
Husaynxon Yahyo Abdulmajid
UYALI ALOQA FIQHI
Uyali aloqa vositalaridan foydalanish odoblari
Bismillahirrohmanirrohim
Kirish
Bandalarining hojatlarini yengillashtirgan, ularga o‘z hayot tarzlarini osonlashtirishlari uchun ilm, aql, ilhom va imkoniyatlarni bergan hamda ularga har bir hayotiy ishlarida hidoyat, nur bo‘lguvchi Islomni ato qilgan Alloh taologa hamdlar bo‘lsin!
Ikki ish kelganida yengilini tanlagan, ummatlariga doimo osonlikni va xayriyatni xohlagan, ularni har bir ishda odob axloqqa o‘rgatgan Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga salotu salomlar bo‘lsin!
Alloh taoloning bandalariga bergan ne’matlari cheksiz, chegarasizdir. Bu ne’matlarning ichida vujudga kelishida insonning ham zohiran ishtiroki borlari mavjud. Ana shunday ne’matlardan biri, hozirgi kunda keng tarqalgan, juda ham qisqa fursat ichida inson hayotining ajralmas qismiga aylanib ulgurgan, uyali telefon aloqasi vositalaridir. Har bir narsada me’yor va odob bo‘lganidek, bu vositadan foydalanishning ham o‘ziga yarasha shar’iy odoblari bor. Har bir ne’matning shukronasi vojib bo‘lganidek, bu ne’matning ham shukri lozimdir. Ne’matning shukri esa, berilgan ne’matni o‘sha ne’matni berguvchi Zot rozi bo‘ladigan tarzda tasarruf qilish bilan bo‘ladi.
«Uyali telefon yaqin yillarda paydo bo‘lgan bo‘lsa, uning qanday qilib shar’iy odoblari bo‘lsin?» degan savol tug‘ilishi ham mumkin. Ha, to‘g‘ri, uyali telefonning paydo bo‘lganiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Ammo, Alloh taoloning so‘nggi dini, barcha zamonlar va makonlarga javob beruvchi, insoniyatga ikki dunyo saodatini kafolatlovchi, qiyomatgacha boqiy qolguvchi dini – Islomda shunday odob va me’yorlar bayon qilinganki, uning asosida bundan yana o‘n asr o‘tib, texnika bundan ko‘ra yuz barobar taraqqiyot etsa ham, insoniyat rivojlanishning eng cho‘qqisiga yetsa ham, uning hayotidagi har bir masala Islomda hal qilingan bo‘ladi, Islom unga o‘zining odilona munosabatini hamda haqiqiy hukmni havola qilmay qolmaydi.
Foydali narsalarning o‘ziga yarasha ziyon tarafi ham bo‘lganidek, uyali telefon vositasining ham manfaatli va zararli taraflari bor. Agar uni manfaatli tarzda ishlatib, zararli taraflaridan saqlanilmasa, ne’matga nisbatan noshukrlik bo‘ladi, kishi o‘zining dunyosi uchun ham, oxirati uchun ham ziyonga ishlaydi.
Avvalgi Islomiy manbalarda «telefon odoblari» degan bob yoki fasl bo‘lgan emas. Chunki u paytda telefonning o‘zi mavjud bo‘lmagan. Ammo hozirda esa, Islom ulamolari asl islomiy odoblar asosida bu yangi paydo bo‘lgan vositaning hukmi va unga taalluqli odoblarni ham bayon qilib bermoqdalar. Ular o‘z so‘zlarida Islomning negiz qoidalari va odoblariga, uning asl maqsadlariga tayangan hollarida, oyat va hadis asosida fatvo bermoqdalar. Alloh ulardan rozi bo‘lsin.
Kamina bizning musulmon xalqimizga ham, tarixi Islom bilan gurkiragan o‘zbek xalqiga ham bu mavzuda ba’zi ma’lumotlarni taqdim qilish ehtiyojini sezib yurar edim. Shu asnoda ana shu muammoga bag‘ishlangan ba’zi ilmiy bahs va maqolalarni ko‘rib qoldim. Ularda mavzuga doir savollarga zamonamizning ko‘zga ko‘ringan ulamolari tarafidan javoblar berilgan edi. Binobarin, ularning ba’zilaridan foydalangan holda, bu boradagi muhim masala va odoblarni bayon qilishni maqsad qildim.
Shu o‘rinda bir narsani eslatib, o‘tmoqchiman. Risolada dalil sifatida keltirilgan barcha xabarlar, hadislar sahih xabarlardir. Ularning asl manbalari, shuningdek, oyati karimalarning qaysi sura, qaysi oyatdan ekani ko‘rsatilmagan. Buning boisi oddiy o‘quvchining fikrini chalg‘itmaslikdir. Shuningdek, risolaning suhbat shaklida tuzilgani ham bor.
Alloh taolo bu kamtarona amalni o‘zining rizosi uchun bo‘lishini, uni o‘zim va o‘zgalar uchun manfaatli bo‘lishini nasib etsin.
Uyali aloqa vositasi tarixiga bir nazar
Uyali aloqa vositasini yaratish fikri, birinchi bo‘lib, 1946 yili Amerikadagi AT&T Bell Labs kompaniyasida tug‘ilgan edi. O‘shanda bu firma rodiouzatgich yordamida ishlovchi dastlabki telefonni yaratgan edi. Lekin bu vositadan foydalanish juda murakkab bo‘lib, qo‘ng‘iroq qiluvchi avval markaziy stansiyaga ulanib, falon raqamni ulab bering, deb iltimos qilishi lozim edi. Bundan tashqari, bir vaqtning o‘zida ham tinglab, ham eshitish imkoni yo‘q, aloqa hozirgi rasiyalarning uslubida edi.
Keyinroq mazkur korxona har bir telefon uchun alohida stansiya o‘ylab topdi. Ammo bu stansiyaning og‘irligi 40 kg edi. Uni avtoulovi bor odam orqa o‘rindiqqa o‘rnatib, go‘shakni old o‘rindiqqa qo‘yib olardi.
40-yillarning oxiriga kelib Shvesiyadagi Televarket kompaniyasi o‘zining ikki xodimiga oddiy telefon jihozlari kabi ishlaydigan, ammo, ko‘tarib yursa bo‘ladigan jihoz o‘ylab topishni topshiradi. Bu topshiriq, ko‘p o‘tmay, 1950 yilning 3 dekabrida amalga oshadi. Unga MTA (A mobil telefon tizimi) deb nom beriladi va 1956 yil sotuvga chiqariladi. Ammo, bu jihoz ham 35 kg og‘irlikda bo‘lib, avtoulovga muhtoj edi.
1973 yilga kelib Amerikaning Motorola kompaniyasi hajmi va og‘irligi jihatidan anchagina ixcham jihoz yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Bu eng ilk mobil telefon edi. Unga Dyna-Tac deb nom berishdi. Uning uzunligi 25, eni 15, qalinligi 5 sm, og‘irligi 1 kg, 12 ta tugmachali edi. Uning elektr ozuqasi 35 daqiqaga yetar, ammo, buning uchun 10 soat ozuqa olishi kerak edi.
1983 yilga kelib AMPS standartidagi birinchi ommaviy uyali telefon yuzaga keldi. Bu bilan hozirgi avlod uyali aloqa tarixining eng ilk sahifasi ochilgan edi.
Keyin esa bu maydon o‘ta ham kengayib, yashin tezligida rivojlanib ketdi. Hozirga kelib, 6,5 milliarddan ortiq insoniyatning tarkibida 2 milliarddan ortiq mijoz bor.
Vatanimiz O‘zbekiston diyorida ham faol aholi qismining deyarli barchasi uyali aloqa vositasidan foydalanmoqda. Ba’zi kishilarda ikkita, uchtalab ham qo‘l telefoni bor. Shuning uchun ham aholisining 90 foizi musulmon bo‘lgan bu aziz xalqning, tarixi Islom bilan obod bo‘lgan, Islomga amal qilish orqali dunyoga ustoz bo‘lgan bu buyuk xalqning mazkur mavzuga Islom shari’atining munosabati qanday ekanini bilishi, o‘qib, o‘rganib ixlos bilan amal qilishi lozim va lobuddir.
Uyali aloqa vositalaridan foydalanish odoblari
I. Jihoz (uyali aloqa apparati)ga taalluqli odoblar. II. Jamoatchilikka nisbatan odoblar. III. Suhbatdoshga nisbatan odoblar. IV. Mavzuga tegishli savollar.
Mavzuga kirishdan oldin Islom shariatining birlamchi, asos maqsadlarini eslab o‘tsak. Alloh taoloning so‘nggi hamda mukammal dini, Islom shariatini teran o‘rgangan ulamolar shariatning bosh maqsadlari beshta ekanini aytganlar. Ya’ni, Islom shariatining hukmlari, hammasi borib, ana shu maqsadlarga xizmat qiladi. Ular quyidagilardir:
- Din muhofazasi;
- Nafs, shaxs muhofazasi;
- Aql muhofazasi;
- Irz (sha’n, obro‘, iffat) muhofazasi;
- Mol pul muhofazasi.
Siz quyidagi odoblarni o‘rganar ekansiz, ular ham mazkur maqsadlar asosida joriy qilinganini ko‘rasiz. Iloji bo‘lsa, har bir odobni mutolaa qilgan chog‘da mazkur shar’iy maqsadlarni bir xotirlasangiz, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Jihozga taalluqli odoblar
- Jihozni (telefon apparatini) kishi o‘zining ehtiyojiga yarashasini olishi kerak. Chunki, ehtiyojdan tashqari narsaga mol pul sarf qilish isrofdir. Isrofgarchilik esa, haromdir. Alloh taolo aytadi: «Yenglar, ichinglar, isrof qilmanglar. Albatta, Alloh isrof qilguvchilarni suymas». Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ishlarning yaxshisi o‘rtachasidir», deganlar. Shuningdek, jamiyatdagi har qanday hojatsiz sarflangan narsa qaysidir muhtojning muhtoj holda qolishi, balki, ahvoli yana ham tanglashishi evaziga bo‘lishini unutmang.
- Jihozni olishda uni yaxshiliklarga, dunyo va oxirat uchun manfaatli narsalarga, masalan, silai rahmni tiklash, yaqin kishilarning holidan xabardor bo‘lish, ularga yaxshi so‘z va tilaklarni taqdim etish, o‘z hojatingizni tezroq bitirish bilan vaqtni tejash yoki jihozning imkoniyatlaridan foydalanib, Qur’oni Karim tilovatlari, pand nasihatlarni tinglash, ibratli ko‘rsatuvlarni tomosha qilish, foydali matnlarni mutolaa qilish kabi xayrli yo‘llarda ishlatishni niyat qiling. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, amallar niyatlarga bog‘liqdir», deganlar. Zinhor uni maqtanish uchun, o‘zgalarga ko‘z ko‘z qilish, kimlardandir ustun ekanligingizni ko‘rsatish yoki shunchaki behuda havaskorlik uchun olmang. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Kimki shuhrat libosini kiysa, qiyomat kuni Alloh unga xorlik libosini kiydiradi». Bundan ham yomoni uni gunoh uchun, birovlarning sirlarini bilish, noshar’iy narsalarni eshitish yoki ko‘rish, nazar solish harom bo‘lgan narsalarni suratga olish, nomahram shaxslar bilan suhbatlashish, kimgadir ayg‘oqchilik qilish, bekorchi suhbatlar qurish kabi gunoh va behuda amallarga ishlatishni ko‘zda tutmang. Zero, u holda, yuqoridagi hadisi sharifga binoan, ana shu jihozni olishingizning o‘zi gunohga aylanadi.
- Agar jihozingizda lafzi jalola yoki Mushaf, ya’ni, Qur’oni Karim matni mavjud bo‘lsa, ana o‘sha muqaddas narsalar jihozning oynasida ko‘rinib turgan holatda qog‘ozda bo‘lganidek hukmda bo‘ladi. Ya’ni, Mushaf oynada ochiq turgan holda jihozni betahorat ushlash, u bilan noloyiq joylarga kirish joiz bo‘lmaydi. U oynadan yopilgachgina, jihozni betahorat ushlash mumkin. Alloh taolo: «Uni (Qur’onni) faqat poklanganlargina ushlarlar», degan.
- Jihoz oynasiga lafzi jalola yoki Qur’on oyatlarini, imkon qadar, qo‘ymaganingiz afzal. Chunki siz u bilan tahoratxona yoki hammom kabi joylarga kirib qolishingiz mumkin.
- Jihozning qo‘ng‘iroq tovushlariga Qur’on oyati, azon yoki Allohning zikrlarini qo‘yishdan saqlaning. Zero Qur’on uni o‘qib, uni butun vujud bilan tinglab, ma’nolarini tafakkur qilib, ko‘rsatmalariga amal qilinishi uchun Alloh taolo tarafidan nozil qilingan muqaddas Kalomdir. Shunday ekan, unga o‘sha maqsadga muvofiq munosabatda bo‘lish vojibdir. U musiqa yoki qo‘ng‘iroq o‘rnida ishlatilishi uchun nozil qilingan emas. Azon esa Islomning shiorlaridan nishonlaridandir. U musulmonlarni ibodatga chorlash uchun joriy qilingan ibodatdir. Boshqa zikrlar ham shunday. Xususan, agar hojatxona kabi nopok joylarda ekaningizda qo‘ng‘iroq kelib qolsa, naqadar nojoiz ish qilganingizni, yana bir bor his qilasiz. Shuningdek, go‘shakni ko‘tarish bilan oyat yoki kalimani kesib, unga nisbatan beodoblik qilishga to‘g‘ri keladi. Hatto, bunda ma’noni buzadigan hollar ham bo‘ladi. Masalan, «la ilaha..» deyishi bilan «illalloh»ga qoldirmay go‘shakni ko‘tarilsa, «Allohdan o‘zga iloh yo‘q» degan iymon kalimasi «...hech qanday iloh yo‘q» iborasiga aylanib qoladi. Binobarin, Islom muqaddasotlarini bunday yengil yelpi o‘rinlarda ishlatish ularga bepisandlik bilan qarash hisoblanadi. Islom shiorlarini yengil sanash joiz emas. Bu ish insonning iymoniga xatar soladi. Alloh taolo aytadi: «Kim Allohning nishonlarini ulug‘lasa, bu – qalblarning taqvosidandir». Boshqa bir oyatda: «Albatta, mo‘’minlar qachon Alloh zikr qilinsa, qalblari titraydigan, qachon ularga U zotning oyatlari tilovat qilinsa, iymonlari ziyoda bo‘ladigan ... kishilardir, xolos», degan.
- Jihozga Islomda tinglash yoki tomosha qilish man qilingan narsalarni joylashtirish haromdir. Jumladan, ayollarning rasmlari, nazar solish harom bo‘lgan suratlarni jihoz oynasiga qo‘yishdan, tinglash nojoiz bo‘lgan narsalarni qo‘ng‘iroq ovoziga o‘rnatishdan saqlaning. Alloh taolo aytadi: «Albatta, Alloh adolat, yaxshilik, yaqinlarga ato berishga buyuradi va fahsh, munkar, tajovuzdan qaytaradi. U zot sizlarga va’z-nasihat qiladi, shoyadki, eslatma olsalaringiz». Musulmon kishining zohirda Alloh rozi bo‘ladigan amallarni bajarib, maxfiy holatda Allohning har bir narsani ko‘rib turuvchi, bilib turuvchi Zot ekaniga iymoni bo‘lmagan kishilarning ishini qilishi munofiqlikning bir ko‘rinishidir. Alloh taolo aytadi: «U zot ko‘zlarning xiyonatini ham, dillar yashirgan narsalarni ham bilur». Xususan, agar ana shu holda masjidga kirsangiz Alloh harom qilgan narsalarni Allohning uyiga olib kirgan bo‘lasiz. Uni boshqalar ko‘rmasligi mumkin, ammo, Alloh ko‘rib turadi. Alloh taolo aytadi: «Kim Alloh harom qilgan narsalarni rioya qilsa, bu uning o‘zi uchun Robbi huzurida yaxshidir». «Kim Allohning nishonlarini ulug‘lasa, bu – qalblarning taqvosidandir». Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Hayo iymondandir, iymon jannatdadir. Behayolik jafodir, jafo do‘zaxdadir».
- Jihozga imkon qadar oilaviy suratlarni kiritmang. O‘zingiz xohlamagan holda o‘zingiz istamagan nazarlar unga tushib qolishi ehtimoldan xoli emas. Agar oilaviy suratlarni olsangiz ham, ularni alohida bo‘limga qo‘yib, «qulfli» holda saqlang. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Mo‘’min hamiyat-g‘ayratli bo‘ladi», deganlar.
- O‘zgaga tegishli bo‘lgan jihozni uning ruxsatisiz olmang, undan birovga qo‘ng‘iroq ham qilmang, uning ichidagi narsalarni tajriba uchun ham ochib ko‘rmang. Agar ruxsat bergan taqdirda ham, kirmaslikni talab qilgan bo‘limlariga kirmang. Chunki bunda o‘zgalarning sirlariga, yashirilishi lozim bo‘lgan narsalariga tajovuz qilgan bo‘lasiz. Bu albatta, xiyonatdir. Alloh taolo aytadi: «Albatta, Alloh har qanday xiyonatkor va gunohkorni suymas». Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Kim bir musulmon birodarining yashirin bo‘lishi lozim bo‘lgan narsalarini taftish qilsa, Alloh uning yashirin qolishi lozim bo‘lgan narsalarini taftish qiladi. Alloh kimning yashirin qolishi lozim bo‘lgan narslarini taftish qilsa, uni, agarchi uyining ichida bo‘lsa ham, sharmanda qiladi».
- Birovni o‘zining ruxsatisiz suratga olmang, ovozini yozmang. Chunki bu josuslikdir, xiyonatdir. Agar o‘sha narsani boshqalarga ham tarqatilsa, undan-da ulkan xiyonat, gunohi azim bo‘lishi muqarrar. Alloh taolo: «Josuslik qilmang», degan. Bu ishning mash’um bir harakat ekanini his qilish uchun o‘zingizga bir nazar soling. Agar siz rasmga tushmoqchi bo‘lsangiz nima qilasiz? O‘zingizni, usti-boshingizni to‘g‘rilab, imkoniyatingiz boricha eng go‘zal shaklga kelib, shundan so‘nggina suratkashga sizni suratga olishiga izn berasiz. Holbuki, siz o‘zingiz uchun, shunchaki, bir estalik ma’nosida yoki qog‘ozlarning orasida qolib ketadigan biror vasiqa uchun tushayotgan bo‘lasiz. Shunday emasmi? Endi o‘zgalar ham sizga o‘xshagan inson ekanini unutmang. Ularning ham o‘zlariga yarasha xohishlari, istaklari va talablari bor. Ularga parvo qilmaslik, insonga nisbatan tajovuzdir. O‘ziga ravo ko‘rmaganni o‘zgaga ravo ko‘rish mo‘’min kishining xususiyati emas. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlardan birortangiz o‘zi uchun yoqtirgan narsani birodari uchun ham yoqtirmasa, mo‘’min bo‘lmaydi», deganlar.
- Bir kishidan o‘zining izni bilan surati yoki ovozini yozib olsangiz, uning ruxsatisiz, mazkur ma’lumotni tarqatmang. Agar uning bunga roziligi ma’lum bo‘lsa, joiz. Alloh taolo: «Omonatlaringizga xiyonat qilmanglar», degan.
- Agar biror kishining jihozida noshar’iy narsani ko‘rib qolsangiz, uni darhol o‘chirib, yo‘qotib yuboring. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Sizlardan kim bir munkarni ko‘rsa, uni qo‘li bilan o‘zgartirsin, agar qodir bo‘lmasa, tili bilan, agar qodir bo‘lmasa, qalbi bilan. Bu iymonning eng zaifidir. Undan keyin achitqining urug‘icha ham iymon qolmaydi».
- Noshar’iy, behayo narsalarni tarqatishdan hazir bo‘ling. O‘zgalarning ham bu razil ishni qilishiga yo‘l qo‘ymang! Alloh taolo aytadi: «Albatta, iymon keltirganlar ichida fahsh tarqalishini yaxshi ko‘radiganlarga dunyoyu oxiratda alamli azob bordir. Alloh biladir, siz esa bilmassiz». Shu bilan birga, sizdan keyin yana necha kishiga tarqalsa, hammasining gunohicha gunoh sizga yozilib boradi. Alloh saqlasin. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Kim bir zalolatga chaqirsa, unga o‘shanga ergashganlarning gunohicha gunoh bordir. Bu ularning gunohlaridan biror narsani kamaytirmaydi».
- Agar biror birodaringizning jihozida uning o‘ziga xos sirlaridan, o‘zingiz istamagan holda, xabardor bo‘lib qolsangiz yoki unda biror noshar’iy narsani ko‘rib qolib, o‘chirib tashlagan bo‘lsangiz ham, buni o‘zgaga ayta ko‘rmang. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Kim bir musulmonning aybini yashirsa, Alloh dunyoyu oxiratda uning aybini yashiradi». Movardiy aytadilar: «Kishining birovning sirini ochishi o‘zining sirin ochishidan xunukdir».
- Farzandingizga jihoz olib berishga shoshilmang. Unga darhaqiqat zarur bo‘lsagina, uning ushbu risolada zikr qilinayotgan shar’iy odoblarga qat’iy rioya qilishiga ko‘zingiz yetsagina, olib berishingiz mumkin. Alloh taolo: «Ey iymon keltirganlar! O‘zingizni va ahlingizni yoqilg‘isi odamlar va toshdan bo‘lgan do‘zax azobidan saqlang!» degan. ushbu oyatning tafsirida Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: «Ya’ni, ularga ta’lim tarbiya bering va odoblarini go‘zal qiling», deganlar.
- Jihozingizni birovlarning uylaridagi yoki maktab kabi umumiy makonlardagi elektr quvvatidan foydalangan holda «oziqlantirmang». Agar uyning egasi ruxsat etgan, umumiy joylarda o‘sha maskanlarning mas’ullari ijozat bergan bo‘lsa, joiz. Alloh taolo: «Ey iymon keltirganlar, o‘zaro mollaringizni botil bilan yemang», deydi.
- Jihozingizga «oltin raqamlar» sotib olishga ortiqcha pulni isrof qilmang. O‘sha pulni undan ko‘ra dunyo va oxiratingiz uchun foydaliroq narsaga sarflang. Shuningdek, bunda ham mashhurlik, maqtanchoqlikka borib qolishdan saqlaning. Ammo ba’zi tashkilotlarda yoki ayrim kishilar uchun ularning ishlatishiga o‘shandoq saralangan raqamlar sotib olishlari kerak bo‘lsa, o‘shanga ehtiyoj sezilsa, joiz. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Banda qiyomat kuni to‘rt narsa haqida so‘ralmasidan turib oyog‘i o‘rnidan jilmaydi: umridan, uni nimaga sarf qilgani, ilmidan nimaga amal qilgani, mol-dunyosidan uni nimaga xarajat qilib, qayerdan topgani, jismidan uni nima uchun fido etgani».
- Ayrim mutaxassislarning aytishlaricha, uyali telefonlarning inson salomatligiga salbiy ta’sirlari bor. Shu bois undan faqat zarurat yuzasidangina foydalanish mumkin. Keragidan ortiqcha ishlatib, musulmon kishi o‘zining sog‘ligiga putur yetkazishi joiz bo‘lmaydi. Alloh taolo: «O‘zingizni halokatga tashlamang!» degan.
Jamoatchilikka nisbatan odoblar
- Masjidlarga, darslar, ilmiy majlis va suhbatlarga, balki, har qanday hurmatli kishilarning oldiga kirganda jihozni ovozsiz qilib olish yoki butunlay o‘chirib qo‘yishni unutmang. Chunki, qo‘ng‘iroq ovozi masjidlarda namozxonlarning ibodatiga putur yetkazish, namozning asosi bo‘lgan xushu’-xuzu’ni barbod qilish, majlislarda so‘zlovchiga ham, tinglovchiga ham xalaqit berish, ilmdan chalg‘itishga sabab bo‘ladi. Natijada ilmdan manfaat olish yo‘qoladi yoki kamayadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni masjidga chiqdilar. Sahobai kiromlardan ba’zilari baland ovozlar bilan qiroat qilayotgan edilar. Shunda ularni bundan qaytarib: «Bir-biringizga ozor bermang», dedilar. Qur’on qiroati ustida shu gap aytilganidan keyin, boshqasini o‘zingiz tushunib olavering. Agar bir obro‘li, mansabdor shaxsning oldiga kirsangiz, ehtiyotkorlikka qay darajada rioya qilishingiz o‘zingizga ma’lum. Endi Olamlar Robbining huzuriga yoki U zotning zikri bo‘ladigan joylarga kirishda qay holatda bo‘lish lozimligi o‘zingizning iymon-e’tqodingizga havola. Imom Husaynning o‘g‘illari, Zaynul’obidiyn Aliy ibn Husayn rahimahulloh, qachon namozga chiqmoqchi bo‘lsalar, ranglari sarg‘ayib, o‘zgarib ketar, namozga turganlarida qattiq titroq va iztirobga tushib qolar edilar. U kishidan nega bunday bo‘lishi haqida so‘ralganida, u zot: «Kimning huzurida turmoqchi ekanimni bilasizlarmi?!» degan edilar.
- Masjidlarda, darslar, ilmiy majlislarda, balki, har qanday suhbatdosh oldida jihozni o‘ynab yoki qo‘lda aylantirib o‘tirishdan saqlaning. Chunki bu bepisandlik, beodoblik alomatidir. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu: «Mening uchun eng ardoqli shaxs suhbatdoshimdir. Uning yuziga pashsha qo‘nsa ham, menga ozor beradi», deganlar.
- Masjidlarda, yuqoridagi odobga tanbeh sifatida, devoriy e’lonlar ham uchrab turadi. Ammo, shunda ham, ba’zi bir kishilar goho unutib, jihozga beparvo qoladilar. Ana shunday hollarda jamoatdagi kishining jihozi agar sizni bezovta qilib yuborsa, darhol unga qattiq tegmang, g‘azab qilmang. Chunki inson unutishdan xoli emas. Xususan, yoshlari katta kishilar bu ma’noda uzrli hisoblanishlari mumkin. O‘shanday holatda sizning unga muloyimlik bilan muomala qilishingiz talab qilinadi. Bu o‘rinda siz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak olishingiz kifoya. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidda o‘tirgan paytlarida bir badaviy kishi kirib, masjid ichida bavl qilishni boshladi. Sahobalar darhol uni tutib, olib chiqib tashlamoqchi bo‘ldilar. Ammo, halimlarning ustozi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, qo‘yinglar, hojatini chiqarib olsin, dedilar. U o‘z hojatidan xorij bo‘lgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga bu joy musulmonlarning ibodat maskani ekani, muqaddas makon ekanini uqtirib, bu ishni takrorlamaslikni ta’kidlab, yaxshi muomala bilan chiqarib yubordilar. Natijada haligi badaviy masjid ahli safidan joy oldi.
- Jihozingizga qo‘ng‘iroq uchun chalinganda atrofingizdagi solih kishilarga malollik keltiradigan tovushlarni o‘rnatmang. Bu ularning qalblariga ozor berishi mumkin. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu bir musiqa tovushini eshitdilar. Darhol quloqlarini berkitib oldilar. Biroz turib, yonlaridagi hamrohlari Nofe’ rahimahullohga «Ovoz tindimi?», dedilar. U «Ha», degach, qo‘llarini quloqlaridan oldilar va: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birgaligimda xuddi shunday qilganlarini ko‘rganman», dedilar. Shu bilan birga, aqlli kishilar nazdida, insonlarning jihozlaridagi qo‘ng‘iroq tovushlari ham ularning tabiatlari va axloqlarini baholaydi.
- Suhbat va majlislarda imkon qadar jihozga murojaat etmang. Birovga qo‘ng‘iroq ham qilmang, qo‘ng‘iroqlarni qabul ham qilmang. Agar zarurat bo‘lgan taqdirda ham, suhbatdagilardan uzr so‘ragan holda, imkon bo‘lsa, tashqariga chiqib gaplashing. Tashqariga chiqishda ham yoningizdagi majlisdoshlaringizdan ruxsat so‘rang. Ammo, aralash suhbat o‘rinlarida, bemalol joylarda bo‘lsa, bu boshqa gap.
- Qur’oni Karim qiroat qilinayotgan paytda tilovatni tinglashdan o‘zga narsa joiz emas. Alloh taolo aytadi: «Qachon Qur’on tilovat qilinsa, unga quloq solinglar va jim turinglar, shoyad, rahm qilinsangiz», degan.
- Suhbatlashishda ovozni keragidan ortiq ko‘tarmang. Xususan, kishilar orasida bo‘lganda bu odobga qattiq rioya qilish lozim. Alloh taolo aytadi: «Ovozingni pastlat. Chunki, ovozlarning eng yomoni eshakning ovozidir». Hadisi sharifda kelganki, Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Tavrotda «Bozorlarda baqir-chaqir qilguvchi emas...», deya ta’riflagan.
- Jihozning tashqi tovush moslamasi (dinamik)ni zaruratsiz ishga solmang. Chunki, bu o‘zgalarga xalaqit beradi, ozor yetkazadi. Qolaversa, ularga kerak bo‘lmagan ma’lumotlarni taqdim qilib, vaqt va imkoniyatlarining behudaga sarf qilinishiga sabab bo‘lasiz. Balki, o‘zgalar eshitishi ma’qul bo‘lmagan narsalarni ularga eshittirib qo‘yishingiz, bu esa, oxir oqibat, o‘zingizni yoki suhbatdoshingizni xijolatga, ko‘ngilsiz holga tushishiga, oralaringizda fitna paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Bu ko‘p marta tajribadan o‘tgan. Alloh taolo marhamat qiladi: «Albatta, quloq, ko‘z va qalb – ana o‘shalar barchasi, so‘ralajak narsalardir».
- Imkon qadar jihozdagi suhbatni tezroq tamomlashga harakat qiling. Aks holda, majlisdoshingizga ozor berib qo‘yasiz. Alloh taolo bizlarga yaxshilik qilishimiz lozim bo‘lgan kishilarni sanar ekan: «yondagi sohibga (yaxshilik qiling)» deya amr etgan. «Yondagi sohib» deganda hamsafar, hamroh, hamkasb, majlisdosh, suhbatdosh va hokazolar tushuniladi.
Suhbatdoshga nisbatan odoblar
- Birovga qo‘ng‘iroq qilishdan, xat yozishdan oldin raqamni aniqlab olish lozim. Shuningdek, sinash uchun ayrim raqamlarga terib, o‘ynash joiz emas.
- Suhbatdoshingizga qo‘ng‘iroq qilishdan oldin ushbu daqiqa uning istirohat yoki band payti emasligini aniqlab oling. Xususan, masjidlardagi namoz vaqtida musulmon kishiga qo‘ng‘iroq qilish joiz emas. Ayniqsa, ahli ilmlar, hurmatli kishilar, katta yoshdagi odamlarga nisbatan bu ma’noda ehtiyotkor bo‘lish lozim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim kattalarimizni izzat, hurmat qilmasa, kichiklarimizga rahm qilmasa, ulamolarimizning haqqini bilmasa, bizdan emas», deganlar.
- Agar bir marta qo‘ng‘iroq qilganingizda javob berilmasa, oradan biroz muddat o‘tkazmasdan turib qo‘ng‘iroqni qaytarmang. Bu xuddi birovning darvozasini qoqib chaqirish hukmiga kiradi. Ulamolarimiz, musulmon kishi birovni uyidan chaqirganda o‘sha odam eshitadigan tarzda bir marta chaqirsin, javob qilmasa, biroz kutib, keyin qayta chaqirsin. Chunki uy egasi tahorat qilayotgan yoki namoz o‘qiyotgan yoki boshqa bir zaruriy holatda bo‘lishi mumkin, deydilar. Unga hadeb qo‘ng‘iroq qilish darvozasini to‘xtatmay daraqlatish bilan barobar. Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eshiklari tirnoq bilan qoqilar edi».
- Agar oradan ozgina vaqt o‘tkazib uch marta qo‘ng‘iroq qilganingizda ham javob bo‘lmasa, endi qo‘ng‘iroq qilishni to‘xtating. Aks holda birodaringizni bezovta qilgan, unga aziyat bergan bo‘lasiz. Siz-ku uyingizda o‘tirib, bir tugmani bosish bilan o‘rtog‘ingizni chaqiryapsiz. Nabiy sollallohu alayhi vasallam birodarining oldiga qadam bosib, yo‘l yurib borib, eshigi oldida turib chaqirgan kishiga ham: «Agar biringiz uch marta izn so‘rasayu, izn berilmasa, ortiga qaytsin», deganlar. Hatto, o‘sha kishining uy sohibidan achchiqlanishga haqqi yo‘q, deydilar ulamolarimiz.
- Suhbatdoshingiz go‘shakni ko‘tarsa, birinchi bo‘lib salom bering. «Ha-a! Qalaysan?», «Ey falonchi!», deya boshlamang. Jobir roziyallohu anhu: «Salom kalomdan oldindir», deganlar. Salom Islom salomi bo‘lsin. Ya’ni, eng kamida «assalomu alaykum». Agar ko‘proq ajr olmoqchi bo‘lsangiz, «assalamu alaykum va rohmatulloh» deng, yana-da ko‘proq savob olayin desangiz, «assalamu alaykum va rohmatullohi va barokatuh» deyishingiz mumkin. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bir kishi kelib «Assalamu alaykum», deb salom berdi. U zot unga alik oldilar. U o‘tirgach, «O‘nta» dedilar. Yana bir kishi kelib, «Assalamu alaykum va rohmatulloh» deya salom berdi. Unga ham alik oldilar. So‘ng u o‘tirgach, «Yigirmata» dedilar. Keyin yana bir kishi kelib, «Assalamu alaykum va rohmatullohi va barokatuh» dedi. Unga ham alik qaytardilar. U o‘tirgach, «O‘ttizta» deb qo‘ydilar. Ya’ni, birinchisi o‘nta hasanaga, savobga ega bo‘lgan bo‘lsa, keyingilar yigirmata, o‘ttiztaga ega bo‘lganiga ishora qildilar.
- Agar siz qo‘ng‘iroq qilayotgan shaxs sizni tanimasa, avvalo, o‘zingizni tanishtiring. «Bu men», «Tanimayapsizmi?» deb gapni cho‘zmang, suhbatdoshingizni xijolatga qo‘ymang. Qolaversa, kishi o‘zini «Bu Men» deya tanishtirishi odobdan emas. Balki, ko‘pincha kibrga dalolat qiladi. Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan kirishga izn so‘radim. U zot: «Kim bu?», dedilar. Men esa: «Men», dedim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buni yoqtirmagandek: «Me-ye-yen, me-ye-yen», dedilar».
- Agar sizga qo‘ng‘iroq kelsa, iloji bo‘lsa, go‘shakni dastlabdan «Ha-a!», «Kim bu?» deb ko‘tarmang. Balki, «labbay» yoki shu kabi go‘zal ibora bilan so‘z boshlang. Iloji bo‘lsa, o‘sha ham salom bo‘lsin. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan «Qaysi musulmonchilik yaxshi?» deb so‘ralganida U zot: «Taom berishing va tanigan, tanimaganingga salom berishing», deya javob berganlar.
- Agar suhbatdoshingiz salom bermasa, siz unga salom bering. U bu ishni bir necha bor takrorlasa ham, siz sunnatni tatbiq qilishdan to‘xtamang, bu bilan unga ham sunnatni o‘rgatishga harakat qiling. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Nafsim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, mo‘’min bo‘lmaguningizcha jannatga kirmassiz, o‘zaro muhabbatlashmaguningizcha mo‘’min bo‘lmassiz. Sizlarga agar qilsangiz o‘zaro muhabbatlashadiganingiz narsani aytaymi? Oralaringizda «salom»ni yoying».
- Agar suhbatdoshingiz savobga shoshib sizdan oldin salom bersa, unga alik qaytarishni unutmang. Zero, salom berish sunnat, javob qaytarish esa vojibdir. Alikni, hech yo‘g‘i, salomga yarasha qaytarish vojib. Agar ziyoda qilib qaytarsangiz, yana-da afzal. Masalan, «assalamu alaykum», degan kishiga «va alaykum assalam va rohmatulloh», deb qaytarish mumkin. Alloh taolo marhamat qiladi: Qachonki sizga bir salomlashish ila salom berilsa, siz undan ko‘ra yaxshiroq alik oling yoki xuddi o‘zidek javob bering. Albatta, Alloh har bir narsaning hisobini oluvchidir».
- Suhbatda ovozni jihozning ovoz qabul qilish moslamasiga yetadigan darajada ishlatish kifoya. Negaki, aslida bu vositalar baqirib ham ovozni yetkazib bo‘lmaydigan masofadagi kishiga ohista ovoz bilan so‘zni yetkazish maqsadida o‘ylab topilgandir. Agar suhbatdoshingiz tushunishga qiynalsagina, ovozni o‘shanga yarasha ko‘tarishingiz mumkin. Shayx Harroniy rahimahulloh aytadi: «Kim birovga ovozini ko‘tarsa, har qanday aqlli kishi uning o‘sha shaxsga ehtiromi yo‘q ekanini biladi». Alloh taolo marhamat qiladi: «Ovozingni pastlat. Chunki, ovozlarning eng yomoni eshakning ovozidir». Ibn Zayd rahimahulloh shunday deydi: «Agar ovozni ko‘tarish yaxshilik bo‘lganida, Alloh buni eshakda yaratmas edi».
- Agar uzunroq gapni boshlamoqchi bo‘lsangiz, suhbatdoshingizdan izn so‘rang. Chunki uning bunga sharoiti bo‘lmasligi mumkin. So‘zingizni bo‘la olmay, mashaqqatga tushib qolmasin.
- Suhbatdoshingiz so‘zlayotgan paytda uni tinglashga e’tibor qiling. Gapini bo‘lmang. Chunki bu odobdan emas. Qolaversa, uning fikrini to‘la eshitmay turib aytgan gaplaringiz noto‘g‘ri yoki keraksiz bo‘lib chiqishi yoki uning o‘zi aytmoqchi bo‘lgan ba’zi gaplarini ayta olmay, maqsad hosil bo‘lmay qolishi mumkin. Ibn Muqaffa’ aytadilar: «Chiroyli gapirishni o‘rganganingdek, chiroyli tinglashni ham o‘rgan. So‘zlovchiga o‘z so‘zini yakunlagunicha imkon berish chiroyli tinglash jumlasidandir». Ato ibn Raboh rahimahulloh aytadilar: «Kishi menga bir hadis aytadi. Men uni xuddi avval eshitmagandek, jim tinglayman. Holbuki, men o‘sha gapni u tug‘ilishidan oldin eshitgan bo‘laman». Hasan ibn Aliy roziyallohu anhu: «So‘zlashdan ko‘ra tinglashga o‘ch bo‘l», deganlar. Alloh taolo tilni bittadan, quloqni ikkitadan yaratgani ham bejiz emas. Alloh taolo marhamat qiladi: «So‘zni tinglab, eng yaxshisiga ergashadigan bandalarimga xushxabar ber».
- Zaruratdan tashqari so‘z gapirmang. Bu odob ayollarga ko‘proq tegishli. Aslida boshqa paytlarda ham ko‘p gapirish mo‘’min kishining xususiyati emas. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kishining musulmonchiligining go‘zalligidan o‘zi uchun foydali bo‘lmagan narsani tark qilishidir», deganlar. Ammo, telefon vositasidagi suhbatlarda bu narsa yana ham ashaddiyroq bo‘ladi. Chunki bunda ham o‘zinig vaqtini, ham o‘zganing vaqtini, ham o‘zining pulini, ham o‘zganing pulini isrof qilish bor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Alabatta, Alloh sizlarga qilu-qol (dedi-dedi)ni, molni zoye qilishni va ko‘p so‘rashni karih ko‘rdi». «Kilu-qol» degani «falonchi undoq dedi», pistonchi bundoq debdi» kabi dunyoyu oxiratga foydasiz gap-so‘zlardir. Muhammad ibn Ajlon rahimahulloh aytadilar: «Gap to‘rt qismdir: Allohni zikr qilishing, Qur’onni qiroat qilishing, ilmdan so‘ralgan narsaga javob berishing, dunyoing uchun kerakli narsa haqida gapirishing». Har qanday dunyo va oxirat uchun foydali bo‘lmagan narsa bir foydali narsani yo‘qotish hisobiga amalga oshishini unutmang. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «O‘zing uchun manfaat beradigan narsaga haris bo‘l», deganlar. Alloh taolo aytadi: « Ularning ko‘plab maxfiy suhbatlarida yaxshilik yo‘q, magar sadaqaga, ma’rufga va odamlar orasida islohga buyurgan kishigina bundan mustasno. Kim buni Allohning roziligi uchun qilsa, albatta, unga ulkan ajr berurmiz». Musulmon kishi uchun quyidagi oyatni yodda tutishi kifoya: «Biror so‘z aytmas, magar huzurida hoziru nozir borlar».
- Nomahram shaxs bilan gaplashishdan imkon qadar ehtiyot bo‘ling. Majbur bo‘lib qolganingizda ham, zarurat miqdoricha so‘zlashsangiz, joiz. Erkak kishi agar bir birodarini so‘rab qo‘ng‘iroq qilsayu, go‘shakni ayol kishi ko‘tarib, so‘ragan kishisining yo‘q ekanini aytsa, iloji bo‘lsa aytadigan gapni tezroq aytib, so‘zni tamomlashi lozim. «Qayerda edilar?», «qachon keladilar?», «nima deb ketdilar?», «meni tanidingizmi?», «men faloniman», kabi so‘zlar bilan suhbatni cho‘zmasligi vojibdir. Balki, gapini ham aytmasdan, keyinroq, erkakning o‘zi bo‘ladigan paytni mo‘ljallab, qo‘ng‘iroq qilishi kerak. Aks holda har ikkisining, xususan, erkakning qalbiga fitna kirishi, shaytonga darvoza ochilishi turgan gap. Ayol kishi ham go‘shakni olganida, qo‘ng‘iroq erkak kishidan bo‘lsa, imkon qadar kam so‘z aytishga urinishi lozim. Iloji boricha ovozidagi nafosatni izhor qilmasligi, siniq, to‘mtoqroq gaprishi vojibdir. O‘shanda ham faqat zarurat miqdoricha so‘z aytishi mumkin. «Siz kimsiz?», «nima demoqchi edingiz?» kabi ortiqcha savollar bilan suhbatni cho‘zishi ravo bo‘lmaydi. Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oilalari – azvoji mutahharot onalarimizga, ular mo‘’minlarning onalari bo‘lgani holda shunday xitob qilgan: «Muloyim so‘z aytmanglar, qalbida marazi bor kishi tama’ qilib qoladi. Faqat ma’ruf so‘z aytinglar».
- So‘zlashish asnosida aslo biror narsani kavshanib turmang. Bu, albatta, beodoblik, suhbatdoshga nisbatan behurmatlikdir. Qolaversa, bu ish suhbatdoshingizning ko‘ngliga og‘ir botishi, asabiga tegib, ozor berishi aniq.
- Ovozingizni soxtalashtirib, yoki yolg‘on xatlar yozib, birodaringizni kalaka qilmang. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Musulmon musulmonning birodaridir, unga zulm qilmaydi, uni xo‘rlamaydi, uni kamsitmaydi», dedilar va ko‘kslariga ishora qilib: «Taqvo mana bu yerda! Taqvo mana bu yerda! Taqvo mana bu yerda!», deb uch marta aytdilar. Yana: «Kishiga yomonlik sifatida musulmon birodarini kamsitishi kifoya qiladi. Musulmonning musulmonga qoni, moli va izzat-obro‘si haromdir», dedilar. Xususan, erakak kishining o‘z ovozini ayolchalish qilib, ayol kishining o‘z ovozini erkaksifat qilib gapirishi mutlaqo joiz emas. Bunda yuqoridagi gunohga qo‘shimcha sifatida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning la’natlariga ham qolish bor. U zot sollallohu alayhi vasallam o‘zini ayollarga o‘xshatgan erkaklarni, o‘zini erkaklarga o‘xshatgan ayollarni la’natlaganlar. La’natlangan degani Allohning rahmatidan quvilgan, mahrum etilgan, degani.
- Suhbat yakunlaganda suhbatdoshingiz bilan yaxshi tilaklar aytib xayrlashing. Suhbatni salom bilan boshlagandek, salom bilan tugating. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Birinchi salom ikkinchisidan haqli emas», deganlar.
- Chaqiruv ovozi (gudok) uchun qanday tovushlarni o‘rnatayotganingizga ham jiddiy e’tibor qiling.
- Bir kishi sizga o‘ziga tegishli raqamni bersa, siz uning mazkur raqamni hammaga ham bermasligini sezsangiz, uning iznisiz bu raqamni o‘zgalarga bermang. Chunki bu ham omonatga xiyonatdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kishi birovga bir so‘z ayta turib, o‘ng-chap tarafiga qarab qo‘ysa, bu so‘z omonatdir», deganlar.
- Chiqimdan qochib, birodaringizning telefoniga raqamingizni bir rov chiqarib qo‘yib, uning qaytarishini kutmang. Agar o‘sha birodaringiz o‘zi shuni taklif qilgan bo‘lsa, joiz. Chunki insonning o‘z hojati uchun o‘zini ayab, o‘zgani harajga solishi baxillikning eng xunuk ko‘rinishidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim iffatni (haromdan, o‘zgalarning narsalaridan o‘zini tiyishni) istasa, Alloh uni iffatli qiladi. Kim o‘zini behojat tutsa, Alloh uni behojat qiladi», deganlar.
- Agar bir insondan sizga qo‘ng‘iroq bo‘lgan paytda unga javob bera olmagan bo‘lsangiz, imkon topgan zahoti unga javob qaytarib qo‘ying. Chunki u biror hojat bilan qo‘ng‘iroq qilgan yoki biror mushkulga tushgan bo‘lishi mumkin. Aks holda, sizni chaqirib xitob qilgan kishiga ters o‘girilib olgan bilan barobar bo‘lasiz. Insonlarning hojatlariga, mushkulotlariga beparvo qarash ularga nisbatan bepisandlikdir. Bu esa, o‘zini musulmon deb bilgan shaxs uchun joiz emas. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Musulmon musulmonning birodaridir. Unga zulm qilmaydi, uni taslim qilib bermaydi. Kim bir birodarining hojatida bo‘lsa, Alloh uning hojatida bo‘ladi. Kim bir musulmondan bir tashvishni aritsa, Alloh undan qiyomat tashvishlaridan bir tashvishni aritadi», deganlar.
- Sizga kelgan har qanday xatni boshqalarga tarqatish kerak, deyilsa, tarqatavermang. Ba’zan Islomiy iboralar aralashgan maktub keladi. Unda bu xatni shu kechaning o‘zida faloncha kishiga tarqatishingiz kerak. Shunda undoq bo‘ladi, bundoq bo‘ladi. Agar qilmasangiz bunday bo‘ladi, unday bo‘ladi, deb yozilgan bo‘ladi. Allohning huzuridagi faloncha savobni sizga o‘zlaricha va’da qilishadi. Aslida bu narsalarning bari yolg‘on bo‘ladi. Bu siz a’zo bo‘lgan uyali aloqa tashkilotidan boshqaga foyda keltirmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har bir eshitgan narsasini gapiraverish kishining yolg‘onchiligiga kifoya qiladi», deganlar. Xususan, Islom nomidan kelgan xabarni rost, to‘g‘ri ekanini aniqlamay turib uni o‘zgaga yubormang.
- Kishilarga xat yozishda ham odob-axloq, shari’at chegaralariga rioya qiling. Uyat, behuda, noshar’iy ma’nolarni yozib, gunoh orttirmang. Zero og‘zaki nutq bilan yozma nutqning hukmi barobardir. Nomahram shaxslarga zaruratsiz xat yozish hukmi ham shunday. Bu hozir ko‘pchilik mubtalo bo‘lgan ofatdir. Ammo musulmon kishi ko‘pchilikka emas, haqqa qarab ish ko‘radi. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu: «Jamoat haqqa muvofiq kelgan narsadir, agarchi bir o‘zing bo‘lsang ham», - deganlar.
Mavzuga doir savollar
- Ba’zi masjidlarda telefon aloqalarini uzib qo‘yuvchi moslamalar o‘rnatilgan. Bu joizmi? Ba’zilar uning zarari bor deydilar?
Javob: Agar zarari jiddiy bo‘lsa, joiz emas. Ammo, ilmiy va tajribiy asoslanmagan holda aytilgan taxminiy gaplar bilan ish ko‘rish shari’atda mumkin emas. Shu bois ulamolar buni joiz deganlar.
- Masjidlarda jihozlarni o‘chirishga tanbeh yozib, ilib qo‘yiladi. Bu joizmi?
Javob: Albatta, joiz. Chunki bunda namozxonlarning ibodatlarida xushu’-xuzu’ni buzilmasligiga harakat qilinadi. Zero inson unutishdan xoli emas. O‘zgalarni yaxshilikka, odobga chorlash ham ibodatdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim bir yaxshilikka dalolat qilsa, unga o‘shani qilgan kishining ajridek savob bor», deganlar.
- Kishi namozdalik chog‘ida jihoz qo‘ng‘irog‘i chalinib qolsa, uni o‘chirishi joizmi?
Javob: Aslida, yuqoridagi odoblarda ta’kidlanganidek, musulmon kishi Allohning huzurida roz aytish maqomida turish uchun shaylanganida o‘sha maqomga loyiq holatga kelib olishi kerak. Ammo, insongarchilik, ojizlik yuzasidan unutib qo‘ygan bo‘lsa, keyin namozda ekanida qo‘ng‘iroq chalinib qolsa, ibodatiga davomiy xalal bermasligi, atrofidagi namozxonlarning ham xushu’larini buzmasligi uchun eng oz harakat bilan uni o‘chirib qo‘ysa, joiz. Zero, namozda shar’iy uzr bo‘lgan o‘rinlarda namoz amallaridan boshqa harakatlarni qilish mumkin. Namozga xalal beradigan narsani bartaraf etish ham shular jumlasiga kiradi.
- Jihozni oziqlantirishda masjidlarning elektr quvvatidan foydalanish mumkinmi?
Javob: Masjid va boshqa vaqf qilingan joylarda vaqf nima uchun atalgan bo‘lsa, faqat o‘sha narsa uchun ishlatilishi vojib. Agar vaqfda biror shart qo‘yilmagan bo‘lsa, o‘sha yerdagi odatga binoan tasarruf qilinadi. Binobarin, bunday joylarning narsalaridan foydalanishda ehtiyot bo‘lish darkor.
- Masjidda e’tikof o‘tirgan kishi uchun uyali aloqa vositasidan foydalanish joizmi?
Javob: Asl e’tikofdan maqsad Allohdan o‘zgadan bir muddatga uzilish, Allohga qurbat hosil qilishdir. Shu bois amal maqsadga muvofiq bo‘lishi darkor. Ammo zarur bo‘lsa, boshqa kishilarga xalaqit bermagan holda, zarurat miqdoricha ishlatish joiz bo‘ladi.
- Ba’zan kishi tahoratxonada ekanida qo‘ng‘iroq kelib qoladi. Shunda gaplashish mumkinmi?
Javob: Yo‘q, albatta. Hojat asnosida gapirish makruhdir.
- Janoza va ba’zi hodisalarni eshitgan kishi o‘zgalarga bu xabarni uyali aloqa vositasida maktub yuborish orqali yetkazsa bo‘ladimi? Maktub orqali ta’ziya bildirsa-chi?
Javob: Ha, albatta. Bu savobli amal.
- Musulmon kishi jihoz savdosi bilan shug‘ullansa, joizmi? Holbuki, kimlardir uni olib halol bo‘lmagan tarzda ishlitishi mumkin-ku?
Javob: Bu savdo ham, boshqa savdolar qatori, haloldir. Narsani sotib olgan kishining ishi sotganning savdosini harom qilmaydi. Bu, xuddi, uzumfurushdan uzumni olib, kimdir uni sirka, kimdir boshqa ichimlik qilganiga o‘xshaydi.
- Men bir uyali aloqa tashkilotidan o‘zimning nomimga bir sim karta olgan bo‘lsam. Ammo, aslida uni boshqasi uchun olganman va uni o‘sha ishlatadi va pulini to‘lab yuradi. Biroq, haligi shaxs sim kartani katta tushumga kirgizib qo‘ysa, uni men ko‘taramanmi?
Javob: Tashkilot tarafidan, albatta, siz mas’ul bo‘lasiz va to‘laysiz. Bu tashkilotlarning haqlari zoye bo‘lmasligi uchundir. Chunki shartnomada siz shuni zimmaga olgansiz. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Musulmonlar o‘zaro shartlari asosidadirlar», deganlar. Ammo, haligi shaxsdan undirib olish sizning haqqingizdir.
- Ko‘pgina davlatlarda, jumladan, bizning yurtimizda ham avtoulov haydovchisiga uyali aloqa vositasidan foydalanish taqiqlangan. Unga amal qilish kerakmi?
Javob: Albatta, amal qilish kerak. Risolaning avvalida Islom shari’atining maqsadlari bayon qilingan edi. Mazkur qoida ham ana o‘sha maqsadlardan ba’zisiga xizmat qiladi. Ya’ni, u insonning joni va molining muhofazasi uchun joriy qilingandir. Britaniya mutaxassislarining ma’lumotlariga ko‘ra haydovchining jihozdan foydalanishi uning boshqaruv quvvatini 50 foizga kamaytirib yuborar ekan. Bu, hatto, avtoulovni mast holatda boshqargandan ham xatarli ekan. Binobarin, ko‘plab avtohalokatlarga sabab bo‘lmoqda ekan. Qolaversa, shari’atimizning umumiy qoidalaridan biri shuki, Islom hukmlariga zid bo‘lmagan jamiyat qonunlariga amal qilish lozimdir. Chunki buning zamirida jamiyatning, umummusulmonlarning manfaati yotadi.
- Masalan, men jihoz sozlash ishida ishlayman. Agar biror jihozning egasi menga o‘zining jihoziga shari’atda ruxsat etilmagan narsani yuklab berishimni so‘rasa, men uning taklifini bajarsam, joizmi? Gunohi uning o‘ziga bo‘ladimi?
Javob: Yo‘q, hech qachon joiz emas. Gunohning amalga oshishiga hissa qo‘shish o‘sha ishni qilganning gunohini beradi. Hatto, o‘shanga rozi bo‘lish ham. Alloh taolo aytadi: «Yaxshilik va taqvoda yordamlashinglar, gunoh va dushmanlikda yordamlashmanglar».
Agar o‘sha taklifni gunohidan qochib rad qilsangiz, xotirjam bo‘ling, Alloh taolo rizqingizni boshqa tarafdan, halol tarzda yetkazib berishni va’da qiladi: «Kim Allohga taqvo qilsa, uning yo‘lini ochib qo‘yadir Va unga o‘zi o‘ylamagan tarafdan rizq berur».
- Hozirda ayrim chet davlatlaridan sotuvga kelayotgan jihozlarning ichida shari’atga muvofiq bo‘lmagan har xil narsalar, behayo suratlar ham bo‘ladi. O‘sha jihozlarni sotib olish joizmi?
Javob: Agar o‘sha narsasi uchun sotib olinsa, joiz emas. Ammo, boshqa maqsadda olinsa va haliginday narsalarni ko‘rib chiqmay, o‘chirib tashlab, keyin ishlatilsa, joiz. Biroq, bu narsa qattiq ehtiyotkorlikni talab qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Nazar (nomahramga tashlangan nigoh) shayton o‘qlaridan bir o‘qdir», deganlar. Boshqa bir hadisda shunday marhamat qiladilar: «Kim ikki jag‘i va ikki oyog‘ orasidagi narsaga kafil bo‘lsa, men uning uchun jannatga kafil bo‘laman.
- Agar bir kishi ayoliga uyali aloqa vositasida xat (sms) orqali taloq bersa, taloq tushadimi?
Javob: Ha, taloq tushadi. Bunday noxush hollardan Allohning o‘zi barchamizni asrasin. Chunki xat ham ovoz kabi so‘z va maqsadni ifoda etishning bir vositasidir. Biroq masalaning tafsili bor. Agar xat ayolga: «ey falonchi, sen taloq qilinding», «ey falonchi, sen taloqsan, seni qo‘ydim» kabi ochiq iboralar bilan yozilgan bo‘lsa, taloq muqarrar tushadi. Taloqni niyat qiladimi, qilmaydimi, xat yetib boradimi, yetib bormaydimi, baribir. Agar faqat «taloq», «qo‘ydim», «ket» kabi maqsadi noaniq lafzlar bilan yozilgan bo‘lsa, taloqni niyat qilgan bo‘lsa, tushadi. Ammo, taloqni niyat qilmagan edim desa, gapi o‘tadi, taloq tushdi, deyilmaydi. U yog‘i Alloh bilan o‘zining orasiga havola qilinadi. Agar «xatim yetib borsa» degan shart qo‘yilgan bo‘lsa, xat yetib borsa, taloq tushadi, aks holda, tushmaydi. Bu masalaning mufassal bayoni fiqh kitoblarimizda bayon qilingan. Qo‘shimcha ma’lumot uchun ularga murojaat qilinishi mumkin.
- Agar bir kishi birovning nomidan uning ayoliga taloq hati yozsa, taloq tushadimi?
Javob: Yo‘q, hech qachon birovning nomidan uning topshirig‘isiz aytilgan so‘z inobatga olinmaydi va o‘sha yolg‘onchi shaxs og‘ir gunohi kabira qilgan bo‘ladi. Shuning uchun ayollar ham bu maslada ehtiyot bo‘lishlari, darhol hukm chiqarmasdan, surishtirib, aniqlab, keyin ish ko‘rishlari talab qilinadi.
- Risolada aytilgan odoblarga, buncha narsaga rioya qilish qiyin-ku? Buni qanday uddalash mumkin? «Din osonlikdir» deyilmaganmi, axir?
Javob: Ha, albatta, Islom osonlikdir. Islom qulaylikdir. Islom yengillikdir. Ammo bu degani har kim o‘z xohishini bajarsin, degani emas. Islom har bir shaxs hamda butun bashariyat baxt-saodati uchun kelgandir. Shuning uchun ham u har bir shaxsning, ham butun bashariyatning manfaatlarini ko‘zlagan, uning hoziri va kelajagi, dunyosi va oxirati uchun saodatni kafolatlagan holda hukm chiqaradi. Islomning ba’zi hukmlari kimgadir bir qaraganda og‘ir tuyulishi mumkin. Ammo uning manfaatini, uning osonligini ertani ko‘rgan kishi tushunadi. Yevropa xalqlarining hozirga kelib Islomga yuz tutayotganlari ana shuning uchundir. Masalan, kimgadir spirtli ichimlikning Islomda harom qilingani og‘ir tuyulishi mumkin. Ammo, u bu ichimlik natijasida sog‘ligini yo‘qotgan paytda, undan nogiron bolalar tug‘ilgan chog‘da, ayolini taloq qilgan, balki, taloqdan keyin ham oilaviy munosabat qilib qo‘yib, benikoh farzand ko‘rgan paytda, ko‘cha-ko‘yda tashlandiq holda qolib ketib, odamlarning orasida xoru sharmanda bo‘lganida, Islomning naqadar osonlik ekanini his qilamiz. Nomahramdan nazarni tiyish dastlab qiyin tuyulishi mumkin. Ammo, buning natijasida kishing o‘z jufti haloliga munosabati yomonlashgan paytda, natijada oilalar parokanda bo‘lgan, bolalar tirik yetim bo‘lib, tarbiyasiz hayotda qolgan, qarindosh-qudalik dushmanlikka aylangan paytda, yoki ayolning iffati toptalgan, u bir mazasini totib ko‘rib tufurib tashlanadigan saqich kabi matohga aylangan, valadi zinolar dunyoga kelib, jamiyat fasodga uchragan, yetimxonalar ota-onasiz go‘daklarga to‘lgan paytda, besh-o‘n yillik fojir hayot o‘tib, ayolning chiroy-chimmati ketib, qarib-qartaygan kampir bo‘lgan, hayovondan ham xorroq qarovsiz holda qolgan chog‘da, OITS kabi tuzalmas kasallar jamiyatni chiritgan, solih farzandalarsiz jamiyat kamayib, nurab borganida, guldek avaylab o‘stirgan qizingizga birov tajovuz qilganida, hech kimga ishonmaganingiz, jufti halolingizga o‘zganing ko‘zi, natijada ko‘ngli tushgan paytda Islomning kimlargadir emas ko‘ringan «ko‘zingni nomahramdan tiy», «ey ayol, o‘zingni nomahram ko‘zdan asra» degan farmoni qanchalar ulkan haqiqat ekani, naqadar yengillik, naqadar oliy hukm ekanini, Islom butun bashariyat uchun cheksiz rahmat ekanini his qilasiz. Endi o‘sha gunohlarni qilgan kishilarning oxirat azobida kuyayotganlarini ko‘rganingizda Islomning qanchalar ulug‘ ne’mat ekanini qay darajada chuqur his etishingizni o‘zingiz o‘ylayvering. Islomning barcha hukmlari ham ana shunday. Alloh taolo har bir ishda hikmat sohibir. U zot aytadi: «Albatta, insonni Biz yaratganmiz va uning nafsi nimani vasvasa qilishini ham bilurmiz. Va Biz unga jon tomiridan ham yaqinmiz».
Xotima
«Kitobda biror narsani tashlab ketmadik», degan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin. «Din nasihatdir», degan Rasuli Akramga salotu salomlar bo‘lsin.
Mana, Alloh taoloning inoyati bilan «Uyali aloqa vositalaridan foydalanish odoblari» bilan ham biroz tanishib chiqdik. Bu kichik bir risolada, albatta, barcha odoblarni qamrab olganmiz, degan da’vodan yiroqmiz. Ammo, eslashga loyiq narsa shuki, muqaddas dinimiz Islom butun bashariyat uchun rahmat ekani, darhaqiqat u so‘nggi haq din ekani, shak-shubhasiz u olamlarning Parvardigori tarafidan yuborilgan ta’limot ekani, hamma zamonlar va makonlarga layoqatli, qiyomatgacha boqiy qolishga munosib yagona ilohiy dastur ekani mana shu mo‘’jaz maqolamizning o‘zidan ham yaqqol namoyon bo‘lib turibdi.
Biz musulmonlar boshqalarga o‘xshab haqni istashda, to‘g‘ri yo‘lni topishda dovdirab yurmaymiz. Yolg‘iz aqlimizga tayanib, bilimimizga baho berib, har bir narsani o‘zimizcha hal qilavermaymiz ham. Chunki bunda adashishimiz turgan gap. Zero, har qanday yetuk aql o‘zi yashagan, unib, o‘sgan muhitidan ta’sirlanishi va o‘sha ta’sirlar asosida shakllanishi muqarrar. Shuningdek, bilim, tajriba, ko‘nikmalar va istak-xohishlar ham har bir shaxsda alohida, ming kishida ming xil bo‘ladi. Bunday aql, tajriba va ko‘nikma, istaklarning o‘zi bilan haqiqatni topish mumkin emas. Chunki unda kimgadir to‘g‘ri bo‘lgan narsa boshqa birov uchun noto‘g‘ri, yana kimgadir ortiqcha tuyulishi aniq. Shuning uchun ham musulmon bo‘lmagan yoki musulmon bo‘lib, Islomga amal qilmagan kishilar haqiqiy insoniy hayot yo‘llarini belgilay olmaydilar. Juda nari borsa quyidagi masalni aks ettiradilar: «E’tiqodga yarasha yashay olmaganlar o‘zlariga yarasha e’tiqod to‘qib oladilar!»
Ammo chin musulmonlar esa, har bir ishlarida Robbilari tarafidan kelgan dinga, olamni ham, insonni ham yo‘qdan bor qilgan Zotning ta’limotlariga ergashadilar. Bu ularning aqllarini ozodlikdan mahrum etmaydi, balki, charxlaydi, to‘g‘ri ishlashga o‘rgatadi. Buning misolini mana shu kichik bir risolada ko‘rib o‘tdik.
Shu bilan birga ta’kidlash lozimki, bu Islomiy odoblarning ayrimlarini hozirda boshqalar ham yaxshi ish ekanini aytmoqdalar. Ular biz «odob» deya aytayotgan narsani «madaniyat» deb yuritadilar. Bu ikki tushuncha bir qarashda bir-biriga yaqin ko‘rinsa-da, mohiyat jihatidan tubdan farq qiladi.
G‘arb madaniyati sohiblarining yoki o‘sha madaniyatni o‘zlariga «dasturul-amal» qilib olgan taqlidchi kishilarning ham ma’lum odoblarga rioya qilayotganini ko‘rasiz. Ammo, oxiratga iymoni bo‘lmagan, dunyo ma’iyshatidan boshqa narsani bilmaydigan moddaparast madaniyatda har bir narsa moddiy o‘lcham bilan o‘lchanadi. Avvalo, ularda halol-harom, hayo-iffat degan narsalar yo‘q. Muomala jihatiga kelsak, ularda bitta tabassum ham «tekin»ga taqdim qilinmaydi. Aksar hollarda o‘sha «tabassum»ning tagida biror yumushni bitirib olish, kimgadir o‘z aytganini qildirish kabi qanaqadir manfaatga xizmat qiluvchi maqsad yotadi, hech bo‘lmaganda chiroyli ko‘rinish ko‘zda tutiladi. Agar eng xolis niyatlisini olib kelsangiz, u o‘zgalarda o‘zi haqida yaxshi tasavvur qoldirishni iroda qilgan bo‘ladi. Kattaroq ish yoki moliyaviy yordamni gapirmasak ham bo‘ladi. Buni Deyl Karnegi kabi ularning mashhur namoyandalarining asarlaridan ham bilib olishingiz mumkin. Ular niyatlariga yarasha qilgan harakatlarining hosilini dunyoda olishlari mumkin, albatta.
Ammo Islomda-chi? Islomda «Birodaringning yuziga tabassum bilan boqishing ham sadaqadir», «Farz amallaridan keyingi eng afzal amal mo‘’min kishining ko‘ngliga xursandichilik kiritishdir», «Kim bir zimmiyga ozor bersa, qiyomat kuni men uning xusumatchisi bo‘laman», (Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlari) «Sizlarning qiyomat kuni menga eng yaqin bo‘ladiningiz axloq-odobi eng go‘zalingizdir», «Ey iymon keltirganlar! Allohdan qo‘rqing va to‘g‘ri so‘zni so‘zlang!» «Odamlarga yuzingni burishtirma, yer yuzida kekkayib ham yurma. Albatta, Alloh hech bir kerik, maqtanchoqni suymas», «Allohning huzurida eng hurmatligingiz eng taqvodoringizdir», va hokazo.
Islomda biror savobli amaldan dunyoviy maqsad ko‘zda tutilsa, unga dunyoda baraka yo‘q, oxiratda savob yo‘q, deb belgilangan. Agar Alloh uchun qilinadigan amalni o‘zgalar uchun qilsa, bu gunohi azim bo‘lishi ta’kidlangan.
Qarang, Islom naqadar musaffo! Islom naqadar samimiy! Islom naqadar buyuk! Islom naqadar oliyjanob! Unga amal qilganlar naqadar baxtli!
Bu misollarni keltirishdan maqsad shuki, siz yuqoridagi odoblarni bajarishda shunchaki madaniyatlilik, bilimdonlik, xushmuomalalikni nazarda tutib qolmang. Balki bu odoblarga amal qilishni «ibodat» deb biling. Ular bilan Allohni rozi qilishni o‘ylang. Ularni birgina so‘z bilan «odob» deb ifoda etganimizni noto‘g‘ri tushunmang. Ularning orasida farzlari bor, vojiblari bor, sunnat, mustahablari bor. Ularni tark qilinganda tarki sunnat bo‘lishi mumkin, makruh ish qilingan bo‘lishi mumkin, harom amal qilingan bo‘lishi mumkin.
Biroq, shunday yuksak va musaffo dinning ba’zi vakillari, ayrim o‘zini musulmon deb, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ummat deb bilganlarning o‘zlarining ana shunday haq va buyuk dinlariga amal qilmasliklari, uni o‘qib, o‘rganib, hayotga tatbiq qilmasliklari ularni jahon xalqlari orasida qoloq sanalishga, natijada dunyo afkor ommasida Islomga nisbatan nohaq tushunchalar shakllanishiga olib kelmoqda. Aslida Islom boshqa narsa, musulmon boshqa narsa. Lekin buni hamma ham anglayvermaydi.
Alloh taolo barchalarimizga o‘zi tavfiq bersin. Bu kamtarona amalni o‘zi qabul etsin. Uni barchalarimiz uchun dunyoda barakali, oxiratda manfaatli qilsin. Amin!
20.05.1432 – 21.04.2011