy tabaqalanish yuz berib, muhtojliklar yuzaga chiqadi. Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: «Dunyoda biror kambag‘al bo‘lsa, biror boyning baxilligi evazigadir», deganlar. Shuning uchun har kim o‘z vazifasini to‘kis ado etmog‘i darkor.
- O‘zini ibodatga ajratgan kishining virdi turli ibodatlar bilan band bo‘lish, oshiqning virdi mahbubni zikr qilish, madh etishdir.
Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda u kishi shunday deganlar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deyayotganlarini eshitdim: «Kim Alloh yo‘lida bir juft narsa sadaqa qilsa, eshiklardan – ya’ni jannat (eshiklaridan) – «Ey Allohning bandasi, mana bu yaxshidir!» deb chaqiriladi. Kim namoz ahlidan bo‘lsa, namoz eshigidan, kim jihod ahlidan bo‘lsa, jihod eshigidan, kim sadaqa ahlidan bo‘lsa, sadaqa eshigidan, kim ro‘za ahlidan bo‘lsa, ro‘za eshigidan – Rayyon eshigidan chaqiriladi». Shunda Abu Bakr: «Kishining o‘sha eshiklar(ning barchasi)dan chaqirilishiga zarurat yo‘q ekan-da. Ey Allohning Rasuli, o‘zi biror kishi ularning hammasidan ham chaqiriladimi?» dedi. U zot: «Ha. Umid qilamanki, sen o‘shalardan bo‘lasan, ey Abu Bakr!» dedilar».
Ushbu hadisdagi jannatning turli ibodatlar bilan atalgan turli eshiklaridan chaqirilish matnda aytilganidek, o‘sha ibodatning ahli bo‘lganlargagina muyassar bo‘ladi. Ko‘p sadaqa qilishga berilgan kishi sadaqa eshigidan, namozga berilgan odam namoz eshigidan chaqiriladi. Bu esa o‘sha ibodatni vird qilib olishni anglatadi. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu hamma ibodatlardan yetarli vird qilib olgani, ularning barchasini oliy darajada bajarib qo‘ygani uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishining jannatning hamma eshigidan chaqirilishlariga umid bildirdilar. Banobarin, bizlar ham mana shu ibodatlarning barcha turlaridan o‘zimizga vazifa qilib olishimiz lozim bo‘ladi.
Mavsum
Alloh taolo bandalarni yaratar ekan, ularning tabiatini yaxshi bilgani uchun ularga nisbatan ayrim tadbirlarni qo‘llagan. Masalan, ibodatlarga mavsum belgilash shular jumlasidandir. Hozirda «yong‘in xavfsizligi oyligi», «harakat xavfsizligi oyligi», «keksalarni qadrlash yili» kabi turli shiorlar ostida mavsumiy tadbirlar belgilanishi ko‘pchilikka ma’lum. Bu bilan tanlangan jabhaga ko‘proq e’tibor qaratish, uni rivojlantirib olish, kamlarini to‘ldirib, tiklab qo‘yish va uni davomiy bajarib borishga malaka hosil qilish maqsad qilinadi. Bu uslub ayni Islomdan olingan. Ma’lumki, ibodatlar badaniy, lafziy yoki moliyaviy bo‘ladi. Alloh taolo bandalarni ana o‘sha ibodatlarning barchasiga chiniqtirish, malakalarini shakllantirish uchun muayyan kun yoki oyni mazkur ibodatlar uchun mavsum qilib belgilagan, kishilarni bunga targ‘ib qilish uchun o‘sha muayyan paytlarda amallarning savoblarni ko‘paytirib berishni va’da qilgan. Ana shunday mavsumlarning eng salmoqlisi Ramazon oyidir. Ramazon oyida musulmonlar ibodatning barcha turlarida faollashadilar va chiniqadilar. Maqsad – mana shu hosil qilingan malaka yil mobaynida o‘z quvvatini ko‘rsatsin va kishining solih inson bo‘lib hayot kechirishiga zamin yaratsin. Masalan, har kecha 20 rak’at tarovih namozini o‘qigan kishiga yilning boshqa paytlarida 4 yoki 8 rak’at tahajjud o‘qish oson bo‘lib qoladi. Bir oy mobaynida ketma‑ket qorin va farj shahvatini tiyib, ro‘za tuta olgan insonning har oyda 3 kun yoki har dushanba va payshanba kunlari ro‘za tutib yurishi qiyin emas. Bir oy mobaynida har kuni Qur’oni Karimdan bir necha juz tilovat qilgan yoki tinglagan odam keyinchalik kuniga yarim juz o‘qib yurishi mushkul bo‘lmaydi. Bu oyda ko‘plab xayru sadaqalar qilgan insonda o‘z molidan Alloh yo‘liga sadaqa ajratish ko‘nikmasi hosil bo‘lib qoladi, va hokazo. Ruhshunoslarning ta’kidlashicha, inson bir ishni 22 kun bardavom qilsa, bu ish uning uchun odatga aylanib qoladi va uni osongina bajarish malakasiga ega bo‘ladi. Binobarin, biz ham ushbu muborak oyda ana shunday umumiy virdlarimizni yo‘lga qo‘yib olishimiz maqsadga muvofiqdir. Shundagina Ramazondan ko‘zlangan foydaga erisha olamiz.
Shu bilan birga, ro‘zaning hikmatlaridan biri vaqtni e’tiborga olishdir. Hech bir ibodatda vaqt ro‘zadagichalik ahamiyat kasb qilmaydi. Eng qisqa vaqtli ibodat namoz bo‘lsa, eng qisqa namoz vaqti ham kamida bir soat bo‘ladi. Masalan, bomdod vaqti soat 5 da kirsa, 6:30gacha o‘qish mumkin. Ammo ro‘zada og‘iz yopish yoki ochishda bir daqiqaga adashilsa ham, ro‘za durust bo‘lmaydi. Albatta, bu holat bizga daqiqalarni ham daqiq kuzatishni o‘rgatadi. Bu esa virdlarni yo‘lga qo‘yish va o‘z vaqtida ado etishga yana bir turtki bo‘ladi.
Xulosa
Xulosa shuki, musulmon kishi hayotda faol va tartibli bo‘lishi lozim. Bekorchilik, dangasalik, ishyoqmaslik, tushkunlik, tartibsizlik musulmon kishiga joiz emas. Musulmon kishi qaysi sohada bo‘lmasin, eng ilg‘or, eng faol bo‘lishi darkor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh o‘z ishini puxta qilganni yaxshi ko‘radi», deganlar. Namozlarida qabr azobi, do‘zax azobi, dajjol fitnasidan panoh tilagandek, dangasalik, qo‘rqoqlik, umidsizlik, g‘amga tushib qolish, qarzga botish kabi illatlardan ham panoh so‘rab duo qilganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning va sahobai kiromlarning hayotlariga nazar solar ekanmiz, ularda har biri o‘z vazifasini to‘liq ado etganini ko‘ramiz. Masalan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ummatimning ummatimga eng rahmlisi Abu Bakrdir. Allohning dinida eng qattig‘i Umardir. Eng sodiq, hayolisi Usmondir. Eng yaxshi qozisi Aliydir. Allohning Kitobini eng yaxshi o‘qiydigani Ubaydir. Halol‑haromni eng yaxshi biladigani Muozdir. Faroizni eng yaxshi biladigani Zayd ibn Sobitdir. Bilib qo‘yinglar! Har bir ummatning amini bo‘ladi, bu ummatning amini Abu Ubayda ibn Jarrohdir!» deganlar. Xolid ibn Valid roziyallohu anhu Ibn Mas’ud roziyallohu anhu kabi Qur’oni Karimda ustozlik qilmasa ham, jang maydonida Allohning qilichi bo‘lgan. Abu Zarr roziyallohu anhu Umar roziyallohu anhudek siyosatdon bo‘lmasa‑da, taqvo va ibodatlari bilan ajralib turgan. Xullas, sahobai kiromlarning har birlari o‘z sohalarida peshqadam bo‘lganlar.
Xo‘sh, biz nima qilishimiz kerak?
Hozir ko‘pchilik musulmonlar bandalik burchini qanday ado etishni, Islomga qanday xizmat qilishni bilmay hayron yuradi. Ba’zilar o‘zining bu boradagi vazifasini o‘tash maqsadida turli toifa va tashkilotlarga qo‘shilib ham ketmoqda. Aslini olganda esa, har kim o‘z vazifasini ado etsa, umumiy va xususiy virdalarini qo‘ldan kelgancha yaxshi bajarsa, kifoya. Har bir musulmon Allohni yodda tutsa, o‘zi tanlagan sohada sidqidildan xizmat qilsa, Allohdan qo‘rqqan holda ish yuritsa, hammayoq xayru barakaga to‘lib ketadi, inshoalloh.
Inson bu dunyoda qanday kasbda, qaysi sohada ishlashidan qat’i nazar, ertalab ishga ketayotib, «Alloh menga halol rizq topishni farz qilgan. Men shu halol kasbim bilan o‘sha farzni bajarishga ketyapman» deb niyat qilsa, kechqurun uyiga qaytgunicha farz ibodat qilayotgan maqomda bo‘ladi. Masjidga ketayotgan odamning yo‘lga sarflagan puli sadaqa hisoblanganidek, halol kasb niyatida ishga ketayotgan odamning yo‘lkirasi ham sadaqa, tushlikka ishlatgan puli ham sadaqa bo‘ladi.
Ta’kidlash lozimki, odatda vird tutmaslik yoki virdni tark etish asosan kishilardagi vaqtga e’tibor bermaslik, hayotni g‘animat bilmaslikdan bo‘ladi. Har kuni yoki kunosha osh qilib yeyaverish yoki behuda gaplarni gapirish o‘rniga dunyo hayotidan maqsadni qo‘lga kiritishga harakat qilish, foydali ishlarni kun tartibiga kiritish lozim. Islomning talabi shu, sunnat shu.
Shuningdek, kishilar o‘z farzandlarini ularning qobiliyati va salohiyatiga qarab turli sohalarda mutaxassis qilib yetishtirishlari lozim. Duradgor hamma farzandlarini duradgor, olim hamma farzandlarini olim bo‘lishga majburlamasligi kerak. Balki ularning har birini o‘z salohiyatiga qarab kasbga yo‘naltirish lozim. Shundagina ulardan kutilgan samarani olish mumkin. «Qirq yil qildim mullolig‘, hech bo‘lmadim bir yog‘lig‘, otam hunarin qildim, ham qo‘y keldi, ham sovliq», degan maqol har kimga ham to‘g‘ri kelavermaydi. To‘g‘ri, kishining qonida hamda o‘z muhitida bor ishni o‘zlashtirishi oson va samarali kechadi. Ammo bu iqtidor hammada ham birdek emas. Alloh taolo ijtimoiy mavjudot bo‘lmish insonlarni ularning ijtimoiylik xususiyatlarini yuzaga chiqarish uchun turlicha yaratadi. Har kim o‘z qobiliyatiga, iste’dodiga ega bo‘lgani ma’qul. Shundagina u jamiyatda o‘z o‘rnini topa oladi. Muhimi – har kim o‘z ishini mukammal va halol ado qilsin. Xususiy virdimni qilaman deb umumiy virdlarni tark qilmasa, bas. Insonlarning haqqini rioya qilib, Allohning haqqini unutmasa bo‘lgani.
Shu o‘rinda maqolamiz xulosasi sifatida bir hayotiy voqeani keltirmoqchiman. Andijonda bir qo‘shnimiz bor edi. O‘zi qori, ibodatli inson edi. Ismi Fayzulloh bo‘lsa ham, mahalladagilar u kishini «qori tog‘a» deb atashardi. O‘sha kishi shunday hikoya qilib bergan edi:
«Bir xudojo‘y kishi bor edi. U o‘z ustozidan, ya’ni murshididan biror vird belgilab berishni so‘rabdi. Shunda ustoz unga: «Siz dehqon odamsiz. Kun bo‘yi mehnat qilasiz. Shuning uchun sizga tahajjud, ro‘za kabi amallarni vazifa qilib bersam, ularni bajara olmay qolasiz yoki ishingizga xalal yetadi. Shuning uchun sizga faoliyatingizga daxl qilmaydigan birgina vird beraman. Qalbingizda doim «Alloh, Alloh», deb yuring», debdi. U odam mana shu vazifani mahkam tutibdi.
Bir kuni u vafot etdi. Huzuriga kirdik. Qarasak, yuragi qimirlayotganday. Yaqinroq bordik. Ne ajabki, qalbidan «Alloh, Alloh» degan sas kelardi».
Ha, demak, muhimi – kishi qayerda, qanday ishda bo‘lmasin, Allohdan ayrilmasin ekan.
Alloh taolo barchalarimizni Robbimizning huzuridagi hamda mavjudotlar oldidagi vazifalarini bardavom ado etadigan komil inson bo‘lishga muvaffaq qilsin!