
Husaynxon Yahyo Abdulmajid
BUYUKLIK SIRI
Shayx hazratlarini yaqindan tanishni, u kishiga o‘xshashni yoki u kishidek farzand tarbiyalashni istaganlar ushbu maqolani takror-takror o‘qisin, buyuklik siri nimada ekanini anglasin, undan ibrat olib, hayotiga tatbiq etsin
Aziz o‘quvchi! 01.10.2015 sana xalqaro internet tarmog‘ida e’lon qilingan quyidagi maqola ko‘pchilikka manzur bo‘ldi, alhamdu lillah. Ba’zi o‘quvchilarimizning talablariga binoan, suhbatdoshimizdan yana ayrim ma’lumotlar olib, maqolaga qo‘shildi. Sizga maqolaning mazkur to‘ldirilgan shaklini havola qilamiz.
BUYUKLIK SIRI
Bismillahir-Rohmanir-Rohim
Otamiz Odam alayhissalomning baxtini Havvo onamiz bilan tugal qilgan va bu sunnatni insoniyat uchun joriy etgan Alloh taologa hamdlar bo‘lsin!
«Menga dunyoingizdan ikka narsa suyukli qilib qo‘yildi: ayollar va xush bo‘y», deya marhamat qilgan Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga Alloh taoloning durudu salavotlari bo‘lsin!
«Har bir buyuk shaxsning ortida bir ayol bor» degan hikmat doim o‘z tasdig‘ini topib kelayotgan haqiqatlardandir. Yaqindagina oramizdan ketgan shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahmatullohi alayh hazratlarining ulug‘liklarini vafotlaridan so‘ng yanada ko‘proq his qilarkanmiz, bu buyuk siymoning ortidagi buyuklikni ko‘rishni istadik. Shoyad, millatimiz yana shunday ulug‘ shaxsiyatlarga erishsa. Zero, bunday kishilar yuzaga kelishi uchun yana shunday kishilarni tarbiya qilish lozimdir. Biz mana shu maqsadda shayx hazratlarining umr yo‘ldoshlari – Ismoil maxdum qizi Fotima hoji onamiz bilan suhbat uyushtirdik. Quyida sizga ana shu suhbatni taqdim qilamiz.
(Bu suhbat shayx hazratlarining vafotidan ko‘p o‘tmay o‘tkazilgan edi. Biroq ayrim sabablarga ko‘ra uni e’lon qilish biroz kechga qoldi… Shayx hazratlarini yaqindan tanishni, u kishiga o‘xshashni yoki u kishidek farzand tarbiyalashni istaganlar ushbu maqolani takror-takror o‘qisin, buyuklik siri nimada ekanini anglasin, undan ibrat olib, hayotiga tatbiq etsin…)
– Assalomu alaykum.
– Va alaykum assalom.
– Hoji ona, avvalo yaqinda oramizdan ketgan ustozimiz, millatimizning faxri bo‘lmish shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining vafotlari munosabati bilan siz va siz orqali shayx hazratlarining barcha oila a’zolariga ta’ziyamizni izhor qilamiz.
– Tashakkur. Alloh hammamizga go‘zal sabr nasib etsin.
– Sizga shayx hazratlaridek ulug‘ zotdan ayrilganingizda hamdardlik bildirish bilan birga, shunday buyuk insonning umr yo‘ldoshi bo‘lib, rozilik va duolariga erisha olish baxtiga muyassar bo‘lganingiz bilan sizni muborakbod ham qilamiz. Shayx hazratlarining ulug‘ alloma, taqvoli zot, buyuk shaxsiyat bo‘lganlari hamma e’tirof etadigan haqiqatdir. Ammo bu buyuk shaxsiyatning unib-o‘sishi, oilaviy hayoti hammani qiziqtiradigan, lekin ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmagan jabhadir. Shu munosabat bilan biz sizdan shayx hazratlarining shaxsiy hayotlariga doir ayrim ma’lumotlar haqida so‘ramoqchi edik.
– Bemalol.
– U kishi tavallud topgan xonadon haqida so‘zlab bersangiz.
– Hazrat katta otamiz Boybo‘ta buvaning xonadonlarida, otamiz Muhammad Yusuf domlaning oilalarida tavallud topganlar. Boybo‘ta buvamiz oddiy cho‘pon, lekin pok musulmon inson bo‘lgan ekan. Otamiz Muhammad Yusuf domla esa ilmli, nihoyatda taqvodor kishi bo‘lganlar. U kishi yoshlik choqlaridan ilmga juda qiziqqanlar. Qishloq sharoiti, oilaviy vaziyat hamda o‘sha davrdagi diniy ahvol tufayli bo‘lsa kerak, otalari u kishini tirikchilik qilishga ko‘proq undagan. Lekin otamiz azbaroyi ilmga bo‘lgan chanqoqliklaridan Buxoroda o‘qiyotgan Muhammad Solih degan qarindoshlari bilan madrasaga qochib ketgan ekanlar. Dastlab otalari achchiqlanib yurgan bo‘lsa-da, keyinchalik, o‘g‘lining ilmli bo‘lib kelganini ko‘rgach, juda xursand bo‘lgan ekan. Hazratdek buyuk insonning oddiy cho‘pon oilasidan yetishib chiqishi ham Allohning qudrati va chevarligidan.
– Hazratning onalari u kishini faqat tahorat bilan emizgan ekan, degan gap yuradi. Shu haqda nima deysiz?
– Ha, onamiz juda ixlosli ayol bo‘lganlar. Otam ustozlaridan farzandni tahorat bilan emizish fazilatli amal ekanini eshitganlarini aytgan ekanlar. Onamiz bunga qo‘ldan kelgancha amal qilgan ekanlar. Ammo men bir narsani ta’kidlab qo‘ymoqchiman, bu ish ayol kishi uchun og‘ir keladi. Shuning uchun u o‘zining yoki farzandining sog‘ligiga putur yetkazib qo‘ymasligi kerak. Shu bilan birga, bu amal shart emas, fazilat ekanini unutmaylik. Shariatning ruxsatini inkor qilmaslik lozim. Ayollardagi farzand tarbiyasi uchun eng muhim narsa ularning tabiatidir. Onamiz tabiati pok, sof fitratli, ko‘ngli beg‘ubor ayol edilar. Bu xislatlar hazratda namoyon bo‘lgan edi.
– Shayx hazratlarining yoshliklari qayerlarda, qanday kechgan?
– Otamiz hazrat tug‘ilgandan keyin, 1953-1959 yillar orasida madrasada bo‘lganlar. Shuning uchun onamiz sharoit taqozosi bilan o‘z onalarining yonida, Marhamat tumani, Qoraqo‘rg‘on qishlog‘idagi ota hovlida turganlar. Enamiz nabiralarini opichlab katta qilgan ekanlar. Ular dastlab o‘sha qishloqdagi oddiy maktabda o‘qishgan. Keyinroq, 1959 yili otamiz Buxoro madrasasini bitirib, Toshkentdagi Baroqxon madrasasidan Buloqboshi tumaniga imom bo‘lib kelganlaridan so‘ng ularning oilasi Buloqboshiga ko‘chib o‘tgan. Hazrat uchinchi sinfdan boshlab o‘sha yerdagi o‘rta maktabda o‘qiganlar. 1969 yili maktabni a’lo baholarga bitirganlar. U kishi maktabdagi tengqurlari orasida ham iqtidori, tartibliligi va husni xulqlari bilan ajralib turgan, ko‘pchilikning e’tiborini qozongan ekanlar. Ilm-ma’rifatga juda qiziqqan, darslarni har doim katta qiziqish va e’tibor bilan bajarib kelgan ekanlar.
– Shayx hazratlarining yoshlik paytlarida fe’l-atvorlari qanday bo‘lgan? Nimalarga qiziqqanlar?
– Hazrat juda tortinchoq, kamsuqum, axloqli, royish, vazmin, ko‘ngilchan bola bo‘lgan ekanlar. Hamma narsaga, har qanday yangilikka e’tiborli bo‘lganlar. Hazrat yoshliklaridan sportga, ilmga, kitob mutolaasiga juda qattiq qiziqqanlar, shuning uchun badiiy adabiyotni ham ko‘p o‘qiganlar. Kelin bo‘lgan kezlarimda bir kuni chordoqqa chiqsam, chordoq to‘la badiiy kitoblar ekan. Shu bilan birga, o‘sha paytda chop etiladigan gazetalardagi muhim maqolalarni ham o‘qib borar ekanlar. O‘ylaymanki, u kishidagi keng dunyoqarash, so‘z boyligi hamda ma’lumot teranligining shakllanishida ana shu adabiyotlarning ham o‘rni katta bo‘lgan.
– Shayx hazratlari biror kasb-hunar ham o‘rganganmilar?
– Ha, 9-10 yoshlarida otalari maktabdan tashqari malaka ham bo‘lsin deb, maxsido‘zlikka bergan ekanlar. U kishi o‘sha yoshlaridanoq fitrati toza, e’tiqodli, parhezkor bo‘lganlar. Maxsido‘z usta bir-ikki marta ichkilik olib kelishga buyurgandan keyin u yerga umuman bormay qo‘ygan ekanlar. Otalari o‘g‘lining hunarga bormayotganidan koyinib, «Nega bormaysan?» deb so‘raganlarida yuqoridagi sababni aytgan ekanlar.
Alloh taolo u kishini ilmu ma’rifat uchun yaratgan ekan, ushbu sohaga astoydil berilib ketganlar.
– Shayx hazratlarining otalari o‘g‘il tarbiyasida qanday yo‘l tutganlar?
– Otamiz Muhammad Yusuf domla o‘zlari juda ham taqvoli, ibodatli, ixlosli, ilmga o‘ta muhabbatli kishi bo‘lganlar. Shuning uchun o‘g‘illarining kelajakda ilmli, ma’rifatli bo‘lishiga astoydil bel bog‘laganlar. Xususan, ularning shar’iy ilmlarni egallashlariga qattiq e’tibor qaratganlar. Ularning tarbiyasida jiddiy va qat’iyatli bo‘lganlar. Hatto shubhali narsalardan ham farzandlarni ehtiyot qilganlar. U kishining bor e’tiborlari ilm-ma’rifatga qaratilgan edi. Farzandlariga nasihat qilganlarida doim: «Agar dunyoning ortidan quvsang, unga yeta olmaysan. Ammo ilm ortidan quvsang, dunyo sening ortingdan quvadi», deb aytar edilar. Bu u kishining shiori edi. Shu bilan birga, u kishi ustozlarining, ahli ilmlarning xizmatlarini qoyilmaqom qilib bajarganlar, ulardan va o‘zlari tanigan boshqa ilm ahllaridan farzandlarining haqqiga juda ko‘p duo olganlar. U kishining o‘z ustozlariga qilgan xizmatlari zarbulmasal qilgudek darajada oliy bo‘lgan. Shuningdek, o‘zlari ham ko‘p duo qilganlar. U kishi har doim «Allohim, O‘zing tarbiyat qil!» deb iltijo qilardilar. Oilalarimiz kattalashib, tevaragimiz to‘kin bo‘lib qolganda ham o‘zlari keksayib qolganlariga qaramay: «Nima kamchilik? Bizga nima xizmat?» deb so‘rab turardilar. Men: «Dada, biz sizga xizmat qilishimiz kerak-ku», desam, u kishi: «Qizim, farzandlarim Allohning xizmatida bo‘lsa, tanamda jonim bor ekan, ularning xizmatini qilishga tayyorman», der edilar. Ha, otamiz farzandlarining bu qadar yetuk inson bo‘lishlari uchun ham moddiy, ham ma’naviy imkonlarini sarflaganlar. Hazratning «hazrat» bo‘lishlarida padari buzrukvorlarining xizmati eng katta o‘rin tutgan. Aytish mumkinki, hazratdek farzand tarbiyalamoqchi bo‘lgan inson u kishining otalaridek amal qilsin!
– Shayx hazratlari ilk diniy ta’limni kimdan olganlar?
– Otalaridan olganlar. Dastlab savod chiqarish, Qur’oni Karim qiroati, birlamchi arab tili darsliklari kabi boshlang‘ich ilmlarni o‘z otalarida o‘qiganlar.
– Maktabdan keyin qayerda o‘qiganlar?
– Keyin 1970 yili Buxorodagi Mir Arab madrasasiga kirganlar. 1971 yili Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutiga ko‘chirib o‘tkazilganlar. Keyin Liviya dorulfununida tahsil olganlar.
– Tahsil olib yurgan kezlaridan qanday xotiralarni eshitgansiz?
– Hazrat madrasada tirishqoqliklari, ilmga muhabbatlari, ilg‘orliklari bilan tanilgan ekanlar. Hatto do‘stlari u kishiga ismlari bilan emas, «peshqadam» deb murojaat qilisharkan. Institutda ham shunday bo‘lgan. Arab tilini yaxshi bilganlari uchun hali Liviyaga ketmasdan oldin ham arab yurtlaridan kelgan mehmonlarga tarjimonlik qilardilar. Liviyadagi dorulfununda ham eng ko‘zga ko‘ringan talaba bo‘lganlar.
– Hazrat bilan turmush qurishlaringizda ikki oilaning tutashishi qanday kechgan?
– Mening padari buzrukvorim Ismoil maxdum mashhur olim bo‘lganlar. Buxoro madrasasi ham ularning rahbarliklarida ochilgan. O‘zlari u yerda bir muddat dars berganlar, mudir ham bo‘lganlar. Qaynotam u kishiga shogird bo‘lganlar. Shuning uchun u kishi o‘z shogirdi Muhammad Yusuf domlaga farzandni o‘qitish va tarbiyalashda maslahatgo‘y bo‘lganlar. Hatto 1968 yili dadam hajga borganlarida qaynotam ham birga borgan va o‘z odatlariga ko‘ra, borib-kelguncha ustozlarining xizmatida bo‘lgan ekanlar. Hazrat Buxorodagi madrasadan keyin Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutida o‘qiganlar. U paytda dadam muftiy noibi bo‘lish bilan birga institutda dars ham berardilar. Hazrat institut barnomasidan tashqari dadamning o‘zlarida ham alohida ilm olganlar, kitob o‘qiganlar. Dadam: «Hamma talabalar hordiq kunlari bozorga yoki ko‘chaga chiqishadi. Faqat Muhammad Sodiq o‘sha damlarni ham kitob mutolaasi bilan o‘tkazadi», derdilar. Dadam hazratning ilmga bo‘lgan ishtiyoqi va iqtidorini sezib, yaxshi ko‘rib qolganlar. Bir kuni Muhammad Yusuf otamizga: «O‘g‘lingizni o‘zim o‘g‘il qilaman», deb aytganlar. Qaynotam bu taklifni katta quvonch bilan qabul qilganlar. Dadam hazratga juda yuqori baho berardilar. Hatto: «Bu yigit hali biz yozmoqchi bo‘lgan, lekin yoza olmagan kitoblarni yozadi», deb aytganlarini eshitganman. Hazrat bilan unashtirilishimizda bizning oilada ko‘pchilik istixora qilgan. Deyarli hamma tushida uyum-uyum kitob ko‘rgan. 1974 yili, hazrat institutda o‘qiyotgan kezlari to‘yimiz bo‘lgan. O‘shanda men 19 yoshda edim. To‘yimiz o‘z uyimizda bo‘lgan. Men Namangandan Andijonga, Buloqboshiga kelin bo‘lib tushganman.
– Shayx hazratlari bilan ilk turmush qurgan paytlaringiz qanday kechgan?
– Alhamdu lillah, biz juda baxtli hayot kechirganmiz. Hazrat o‘sha paytda ham sodda va samimiy bo‘lish bilan birga, juda viqorli, qat’iyatli edilar. Hazrat ilm kishisi bo‘lganlar. U kishining fikru o‘yi u yoshdagi yigitlarda bo‘ladigan o‘y-fikrlardan mutlaqo boshqacha edi, qalblari umuman o‘zgacha narsalar bilan band: bor g‘am-tashvishlari ham, mehru e’tiborlari ham dinu diyonatga, ilmu ma’rifatga qaratilgan edi. Men uchun u kishining eng aziz xislatlari ham aynan ilmu amallari edi. Hazratdek olim insonga xizmat qilishni nasib qilgani uchun Alloh taologa hamdu sanolar aytaman.
– Hazratni ko‘pchilik sportga qiziqqan va chiniqqan inson deb biladi. Haqiqatda shundaymidi?
– Ha, hazrat sportning deyarli barcha turi bilan tanish edilar. Bir qancha turlarida ancha malakaga ham ega edilar. Futbol, basketbol, tennis, suvda suzish kabi sport turlariga mohir bo‘lganlar. Shu bilan birga, u kishi har bir ishni ilm asosida hamda mantiqiy yondashuv bilan qilardilar. Sport xabarlari bilan band bo‘lganlarini ko‘rmas edik, ammo dunyodagi barcha xabarlar qatori, sport xabarlaridan ham voqif bo‘lardilar.
– Hazrat Liviyada o‘qiganlarida siz ham birga bo‘lganmisiz?
– Yo‘q. Bunga ruxsat yo‘q edi. O‘zlari yilda ikki marta kelib turardilar.
– Hazratning o‘sha talabalik yillari haqida bilganlaringizni o‘rtoqlashsangiz.
– Hazrat Liviyadagi «Islomiy da’vat fakulteti» nomli oliygohda o‘qiganlar. U yerda ham oliygoh darslaridan tashqari, bir qancha olimlardan ilm olganlar va muntazam ravishda mustaqil mutolaa bilan shug‘ullanganlar. Oliygohda biror darsni qoldirmay qatnashganlar. Shuning uchun imtihonga alohida tayyorlanishga ehtiyojlari bo‘lmagan. Menga hazratning o‘zlari aytib bergan edilar. Taroblusda Tohir Nuos ismli bir olim, doktor, jurnalist odam bo‘lgan ekan. U oliygoh rahbariyatidan eng iqtidorli talabani ko‘rsatishlarini so‘rabdi. Rahbariyat hazratni ko‘rsatibdi. Tohir Nuos Taroblusdagi katta kutubxonada ilmiy xodim bo‘lib ishlagan ekan. U yerda turli sohalardagi kitoblar, noyob asarlar bor ekan. Tohir Nuos o‘zi olim odam bo‘lgani uchun hazratga mutolaa borasida maslahatlar berib borgan va o‘sha kutubxonadan yaqin to‘rt yil davomida kitob tashib turgan ekan. O‘shanda hazrat har kuni 100 sahifa kitob o‘qishni o‘zlariga vazifa qilib olgan ekanlar. Bu, albatta, oliygoh darslaridan tashqari bo‘lgan. O‘sha paytlarda ham o‘zlarining kun tartibi nizomlari – «temir qonun»lari bo‘lgan, unga qat’iy amal qilganlar. Ertalab o‘qishga ketguncha Qur’on tilovat qilganlar. Nonushtani qilib, o‘qishga chiqqanlar. Darsdan kelib, ozgina dam olganlar. Keyin sportga chiqqanlar. Keyin xonaga kelib, yotguncha dars va kitob mutolaasi bilan shug‘ullanganlar. Butun dunyodan kelgan talabalar orasida ham eng peshqadami bo‘lganlar. Natijada hamma fandan 90 dan ortiq ball olganlar va oliygohni eng yuqori ball bilan bitirib, 500 dinor mablag‘ bilan mukofotlanganlar.
– Mashaalloh.
– Ha, hazrat bir umr izzatda yashadilar. U kishi yoshlik chog‘laridanoq e’zozlanganlar. Hali voyaga yetmaslaridan, Qur’on savodlari chiqqanidan boshlab onalari u kishini g‘oyatda hurmatlab parvarishlaganlar, hatto biror marta «sen» demay o‘stirganlar. Chunki hazrat talabi ilmga kirganlaridan keyin qaynotam ayoliga: «Endi o‘g‘limizni sensirashimiz ham mumkin emas», degan ekanlar. Talabalik davrlarida ziyoda bo‘la boshlagan bu e’zoz-ikrom umrlarining so‘ngiga qadar ortib bordi. Vafotlaridan keyin esa u kishining izzat-hurmatlari yanada yuksalib bormoqda. Alloh taolo u kishiga bu dunyoda shunday sharafli hayotni nasbi etgan ekan, u dunyoda bundan-da azizlikni, sharafni nasib etsin.
– Hazratning tabiatlari, oiladagi mavqe’lari to‘g‘risida gapirib bersangiz.
– Hazrat juda nozikta’b inson edilar. O‘zlari kamgap, vazmin, dono edilar. Hech qachon qattiq gapirmasdilar. Ammo o‘z talablarida qat’iy edilar. Achchiqlanganlarida umuman gapirmay qo‘yardilar. U kishining o‘sha «jim»liklari biz uchun yetarli tarbiya bo‘lardi. Biror kishidan ranjisalar, unga yomon so‘z demasalar-da, nazar ham solmay qo‘yardilar. Xafachilikni uncha izhor qilmasalar ham, bu narsa kayfiyatlariga ta’sir qilar, tezda so‘lg‘inlashib qolardilar. Munosabatlar yaxshilashgan sari yashnayverardilar. Shuning uchun men u kishining ko‘ngillarini behuzur qilib qo‘yishdan qattiq qo‘rqardim. Mabodo nimadandir ranjigan ko‘rinsalar, bir amallab ko‘ngillarini yozib olmaguncha tinchim bo‘lmasdi. Hazrat juda ham irodali, salobatli va qat’iyatli bo‘lsalar ham, qalblari muloyim, ta’sirchan edi, tashqarida sezdirmasalar-da, ko‘ngillari sinib qolardi, dardni ichlariga solardilar. Ko‘ngildan qilingan xizmatni qadrlar, birovga malol keladigan talabni qo‘ymas edilar. Hazratning oilada oila rahbari sifatida, ota sifatida tutgan o‘rinlari o‘zgacha bo‘lganidek, jufti halol o‘laroq tutgan maqomlari ham boshqacha, oliyjanob edi. Men u kishiga turmush o‘rtoq deb emas, «hazrat» deb qarardim. U kishini qaynota sifatida ham alohida ta’riflash mumkin. Uka-singillari uchun esa haqiqiy ota o‘rnida edilar. Har qanday muammo u kishiga aytilganda osongina yechim topardi. Hazrat so‘nggi 4-5 yilda bizlarga yana ham mehribon bo‘lib ketgandilar. Endi o‘ylasam, u kishining asosiy tashvishlari dinu el g‘ami bo‘lgan ekan. Oxirgi 2-3 yilda u kishida biroz yengil tortish, xotirjamlik paydo bo‘lib qolgandi. Endi anglayapmanki, u kishi musulmonlarga yetkazilishi kerak bo‘lgan ilmlarni, o‘zlari ilgaridan reja qilgan ishlarni amalga oshirib, bir maromga solib olguncha jonlari tinchimagan ekan. Ana o‘sha mas’uliyatli rejalar amalga oshib, biroz yo‘lga tushgach, ko‘ngillariga oz-moz boshqa narsalar ham sig‘adigan bo‘ldi, bola-chaqalar bilan huzurlanishga ham vaqt topadigan bo‘ldilar. Hazratning oila davrasidagi suhbatlari ham oddiy gaplar bo‘lmas, balki ilm-ma’rifat, go‘zal nasihatlar bo‘lar edi. Hazratning suhbatlaridan bahra olgan odam o‘ziga boshqa bunday hamsuhbat topa olmas edi.
– Hazratning ilmiy faoliyatlari haqida so‘zlab bersangiz.
– Hazrat nihoyatda faol inson edilar. Har jabhada, har sohada kamolotga intilardilar. Jismonan ham, ruhan ham juda baquvvat edilar. Muftiylik xizmatida bo‘lgan kezlari u kishining zohiriy va botiniy quvvatlari namoyon bo‘lgan. Ba’zi kunlari 2-3 soat uxlardilar, xolos. G‘ayratlari o‘zlariga sig‘mas edi. Hatto birga yurgan hamrohlari charchab qolishardi. Ammo u kishi na tinim, na horg‘inlik bilmasdilar. Ishlarni vazminlik bilan olib borardilar. Nimaga qo‘l ursalar, xayru baraka yog‘ilib ketardi. O‘sha paytlardagi faoliyatlari juda ham qizg‘in bo‘lgan. Ba’zan bir kunda ikkita-uchta shaharga ham borar edilar. Musofirchilikda ham umuman tinmas edilar. Faloncha vaqt ishladim, endi bir dam olay, degan fikr u kishida bo‘lmagan. Hazrat jismonan bizning voqelikda bo‘lsalar-da, go‘yo ruhan boshqa olamda yashaganlar. U kishidagi ruhiy holat hayot mobaynida bosqichma-bosqich o‘zgarib borgan. Agar ilgarigi shiddatlari bo‘lmasa, bu qadar ulkan ishlar amalga oshmasligi mumkin edi. Keyingi paytlarda esa yumshoqlik, mehribonlik g‘olib keladigan bo‘lib qoldi. Bu ham o‘sha onlar uchun lozim edi.
– «Har qanday buyuk shaxsning ortida bir ayol bor», degan hikmatli gap bor. Olimlarning xizmatlari tugal bo‘lishi uchun ularning ayollaridan qanday munosabat lozim bo‘ladi, shu haqda o‘z fikr va tajribalaringizni biz bilan o‘rtoqlashsangiz.
– Men aslida yig‘inlarga juda kam qatnashaman. Ammo biror joyga borsam, ayollar uchun eng qiziqarli mavzu hazrat haqlaridagi suhbat bo‘ladi va shuning o‘zi amri ma’ruf sifatida kifoya qiladi. Ilm ahlining ayollaridan talab qilinadigan narsa haqida so‘zlaydigan bo‘lsam, bu juda katta mavzu. Ayoldagi erga vafodorlik, jonbozlik bilan xizmat qilish ruhi avvalo Alloh taolo tomonidan berilgan bo‘ladi. Qolaversa, bu xislat asosan onadan o‘tadi. Biroq tarbiya ham muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun uylanmoqchi bo‘lgan yigitlar, ayniqsa tolibi ilmlar juft tanlashda xonadon bekasining tutumiga nazar solishlari kerak bo‘ladi. Hazrat meni: «Onangizning dorilfununida tahsil olgansiz-da», deb erkalab qo‘yardilar. Qush inida ko‘rganini qiladi, degan gap bejiz emas. Men maqtanish uchun emas, sizning so‘rovingizga ijobatan, o‘z tajribamdan so‘zlamoqchiman. Odatda hazrat mendan biror narsani talab qilmaganlar. Kamdan-kam ish buyurganlar. Chunki men u kishiga nima lozimligini o‘zim bilib, oldindan hozirlab turar edim. Hazratga nima kerakligini o‘zlari bilmagan holda ham men bilib, o‘shani taqdim qilardim. Hatto qarindosh-urug‘lar, yaqinlar bilan bo‘ladigan bordi-keldilarda ham hazratni tashvishlantirmaslik tadorigini ko‘rardim. Ovqatlanish yoki kiyinishda bo‘lsin, ish, hordiq yoki boshqa yumushda bo‘lsin, u kishiga qunt va intizom bilan qarardim, yuz-ko‘zlariga qarab, nima lozimligini anglab, shunga qarab harakat qilardim. Ko‘zlarida charchoq ko‘rsam, dam olishga undardim. Ba’zan vujudlarida horg‘inlik sezsam, o‘g‘limga aytib, davolanish yoki istirohat uyushtirardim. Hazrat turmushimiz davomida biror marta kiyim-kechak haqida o‘ylamaganlar. Bu doim mening vazifam edi. U kishini yasantirish, parvarishlash, taroshlash mening asosiy yumushim edi. Soch-soqollari, tirnoqlari, kiyim-boshlari – hamma-hammasiga qarab turardim, u kishiga bu narsalarga e’tibor qilishga o‘rin qoldirmasdim. Bir narsani ta’kidlab qo‘yay, buni menga birov o‘rgatgan emas, kimdir talab ham qilmagan. Aksincha, mening parvarishlarim u kishiga ba’zan ortiqchadek tuyulib ketardi. O‘zlaridan haybatlanib turardim. Men bu xizmatlarni faqat hazratning roziliklarini olish, ko‘ngillarini xushnud qilish uchungina**,** o‘z ixtiyorim bilan, balki zavqu shavq bilan qilardim. Oilada odatiy ish-yumush boshqa narsa, xo‘jayinga alohida e’tibor boshqa narsa. Shu bilan birga, men bu xizmatlarni fazilat deb emas, burchim deb bilar edim. O‘zimni esa hazratga yaxshi qaray olmayotgandek his qilar edim. Ammo ba’zi ayollarning, xususan, olim kishiga jufti halol bo‘lish nasib qilgan xonimlarning mana shunday burchlarini unutganlari yoki anglamasliklarini ko‘rib, hayron bo‘laman. Bundan tashqari, ilmli insonning ilm xizmatiga ajralib chiqishi uchun uni mayda-chuyda tashvishlardan xoli qo‘yish kerak. Bu borada asosiy mas’uliyat ayolning zimmasiga tushadi. Ayol ilm ahliga turmush o‘rtoq bo‘lgan ekan, uni o‘sha turmushning har bir ikir-chikiriga chalg‘itavermasligi, ancha-muncha yukni o‘z zimmasiga olishi lozim. Bu bilan olimning ayoli pul topishi kerak, demoqchi emasman. Bizda ham barcha ta’minot faqat hazrat taraflaridan bo‘lgan. Lekin erkak uyga olib kelgan o‘sha rizqu ro‘zni joy-joyiga sarflash, oilaning mayda-chuyda tashvishlarini to‘kib-solavermay, ba’zi ishlarni o‘z o‘rnida hal qilib ketish ham ayolning vazifasidir. Bulardan maqsad oilada erkakning ahamiyatini pasaytirish emas, aksincha, uning sha’nini ko‘tarish, uning vaqti, kuch-quvvat, iqtidorini ulug‘ ishlar uchun ehtiyotlashdir. Tabiiyki, avvalo olim kishilarning o‘zlari ham bunga tayyor bo‘lishlari, imkon berishlari darkor bo‘ladi. Shu kabi yumushlar bilan band bo‘lib, ilm bilan shug‘ullana olmaganim, ilmiy xizmat qila olmaganimdan hazratga o‘ksinsam, u kishi: «Siz qilayotgan barcha ishlar ilmga xizmat, ibodat», deb qo‘yardilar. U kishining shu kabi so‘zlari, duolari va (agar mendan rozi bo‘lgan bo‘lsalar) roziliklari men uchun eng katta mukofot.
– Hazratning kun tartiblari qanday bo‘lgan?
– Mendan hazratning virdlari haqida ko‘p so‘rashadi. Hazratning asosiy virdlari ilm edi. U kishi: «Oddiy mo‘minning virdi zikr, qorining virdi Qur’on, tolibi ilmning virdi talabi ilm, olimning virdi ilm tarqatish», deb qo‘yardilar. Kun tartiblariga kelsak, hazrat qishin-yozin saharlab turardilar. Biroz tahajjud o‘qib, so‘ngra ishga o‘tirardilar. Bomdod vaqti kirganda namozni o‘qib, virdlariga o‘tirardilar. Virdlari sunnatda kelgan tonggi zikrlar, Yosin tilovati va o‘zlari ixtiyor qilgan muayyan zikrlardan iborat edi. Voqea surasini ham har kuni o‘qirdilar. Ko‘pincha ertalab soat 7 larda marosimga borishlari kerak bo‘lardi. Hazratni olib ketgani kelgan kishining kelganini xabar qilishi yoki darvoza qo‘ng‘irog‘ini chalishi hazratning nazdlarida katta beodoblik hisoblanardi. Ular aytilgan vaqtga kelib turar, hazrat ham kelishilgan vaqtga tashqariga chiqardilar. Marosimga olib ketadigan mashina 6:30 ga yaqin kelardi. Hazrat 3 daqiqada kiyimlarini almashtirib, roppa-rosa 6:30 ga tashqariga chiqardilar. Vaqtni tejaganlaridan kiyimning tugmasini ham yo‘l-yo‘lakay taqib borardilar. Marosimdan keliboq, yana ishga kirishardilar. So‘nggi bir yildan beri parhezda bo‘lganlari uchun ko‘pincha marosimdan kelib, uyda choy ichardilar. Choy ichishlari uzog‘i bilan 15 daqiqaga borardi. Keyin tushgacha ishlardilar. O‘zlari uchun kunda 10 sahifa kitob ta’lif qilishni vazifa qilib olgandilar. Vazifalari tugamaguncha to‘xtamasdilar, ne bo‘lmasin, uni bajarardilar. Hatto safarda ham imkon topdi deguncha ishlarini davom ettirardilar. Odatda peshindan keyin haftaning ba’zi kunlari dars halqalari bo‘lar, ba’zi kunlari esa suzishga borar edilar. Shuningdek, yana ba’zi kunlari shomdan keyin dars bersalar, boshqa kunlari shomdan keyin basketbolga borardilar. Haftada ikki marta suzish, ikki marta basketbol, beshta dars va bir nechta majlis bo‘lardi. Bu bardavom va bir maromdagi tadbirlar bo‘lsa, undan tashqari, turli yig‘inlar, safarlar ham ketma-ket bo‘lib turardi. Hazratning vaqtiga Alloh taolo baraka berib qo‘ygan edi. Buni u kishi bilan hamnafas bo‘lgan inson ham o‘z vaqtidagi o‘zgarishdan seza olardi. U kishining vaqtga bo‘lgan e’tiborlaridan Alloh taolo u kishini bu karomat bilan siylagan bo‘lsa, ajab emas. Hazratning virdlaridan yana biri – har doim tahoratli yurardilar va har bir tahorat ketidan ikki rak’at nafl o‘qirdilar. Kechqurun soat o‘nda, kechikib ketsa, o‘n yarim-o‘n birlarda uyquga yotardilar. Ba’zan xuftonni ertaroq o‘qib, keyin yotish oldidan tahoratni yangilab, vitrni o‘qirdilar. Hazrat biror lahzani ham zoye qilmas edilar. Vazifalarni o‘tab bo‘lgan paytlari Qur’on tinglar edilar. Qur’oni Karimni ko‘p o‘qir va eshitar edilar. Ozgina fursat bo‘sh bo‘lib qolsalar, zikr qilib o‘tirar edilar. U kishi badiiy adabiyotga ham qiziqardilar. Ilmiy ishlardan bo‘shagan paytlari turli badiiy asarlar bilan ham tanishib turar, hikmatli she’rlarni o‘qishni, tinglashni yaxshi ko‘rar edilar.
– Qaysi taomlarni yoqtirardilar?
– Odatda ovqat tanlamasdilar. Ovqat yoqmasa, yomonlamas, indamay yemay qo‘yaverar edilar. «O‘rniga boshqa taom qilaylik», desak, unamay, non-choy bilan kifoyalanardilar. Ammo o‘zlariga qolsa, shavla, osh va hasipni yaxshi ko‘rardilar. Hazratga odamlar eng oliy, eng sara, eng noyob yemishlarni taqdim qilishardi. Biroq u kishi yemakka ko‘p ham e’tibor qilmasdilar. U kishi uchun ana shu kamyob, oliynav taomlar bilan uylarida pishirilgan eng oddiy yemak barobar edi.
– Hazratning mol-mulkka munosabatlari?
– Hazrat odatda biror hunar bilan shug‘ullanmaganlar. Lekin oilaparvar, himmatli edilar. Oilaning hamma ta’minotini o‘zlari qilardilar. U kishi tejamkor bo‘lishlari bilan birga, yaxshi narsaga ishlatilgan pulga achinmas edilar. Hazrat dastlab «Sovet sharqi musumonlari» gazetasida ishlab, maosh ola boshlaganlar. Keyin ustozlik, mudarrislik qildilar. Muftiy bo‘lganlarida va undan keyingi hayotlarida ham qo‘llariga tushgan narsalar faqat Alloh rozi bo‘ladigan yo‘lda sarflangan. Odatda pullari menda yoki o‘g‘illari Ismoiljonda turardi. U kishi bizga ishonganlaridan tasarrufni o‘zimizga topshirib qo‘ygandilar. Biz hazratning ortiqcha tashvishlardan forig‘ bo‘lishlari uchun harakat qilar va u kishining mol-mulklarini o‘zlari xursand bo‘ladigan tarzda sarflashga urinar edik. U kishiga tegishli barcha boylik Allohning yo‘lidan kelib, Allohning yo‘liga ketgan desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Ko‘pincha eldan tushgan hadyalarni muhtojlarga berib yuborardilar. Mol-dunyo hazratning oyoqlari ostida go‘yo daryo bo‘lib oqqan, ammo u kishi unga qiyo ham boqmaganlar. Dunyo matohiga umuman qiziqmas edilar. U kishi «Dunyo ne’matlari bo‘lsa yaxshi, biroq unga ko‘ngil qo‘yish yaxshi emas», derdilar va o‘zlari shunga amal qilardilar. Hazratga juda ko‘pchilik, hatto xorijdagi katta sarvatmandlar ham yordam taklif qilishgan. «Siz ilmga ajralib chiqing, tirikchilikni o‘ylamang, hamma ta’minotni biz qilamiz, nima desangiz, qancha desangiz, biz tayyor», deb ham aytishgan. Ammo hazrat: «Rahmat, hamma narsam yetarli» deb, birortasining taklifini qabul qilmaganlar. Ha, hazrat qadimgi, haqiqiy ulamolarning yo‘lini tutgan edilar va buni o‘zlari ham ta’kidlardilar.
– Ko‘pchilikni qiziqtiradigan savol: hazratdek ulug‘ zotning qanday karomatlari bo‘lgan?
– Hazrat karomat ham, avliyolik ham da’vo qilmaganlar. Menimcha, hazratning asarlari va ularning elga manzuru maqbul bo‘lgani, ilmiy faoliyatlari va xizmatlarining bu qadar barakali, serhosil bo‘lishi eng katta karomatdir. Shu bilan birga, u kishining Allohga yaqin ekanlariga dalolat qiluvchi alomatlar ko‘p edi. Misol uchun aytadigan bo‘lsam, hazrat duosi ijobat bo‘ladigan banda edilar. Biz har bir ishni hazratdan duo olib qilardik, hatto eng oddiy va odatiy ishlarimizni ham, masalan, biror zarurat bilan kamlarimizni olgani chiqsak ham, u kishidan duo olmay chiqmasdik. Chunki bir-ikki u kishidan duo olmay ish qilib, pand yegan kunlarimiz bo‘lgan. Shuningdek, hazratning nazarlaridan qolgan ko‘pchilik kishilarning yomon oqibat topganini ham ko‘rganmiz. Hazratga aziyat bergan ba’zilar xorlik bilan o‘lim topdi ham. Hazrat bag‘rikeng inson edilar, ancha-munchani o‘tim qilib yuborar, huda-behudaga birovdan ko‘ngillari qolmas edi. Ammo kimdandir ko‘ngillari qolsa, o‘sha odamga yaxshi bo‘lmas edi va buni o‘zlari ham bilardilar. Shuning uchun o‘sha nuqtaga borishdan qochardilar. Bir so‘z bilan aytganda, yonimizda farishtaga o‘xshab yurgan ekanlaru, bilmagan ekanmiz. Men amin bo‘ldimki, avliyolar g‘ayrioddiy odamlar bo‘lmas ekan, balki sizu biz kabi oddiy inson bo‘lib yashar ekan. Ularni ortiqcha ilohiylashtirish noto‘g‘ri deb bilaman. Avliyolar ham oddiy inson sifatida yeb-ichib, uxlab-uyg‘onib yashar ekan. Yoningizda kamtargina bo‘lib yashab, o‘tib ketarkan. Ammo ular doim Alloh bilan va Alloh ham ular bilan bo‘lar ekan.
– Hazrat birov bilan xafalasharmidilar? U kishining shaxsiy axloqlari qanday edi?
– Hazratning dillarini og‘ritganlar bo‘lgan. Ammo u kishi birov bilan urishib, janjallashmaganlar. U kishi tashqaridan shiddatli ko‘rinsalar ham, aslida ko‘ngillari nozik, dillari yumshoq edi. Hatto oilada birortamizga favqulodda ovoz ko‘tarib, qattiqroq gapirib qo‘ysalar, 4-5 kun o‘sha odamning yuziga qarashga botina olmasdilar. Buni o‘zlari ham aytgandilar, «Birovga qattiq gapirib qo‘ysam, anchagacha unga ro‘para kelolmay yuraman», degan edilar. Odatda ko‘pchilik urishib-talashib, yana hech nima bo‘lmaganday gaplashib ketaveradi. Hazrat esa unday betamiz emas edilar. Ovoz ko‘tarishni, baqir-chaqir, g‘alayonni yuraklari ko‘tarmas edi. Ko‘ngilchanliklaridan birovga uzoq tikilib ham qaramas edilar. Xushxulq, kamsuqum, ochiq tabiatli, samimiy, sodda va kamtarin inson edilar. Ezgu edilar, ezgulikni sevardilar va doim ezgu umidda yashardilar. Har doim «Inshaalloh, hammasi yaxshi bo‘ladi», deb qo‘yar edilar. U kishi hech kimni kamsitmas, har kimni o‘ziga yarasha yaxshi jihati uchun ardoqlar edilar. U kishining eng ko‘p sevganlari ilm va ilm ahli edi. Birovni maqtasalar ham, bilimi bilan maqtardilar, tan olganlari ham, do‘st tutganlari ham ilm ahli bo‘lardi. Qaysi sohada bo‘lmasin, ilm egalarini nihoyatda qadrlar edilar. U kishining tarozilari ilm va odob edi. Birovni yomonlamoqchi bo‘lsalar ham, «O‘qimagan-da», deb qo‘yardilar, xolos.
– Siz hazratning asarlari bilan yaqindan tanish bo‘lganmisiz?
– Men hazratning asarlarining eng birinchi o‘quvchisi edim. «Tafsiri Hilol»ni qo‘lyozmaligidayoq o‘qib tugatganman. Hazrat «Tafsiri Hilol»ni yozganlarida boshqa bir olamda yashaganlar. Asarni asosan xotiradan yozganlar. Ta’lif qilgan paytlari yonlarida bir-ikkita kitob turardi, xolos. «Hadis va Hayot» turkumini yozishda ham shunday bo‘lgan. Asosiysi, u kishi nima degan bo‘lsalar, nima yozgan bo‘lsalar, unga avvalo o‘zlari amal qilardilar. Men hech ikkilanmay aytamanki, hazrat o‘zlari aytgan gaplarning har biriga o‘zlari amal qilganlar. Shuning uchun u kishining aytganlari va yozganlari qalblarga oson kirib boradi, so‘zlari elga em bo‘ladi, nasihatlariga odamlar amal qiladi. U kishining kitoblarini o‘qigan odam o‘sha olamda yashaydi. Ayniqsa onalarimizning, sahobiyalarning hayotlarini shunday yozganlarki, ularni o‘qiganimda o‘shalarning davriga ketgim kelib qoladi. Hazratning yozganlaridan ham tarixni bilasiz, ham o‘sha davrda yashaysiz, ham ularning hayotidan shar’iy hukmlarni o‘rganasiz.
– Hazratning ishlari davom etarmikin, degan o‘y ko‘pchilikni tashvishga solyapti. Bu haqda nima deysiz?
– Ha, Hazratning vafotlari xabarini eshitganda deyarli har bir muxlis bandaning qalbidan ilk kechgan o‘y mana shu bo‘ldi. Men hazratdan bu haqda so‘raganman. «Hazrat, sizdek inson el-yurt uchun doim kerak. Shogirdlardan tayyorlab qo‘ysangiz bo‘lar edi», deganman. Shunda hazrat: «Ha, shunday bo‘lyapti», degan edilar. Umid qilamanki, hazrat nafaqat o‘zlari ulkan ijod qilib o‘tdilar, balki ko‘plab ijodkorlarni ham elga taqdim qilib ketdilar. Inshaalloh, ular hazratning ishlarini davom ettirishadi. Hozirgi kunda Allohdan tinmay so‘rayotgan asosiy tilagim ham shu. Hazratning shogirdlariga murojaatim ham shu. Kim u kishini yaxshi ko‘rsa, ruhlarini shod qilishni istasa, yagona yo‘l – u kishining ishlarini davom ettirsin. Chunki hazrat ularga juda katta umid bilan qarardilar, ular bilan quvonardilar. Mening shundan boshqa orzuyim yo‘q.
– Hazrat o‘z farzandlari tarbiyasida qanday yo‘l tutganlar?
– Hazrat farzandlarini avvalo ilmu ma’rifatli, ixlosli, ilmga muhabbatli bo‘lishiga uringanlar. Ularning Islomga xizmat qilishlarini istaganlar. Ismoiljon Hazrat o‘qigan dorulfununni bitirgan. U doim hazratning xizmatlarida, ichki va tashqi barcha ishlarida yordamchi bo‘lgan. Hazrat hamma ishlarda unga maslahat solardilar. Nashriyot ishlari ham unga topshirilgan. Hazrat har kuni eratalab Ismoiljonga topshiriqlar berib, kechki payt hisobot olardilar. Ismoiljonga turli nufuzli xizmatlar taklif qilinganda ham: «Men o‘zimni hazratga, u kishining xizmatalariga bag‘ishlaganman», deb ko‘nmagan. U ham o‘ziga xos iste’dod egasi, ammo o‘zini oshkor qilishni istamaydigan tabiati bor. Men uni «hazratning soyalari» deyman. Katta qizim Odinaxon ham Liviyada o‘qigan. Misrda ham tahsil olgan. Hazrat unga yuqori baho berardilar, alohida e’tibor qaratardilar. Chunki uning ilmga muhabbati, g‘ayrati hamda tirishqoqligi otameros. Imkon qadar ilmga, dinu diyonatga xizmat qilyapti. Kichik qizim Ominaxon ham ilm talabida. U ham otasining yo‘lini tutsa, dinu el xizmatiga bel bog‘lasa, hayotda armonim qolmas edi. Farzandalarimizning biror amalga ega bo‘lishi, mashhur inson bo‘lishini orzu qilish hazratning ham, mening ham ko‘ngilimizga kelgan emas. Bizning bor umidimiz ularning dinga, ma’rifatga xizmat qilishlari bo‘lgan.
– Alloh duolaringizni doim ijobat aylasin! Ruxsat bersangiz, bir savol so‘rasam. Hazratning bu darajaga yetishlarida nimalar asosiy omil bo‘lgan deb o‘ylaysiz?
– Ha, eng muhim gap mana shu yerda. Hazratning «hazrat» bo‘lib yetishishlari o‘z-o‘zidan bo‘lgan emas, balki bir qancha omillarning mujassamlashuvi natijasida hosil bo‘lgan. Avvalo, Alloh taolo hazratning qalblariga O‘zining muhabbatini solgan, boshqacha qilib aytsak, Alloh u kishiga O‘zini yaxshi ko‘rdirib qo‘ygan. Shuning uchun u kishi bir umr Allohning roziligini istab, U Zotga talpinib hayot kechirdilar. Bir lahza ham bu maqsaddan og‘madilar, zarracha ham boshqa tarafga toymadilar. Hazratning yurgan-turganlari, uyda o‘tirganlari va boshqa barcha holatlarini ko‘z o‘ngimga keltirar ekanman, u kishining nigohlari doim o‘ychan, ko‘ngillari nima bilandir band bo‘lganini eslayman. Endi bilsam, u kishi doim Alloh bilan bo‘lgan ekanlar, qalblari Parvardigorning yodi bilan mashg‘ul bo‘lgan ekan. Ana shu muhabbat asosida u kishiga Alloh taolo tomonidan hidoyat, tavfiq juda mukammal qilib berilgan. Yoshliklaridan faqat taqvoda, ibodatda o‘sganlar, iymonlari but bo‘lgan. Xayollarida solih amaldan boshqa narsa bo‘lmagan. Nojo‘ya ishga yaqin ham kelmaganlar. Qiyinchilikka tushganlarida ham joiz bo‘lmagan narsani joiz deb, yo‘l topishga umuman urinmaganlar. Shuningdek, biror marta ham «Bu hayot-da», «Hamma qilyapti-ku» qabilida ish tutmaganlar. Eslarini taniganlaridan boshlab Qur’onu Sunnatga to‘g‘ri kelmaydigan narsani qabul qilmaganlar, unga qarshi kurashganlar, bu yo‘lda murosasozlikka o‘tmaganlar. Hatto bu yo‘lda o‘zlarining zararlariga ham yurishga tayyor bo‘lganlar. Ikkinchidan, Alloh u kishiga ilmu ma’rifatga nisbatan tabiiy muhabbat bergan. Odatda yosh bolani qo‘yib yuborsangiz, o‘ynaydi, dam oladi, hazrat esa yoshligida ham qo‘yib yuborsa, kitob o‘qiydigan bola bo‘lganlar. Alloh taolo u kishini mana shu biz ko‘rib turgan darajaga yetishlari uchun barcha sharoitni yaratib bergan, xususan, ilm va dinga muhabbatni ham berib qo‘ygan. U kishining hayotdagi eng sevimli, huzur oladigan ishlari o‘qish bo‘lgan. Bir umr ilm o‘rganib, bir umr unga to‘ymay o‘tdilar. Hatto qo‘llarida bola o‘ynatib o‘tirib ham o‘zlari kitob bilan band bo‘lardilar. U kishi kitob o‘qisalar yoki yozsalar, shu qadar sho‘ng‘ib ketardilarki, go‘yo jismlari dunyodayu, ruhlari boshqa yoqda yashardi. Shuning uchun yozayotgan paytlari mabodo atroflarida bolalar o‘ynasa ham, birov boshqa ish qilib yursa ham chalg‘imas, hatto xalaqit ham sezmas edilar. Uchinchidan, u kishining hamma hatti-xarakatlari ixlos va sof niyat ustiga qurilgan edi. Faoliyatlari davomida biror marta ham shaxsiy manfaat yoki moddiy foydani ko‘zlamaganlar. To‘rtinchidan, u kishiga yuksak iste’dod berilgan edi. Zehn va xotiralari juda kuchli bo‘lgan. Hatto kundalik hayotdagi oddiy voqea va gap-so‘zlar ham umuman eslaridan chiqmas edi. Beshinchi o‘rinda esa uzluksiz mehnat. Alloh hazratga davomli, so‘nmas mehnatkashlik, surunkali zaxmatkashlik va shunga yarasha kuch-quvvat bergan. Odatda inson qayergadir yetganda charchaydi, to‘xtaydi. Hazratda esa bunday holat bo‘lmasdi. U kishi biror ishni boshlab, chala tashlagan emaslar. Bir ishni boshlasalar, albatta oxiriga yetkazardilar. Hammaga har doim ishni davomiy qilishni buyurardilar va: «Davomiy bo‘lmagan ishning orqasi kesik bo‘ladi. Bir uringanda ko‘p ishni qilib, keyin tashlab qo‘ymaslik kerak. Oz-oz bo‘lsa ham, bardavom ishlash kerak», der edilar. Bu esa ayni sunnat. O‘zlari shunga amal qilardilar. Xoh mutolaa, xoh dars bo‘lsin, xoh ta’lif, xoh sport bo‘lsin, hammasini, hatto parhez va istirohatni ham kunlik vazifa sifatida tartibli va bardavom bajarar edilar. Hazrat kitobdan rohat, quvvat olardilar, qo‘lga tushgan narsani o‘qib tugatardilar. Ilmiy anjumanlarga borganlarida ham ko‘pincha kitoblar olib kelardilar. Zamonamizning ko‘plab olimlari u kishiga o‘z asarlarini taqdim qilishardi. Ko‘rmagan kitoblari bo‘lsa, uni ham albatta o‘qib, bitirib qo‘yardilar. Hazrat ilm yo‘lidagi mehnatdan aslo charchamaganlar, to‘xtamaganlar, chunki u kishining butun tashvishlari, o‘y-fikrlari Islomni, ilmu ma’rifatni xalqqa yetkazishdan iborat bo‘lgan, u kishi faqat din g‘amida yashaganlar. O‘ylaymanki, u kishidagi biz ko‘rib turgan natijalarning yuzaga chiqishida mazkur xususiyatlarning bir insonda, bir shaxsda jamlangani asosiy omil bo‘lgan. Birovda qobiliyat bo‘ladi, muhabbat bo‘lmaydi, birovda muhabbat ham bo‘ladi, mehnatga toqat bo‘lmaydi, birovda hammasi ham bo‘ladiyu, ixlos va niyat sofligi yoki tavfiq topilmaydi. Hazratda esa bularning hammasi jamlangan edi. Bu xossalarning xususiyatlarning barchasi samarador bo‘lishiga sabab bo‘lgan yana bir narsa esa duodir. Zotan, hazratning otalari ko‘plab olimlardan, taqvoli kishilardan farzandlarining haqqiga juda ko‘p duo olganlar va farzand tarbiyasida nihoyatda mahkam turganlar. Yuqorida aytilganidek, farzandlarini Allohning O‘ziga topshirganlar. Shuningdek, el xizmatiga chiqqanlaridan buyon minglab muxlis musulmonlar u kishini duo qilib keladi. Yana bir narsani ta’kidlab qo‘yay, hazrat bu darajaga yetguncha ilmu amalga juda ko‘p narsani almashtirib yuborganlar: yoshliklarida o‘yin-kulgi, o‘spirinlikda ko‘ngilxushliklar, ulg‘ayganda oilaviy sayru sayohat va istirohatlar, keksayganlarida farog‘at, qo‘yingki, shu yo‘lga to‘siq bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha-barcha narsadan voz kechganlar. U kishi o‘zlari zarur deb topgan, qilish kerak bo‘lgan har qanday ishga o‘zlarini o‘rgatardilar, bajarish lozim bo‘lgan vazifalarga kerak bo‘lsa o‘zlarini majburlar, o‘sha narsada yetarli malaka hosil qilmaguncha qo‘ymas edilar. Masalan, kompyuterlar paydo bo‘lgan paytda katta yoshga yetgan bo‘lsalar ham, uni ishlatishni erinmay o‘rganganlar. Qisqasi, hazrat bir umr o‘zlarini tarbiyalaganlar. Hazrat oxirgi paytlarda hamma jihatdan, zohirda ham, botinda ham kamolot cho‘qqisiga yetgan edilar. Ilm ichlaridan vulqondek otilib chiqardi. Alloh u kishini nuqson va zavolga qo‘ymay, komillik cho‘qqisida turganlarida dargohiga oldi, to‘lin oydek to‘lgan paytlarida yerga botdilar. Bir so‘z bilan aytganda, hazrat misoli yo‘q, benazir inson edilar. Hazratni yaqindan tanigan odam borki, «U kishiga o‘xshashini ko‘rmaganman», deydi. Qizig‘i shundaki, hazrat boshqacha odam edilaru, boshqacha inson ekanlarini o‘zlari bilmas edilar.
– Ha, albatta. Siz juda baxtli ayol ekansiz.
– Hamma shunday deydi, alhamdulillah. Ammo men ko‘pincha: «Men turmushga chiqqanda hazrat «hazrat» emas edilar», deb hazillashib qo‘yaman, chunki men bu kishining bu qdar shon-shavkatga erishishlarini bilib emas, yolg‘iz ilmga oshnoliklarini o‘ylab, oddiy talabaliklarida turmush qurganman. Allohga shukrki, qo‘limdan kelganicha xizmatlarini qildim. Ishqilib, bizdan rozi bo‘lib ketgan bo‘lsinlar.
– Hazrat bilan bir marta ham ko‘rishmagan qancha‑qancha odamlar u kishidan ayrilganiga toqat qilolmay qolishdi… «Biz shunchalik iztirobga tushdik, oila a’zolari qanday chidashyapti ekan?!» deb yuborishdi.
– Ha, hazratdan ayrilish hammamiz uchun ham og‘ir kechdi. Hech kim u kishidan biror aziyat ko‘rmagan edi. Ba’zan ayriliq shiddatidan «Biroz yomonliklari bo‘lsa ham yaxshi bo‘larmidi», deb yuboraman. Ammo u kishida zarracha ham yomonlik yo‘q edi-da! Biroq o‘sha musibat kuni ajoyib bir holat bo‘ldi. Hazratning vafotlarini eshitganimiz hamon o‘zimizdan ketayozdik. Ammo muborak jasadlari xonadonga olib kirilganda u kishi bilan birga ajoyib bir sakina kirdi, qalblarni u kishining haybatlari bosdi. Hammaning ko‘ngliga qandaydir sokinlik va sabr ilhom qilingandek bo‘ldi. Menga ko‘pchilik ta’ziya izhor qildi. Lekin o‘sha ta’ziya izhorlarining ichida bir ayolning: «Siz juda baxtli ayol ekansiz, olimning qizi, olimning kelini, olimning rafiqasi, olimlarning onasi bo‘ldingiz», deya aytgan so‘zlari menga qattiq ta’sir qildi va ancha tasalli berdi. Bizning musibatimizda o‘zini sherik bilgan barcha azizlarimizga minnatdorlik izhor qilib qolaman.
– Bugungi kunda ko‘p yoshlarimiz hazratni o‘zlari uchun eng ulug‘ namuna sifatida ko‘radilar. Siz ularga nimalarni tavsiya qilardingiz?
– Yoshlar ko‘p ilm o‘qishlari, amalda mahkam bo‘lishlari va bu yo‘lda jiddiy mehnat qilishlari lozim. Oila a’zolari ham ularga sharoit yaratib berishlari kerak. Shundagina, inshaalloh, millatning kelajagi buyuk bo‘ladi. Ushbu suhbatimizdan maqsad ham aynan shu.
– Kamina ko‘p kuzatganman. Odatda olimlarni, ahli fazllarni o‘z ahli ayollari yaxshi tanimaydi. Ammo ne ajabki, siz hazratni juda yaxshi tanigan ekansiz. Bu esa o‘tkir zukkolik, hassos qalb va ma’rifat talab qiladi. Alloh sizni salomat saqlasin, uzoq yillar barchalarimiz uchun duogo‘y bo‘lib yurishingizni nasib etsin!
– Amiyn. Tashakkur. Xayrli ishlaringizda Alloh madadkor bo‘lsin!
– Amiyn. Rahmat. Salomat bo‘ling.
Husaynxon Yahyo Abdulmajid tayyorladi.
01.10.2015.