Hasanayn.uz

Maqolalar

Ro‘yxatga qaytish

Husaynxon Yahyo Abdulmajid

RAMAZON – QUR’ON OYI

Ramazon oyi – Qur’on oyidir. Bu oy Islom ummati uchun haqiqiy bayramdir. Zero, bu oyda Robbimizning Kalomi Qur’oni Karim nozil bo‘lgan.


RAMAZON – QUR’ON OYI

Insonlar uchun hidoyat mayog‘i bo‘lmish Kalomini Ramazon oyida osmondan yerga nozil qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin!

Qalbiga nozil bo‘lgan Qur’oni Karim oyatlarini har Ramazon vahiy farishtasi bilan dars qilib, ummatlariga bu oyning vazifasini ta’lim bergan Muhammad Mustafoga salotu salomlar bo‘lsin!

Ramazon oyini Qur’on oyi sifatida o‘tkazib, ikki shafoat omilini o‘zlarida jamlagan sahobai kiromlar va ularga ergashgan zotlarga Allohning rahmati va barakoti bo‘lsin!

Ramazon oyi – Qur’on oyidir. Bu oy Islom ummati uchun haqiqiy bayramdir. Zero, bu oyda Robbimizning Kalomi Qur’oni Karim nozil bo‘lgan.

  1. Ramazon − Qur’on oyi! Bu oyni oyu quyoshni, yeru osmonni, butun koinotni yo‘qdan bor qilgan Alloh taoloning O‘zi Qur’on oyi qilib belgilagan. Bu oyni O‘z Kalomi nozil bo‘lishi uchun muddat sifatida tanlagan.

Alloh taolo Baqara surasida shunday deb marhamat qiladi: «Ramazon oyi – unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq-oydin hujjatlar bo‘lib, Qur’on nozil qilingan» (185-oyat).

Qur’oni Karim Ramazon oyining muayyan kechasida, ya’ni muborak bir kechada nozil bo‘lgan. Alloh taolo aytadi: «Ha. Mim. Ochiq-oydin Kitobga qasam! Albatta, Biz uni muborak kechada nozil qildik» (Duxon surasi, 1‒2-oyatlar).

Qur’oni Karim nozil bo‘lgan bu ulug‘ kecha Ramazonga xos bir tun bo‘lib, dunyo qechalarining eng ulug‘i bo‘lmish Qadr kechasi edi: «Albatta, Biz uni Qadr kechasi nozil qildik. Qadr kechasi nima ekanini senga nima bildirdi? Qadr kechasi ming oydan yaxshidir» (Qadr surasi, 1−3-oyatlar).

Alloh taoloning har bir ishi hikmatga boydir. Aynan Qur’oni Karimni nozil qilish O‘zining qazoyu qadarida bor ekan, qaysi oyda bo‘lsa ham tushirishi mumkin edi. Ammo U Zot O‘zining cheksiz ilmi va hikmati bilan Qur’oni Karimni aynan Ramazon oyida nozil qildi. Bunda qanchalar hikmat borligini Alloh taoloning O‘zi biladi. O‘sha hikmatlardan biri ‒ Alloh taolo avvalgi samoviy kitoblarini ham shu oyda nozil qilgan:

عَنْ وَاثِلَةَ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: أُنْزِلَتْ صُحُفُ إِبْرَاهِيمَ أَوَّلَ لَيْلَةٍ مِنْ شَهْرِ رَمَضَانَ، وَأُنْزِلَتِ التَّوْرَاةُ لِسِتٍّ مَضَيْنَ مِنْ شَهْرِ رَمَضَانَ، وَأُنْزِلَ الْإِنْجِيلُ لِثَلَاثَ عَشْرَةَ خَلَتْ مِنْ شَهْرِ رَمَضَانَ، وَأُنْزِلَ الزَّبُورُ لِثَمَانِي عَشْرَةَ خَلَتْ مِنْ رَمَضَانَ وَأُنْزِلَ الْقُرْآنُ لِأَرْبَعٍ وَعِشْرِينَ مَضَتْ مِنْ رَمَضَانَ.

Vosila ibn Asqa’ raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy solllallohu alayhi vasallam dedilar: «Ibrohim sahifalari Ramazon oyining birinchi kechasi nozil qilingan, Tavrot Ramazonning oltinchi kuni nozil qilingan, Injil Ramazon oyining o‘n uchinchi kuni nozil qilingan, Zabur Ramazon oyidan o‘n sakkiz kun o‘tganda nozil qilingan, Qur’on Ramazon oyidan yigirma to‘rt kun o‘tkanda nozil qilingan». Imom Ahmad, Tabaroniy, Bayhaqiy va boshqalar rivoyat qilgan.

Halimiy rahimahulloh aytadi: «Yigirma to‘rt kun o‘tkanda deganda yigirma beshinchi kechani iroda qilganlar».

Demak, Ramazon oyini Alloh taoloning O‘zi sharaflagan., Alloh taolo insoniyatga O‘z risolalarini yuborishga aynan Ramazon oyini tanlagan. Xususan, hanifiylik millati bo‘lmish Ibrohim alayhissalom millati vakillariga yuborgan Kalomlarini faqat Ramazon oyida tushirgan. Ramazon oyining ulug‘ligiga hamda uning xususiyati, fazilati nimada ekaniga shuning o‘zi kifoya.

Shu jumladan, Alloh taolo O‘zining so‘nggi Payg‘ambariga tushirgan so‘nggi Kitobi Qur’oni Karimni ham Lavhul-mahfuzdan dunyo osmonidagi Baytul-izza – «Izzat uyi»ga yaxlit holida aynan Ramazon oyida tushirgan. Keyin uning ilk vahiysini Baytul-izzadan yer yuziga, Rasululloh solllallohu alayhi vasallamning qalblariga ham Ramazon oyida nozil qilgan.

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: فُصِلَ الْقُرْآنُ مِنَ الذِّكْرِ فَوُضِعَ فِي بَيْتِ الْعِزَّةِ مِنَ السَّمَاءِ الدُّنْيَا فَجَعَلَ جِبْرِيلُ يَنْزِلُ بِهِ عَلَى النَبِيِّ يُرَتِّلُهُ تَرْتِيلًا. رَوَاهُ الْحَاكِمُ.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Qur’on zikrdan ajratilib, dunyo osmonidagi Baytul-izzaga qo‘yildi. So‘ngra Jabroil uni Nabiy sollallohu alayhi vasallamga olib tushib, tartil qilib beradigan bo‘ldi». Hokim rivoyat qilgan.

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: أُنْزِلَ الْقُرْآنُ جُمْلَةً وَاحِدَةً إِلَى سَمَاءِ الدُّنْيَا فِي لَيْلَةِ الْقَدْرِ ثُمَّ نُزِّلَ بَعْدَ ذَلِكَ فِي عِشْرِينَ سَنَةً. رَوَاهُ الْبَيْهَقِيُّ فِي شُعَبِ الْإِيمَانِ.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Qur’on dunyo osmoniga Qadr kechasida bir yo‘la nozil qilindi. So‘ngra, undan keyin yigirma yil mobaynida bo‘lib-bo‘lib nozil qilindi». Bayhaqiy «Shu’abul‑iyman»da rivoyat qilgan.

Yuqorida o‘tgan Duxon va Qadr suralari oyatlarida zikr qilingan nozil bo‘lish ushbu rivoyatda kelgan birinchi nozil bo‘lishdir.

Demak, Qur’oni Karimning har ikki nozil bo‘lishi ham Ramazon oyida bo‘lgan. Bu oyni Alloh taoloning O‘zi O‘z Kalomi uchun tanlagan va xoslagan.

  1. Ramazon – Qur’on oyi! Rasululloh solllallohu alayhi vasallam Ramazon oyini Qur’on oyi qilib nishonlar edilar.

قَالَ عَبْدُ الرَّحْمَنِ بْنُ عَوْفٍ : إِنَّ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم ذَكَرَ رَمَضَانَ فَقَالَ : إِنَّ رَمَضَانَ شَهْرٌ افْتَرَضَ اللَّهُ صِيَامَهُ ، وَإِنِّي سَنَنْتُ لِلْمُسْلِمِينَ قِيَامَهُ ، فَمَنْ صَامَهُ وَقَامَهُ خَرَجَ مِنَ الذَّنْبِ كَيَوْمِ وَلَدَتْهُ أُمُّهُ

Abdurrahmon ibn Avf raziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh solllallohu alayhi vasallam Ramazonni zikr qilib turib: «Albatta, Ramazon Alloh ro‘zani farz qilgan oydir. Men musulmonlarga uning qiyomi (tungi ibodati)ni sunnat qildim. Kim uning ro‘zasini tutsa, qiyomini ado qilsa, undan onasi tuqqan kundek gunohdan pok bo‘lib chiqadi», dedilar». Ibn Xuzayma rivoyati.

Ma’lumki, qiyom, ya’ni tungi namoz asosan qiroati uzunligi bilan «tik turish» ma’nosidagi «qiyom» so‘zi bilan nom olgan. Shunga binoan aytish mumkinki, Rasululloh solllallohu alayhi vasallamning Ramazon oyi qiyomini sunnat qilishlarida bu oyning aynan Qur’on oyi ekaniga ishora bordir.

Rasululloh solllallohu alayhi vasallam Ramazon oyida boshqa paytlardagidan ko‘p ibodat qilar, jumladan, tungi namozlaridagi qiroatlarini ham odatdagidan uzun qilar edilar.

عَنْ حُذَيْفَةَ قَالَ : أَتَيْتُ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فِي لَيْلَةٍ مِنْ رَمَضَانَ ، فَقَامَ يُصَلِّي ، فَلَمَّا كَبَّرَ قَالَ : اللَّهُ أَكْبَرُ ذُو الْمَلَكُوتِ وَالْجَبَرُوتِ ، وَالْكِبْرِيَاءِ وَالْعَظَمَةِ ، ثُمَّ قَرَأَ الْبَقَرَةَ ، ثُمَّ النِّسَاءَ ، ثُمَّ آلَ عِمْرَانَ ، لاَ يَمُرُّ بِآيَةِ تَخْوِيفٍ إِلاَّ وَقَفَ عِنْدَهَا ، ثُمَّ رَكَعَ يَقُولُ : سُبْحَانَ رَبِّيَ الْعَظِيمِ ، مِثْلَ مَا كَانَ قَائِمًا ، ثُمَّ رَفَعَ رَأْسَهُ فَقَالَ : سَمِعَ اللَّهُ لِمَنْ حَمِدَهُ رَبَّنَا لَكَ الْحَمْدُ ، مِثْلَ مَا كَانَ قَائِمًا ، ثُمَّ سَجَدَ يَقُولُ : سُبْحَانَ رَبِّيَ الأَعْلَى ، مِثْلَ مَا كَانَ قَائِمًا ، ثُمَّ رَفَعَ رَأْسَهُ فَقَالَ : رَبِّ اغْفِرْ لِي ، مِثْلَ مَا كَانَ قَائِمًا ، ثُمَّ سَجَدَ يَقُولُ : سُبْحَانَ رَبِّيَ الأَعْلَى ، مِثْلَ مَا كَانَ قَائِمًا ، ثُمَّ رَفَعَ رَأْسَهُ فَقَامَ ، فَمَا صَلَّى إِلاَّ رَكْعَتَيْنِ حَتَّى جَاءَ بِلاَلٌ فَآذَنَهُ بِالصَّلاَةِ.

Huzayfa raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Ramazonda bir kecha Nabiy solllallohu alayhi vasallamning oldilariga bordim. U zot namoz o‘qishga turdilar. Takbir aytganda: «Allohu akbaru Zul-malakuti val-jabaruti val-kibriyai val-’azoma» dedilar. Keyin Baqarani, keyin Nisoni, keyin Oli Imronni o‘qidilar. Biror qo‘rqituv oyatidan o‘tsalar, unda to‘xtalar edilar. Keyin ruku’ qilib, tik turganlari miqdoricha «Subhana robbiyal-’azim» dedilar. Keyin boshlarini ko‘tarib, «Sami’allohu liman hamidah. Robana lakal-hamd» dedilar. Keyin sajda qilib, tik turganlari miqdoricha «Subhana robbiyal-a’la» dedilar. Keyin boshlarini ko‘tarib, tik turganlari miqdoricha «Robbig‘fir li» dedilar. Keyin sajda qilib, tik turganlari miqdoricha sajda qilib, «Subhana robbiyal-a’la» dedilar. Keyin boshlarini ko‘tarib, tik turdilar. Ikki rak’at o‘qib bo‘lib ham edilar, Bilol kelib, u zotga namozni bildirdi». Imom Ahmad rivoyati.

Rasululloh solllallohu alayhi vasallam Ramazon oyini Qur’on oyi qilib nishonlashda unda qiyomni sunnat qilish bilan birga, bu oyda Qur’oni Karimni ko‘p o‘qish, uni o‘rganish, takrorlashni, dars qilishni ham yo‘lga qo‘ygan edilar. Har doimgidek, bu borada ham avvalo o‘zlari amaliy o‘rnak bo‘lganlar.

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ قَالَ: كَانَ رَسُولُ اللهِ r أَجْوَدَ النَّاسِ، وَكَانَ أَجْوَدُ مَا يَكُونُ فِي رَمَضَانَ حِينَ يَلْقَاهُ جِبْرِيلُ، وَكَانَ يَلْقَاهُ في كُلِّ لَيْلَةٍ مِنْ رَمَضَانَ فَيُدَارِسُهُ الْقُرْآنَ، فَلَرَسُولُ اللهِ r أَجْوَدُ بِالْخَيْرِ مِنَ الرِّيحِ الْمُرْسَلَةِ.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng saxiysi edilar. U zotning eng saxiyliklari Ramazonda – Jabroil u zot bilan uchrashganda bo‘lar edi. Jabroil Ramazonning har tunida u zot bilan uchrashib, Qur’onni dars qilishardi. Haqiqatda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshilikda erkin shamoldan ham saxiy bo‘lib ketar edilar». Imom Buxoriy rivoyati.

Bu hadisi sharifdan ma’lum bo‘ladiki, Nabiy alayhissalom Ramazon kechalarini Qur’oni Karim tilovati bilan, uni vahiy farishtasi Jabroil alayhissalom bilan dars qilib, takrorlab o‘tkazar ekanlar.

عَنْ فَاطِمَةَ - عَلَيْهَا السَّلاَمُ - أَسَرَّ إِلَيَّ النَّبِيُّ صلى الله عليه وسلم أَنَّ جِبْرِيلَ كَانَ يُعَارِضُنِي بِالْقُرْآنِ كُلَّ سَنَةٍ وَإِنَّهُ عَارَضَنِي الْعَامَ مَرَّتَيْنِ ، وَلاَ أُرَاهُ إِلاَّ حَضَرَ أَجَلِي.

Fotima alayhassalomdan rivoyat qilinadi: «Nabiy solllallohu alayhi vasallam menga maxfiy ravishda: «Har yili Jabroil men bilan Qur’onni bir-birimizga o‘qib eshittirar edik. Bu yil men bilan ikki marta o‘qidi. Men buni ajalim kelib qolganidan boshqa emas deb bilaman», deb aytdilar». Imom Buxoriy rivoyati.

Demak, Rasululloh solllallohu alayhi vasallam har yili o‘zlariga nozil bo‘lgan sura va oyatlarni Jabroil alayhissalomdan qayta o‘tkazib olar ekanlar. Oxirgi Ramazon, ya’ni vafotlaridan oldingi Ramazon oyida esa ikki marta o‘qib o‘tkazgan ekanlar. Qur’oni Karim oyatlarini takrorlash, dars qilish mavsumi uchun yil oylari ichidan aynan Ramazon oyi tanlangan ekan.

  1. Ramazon – Qur’on oyi! Sahobai kiromlar Ramazon oyini Rasululloh solllallohu alayhi vasallamning ta’lim-tarbiyalari asosida Qur’on oyi qilib o‘tkazganlar.

عَنْ زِرٍّ , قَالَ: قَالَ لِي ابْنُ عَبَّاسٍ: أَيُّ الْقِرَاءَتَيْنٍ تَقْرَأُ؟ قُلْتُ: الآخِرَةُ , قَالَ:فَإِنَّ جِبْرِيلَ عَلَيْهِ السَّلامُ , كَانَ يَعْرِضُ الْقُرْآنَ عَلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كُلَّ عَامٍ فِي رَمَضَانَ , قَالَ: فَعَرَضَ عَلَيْهِ الْقُرْآنَ فِي الْعَامِ الَّذِي قُبِضَ فِيهِ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَرَّتَيْنِ, فَشَهِدَ عَبْدُ اللَّهِ مَا نُسِخَ مِنْهُ , وَمَا بُدِّلَ , فَقِرَاءَةُ عَبْدِ اللَّهِ الآخِرَةُ.

Zirrdan rivoyat qilinadi: «Ibn Abbos menga: «Ikki qiroatdan qay birida o‘qiysan?» dedi. Men: «So‘nggisida», dedim. U: «Zotan Jabroil alayissalom har yili Ramazonda Nabiy solllallohu alayhi vasallamga Qur’onni o‘qib eshittirar edi. Nabiy solllallohu alayhi vasallam qabz qilingan yillari u zotga Qur’onni ikki marta o‘qib eshittirdi. Shunda Abdulloh undan nima nasx qilingan, nima almashtirilganiga guvoh bo‘lgan. Binobarin, Abdullohning qiroati so‘nggidir», dedi». Imom Tabaroniy rivoyati.

Ko‘rinib turibdiki, Rasululloh solllallohu alayhi vasallamning o‘zlari Jabroil alayhissalom bilan bo‘lgan o‘qishlariga sahobai kiromlardan xoslarini ishtirok ettirganlar va bu bilan ham ularga Ramazon Qur’on oyi ekani borasida yana bir bor amaliy ta’lim berganlar.

Sahobai kiromlar ham o‘z navbatida bu oyni Qur’on oyi qilib o‘tkazishni ommaviy tarzda yo‘lga qo‘ygan edilar.

عَنْ عَبْدِ الرَّحْمَنِ بْنِ عَبْدٍ الْقَارِيِّ أَنَّهُ قَالَ خَرَجْتُ مَعَ عُمَرَ بْنِ الْخَطَّابِ ، رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ ، لَيْلَةً فِي رَمَضَانَ إِلَى الْمَسْجِدِ فَإِذَا النَّاسُ أَوْزَاعٌ مُتَفَرِّقُونَ يُصَلِّي الرَّجُلُ لِنَفْسِهِ وَيُصَلِّي الرَّجُلُ فَيُصَلِّي بِصَلاَتِهِ الرَّهْطُ فَقَالَ عُمَرُ إِنِّي أَرَى لَوْ جَمَعْتُ هَؤُلاَءِ عَلَى قَارِئٍ وَاحِدٍ لَكَانَ أَمْثَلَ ثُمَّ عَزَمَ فَجَمَعَهُمْ عَلَى أُبَىِّ بْنِ كَعْبٍ ثُمَّ خَرَجْتُ مَعَهُ لَيْلَةً أُخْرَى وَالنَّاسُ يُصَلُّونَ بِصَلاَةِ قَارِئِهِمْ قَالَ عُمَرُ نِعْمَ الْبِدْعَةُ هَذِهِ وَالَّتِي يَنَامُونَ عَنْهَا أَفْضَلُ مِنَ الَّتِي يَقُومُونَ يُرِيدُ آخِرَ اللَّيْلِ ، وَكَانَ النَّاسُ يَقُومُونَ أَوَّلَه.

Abdurrahmon ibn Abd Qoriydan rivoyat qilinadi: «Bir kecha Ramazonda Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bilan birga masjidga chiqdim. Qarasak, odamlar tarqoq, guruh-guruh: kimdir yolg‘iz o‘zi namoz o‘qiyapti, kimdir namoz o‘qimoqda‑yu, bir guruh odam uning namoziga ergashib namoz o‘qiyapti. Shunda Umar: «Menimcha, agar bularni bitta qorining ortidan jamlasam, nihoyatda go‘zal bo‘lar edi», dedi. So‘ngra azm qilib, ularni Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuning ortiga jamladi. Keyin boshqa bir kechada yana u bilan chiqdim. Odamlar o‘z qorilarining namoziga ergashib namoz o‘qishar edi. Umar: «Bu qanday yaxshi bid’at! Ular uxlaydigan payt tungi ibodat qiladigan paytlaridan (ibodat uchun) afzaldir», dedi. U kechaning oxirini nazarda tutayotgan edi. Odamlar esa uning avvalida tungi ibodat qilishar edi». Imom Buxoriy rivoyati.

Bu rivoyatdan ma’lum bo‘ladiki, sahobai kiromlar Ramazon qechalarini Qur’oni Karim tilovati bilan, uni namozda qiroat qilish bilan o‘tkazar ekanlar.

Mulohaza: Umar ibn Xattob raziyallohu anhuning «Bu qanday yaxshi bid’at!» degan gaplarini ulamolar ikki xil tushunganlar: a) Lug‘aviy ma’noda, ya’ni «Bu qanday yaxshi yangilik bo‘ldi» degan mazmunda. b) Istilohiy ma’noda, ya’ni asli shariatga muvofiq bo‘lgan, Kitobu Sunnatdan balqib chiqqan yangi amal ‒ «bid’ati hasana» ma’nosida.

وعن السائب أيضا : « أنهم كانوا يقومون في رمضان بعشرين ركعة ، ويقرءون بالمئين من القرآن ، وأنهم كانوا يعتمدون على العصي في زمان عمر بن الخطاب رضي الله عنه»

Soibdan rivoyat qilinadi: «Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning zamonida Ramazonda yigirma rak’at qiyom qilishar va Qur’ondan ikki yuz oyat o‘qishar edi. Hassaga suyanib qolishar edi». Muhammad ibn Nasr Marvaziy «Qiyamu Romadon» asarida keltirgan.

Demak, sahobai kiromlar Ramazonda ko‘p namoz o‘qiganlaridan, qiroatni uzoq qilganlaridan hassaga tayanib qolishar ekan.  Boshqa bir rivoyatda «Yaqin subhgacha o‘qishar edi», deyilgan.

Bu borada juda ko‘p rivoyatlar kelgan, biz ulardan ayrimlarini zikr qilish bilan kifoyalandik.

  1. Ramazon – Qur’on oyi! Islom ummatining ulamolari, peshvolari, buyuklari bu oyni Qur’on oyi sifatida o‘tkazishgan.

Imom Zuhriy Ramazon oyi kirsa: «Bu oy Qur’on qiroatidir, taom ulashishdir», der edi.

Imom Abu Hanifa rahimahulloh Ramazon oyi ichida o‘ttizta, bir rivoyatda oltmishta xatm qilar edi.

Ibn Hakam aytadi: «Imom Molik Ramazon kirsa, hadis o‘qish va ilm ahli bilan majlis qurishdan qochar edi». Ya’ni Qur’onga berilib ketar edi.

Abdurrazzoq aytadi: «Sufyon Savriy Ramazon kirsa, barcha ibodatlarni to‘xtatib, Qur’on qiroatiga kirishar edi».

Sufyon aytadi: «Zubayd Yomiy Ramazon kelsa, mus’haflarni keltirib, as’hoblarini to‘plar edi».

Asvad rahimahulloh Ramazondan boshqa payt Qur’onni olti kechada bir xatm qilar, Ramazonda esa har ikki kechada xatm qilar edi.

Qatoda rahimahulloh odatda yetti kunda bir xatm qilar, Ramazon oyida uch kunda bir, oxirgi o‘n kunlik bo‘lganda esa, har kecha xatm qilar edi.

Imom Naxa’iy ham Ramazon oyida har uch kunda, oxirgi o‘n kunlikda esa har kecha Qur’onni xatm qilar edi.

Rabi’ ibn Sulaymon aytadi: «Muhammad ibn Idris Shofe’iy Ramazon oyida oltmishta xatm qilar, ularning birortasi namozdan tashqarida bo‘lmas edi», deydi.

Imom Mujohid rahimahulloh Ramazonda har kuni shom bilan xufton orasida Qur’oni Karimni xatm qilar edi. Ular xuftonni kechaning to‘rtdan biri o‘tguncha kechga surishar edi.

Aliy Azdiy ham Ramazonda har kuni shom bilan xufton orasida Qur’oni Karimni xatm qilar edi.

Imom Molik aytadi: «Ramazonda Umar ibn Husaynning yonida namoz o‘qiydigan odam menga xabar qildiki, u kishi har kecha Qur’onni yangidan boshlar ekan».

Hofiz ibn Asokirning o‘g‘li otasi haqida: «Har juma xatm qilar edi, Ramazonda esa har kuni xatm qilar edi», degan.

Mulohaza: Salafi solihlarning Qur’oni Karimni uch kundan oz muddatda xatm qilishlari sunnatga xilof deyilmaydi, chunki ularga Alloh taolo maxsus quvvat bergan, vaqtlariga baraka ato etgan, ular mazkur natijalarga Qur’oni Karimni shoshmasdan, tushunib, tafakkur va xushu’ bilan tilovat qilish bilan birga erishganlar. Shu bilan birga ta’kidlash kerakki, ular o‘shanday martabaga erishganlari uchun shunday ko‘p o‘qishgan emas, balki Qur’oni Karimni ko‘p o‘qib, ko‘p ibodat qilganlaridan Alloh ularga o‘shanday maqomolarni ato etgan.

  1. Ramazon – Qur’on oyi! Islom ummati o‘zining ilk davridan hozirgi kungacha bu oyni Qur’on oyi sifatida nishonlab keladi. Hozirda musulmonlarning qiblasi bo‘lmish Ka’bai Muazzamadan tortib eng kichik masjidlargacha deyarli barcha yurtlarda Qur’on tilovatlari, xatmlari yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, aziz vatanimiz O‘zbekistonda ham 2000 dan ortiq jome’ masjid bor bo‘lib, aksarida xatmi Qur’onlar o‘tkazilmoqda.

Ramazon oyi Qur’on oyi ekan, uni Robbul-olaminning O‘zi shunday ta’yin qilgan ekan, insoniyat uchun eng ulug‘ namuna bo‘lmish Muhammad sollallohu alayhi vasallam bu oyni Qur’on oyi qilib o‘tkazgan ekanlar, bashariyat tarixida o‘chmas iz qoldirgan, o‘z davrida insoniyatning yetakchi namoyandalari bo‘lgan sahobai kiromlar va tobe’inlar bu oyni Qur’on oyi qilib nishonlagan ekan, demak biz ham Ramazon oyini chin ma’noda Qur’on oyi qilib o‘tkazishimiz lozimdir. Shundagina biz Allohga va U Zotning Rasuliga itoat qilgan, salafi solihlarimizga ergashgan hamda sharaf yo‘lini tutgan bo‘lamiz, inshoalloh.

Bu ma’noda quyidagilarga e’tibor berish kerak bo‘ladi:

  1. Qur’oni Karimni ko‘p o‘qish. Iloji bo‘lsa, kechqurun namozga o‘qimoqchi bo‘lganini kunduzi Qur’onga qarab o‘qib olish yaxshi bo‘ladi.

  2. Qur’oni Karimdan yod olib, unut bo‘lgan oyat yoki suralar bo‘lsa, ularni takrorlab tiklab olish.

  3. Qur’oni Karimdan yod olmagan joylarini yod olib, o‘zlashtirib olish.

  4. Qur’oni Karimdan bilganlarini mutsahamlab, takrorlab, jamlab, puxtalab olish. Rasululloh solllallohu alayhi vasallamning Jabroil alayhissalom bilan dars qilishlari bunga eng katta namuna bo‘ladi.

  5. Qur’oni Karim tilovatiga tunda ko‘proq vaqt ajratish. Zotan kechqurun sokinlik bo‘ladi, xalaqit beruvchi omillar kam bo‘ladi, ochlik, tashnalik bo‘lmaydi. Muhimi, tungi ibodatning savobi ko‘p bo‘ladi. Rasululloh solllallohu alayhi vasallam ham Jabroil alayhissalom bilan, yuqoridagi rivoyatda kelganidek, tunda o‘qishganlar.

  6. Jamoatlardagi xatmlarga qatnashish. Bunda musulmonlarning bayramlariga, duolariga sherik bo‘lish ham bor. Umar ibn Xattob raziyallohu anhu sahobalarni bir qorining ortiga jamlab qo‘yganlar va «Agar bu bid’at bo‘lsa, qanday yaxshi bid’at!» deganlar. Ubay ibn Ka’b va Tamim Doriy roziyallohu anhumo imom bo‘lib, kishilarga bir oy mobaynida tarovihda Qur’oni Karimni xatm qilib berar edilar. Sahobai kiromlarning hammalari bu ishni ma’qullaganlar va butun Islom ummati bir ovozdan qabul qilgan.

  7. Jamoat xatmlariga qatnaydigan kishi kechqurun tinglaydigan suralarini kunduzi mus’hafdan bir ko‘rib olsa, yana-da yaxshi bo‘ladi. Imkoni bo‘lsa, ularning ma’no va tafsirlarini ham o‘qib olsa, nur ustiga nur bo‘ladi.

  8. Jamoatdagi tarovehlarga qatnashgan odam imkon qadar oxirigacha turishi kerak, shunda u tun bo‘yi ibodat qilganning savobini oladi. Rasululloh solllallohu alayhi vasallam Ramazonda qiyom namozini kechaning yarmiga borib tugatib qo‘ygan paytlari: «Kechamizning qolganida ham nafl o‘qib berganingizda edi», deyishganda, u zot: «Kim imom qaytgunicha u bilan ibodatda tursa, unga bir kechani ibodatda o‘tkazganlik savobi yoziladi», deganlar.

  9. Qur’oni Karimni kunduzgi o‘qish bo‘ladimi, kechqurungi qiyomda bo‘ladimi, tilovatdan ko‘zlangan maqsaddan qochmagan holda qiroat qilish lozim. Tajvid, tartil bilan, ma’nolariga to‘xtalib, qo‘ldan kelgancha tafakkur va tadabbur bilan o‘qish kerak. Aks holda, maqsad hosil bo‘lmaydi.

  10. Qur’oni Karimni bevosita tushuna olmaydigan kishilar o‘z tillaridagi tafsirlardan har kuni muayyan sahifa o‘qishni vazifa qilib olsalar, maqsadga muvofiq ish qilgan bo‘ladilar.

Ramazon oyi Qur’on oyi ekan, uni tom ma’noda Qur’on oyi qilib o‘tkazish uchun Qur’oni Karimni o‘qib, eshitishning o‘zi kamlik qiladi, balki uni o‘qib, eshitib, tinglab, o‘rganib, o‘rgatib, ma’nolarini tafakkur, tadabbur qilib, undagi ma’nolarni vujudga singdirib, amalda tatbiq qilish ham kerak bo‘ladi. Shunda Alloh taoloning ro‘zani farz qilgan oyatidagi «...shoyadki, taqvo qilsangiz», «Ramazon oyi – unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq-oydin hujjatlar bo‘lib, Qur’on nozil qilingan», degan so‘ziga muvofiq ish qilgan bo‘lamiz. Shunda axloqimiz Qur’on bo‘lishiga erishamiz, inshoalloh.

Yuqorida aytib o‘tilganidek, Ramazon oyini Qur’on oyi qilib o‘tkazishning pirovard natijasi qanday bo‘lishini bilasizmi? Natija quyidagicha bo‘ladi:

عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو، أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: « الصِّيَامُ وَالْقُرْآنُ يَشْفَعَانِ لِلْعَبْدِ فيَقُولُ الصِّيَامُ: أَيْ رَبِّ، إِنِّي مَنَعْتُهُ الطَّعَامَ وَالشَّهَوَاتِ بِالنَّهَارِ فَشَفِّعْنِي فِيهِ، وَيَقُولُ الْقُرْآنُ: مَنَعْتُهُ النَّوْمَ بِاللَّيْلِ فَشَفِّعْنِي فِيهِ فَيُشَفَّعَانِ »

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh solllallohu alayhi vasallam dedilar: «Ro‘za va Qur’on bandaga shafoatchilik qiladi. Ro‘za: «Yo Rabbim! Men buni kunduzlari yemoq va shahvatdan to‘sganman, uning haqidagi shafoatimni qabul qil», deydi. Qur’on: «Yo Rabbim! Men uni kechalari uyqudan to‘sganman, uning haqidagi shafoatimni qabul qil», deydi. Shunda ikkovining ham shafoati qabul qilinadi».

Alloh taolo barchamizga Qur’oni Karimning va Ramazon ro‘zasining shafoatni nasib etsin!

Ramazon oyi barchamiz uchun chinakam Qur’on oyi bo‘lsin!