
Husaynxon Yahyo Abdulmajid
ZAKOT OMILI
Zakot mavzusi juda ham keng, ulkan mavzudir. Zakot haqida ko‘plab asarlar, fatvolar mavjud. Hozirda ona tilimizda ham bu bobda anchagina ma’lumotlar bor. Biz bu o‘rinda zakotga tegishli hukmlarni umumiy bayon qilmoqchi emasmiz, balki zakotning mulkdordan haqdorga yetib borish jarayonidagi birgina masalani o‘rganmoqchimiz.
ZAKOT OMILI
Zakotni bizlarga yuborgan dinining besh ruknidan biri qilib belgilagan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin!
Zakot farzini qanday ado etish borasida amaliy ta’lim bergan Muhammad Mustafoga salavotlar bo‘lsin!
Ma’lumki, Alloh taolo bandalarga rahmat o‘laroq tushirgan Islom dinining ruknlaridan biri zakotdir. Islom tenglik, mehru muruvvat va fazilatlar dinidir. Uning bu xossalari, ayniqsa, zakot ibodatida aniq ko‘rinadi.
Zakot Qur’oni Karimda namoz bilan egiz tarzda juda ko‘p zikr qilingan: zakot berish buyurilgan, zakot beruvchilar maqtalgan, ularga ulkan ajru savoblar va’da qilingan, zakotni ado etmaganlar qattiq qoralangan, ularga shiddatli azoblar e’lon qilingan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham zakot masalasini keng bayon qilganlar, amalda tatbiq qilganlar, zakotning kimlardan olinishi, kimlarga berilishi, bu ishga kimlar mas’ul bo‘lishi, qanday yig‘ilib, qanday tarqatilishi va shu kabi masalalarni amaliy ko‘rsatib berganlar, bu borada ko‘plab ko‘rsatmalar berganlar.
Zakot mavzusi juda ham keng, ulkan mavzudir. Zakot haqida ko‘plab asarlar, fatvolar mavjud. Hozirda ona tilimizda ham bu bobda anchagina ma’lumotlar bor. Biz bu o‘rinda zakotga tegishli hukmlarni umumiy bayon qilmoqchi emasmiz, balki zakotning mulkdordan haqdorga yetib borish jarayonidagi birgina masalani o‘rganmoqchimiz. U ham bo‘lsa, «zakot omili» masalasidir. «Zakot omili» deganda zakot molini yig‘ish, ko‘tarib yurish, to‘plash, saqlash, qo‘riqlash va tarqatish kabi ishlarga tayinlangan shaxslar tushuniladi.
Alloh taolo Qur’oni Karimda Tavba surasining 60‑oyatida zakot va sadaqalarga kimlar haqdor ekanini bayon qilgan. Unda sakkiz toifa kishi zikr qilingan. O‘shalardan biri «zakot omili»dir. Zakot omilining zakotdan oladigan haqi uning uchun zakot yoki sadaqa emas, balki ish haqi, ijara haqi hisoblanadi. Shuning uchun omilning boy yoki kambag‘alligi e’tiborga olinmaydi. Shuningdek, omilning haqi umumiy davlat jamg‘armasidan berilishi ham mumkin.
Aniq bilish lozimki, zakotni mulkdordan haqdorga yetkazish va bu ishga xodimlar tayinlash musulmonlarning imomi, ya’ni davlat rahbari yoki uning vakili tarafidan ijro qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Yamanga yuborar ekanlar, bir qancha topshiriqlar berdilar. Mazkur ko‘rsatmalar ichida: «Alloh ularning boylaridan olib, kambag‘allariga qaytarib beriladigan sadaqani farz qilganini ularga bildir», deb aytganlar. Keyingi xalifalar davrida ham zakotni mulkdorlardan yig‘ib, haqdorlarga yetkazish ishi musulmonlarning imomi tarafidan boshqarilgan va davlat miqyosida amalga oshirilgan.
Zakot ishini amalga oshirish va buning uchun kerakli omillarni tayinlash imomning vazifasidir, majburiyatidir. Zakot omili zakotni zimmadorlardan olib, haqdorlarga yetkazgunicha unga kerak bo‘ladigan barcha sarf‑xarajatlarni qoplash hamda maosh bilan ta’minlash ham imomga vojibdir.
Endi asosiy mavzuga qaytadigan bo‘lsak, zakot omilining vazifalari nimadan iborat bo‘lishi, unga nimalar lozim bo‘lishi haqida so‘z yuritamiz.
Zakot omilining quyidagi shartlarga javob berishi talab qilinadi:
-
Musulmon bo‘lish. Zakotga kofir odam omil qilinmaydi, chunki bu omonatdorlik talab qilinadigan ishdir. Shuningdek, omil bo‘lish uchun zakot ilmini ham yaxshi bilish lozim. Musulmon bo‘lmagan odamning esa shariat ilmini bilishi va unga amal qilishi amri mahol. Ammo omonatdorligi ma’lum bo‘lgan nomusulmon odam musulmonlarning rahbari tomonidan zakot ishlariga oid muayyan bir vazifaga haq evaziga tayinlansa, joiz. Uning olgan haqi zakot emas, ijara haqi bo‘ladi. G‘ayridinni ijaraga ishlatish joizdir.
-
Balog‘at. Zakot omili bolig‘ bo‘lishi shart, chunki zakotga omililik ishi ham rahbarlikning bir turidir, balog‘atga yetmagan bola esa rahbar qilinmaydi.
-
Oqillik. Zakot omili aqli raso, tasarrufi to‘g‘ri odam bo‘lishi lozim. Majnun yoki aqli noraso kishi bunday ishlarga qo‘yilmaydi.
-
Adolat. Zakot omili adolatli, ya’ni omonatdor, yig‘ishda javr, tarqatishda xiyonat qilmaydigan kishi bo‘lishi lozim.
-
Faqihlik. Zakot omili zakot ilmida bilimdon, faqih odam bo‘lishi kerak. Zotan, zakot yig‘ayotgan kishi zakotning kimlardan, qanday mol-mulkdan olinishi, qancha miqdorda, qachon olinishi, kimlarga yetkazilishi va shu kabi masalalarni mufassal bilishi va ularga og‘ishmay amal qilishi darkor. Bu gap zakot ishiga mas’ul omilga tegishli. Ammo belgilangan molni ko‘rsatilgan joydan olib kelish, qo‘riqlash, saqlash, tashish yoki belgilangan joyga eltib qo‘yish kabi ilmga ehtiyoj tushmaydigan o‘rinlarda ilm shart qilinmaydi.
-
Zakot omilining vazifasini risoladagidek ado etishga salohiyatli bo‘lish.
-
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning avlodlaridan bo‘lmaslik. Zakot omili hoshimiylardan bo‘lmasligi shart qilinishidan maqsad shuki, bunday kishilar omil sifatida zakot molidan haq olishi mumkin emas. Ammo xolis omillik qilsa, joiz.
-
Zakot omili imom yoki uning noibi tarafidan tayinlangan bo‘lishi shart. Bunda har kim o‘zicha ish tutishi joiz emas. Kimdir o‘zini omil tayinlab, kimdir o‘zini haqdor sanashi mutlaqo mumkin bo‘lmaydi. Agar imom tarafidan omillar tayinlanmasa, zakotga qodir bo‘lgan odamlarning o‘zi haqdor kishilarni topib, o‘z zakotlarini berishlari lozim bo‘ladi.
Zakot omiliga lozim bo‘lgan amallar:
-
Davlat tomonidan tayinlangandan boshqa haq olish omil uchun joiz emas. Adiy ibn Amira roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda u kishi shunday deydi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Sizlardan kimni bir ishga tayinlasak, so‘ng u bizdan bir igna yoki undan katta narsani yashirsa, xiyonat bo‘ladi, qiyomat kuni o‘sha bilan keladi», deyayotganlarini eshitdim» (Imom Muslim rivoyati).
-
Shuningdek, omilning ushbu ish yuzasidan hadya olishi ham joiz emas. Abu Humayd roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam azdlik Ibn Lutbiyya degan odamni sadaqaga omil qildilar. U kelib: «Mana bu sizlarga. Mana bu esa menga hadya qilindi», dedi. U zot: «Otasining uyida [yoki onasining uyida] o‘tirmabdi‑da, unga hadya qilinadimi, yo‘qmi, ko‘rar edi! Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, sizlardan biror kishi biror nima olsa, qiyomat kuni o‘sha bilan – o‘kirayotgan tuya, bo‘kirayotgan mol yoki ma’rayotgan qo‘y bo‘lsin – uni bo‘ynida ko‘targan holda keladi!» dedilar. Keyin: «Allohim! Yetkazdimmi?! Allohim! Yetkazdimmi?! Allohim! Yetkazdimmi?!» deya qo‘llarini ko‘tardilar, hatto qo‘ltiqlarining oqini ko‘rdik» (Buxoriy rivoyati).
-
Zakot omilining o‘zi faqir, zakotga haqdor bo‘lsa ham, zakotdan o‘zicha olishga haqqi yo‘q. U o‘ziga belgilangan haq bilangina kifoyalanishi lozim. Ammo davlat tarafidan boshqa kambag‘allar qatori unga ham qo‘shimcha ulush berilsa, bunga haqli bo‘lsa, olishi joiz.
-
Zakotni qabul qilib olgan omil zakot bergan kishining haqiga duo qilishi matlubdir. Alloh taolo Tavba surasi 103‑oyatida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: «Ularning mollaridan ularni poklaydigan, tozalaydigan sadaqani ol va ularning haqqiga duo qil», degan.
Abdulloh ibn Abu Avfo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Biror qavm Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga sadaqasini (ya’ni zakotini) olib kelsa, u zot: «Allohim! Falonchining oilasini yorlaqagin!» derdilar. Otam u zotning huzurlariga o‘z sadaqasini olib kelgan edi: «Allohim! Abu Avfoning oilasini yorlaqagin!» dedilar».
Imom Buxoriy rivoyat qilgan.
-
Zakot omili zakotni olib, yig‘ishtirib bo‘lgach, uni himoya qilishi, asrashi vojibdir. Zakot o‘z haqdorlariga yetib borguncha bu narsa uning zimmasidadir. Agar u sababli molga talofat yesa, to‘laydi.
-
Zakot omili qo‘liga tushgan molni eng tez fursatda haqdorlarni topib, tarqatib qo‘yishi vojib. Agar beparvoligi tufayli, haqdorlarni topib, berishga imkoni bo‘la turib yoki haqdor topa turib ham vaqtni o‘tkazishi natijasida molga talofat yetgudek bo‘lsa, molga zomin bo‘ladi, uni o‘z yonidan to‘laydi. Imom Navaviy aytadi: «Imomga, ishchiga va sadaqalarni tarqatish ishi topshirilgan har bir kimsaga haqdorlarni aniqlab, ularning sonini, ehtiyojlarning miqdorini bilishga urinishi lozimdir. Bularni bilganidan keyin yoki bilishi bilan sadaqalarni jamlashdan forig‘ bo‘lishi kerak. Toki ularning haqlarini tezlatsin, qo‘lida molning halok bo‘lishidan omon bo‘lsin».
-
Zakot omili zakot molini o‘sha mol yig‘ilgan yurtning kambag‘allariga, haqdorlariga tarqatishi lozim. Yuqoridagi hadisda o‘tdiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Yamanga yuborayotib: «Alloh ularning boylaridan olib, kambag‘allariga qaytarib beriladigan sadaqani farz qilganini ularga bildir», deganlar. Boshqa bir rivoyatda keladiki, Umar roziyallohu anhu ham Muoz roziyallohu anhuni Yamanga voliy qilib yuborgan. Muoz roziyallohu anhu sadaqalarni yig‘ib, u kishiga yuborgan. Umar roziyallohu anhu: «Men sizni yig‘imchi yoki jizya oluvchi qilib yuborganim yo‘q. Balki o‘sha yerning boylaridan olib, kambag‘allariga qaytarib berishingiz uchun yuborganman», deydi. Shunda Muoz roziyallohu anhu: «Mendan buni oladigan biror kishi bo‘laturib, biror narsani sizga yuborganim yo‘q», deydi.
Bu ma’noda zakot beruvchi emas, zakot moli turgan yurt e’tiborga olinadi.
-
Zakot omili zakot yig‘ilgan yurtda haqdor, muhtoj odam topilmagan taqdirda boshqa yurtdagi haqdorlarga eltib berishi lozim bo‘ladi. Ammo hanafiy ulamolar ba’zi istisnolarni bayon qilganlar. Masalan, kishi o‘z yurtida haqdorlar bo‘lsa ham, o‘zga yurtdagi haqdor qarindoshiga bersa yoki o‘zga shahardagi haqdorlar muhtojroq bo‘lsa, ularga yuborsa yoxud o‘z yurtidagi kambag‘allardan ko‘ra o‘zga yurtdagi faqir tolibi ilmga bersa, joiz, balki afzaldir.
-
Imom yoki omil zakot molini biror zarurat yuzasidan sotib, boshqa narsaga almashtirishi mumkin. Masalan, zakot molini ko‘tarib yurish imkoni bo‘lmasa yoki zakotga berilgan hayvon kasal bo‘lib qolsa, uni sotib, pul yoki boshqa narsaga aylantirib olish yo‘li bilan uning qiymatini saqlab qolish va shu shaklda haqdorga yetkazish mumkin. Ammo bu kabi zarurat bo‘lmasa, sotish yoki almashtirish joiz bo‘lmaydi. Almashtiraman deb, molni halok qilib qo‘ygan kishi uning qiymatini to‘laydi.
-
Zakot omili (shuningdek, zakot beruvchi boy ham) zakotni sakkiz toifa vakillaridan biriga berar ekan, bu ishni eng muhtojlardan boshlashi lozimdir. Haqdorlardan qaysi birida moddiy yordamga muhtojlik kuchliroq bo‘lsa, o‘sha haqliroqdir. Masalan, qarzdor odam faqir kishidan ko‘ra zakotga haqliroq hisoblanadi, binobarin, uning ehtiyoji muqaddam qo‘yiladi.
-
Zakot omili (shuningdek, zakot beruvchi boy ham) zakotni haqdorligi aniq ma’lum kishiga bermoqchi bo‘lsa, berilayotgan narsaning zakot ekanini aytishi shart emas, hatto aytmagani yaxshi. Shunday berib qo‘yishining o‘zi kifoya. Imkon qadar faqirning, muhtojning ko‘nglini sindirmaslik lozim. Ammo haqdorligida shubha bor kishiga aytib berish lozim, chunki zakot haqdor kishining qo‘liga tushmasa, zakot hisoblanmaydi.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, zakot soliq emas, balki Allohning farzi, musulmonning bandalik burchi, oxirat ibodatidir. Zakot beruvchi kishi zakot berishning ibodat ekanini, zakot Allohning haqi ekani, ya’ni Alloh taolo faqir‑miskinlarga haq qilib bergan mol ekanini bilishi lozim. Zakot berguvchi kishi bu ishi muruvvat emas, balki zimmasidagi burch ekanini his qilishi darkor. U o‘z zimmasidagi burchni ado etishiga imkon bergani uchun zakot olguvchiga tashakkur ruhida bo‘lishi, undan minnatdorlik hissini tuyishi kerak.
Zakotda vakil bo‘lish:
Zakot berguvchi kishi zakotni imomga, omilga yoki zakotga haqdor kishiga yetkazish uchun birovni vakil qilib qo‘yishi joiz. Vakilga o‘zi tayinlagan muayyan haqdorga yetkazishni topshirishi ham mumkin, haqdor kishini topib berishni vakilning o‘ziga havola qilishi ham mumkin. Vakil odam vakillik haqini olishi joiz, ammo zakotdan emas. Vakilga vakillik haqini berish zakot berguvchining zimmasidadir. Uning miqdorini vakil va vakil qo‘yuvchi o‘zaro kelishadilar. Agar oldindan kelishilmagan bo‘lsa, vakil vakillikni ado qilib bo‘lgach, vakillik haqi so‘rashga haqli bo‘lmaydi.
Vakil o‘z vazifasini ado etib bo‘lgachgina haqini olishga haqli bo‘ladi. Biroq, ikki tomon roziligi bilan oldin olsa ham joiz. Ammo vakil xolis vakillik qilsa, naqadar go‘zal! Unga ulkan ajru savoblar bor.
Vakil bo‘lgan kishi nafaqasi zakot egasining zimmasida bo‘lgan kishiga zakot berishi joiz emas.
Zakot beruvchi zakotni berishda maqtanchoqlik qilib qo‘yishdan, o‘zini ko‘rsatgan bo‘lib qolishdan qo‘rqsa yoki boshqa biror zarurat tuysa, vakil qo‘ygani afzal.
Vakilga ham zakot omiliga buyurilgan omonatdorlik, mas’uliyat, yaxshi xulq, burchni go‘zal ado etish kabi ishlar lozimdir.
Vakillik va omillik ayollar uchun ham joiz. Ammo omillik qadimdan erkaklar qilib kelgan vazifadir, chunki omilning zakot egalari bilan muomala qilish, hisob‑kitob, tahlil‑tadqiq ishlarini bajarish, shuningdek, bo‘yin tovlagan kishilardan faqirlarning haqqini kuch bilan bo‘lsa ham undirish kabi og‘ir va mas’uliyatli vazifalari bor. Biroq omillikdagi ayrim jihatlar ayollarga munosib bo‘lsa, bu ishni ayol kishi qilishi afzal. Masalan, ajratilgan mablag‘larni beva va muhtoj ayollarga eltib berishda ayol kishi vakil bo‘lgani ma’qul. Vakillikda ham bu masalaga e’tibor qilish kerak.
Yana ta’kidlab aytamizki, zakot ulug‘ ibodatdir. U Allohning haqidir, unda hatto zakot berguvchining o‘zining ham haqi yo‘q. Shuning uchun bu masalaga juda hassoslik bilan qarash lozim. Zakot berguvchi ushbu go‘zal ibodatning durust bo‘lishi, zimmasidagi haqdorlarning haqqi ado bo‘lishiga jon‑jahdi bilan urinishi kerak. Zakot egasi o‘z zakotini kimga beryapti, kimni vakil qilyapti, nima beryapti, – hammasiga e’tibor berishi, diqqatli va ehtiyotkor bo‘lishi vojib. Qo‘limdan chiqdimi, bo‘ynimdan soqit bo‘ladi, deb o‘ylash xato!
Ushbu qisqa bayondan ma’lum bo‘ladiki, diyorimizdagi hozirgi sharoitda omillik yo‘q, balki faqat vakillik bor. Shuning uchun bu masalada ehtiyot bo‘lish lozim. Vakil o‘zini omil deb his qilmasligi kerak. U zakotga qodir kishi bo‘lsa, zakot hisobidan haq olishi haromdir. Yuqorida aytilganidek, uni vakil qilayotgan shaxs unga zakotdan tashqari vakillik haqi bersagina, joiz, xolos. Shuningdek, omilga ham, vakilga ham zakot molidan vaqtinchalik foydalanish ham joiz emas. Chunki u umumiy moldan zakot sifatida ajralgani hamon haqdorlarning haqiga aylanadi. Birovning haqidan uning iznisiz foydalanish haromdir.
Imom Navaviy shunday deydi: «Shofeiy va u kishining asʼhoblari – Alloh hammalarini rahmatiga olsin – aytadilar: «Agar zakotni tarqatuvchi shaxs mulkdorning o‘zi yoki vakili bo‘lsa, omilning nasibasi tushirib qoldiriladi va mavjud bo‘lsa, qolgan yetti toifa haqdorlarga, bo‘lmasa, majudlariga sarflanadi».
Zakot musulmonlarni bir‑biriga bog‘lovchi robita, ijtimoiy tenglikka zamin yaratuvchi tadbir, boylarda kambag‘allarga nisbatan muruvvat, kambag‘allarda boylarga nisbatan mehr tug‘diruvchi omil hisoblanadi. Shuning uchun odatda omil yoki vakil bo‘ladigan kishilar o‘z atroflaridagi muhtoj kishilarni, ehtiyojini zakotga qodir kishilarga borib aytmaydigan, balki muhtojligini o‘zgalardan yashiradigan haqdor kishilarni bilib, hisobga olib yurishi matlubdir.
Tavfiq Allohdandir! So‘zimizning so‘nggi – Allohga hamdlar bo‘lsin!
Alloh taolo barchalarimizni xayrli amallarga muvaffaq qilsin!