Hasanayn.uz

Maqolalar

Ro‘yxatga qaytish

Husaynxon Yahyo Abdulmajid

GUNOHNI QACHON SHAYTONGA TOʻNKASH MUMKIN?

O‘zi xato qilganda «shayton yo‘ldan urdi‑da» deb, birov xato qilganda esa «o‘zi bu shunaqa odam‑da», deyish ayni nabaviy axloqning teskarisi, shaytoniy xulqdir.


GUNOHNI QACHON SHAYTONGA TOʻNKASH MUMKIN?

Yusuf alayhissalomning qissasi ibrat va hikmatga to‘la. Go‘zallik timsoli bo‘lgan Yusuf alayhissalomning hayoti hikoyasini Qur’oni Karim «qissalarning go‘zali» deb atagan. Yusuf surasi eng go‘zal suralardan. Qissadagi sanoqsiz hikmatlardan biri sifatida inson gunohni qachon shaytonga to‘nkashi mumkinligiga berilgan ishorani aytish mumkin.

Yusuf alayhissalom Misr Azizi ayolining makriga duchor bo‘lgan paytlari: «Rabbim, menga ular meni chorlayotgan narsadan ko‘ra zindon yaxshiroq. Agar mendan ularning hiylalarini burmasang, ularga og‘ib ketaman va johillardan bo‘lib qolaman!» deya iltijo qilganlar.

Oradan vaqtlar o‘tib, davlat va xalqning Yusuf alayhissalomga ehtiyoji tushadi. Shunda u kishi zindondan chiqishdan oldin avvalo o‘zlariga bo‘lgan tuhmatdan oqlanishlarini shart qiladilar. Misr Azizi ayollarni to‘plab, bo‘lib o‘tgan voqeaning haqiqatini so‘raydi. Shunda ayol Yusuf alayhissalomga tuhmat qilganini tan oladi. Bu iqror va oqlov Yusuf alayhissalomga izhor qilinganda u kishi: «Men nafsimni oqlamayman. Chunki nafs yomonllikka ko‘p undovchidir, illo Rabbim rahm qilganlar mustasno», deydilar.

Vaqti kelib akalari ham u kishiga qilgan zulmlarini tan olishadi va: «Allohga qasamki, Alloh bizdan seni ortiq ko‘rdi, biz aniq xatokor bo‘ldik», deyishadi. Shunda Yusuf alayhissalom: «Bugun sizlarga dashnom yo‘q. Alloh sizlarni mag‘firat qiladi. U rahmlilarning rahmlisidir», deydilar.

Keyin Ya’qub alayhissalom butun ahlu oilasi bilan Yusuf alayhissalomning oldiga keladilar va hammalari u kishiga ta’zim bajo keltiradilar. Shunda Yusuf alayhissalom gapning orasida: «Ey otajon, mana shu oldingi tushimning ta’vilidir. Rabbim uni ro‘yobga chiqardi. U meni zindondan chiqarar va shayton men bilan akalarimning orasini buzgandan keyin sizlarni sahrodan keltirar ekan, menga yaxshilik qildi», deydilar.

E’tibor qilsangiz, Yusuf alayhissalom gap o‘ziga kelganda «Sen saqlamasang, johillardan bo‘laman», deya iltijo qiladilar, boshqalar oqlab turgani holda «men o‘zimni oqlamayman», deydilar. O‘zgalarning xatosiga kelganda esa, ular ayblarini tan olgani holda: «sizlarga dashnom yo‘q. Alloh sizlarni mag‘firat qiladi», «shayton men bilan akalarimning orasini buzganda», deya aybni shaytonga ag‘darib, Allohning rahmatiga umidvorlik bildiradilar, ularni uzrliga chiqarib, xijolatchilikdan qutqaradilar.

Payg‘ambarlarning axloqlari ana shunday bo‘lgan. Sunniy xulq shu. «Xulqlari Qur’on edi», deyilganda ana shunday ma’nolar nazarda tutiladi. Bu mezon buzilganda esa natija aksincha ro‘y beradi. O‘zi xato qilganda «shayton yo‘ldan urdi‑da» deb, birov xato qilganda esa «o‘zi bu shunaqa odam‑da», deyish ayni nabaviy axloqning teskarisi, shaytoniy xulqdir.

Alloh taolo bizlarga ham nabaviy axloq‑odobni nasib qilsin!