Hasanayn.uz

Maqolalar

Ro‘yxatga qaytish

Husaynxon Yahyo Abdulmajid

BIR KECHA KUNDUZDA MINGDAN ORTIQ SUNNAT

Hijriy 1431 sana Robi’ul­avval oyining kirib kelishi munosabati bilan Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom oliygohida uyushtirilgan siyratga, ya’ni «mavlidga» bag‘ishlangan tadbir asnosida Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning kundalik ishlaridagi sunnatlarini o‘rganib, bu boradagi ma’lumotlarni to‘plab, taqdim etish kaminaga topshirilgan edi. Biz ushbu mavzuga bag‘ishlangan qo‘llanmalar orasidan Xolid Hasinanning «Bir kecha kunduzda mingdan ortiq sunnat» nomli kitoblarini tanladik va deyarli u bilan kifoyalandik.


BIR KECHA KUNDUZDA MINGDAN ORTIQ SUNNAT

Kirish

Bismillaahir rohmaanir rohiym

«Batahqiq, sizlar uchun, Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan va Allohni ko‘p zikr qilganlar uchun Rosulullohda go‘zal o‘rnak bor edi», deya marhamat qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin.

Alloh taolo O‘zining azaliy va abadiy Kalomida «...o‘zingizdan bo‘lgan, sizning mashaqqat chekishingiz uning uchun og‘ir bo‘lgan, sizning (saodatga yetishingizga) tashna, mo‘minlarga marhamatli, mehribon payg‘ambar…» deya maqtagan Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga biz – Islom ummatlariga qoldirgan sunnatlari barobarida Allohning salotu, salomi bo‘lsin.

U zot sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarining bizgacha yetib kelishida bor vujudlari bilan xizmat qilgan sahobalar, tobe’inlar, muhaddislar hamda aziz ulamolarimizga Allohning cheksiz rahmatlari bo‘lsin.

Hijriy 1431 sana Robi’ul­avval oyining kirib kelishi munosabati bilan Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom oliygohida uyushtirilgan siyratga, ya’ni «mavlidga» bag‘ishlangan tadbir asnosida Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning kundalik ishlaridagi sunnatlarini o‘rganib, bu boradagi ma’lumotlarni to‘plab, taqdim etish kaminaga topshirilgan edi. Biz ushbu mavzuga bag‘ishlangan qo‘llanmalar orasidan Xolid Hasinanning «Bir kecha kunduzda mingdan ortiq sunnat» nomli kitoblarini tanladik va deyarli u bilan kifoyalandik. Risolani tarjima qilish jarayonida unga ba’zi o‘zgartirishlar ham kiritildi. Jumladan, turli mazhablarda turlicha ixtiyor qilingan sunnatlar tarjima qilinayotgan til egalari, ya’ni o‘zbek xalqining amaldagi ergashgan mazhabi bo‘lmish Imom A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhning mazhablari ­ Hanafiya mazhabiga muvofiq bayon qilindi. Bunda Shaqiqurrohman Nadaviyning «Imom A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhning mazhablari asosida muyassar (qisqa, qulay) fiqh» kitoblaridan ham foydalandik. Shuningdek, ayrim mavzularda boshqa ba’zi sunnatlarni ham qo‘shimcha qildik. Ushbu qo‘shimchalarni mazkur risolaning asl matnidan xabardor kishilar ajratishlari mumkin.

Alloh subhanahu va taolo ushbu kamtarona amalni o‘z dargohida qabul etib, bu dunyoda barakotli, oxiratim uchun zaxira bo‘lishini nasib qilsin. Avvalo o‘zimni, qolaversa, risolani mutolaa qilgan barcha azizlarimizni Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari asosida hayot kechirishga muavaffaq aylasin. Omin!

Husaynxon Yahyo Abdulmajid Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom oliygohi «Tahfizul­-Qur’on» kafedrasi 3-­bosqich talabasi. 1431 23 Rabi’ul-­avval.

Rahmli va mag‘firatli, karamli va qahrli, qalblar va ko‘zlarni idora etib turuvchi, maxfiyu oshkorni biluvchi Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin. Men U Zotga ertayu kech bardavom hamd aytaman. Guvohlik beramanki, Allohdan o‘zga iloh yo‘q, U yagona, Uning sherigi yo‘qdir. Shunday guvohlik beramanki, u guvohlik do‘zax azobidan najot bergay. Guvohlik beramanki, Muhammad sollallohu alayhi vasallam Uning tanlangan payg‘ambaridir. U zotga hamda U zotning har qanday ta’zim va ulug‘lashlarga munosib bo‘lgan ahlu ayollari va sahobalariga toki tunu kun bor ekan, Allohning doimiy salotu salomlari bo‘lsin.

Albatta, musulmon kishining kundalik hayotida eng ko‘p ahamiyat beradigan narsasi Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ertayu kech amal qilmoqdir. Zunnun Misriy rahimahulloh aytadilar:

«Alloh taologa bo‘lgan muhabbatning alomati Uning Habibi solllallohu alayhi vasallamga axloqlarida-yu ishlarida, buyruqlari-yu sunnatlarida ergashishdir. Alloh taolo aytadi: «(Ey Muhammad) «Agar Allohni yaxshi ko‘rsalaringiz, menga ergashinglar, Alloh sizlarni yaxshi ko‘radi hamda gunohlaringizni kechiradi. Alloh mag‘firatli, rahmlidir», deb ayt». Hasan Basriy aytadilar:

«Insonlarning Allohga bo‘lgan muhabbatlarining alomati Rosulining sunnatiga ergashish bo‘ldi». Musulmon kishining Alloh taoloning nazdidagi martabasi Uning Payg‘ambariga ergashishi bilan o‘lchanadi. U sunnatni qanchalik ko‘p tatbiq etsa, Alloh taoloning nazdida shunchalik oliymaqom va mukarram bo‘ladi. Shu boisdan ham men musulmonlarning kundalik hayotida, ibodatlari-yu istirohatlarida, yeyish­ichishlarida, odamlar bilan muomalalarida, qo‘shnichilik aloqalarida, boringki, barcha harakat va sakanotlarida Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini ihyo qilishni yo‘lga qo‘yish maqsadida ushbu mo‘’jazgina risolani tuzdim.

Agar insof bilan o‘ylab ko‘rilsa, birortamizning ozgina moddiy mablag‘imiz yo‘qolib qolsa, qanchalar g‘am­tashvishga tushamiz, uni jon­jahdimiz bilan izlab, topishga harak’at qilamiz. Ammo hayotimizdan qanchadan­qancha sunnatlar tushib qolayotganiga, ta’bir joiz bo‘lsa, yo‘qolib borayotganiga o‘shanchalik tashvish chekamizmi? Ularni hayotimizga tatbiq etishga tirishamizmi?

Biz - musulmonlarning asosiy musibatimiz shundan iboratki, biz sunnatdan ko‘ra mol­dunyoni ko‘proq ulug‘laydigan bo‘lib qolganmiz. Faraz qilaylik, agar «Kim bir sunnatga amal qilsa, unga mana shuncha mablag‘ beriladi», deyilsa, odamlarning ertayu kech har qanday holatda sunnatga amal qilayotganlarini ko‘rar edik. Koshkiydi, ana shunday va’da evaziga amal qilingan sunnat ketidan erishilgan mol­mulk qabrga qo‘yilib, ustimizga tuproq tortilgandan so‘ng biror foyda bersa. «Balki sizlar hayoti dunyoni ortiq ko‘rasizlar. Vaholanki oxirat yaxshiroq va boqiyroqdir». (A’lo surasi, 16­17-oyatlar)

Bu risolamizdagi «sunnatlar» da har kuni takrorlanadigan, har birimiz qila oladigan, qilgan kishi ajr olib, qilmagan kishi iqobga qolmaydigan sunnatlar nazarda tutilgan. Agar qay bir shaxs bir kunlik faoliyati davomida astoydil amal qilsa, mingdan kam bo‘lmagan sunnatni hayotga tatbiq etishi mumkin ekanligiga kamina amin bo‘ldim. Ushbu risola ana shu mingdan ortiq sunnatni amalda ijro etish uchun qulay bir qo‘llanma, xolos. Qay bir mo‘min kishi kun davomida va tun bo‘yi mazkur sunnatlarga amal qilishga urinsa, u bir oyda o‘ttiz ming sunnatni ihyo qilgan bo‘ladi! Endi ushbu sunnatlardan bexabar bo‘lgan yoki bilsa ham, amal qilmayotgan kishilarning hayotlari mobaynida qanchadan­qancha savob va darajalardan mahrum bo‘lib qolayotganlarini hisoblab ko‘ravering. Mana shu haqiqiy, tom ma’nodagi «mahrumlik» dir.

Sunnatni mahkam ushlashda bir necha foydalar bor. Jumladan:

  • Alloh taoloning muhabbatiga sazovor bo‘lish.
  • Barzlardagi kamchiliklarning o‘rnini to‘ldirish.
  • Bid’atga berilib ketishdan saqlanish.
  • Alloh taoloning shiorlari, shariatini ulug‘lash.

Ey Islom ummati! Rosulingiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini hayotingizga tatbiq eting! Ushbu sunnatlarni tiriltirishga sizdan boshqa kim bor?! Sizlarga haqiqiy hayotni baxsh etadigan ana shu sunnatlardan o‘zga nima bor?! Bu ish sizlarning Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatingizning dalili, U zotga ergashishingizning alomatidir!

Xolid al-­Hasinan

Uyqudan uyg‘onishdagi sunnatlar

1. Uyqu dangasaligi va uning asoratini qo‘l bilan yuzdan aritish.

Imom Navaviy va ibn Hajar rohimahumullohlar buning sunnat ekanligiga quyidagi hadisni keltirganlar: «Rosululloh sollallohu alayhi vasallam uyg‘onib, o‘tirdilar va yuzlarini ishqalab, uyquni aritdilar». Imom Muslim rivoyati.

2. Duo.

U quyidagicha: «Bizlarga ruhimizni olganidan keyin qayta hayot baxsh etgan Allohga hamdlar bo‘lsin. Qayta tirilib borish u tomongadir». Buxoriy rivoyati.

3. Misvok tutish.

«Rosululloh sollallohu alayhi vasallam tunda uyqudan turganlarida og‘izlarini misvok bilan tozalar edilar». Muttafaqun alayh.

4. Burun qoqish.

U Zot sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Sizlardan birortangiz uyqudan tursa, burnini uch marta qoqib tashlasin, zero shayton uning dimog‘i tunagan bo‘ladi». Muttafaqun alayh.

5. Qo‘llarni uch marta yuvish.

U Zot sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Sizlardan birortangiz uyqudan tursa, idishga solmasdan, kaft qo‘llarini uch marta yuvsin». Muttafaqun alayh.

Hojatxonaga kirib chiqishdagi sunnatlar

1. Kirishdan oldin ushbu duoni o‘qish:

اللهُمَّ إِنِّي أَعُوذُ بِكَ مِنَ الْخُبُثِ وَالْخَبَائِثِ

«Ey Alloh, men Sendan er va ayol nopok jinlarning yomonligidan panoh so‘rayman».

2. Chap oyoq bilan kirish. 3. Qiblaga chap yonni qilib o‘tirish. 4. Chap yonga bosib o‘tirish. 5. Poklanish vositasini toq ishlatish. 6. Istibro va istinjoda chap qo‘lni ishlatish. 7. O‘ng oyoq bilan chiqish. 8. Chiqqach, غفرانك. «Allohim, mag‘firatingni so‘rayman», deyish.

Nasaiydan boshqa barcha sunan egalari chiqarganlar.

Quyidagi hamd qalimalari ham, zaif sanad bilan bo‘lsa­da, ba’zi hadislarda kelgan:

الحَمْدُ لِلَّهِ الَّذي أذْهَبَ عَنِّي الأذَى وَعافانِي

«Mendan aziyatni ketkazgan, menga ofiyat bergan Allohga hamdlar bo‘lsin». Ibn Moja.

الحَمْدُ لِلَّه الَّذي أذَاقَنِي لَذَّتَهُ، وأبْقَى فِيَّ قُوَّتَهُ، وَدَفَعَ عَنِّي أَذَاهُ

«Menga taomning lazzatini tottirgan, quvvatini qoldirib, aziyatini mendan ketkazgan Alloh taologa hamdlar bo‘lsin». Ibn Sinniy va Tobaroniylar rivoyat qilganlar.

Inson hojatxonaga bir kunda bir necha marta kirib chiqadi. Agar har safar kirib­chiqqqanida mazkur sunnatlarni ado qilsa, bir kunning o‘zida bir necha sunnatni o‘z hayotiga tatbiq etgan bo‘ladi.

Er va ayol nopok jinlarning yomonligidan panoh so‘ralishi ularning makonlari nopok joylar bo‘lganligi sabablidir.

Agar bir kunda o‘rtacha hisobda uch marta hojatga borilsa, ushbu sunnatlar uch marta takrorlanadi, natijada bir kunda 32 marta sunnat amalga oshirilgan bo‘ladi. Boshqa sunnatlar ham shunday hisob qilinsa, katta natija hosil bo‘ladi, inshoalloh.

Tahoratning sunnatlari

1. Tahoratni niyat qilish. 2. Basmala. 3. Tahoratning avvalida qo‘llarning kaft qismini uch marta yuvish. 4. Mazmaza   og‘izni uch marta chayish. 5. Og‘izni misvok bilan tozalash: «Ummatimga mashaqqat tug‘dirib qo‘ymaganimda, ularni har tahorat qilishda misvok ishlatishga buyurgan bo‘lar edim». Ahmad va Nasaiylar rivoyat qilgan. Misvok topilmasa, o‘rniga barmoqlarni ishlatish ham sunnat.

6. Istinshoq - burunni uch marta chayish.

«(Nabiy sollallohu alayhi vasallam) ikki qo‘llarini uch marta yuvdilar, og‘izlarini chaydilar, burunlariga suv olib qoqdilar, so‘ng yuzlarini uch marta yuvdilar». Muttafaqun alayh.

7. Ro‘za bo‘lmagan holida mazmaza va istinshoqni yetuk ado qilish.

«Ro‘zador bo‘lmasang, mazmaza va istinshoqda mubolag‘a qilgin». To‘rtovlari chiqargan.

Mazmazada mubolag‘a qilish, deganda suvni og‘izning barcha joylariga to‘liq yetkazish tushuniladi. Istinshoqda mubolag‘a qilish esa burunning ichiga suvni yaxshilab tortishni anglatadi.

8. Soqoli qalin bo‘lsa, ostidan, orqasidan hilol qilish, ya’ni barmoqlarni soqolga oralatish.

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam tahoratlarida soqollarini hilol qilar edilar». Imom Termiziy rivoyati.

9. Boshning hammasiga mash tortish. 10. Mash tortishda boshning old tomonidan, peshona tarafdan boshlash. 11. Bo‘yinga mash tortish. (Bo‘g‘izga (tomoqqa) mash tortish bid’atdir.) 12. Quloqlarning ichki va tashqi taraflariga mash tortish.

Mashning sifati: Jimjiloqdan boshlab uchta barmoq bilan peshonadan bo‘yin tarafga tortiladi. So‘ng kaftning ichki tomoni bilan boshning ikki yoniga orqadan oldi tarafga, ko‘rsatgich va bosh barmoqlar bilan quloqlarning ichki va tashqi taraflariga, kaftning orqa tarafi bilan bo‘yinga mash tortiladi. «Rosululloh sollallohu alayhi vasallam boshlariga oldi orqaga qilib mash tortdilar». Muttafaqun alayh.

13. Qo‘l va oyoq barmoqlarini hilol qilish.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Tahoratni maromiga yetkaz, barmoqlarni hilol qil». To‘rtovlari chiqarganlar.

14. Tahorat amallarini o‘ng tarafdan boshlash.

«Rosululloh sollallohu alayhi vasallam poyabzal kiyishda, tahoratlarida,... o‘ngdan boshlashni yaxshi ko‘rar edilar». Muttafaqun alayh.

15. Bir marta yuvish farz bo‘lgan a’zolar - yuz, oyoq va qo‘llarni uch martadan yuvish. 16. A’zolarni ketma-ket yuvish. 17. Tahoratda yuviladigan a’zolarni sunnatdagi tartibda yuvish. 18. A’zolarni suv bilan yoki keyin qo‘l bilan ishqalash. 19. Qo‘l-oyoqlarning farz qilingan miqdordan ko‘proq joyini qo‘shib yuvish.

«Abu Hurayra roziyallohu anhu tahorat qilganlarida qo‘llarini yuqori bilaklarigacha, oyoqlarini boldirlarigacha yuvdilar va: «Men Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning mana shunday tahorat qilganlarini ko‘rganman», dedilar». Muslim rivoyati.

20. Tahoratni maromiga yetkazib qilish.

Bu har bir a’zoning yuvish va mashdagi haqqini mukammal ado etish, amallarni to‘la bajarish bilan bo‘ladi.

Tahoratga taalluqli sunnatlar

1. Badandan tushayotgan tahorat suvini ust­boshiga sachratmaslik. 2. Qiblaga yuzlangan holda tahorat qilish. 3. Iloji boricha tahorat uchun o‘zgalarning yordamidan foydalanmaslik. 4. Gapirmaslik. 5. Har bir a’zoni yuvishda «bismillah» ni aytish. 6. Quloqqa mash tortish asnosida ho‘l jimjiloqni quloqlarning ichiga suqib qo‘yish. 7. Ostiga suv bemalol yetadigan keng uzukni ham aylantirib qo‘yish.

(Agar uzuk tor bo‘lsa, ostiga suv yetishi uchun uni aylantirib qo‘yish farz bo‘ladi.)

8. Og‘iz va burunga suvni o‘ng qo‘lda olish. 9. Burunni qoqishda chap qo‘lni ishlatish. 10. Tahoratni namoz vaqti kirishidan oldin qilish. 11. Suvni tejash. 

«Rosululloh sollallohu alayhi vasallam bir mud (chorak so‘) suvda tahorat qilar edilar». Muttafaqun alayh.

12. Tahoratni ado etib bo‘lgach,shahodat kalimalarini aytish:

أشْهَدُ أَنْ لا إلهَ إِلاَّ اللَّهُ وَحْدَهُ لا شَرِيكَ لَهُ، وأشْهَدُ أَنَّ مُحَمَّداً عَبْدُهُ وَرَسُولُهُ.

«Guvohlik beramanki, Allohdan o‘zga iloh yo‘q, U yolg‘izdir. Uning sherigi yo‘q. Guvohlik beramanki, Muhammad sollallohu alayhi vasallam Uning bandasi va elchisidir».

Samarasi: «Unga sakkiz jannatning eshiklari ochiladi, u xohlaganidan kiradi». Imom Muslim rivoyati.

Imom Termiziy rivoyatida quyidagi duo ham qo‘shilgan:

للهم اجعلني من التوابين واجعلني من المتطهرين.

«Allohim, meni tavba qilguvchilardan va poklanuvchilardan qilgin».

13. Imkon bo‘lsa, tahoratni o‘z uyida qilish.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Kimki uyida tahorat qilsa, so‘ngra Allohning uylaridan biriga Allohning farzlaridan birini ado etish uchun yurib borsa, uning har ikki qadamining biri undan bir xatoni o‘chiradi, boshqasi uni bir daraja ko‘taradi». Muslim rivoyati.

14. Tahoratdan so‘ng ikki rak’at namoz o‘qish.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Kimki mana shu tahoratimdek tahorat qilsa, so‘ng ikki rak’at namoz o‘qisa, ikki rak’atida o‘zi bilan gaplashmasa, uning oldingi gunohlari kechiriladi». Buxoriy va Muslim rivoyati.

Muslim Uqba ibn Omirdan rivoyat qilgan hadisda: «Unga jannat vojib bo‘lajak», deyilgan.

Musulmon kishi bir kecha-kunduzda bir necha marta - ba’zilar besh, ba’zilar choshgoh, tahajjud va boshqa nafl namozlar sababli undan ham ko‘p marta tahorat qiladi. U har safargi tahoratida mazkur sunnatlarni takror-takror ado etar ekan, bunda sunnatni ihyo qilishni niyat qilsa, buyuk ajrlarga ega bo‘ladi.

Tahoratda ushbu sunnatlarni barpo etishning samarasi: «Kimki tahorat qilsa, tahoratni go‘zal qilsa, vujudidan, hatto tirnoqlarining ostidan xatolari to‘kilib ketadi». Muslim rivoyati.

«Sizlardan qay biringiz tahorat qilsa, tahoratni chiroyli ado etsa, so‘ng turib, qalbi va yuzi (ya’ni butun vujudi) bilan Allohga yuzlangan holda ikki rak’at namoz o‘qisa, unga jannat vojib bo‘ladi, gunohlari mag‘firat qilinadi». Muslim rivoyati.

Imom Navaviy aytadilar: «Ushbu martaba insonda shaytoniy xayollardan tiyishga tirishganligi, namoziga qattiq rioya qilganligi, jiddu jahd bilan qalbini Allohga xoli qilib, hatto ko‘z yumib-ochguncha miqdorda ham chalg‘imaganligi, shaytondan xalos bo‘lganligi boisidan hosil bo‘ladi».

Tahorat qilish mustahab bo‘lgan o‘rinlar

  1. Tahorat bilan yotish uchun.
  2. Uyqudan turganda.
  3. Doimiy tahoratda yurish uchun.
  4. Tahorat ustiga qurbat uchun.
  5. G‘iybat, chaqimchilik, yolg‘on va boshqa har qanday gunohdan so‘ng.
  6. Xayrli bo‘lmagan she’r aytgandan so‘ng.
  7. Qahqaha urib kulgandan so‘ng (Ammo namozda qahqaha urib kulsa, farz bo‘ladi.)
  8. Har bir namoz vaqti uchun.
  9. Janobatdan qilingan g‘usldan oldin.
  10. Junub kishiga yeb­ichish yoki dam olish oldidan.
  11. G‘azab kelganda.
  12. Qur’onni yoddan o‘qish uchun.
  13. Hadis o‘qish yoki rivoyat qilish uchun.
  14. Shar’iy ilm darslarida.
  15. Mayyitni yuvish uchun.
  16. Mayyitni ko‘tarish uchun.

Misvok sunnati

Musulmon kishining kundalik hayotida misvok tutishi sunnat bo‘lgan bir necha o‘rinlar bor. Masalan:

1. Besh mahal namoz oldidan.

2. Ishroq, choshgoh, tahajjud va boshqa namozlar oldidan.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Agar ummatimni mashaqqatga solib qo‘maganimda, ularni har bir namoz oldidan misvok tutishga byurgan bo‘lar edim». Buxoriy va Muslim rivoyati.

3. Uyga kirganda.

Imom Muslimning sahihida Oisha onamiz roziyallohu anhadan rivoyat qilingan hadisda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam uyga kirganlarida birinchi bo‘lib og‘izlarini misvoklashlari naql qilingan.

4. Qur’on qiroati oldidan.

5. Uyqudan turganda.

6. Og‘izning hidi o‘zgarganda.

«Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Misvok og‘izni tozalaguvchi, Parvardigorni rozi qiluchidir». Imom Ahmad rivoyat qilgan.

Ushbu sunnatni tatbiq etishdagi foydalar:

  • Alloh taolo bandasidan rozi bo‘ladi.
  • Og‘iz pok va sog‘lom bo‘ladi.

Zamonaviy tibbiyot ham misvokning tish va milk uchun foydali bo‘lgan ko‘plab moddalarga ega ekanligini kashf qilgan. Jumladan, uning tarkibida bakteriyalarga qarshi moddalar, umumiy tozalovchi (dezinfeksiya qiluvchi) moddalar, tishni oqartiruvchi modalar, og‘izni xushbo‘ylantiruvchi moddalar mavjud ekan.

Ziynatlanish

1. Xushbo‘y surish.

2. Xushbo‘yni boshning ikki yoniga toq surish.

3. Sochlarni tarash.

Poyabzal kiyishdagi sunnatlar

1. Kiyishni o‘ng oyoqdan, yechishni chap oyoqdan boshlash.

2. Kiyganda har ikki poyni kiyish.

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Sizlardan birortangiz poyabzal kiysa, o‘ngdan boshlasin, yechganda chapdan boshlasin. Kiyganda har ikkisini kiysin, yechganda har ikkisini yechsin». Muslim rivoyati.

Musulmon kishi bir kecha-kunduzda uyga, hammomga, masjidga va boshqa joylarga kirib-chiqishi natijasida bir necha bor oyoq kiyimini kiyib, yechishiga to‘g‘ri keladi. Agar u har safar mazkur odoblarga rioya qilsa va qalbida sunnatga amal qilishni niyat qilsa, bir kunda shu amalning o‘zidan ham bir necha sunnatni ihyo qilgan, natijada ulug‘ ajrlarni qo‘lga kiritgan bo‘ladi.

Libos kiyishdagi sunnatlar

Insonlarning kundalik hayotida eng ko‘p uchraydigan ishlaridan biri yuvinish, dam olish, ko‘chaga chiqish bahonalari bilan kiyim almashtirishidir. Bunda quyidagi sunnatlarga rioya qilish lozim:

1. Kiyimni kiyishda «Bismillah» (Allohning nomi bilan) deyish.

Imom Navaviy: «Bismillah» ni aytish har bir xayrli ishda mustahabdir», deganlar.

2. Libosni kiyishda o‘ng tarafidan boshlash.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deydilar: «Agar kiyinsangiz, o‘ngdan boshlang». Termiziy, Abu Dovud, ibn Mojalar rivoyati.

3. Libosni kiyganda quyidagi duoni qilish:

الْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي كَسَانِي هَذَا وَرَزَقَنِيهِ مِنْ غَيْرِ حَوْلٍ مِنِّي وَلا قُوَّةٍ.

«Menga ushbu libosni (libos nomi aytiladi, masalan: shim, do‘ppi, va hokazo) mening tarafimdan hech qanday kuch-qudratsiz kiydirgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin».

4. Kiyimni yechishda chap tarafdan boshlash.

5. Yechganda ham «Bismillah» ni aytib yechish.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Odam bolalarining avrati bilan jinlarning ko‘zlari o‘rtasidagi parda kiyimni yechganda «Bismillah» deyishdir». Tobaroniy rivoyat qilgan.

6. Yangi libos kiyganda duo qilish.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam ishton, ko‘ylak, rido yoki salla kiysalar, quyidagi duoni o‘qir edilar:

اللَّهُمَّ لَكَ الْحَمْدُ، أَنْتَ كَسَوْتَنِيهِ، أَسْأَلُكَ مِنْ خَيْرِهِ وَخَيْرِ مَا صُنِعَ لَهُ، وَأَعُوذُ بِكَ مِنْ شَرِّهِ وَشَرِّ مَا صُنِعَ لَهُ.

«Ey Allohim, men sendan ushbu libosdagi (libosning nomi aytiladi) yaxshilikni va unga bog‘liq yaxshilikni so‘rayman. Men sendan undagi yomonlikdan va unga bog‘liq yomonlikdan panoh so‘rayman». Abu Dovud, Termiziy, Ahmadlar rivoyati. Ibn Hibbon va Hokimlar sahih, deganlar.

Ahlu farzandlarimiz bo‘lsin, do‘stu oshnolarimiz bo‘lsin, yangi libos kiygan kishini ko‘rganda uning haqqiga duo qilish ham sunnat: «(Ilohim) Yangi­yangi kiyining, baxtiyor hayot kechiring, shahodat bilan vafot eting». Termiziy rivoyati.

«Kiyib, eskirtiravering, Alloh o‘rniga beraversin». Abu Dovud rivoyati.

Uyga kirishdagi sunnatlar

Imom Navaviy aytadilar: «Uyga kirishda quyidagilar sunnat:

1. «Bismillah» deyish.

2. Allohni zikr qilish.

3. Salom berish».

Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Qachonki kishi uyiga kirsa, kirishida ham, taomi ustida ham Allohni zikr qilsa, shayton (sheriklariga): «Sizlarga o‘rin ham yo‘q, ovqat ham yo‘q», deydi. Agar kirganida Allohni zikr qilmasa, shayton: «Joylaringizni topdingiz», deydi. Taomi ustida ham Allohni zikr qilmasa, shayton: **«Joyingizni ham, taomingizni ham topdingiz», deydi». ** Buxoriy rivoyati.

4. Kirish duosini aytish:

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Kishi uyiga kirganda: اللَّهُمَّ إِنِّي أسْأَلُكَ خَيْرَ المَوْلَجِ وخَيْرَ المَخْرَجِ، باسْمِ الله وَلَجْنا وباسْمِ الله خَرَجْنا، وعلى الله رَبِّنا تَوَكَّلْنا. «Allohim! Men sendan yaxshi kirish va yaxshi chiqishni so‘rayman. Allohning nomi bilan kirdik, Allohning nomi bilan chiqdik. Robbimiz Allohga tavakkal qildik», desin va ahliga salom bersin». Abu Dovud rivoyati.

Bu duo bandaga kirishidayu chiqishida Allohga tavakkal qilishni, doimo Allohga bog‘lanib turishni eslatadi.

Salom berishga Alloh taolo amr qilgandir: «Qachonki uylarga kirsangiz, o‘zlaringizga Allohning huzuridan bo‘lgan pok va muborak salom yo‘llang».

5. Og‘izni misvoklash.

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam uyga kirganlarida birinchi bo‘lib misvok tutar edilar». Muslim rivoyati.

Uydan chiqish duosi

1. Ummu Salama roziyallohu anha aytadilar:

«Rosululloh sollallohu alayhi vasallam mening uyimdan tongda chiqar ekanlar, nigohlarini osmonga qaratib, quyidagi duoni qilar edilar:

اللهُمَ إني أعُوذُ بِكَ أن أَضلَّ أوْ أُضَلَّ أَوْ أزلَّ، أو أُزلَّ، أوْ أظلِم أوْ أُظْلَم، أوْ أَجْهَلَ أوْ يُجْهَلَ عَلَيَّ."

«Allohim! Men Sendan adashishdan va adashtirishdan, toyilishdan va toydirishdan, zulm qilishdan va zulmga qolishdan, johillik qilishdan va johillikka yo‘liqishdan panoh so‘rayman». Tobaroniy rivoyati.

2. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar:

«Kishi uyidan chiqqan paytida:

بِسمِ اللهِ، تَوَكَّلْتُ عَلَى اللهِ، وَلا حَولَ وَلا قُوَّةَ إلاَّ باللهِ.

«Allohning nomi bilan. Allohga tavakkal qildim. O‘zgartirish ham, quvvat ham faqat Alloh ila bo‘lur», desa, o‘sha paytda unga «Hidoyat qilinding, kifoya qilinding, himoya qilinding», deyiladi. Shayton undan chetlanadi. Boshqa bir shayton unga (birinchi shaytonga): «Hidoyat qilingan, kifoya qilingan, himoya qilingan kishiga holing ne», deydi». Abu Dovud.

Agar inson bir kunda besh vaqt namozni masjidda o‘qisa, har kirib chiqishida ushbu sunnatlarga amal qilsa, shuning o‘zida u bir kunda o‘ttiz beshta sunnatga amal qilgan bo‘ladi va buyuk ajrlarga erishadi.

Ushbu sunnatning tatbig‘idagi foydalar:

  • Bandaga uning har bir dunyoviy va uxraviy ishida Alloh taolo kifoya qiladi.
  • Insu jindan bo‘ladigan har qanday ko‘ngilsizliklardan himoyada bo‘ladi.
  • Dunyoviy va uxraviy ishlarida hidoyatda bo‘ladi, adashmaydi.

Masjidga borishdagi sunnatlar

1.    Namozga erta borish.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Odamlar azonda va birinchi safda nima borligini bilganlarida edi, unga faqat qur’a tashlash bilan erishishdan boshqa iloj bo‘lmasa, albatta qur’a tashlar edilar. Tahjirda nima borligini bilganlarida, unda kimo‘zar qilar edilar. Xufton va Bomdod namozlarida nima borligini bilganlarida, emaklab bo‘lsa ham kelgan bo‘lar edilar». Buxoriy rivoyati.

Imom Navaviy: «Tahjir - namozga erta kelib turishdir», deganlar.

2. Masjidga borish duosini o‘qish:

اللَّهُمَّ اجْعَلْ في قَلْبِي نُوراً، وفي لِسانِي نُوراً، وَاجْعَلْ في سَمْعِي نُوراً، وَاجْعَلْ في بَصَري نُوراً، وَاجْعَلْ مِنْ خَلْفِي نُوراً، وَمِنْ أمامي نُوراً، وَاجْعَلْ مِنْ فَوْقي نُوراً وَمِنْ تَحْتِي نُوراً، اللَّهُمَّ أعْطِني نُوراً.

«Allohim! Qalbimda nur qilgin, tilimda nur qilgin, qulog‘imda nur qilgin, ko‘zimda nur qilgin, oldimdan nur qilgin, ortimdan nur qilgin, ustimdan nur qilgin, ostimdan nur qilgin. Allohim, menga nur ato etgin». Muslim rivoyati.

3. Sakinat va viqor bilan yurish.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Iqomatni eshitsangiz, namozga sakinat va viqor bilan yurib kelinglar». Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Sakinat - ohista, xotirjam harak’at qilish, behuda narsalardan tiyilish.

Viqor - ko‘zni tiyish, ovozni ko‘tarmaslik, har tarafga alanglamaslik.

4. Masjidga piyoda borish.

Faqihlar masjidga borishda shoshmsdan, qadamni yaqin-yaqin bosib borishning sunnat ekanligini aytganlar. Toki yurib boruvchining savobi yanada ko‘p bo‘lsin. Bunga quyidagi hadisni dalil qilib keltirganlar:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Sizlarni Alloh u bilan xatolarni o‘chiradigan, darajotlarni ko‘taradigan narsaga dalolat qilmayinmi?». (Sahobalar): «Bo‘lmasam-chi, ayting, yo Rosululloh», dedilar. Rosululloh aytilganlarning orasida «masjid sari qadamni ko‘paytirish»ni sanadilar». Muslim rivoyati.

5. Masjidga kirishda Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga salovat aytish.

6. Duo o‘qish:

اللَّهُمَّ افْتَحْ لِي أَبْوَابَ رَحْمَتِكَ.

«Allohim! Menga rahmating eshiklarini ochgin». «Sizlardan birortangiz masjidga kirsa, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga salom yo‘llasin va «Allohim! Menga rahmating eshiklarini ochgin», desin». Imom Nasaiy, ibn Moja, ibn Xuzayma, ibn Hibbonlar rivoyat qilganlar.

7. O‘ng oyoq bilan kirish.

8. Birinchi safga harak’at qilish.

Yuqorida keltirilgan hadisga binoan: «Odamlar azonda va birinchi safda nima borligini bilganlarida edi, unga faqat qur’a tashlash bilan erishishdan boshqa iloj yo‘q bo‘lsa, albatta qur’a tashlar edilar».

Albatta, bunda o‘zgalarga ozor bermaslik shart qilinadi.

9. «Tahiyyatul masjid» namozini o‘qish:

(masjidga salom berish namozini o‘qish)

«Sizlardan birortangiz masjidga kirsa, ikki rak’at namoz o‘qimasdan o‘tirmasin». Muttafaqun alayh.

Hofiz ibn Hajar aytadi: «Fatvo ahli tahiyyati masjid sunnat ekanligiga ittifoq qilganlar».

Agar o‘tirib olganidan keyin yodiga tushsa, o‘sha zahoti turib, o‘qib olsa ham bo‘ladi. Ammo makruh vaqtlar mustasno.

10. Masjidda chiqishda duo qilish:

«Qachonki chiqsa,

اللَّهُمَّ إني أسألُكَ مِنْ فَضْلِكَ.

«Allohim, fazlingdan so‘rayman», desin». Muslim rivoyati.

11. Imom Nasaiyning rivoyatida «Chiqishda ham Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga salovat aytadi», deyilgan.

12. Chiqishda chap oyoq bilan chiqish.

Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: «Masjidga kirganingda avval o‘ng oyoqni, chiqqaningda avval chap oyoqni bosishing sunnatdandir».

Imom Hokim chiqargan va «Muslimning shartiga ko‘ra sahihdir», degan. Zahabiy unga qo‘shilgan.

Ushbu sunnatlar amal qilishga harak’at qilgan musulmon uchun besh mahal takrorlanishi bilan bir kunda ellik martadan ortiq sunnatga amal qilish imkonini beradi.

Azon sunnatlari

Ibn Qayyim rahimahulloh o‘zining «Zodul-ma’od» kitobida azonni eshitgan kishi uchun beshta sunnatni zikr qilgan:

1. «Azon eshitgan kishi muazzin aytgan kalimalarni qaytaradi. Faqat «Hayya ’alas solah» va «Hayya ’alal falah» deganda «La havla va la quvvata illa billah», deydi. Buxoriy va Muslim rivoyati.

Samarasi:

Imom Muslimning «Sahih» ida zikr qilinganidek, bandaga jannatni vojib qiladi.

2. Azon tamom bo‘lgach:

وَأَنَا أَشْهَدُ أَنْ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَحْدَهُ لاَ شَرِيكَ لَهُ وَأَشْهَدُ أَنَّ مُحَمَّدًا عَبْدُهُ وَرَسُولُهُ رَضِيتُ بِاللَّهِ رَبًّا وَبِمُحَمَّدٍ رَسُولاً وَبِالإِسْلاَمِ دِينًا.

«Men ham guvohlik beramanki, Allohdan o‘zga iloh yo‘q. Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) Allohning rosulidir. Allohni Robb deb, Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)ni payg‘ambar deb, Islomni diyn deb rozi bo‘ldim». Muslim rivoyati.

Samarasi:

Mazkur hadisda aytilganidek, bandaning gunohi mag‘firat qilinadi.

3. Muazzinga javob aytib bo‘lgach, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga salovat aytish.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Qachonki muazzinning ovozini eshitsangiz, uning aytganlarini qaytaring, so‘ngra menga salovat ayting. Zero, kim menga bir salovat aytsa, Alloh unga o‘n marta salovat yo‘llaydi». Muslim rivoyati.

Samarasi:

Alloh taolo bandaga o‘n marta salovat yo‘llaydi.

Eng mukammal salovat «ibrohimiyya» salovatidir, undan mukammal salovat yo‘q.

Alloh taoloning Payg‘ambarga salovat yo‘llashi U zotni muqarrab farishtalarga maqtashi, bandaga salovat yo‘llashi unga rahmat nazari bilan boqishidir.

4. Salovatdan so‘ng quyidagi duoni o‘qish:

اللَّهُمَّ رَبِّ هَذهِ الدَّعْوَةِ التَّامَّةِ وَالصَّلاةِ القائِمةِ، آتِ مُحَمَّداً الوَسِيلَةَ والفَضِيلَةَ، وابْعَثْهُ مَقاماً محموداً الذي وَعَدْتَهُ.

«Allohim! Ey ushbu yetuk chaqiriqnig, hozir bo‘lib turgan namozning Robbi! Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)ga vasila va fazilatni ato et. U zotni O‘zing va’da qilgan maqomi mahmudga yetkaz». Buxoriy rivoyati.

Samarasi:

Bandaga Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning shafoatlari vojib bo‘ladi.

5. Allohdan umid qilgan narsalarini duo qilish.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Muazzinlar aytgan kalimalarni ayt, qachonki oxiriga yetsang, so‘ra, beriladi». Abu Dovud rivoyat qilgan. Ibn Hajar hasan, degan, ibn Hibbon sahih, degan.

Ushbu besh sunnatga amal qilgan kishiga bir kunda yigirma beshta sunnat bo‘ladi.

Iqomatdagi sunnat

Iqomat aytuvchiga xuddi muazzinga aytgandek javob qaytarish.

Sutra sunnati.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Sizlardan birortangiz namoz o‘qisa, sutra qo‘yib o‘qisin hamda unga yaqin tursin. Sutra bilan o‘zining orasidan biror kishining o‘tishiga yo‘l qo‘ymasin». Abu Dovud, ibn Moja va ibn Xuzaymalar rivoyat qilganlar.

Sutra masalasi:

Sutra - namozxonning qibla tomonini to‘sib turadigan devor, ustun, hassa yoki boshqa narsa bo‘lishi mumkin.

Sutraning eniga chegara belgilanmagan, ammo bo‘yi, ya’ni balandligi eng kami boldirgacha, taxminan, bir qarich bo‘lishi kerak.

Oyoq bilan sutraning oralig‘i namozxon bemalol sajda qila oladigan miqdorda bo‘lishi lozim.

Sutra nafl hamda farz namozlarida baribir bir xil. ???

Imomning sutrasi qavm uchun ham sutra bo‘ladi.

Samarasi:

  • Oldidan biror o‘tuvchi narsa bois namozning kesilib qolishidan saqlash.
  • Namozxonning fikri namozdan chalg‘imasligi uchun yordam.
  • Namozxonning oldidan o‘tishga zarurati bor kishini mushkullikka tushirmaslik.

Bir kecha-kunduzda o‘qiladigan nafl namozlar

1. Ravotib sunnatlar:

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qay bir musulmon banda har kuni Alloh uchun farzdan tashqari o‘n ikki rak’at namoz o‘qisa, albatta, Alloh uning uchun jannatda bir uy bino qiladi yoki bino qilinadi», dedilar. Muslim rivoyati.

Ular quyidagilar:

Peshin namozidan oldin to‘rt rak’at, keyin ikki rak’at, Shom namozidan keyin ikki rak’at, Xufton namozidan so‘ng ikki rak’at, Bomdod namozidan oldin ikki rak’at.

Biz ularni namozlarning sunnatlari sifatida yaxshi bilamiz. Ammo ularni odat bo‘lib qolganligi uchun yoki boshqa holatda emas, ulug‘ ibodat sifatida, yuqorida zikr qilingan va’dani ko‘z o‘ngimizga keltirgan holda ado etsak, buyuk ajrlarga ega bo‘lamiz. Axir jannatdan o‘ziga xos bir binoga ega bo‘lishga xaridor bo‘lmagan musulmon bo‘lmasa kerak.

2. Ishroq namozi.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Kim tong namozini jamoat bilan o‘qisa, keyin to quyosh (bir yoki ikki nayza miqdori) ko‘tarilgunicha Allohni zikr qilsa, so‘ngra ikki rak’at namoz o‘qisa, unga haj va umraning savobi bitiladi». «Nabiy sollallohu alayhi vasallam «Mukammal, mukammal, mukammal», deb ta’kidladilar». Imom Termiziy rivoyati.

3. Zuho namozi.

Bu namoz uch yuz oltmish sadaqaga tengdir. Insonning jismi uch yuz oltmish bo‘g‘indan iborat bo‘lib, insonga bu ne’matlarning shukronasi o‘laroq, har kuni uch yuz oltmish sadaqa qilishi lozim bo‘ladi. Choshgoh namozi ana shu shukronani ado etishga kifoya qiladi. Abu Zarr roziyallohu anhudan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlari rivoyat qilinadi:

«Har biringizning har bir bo‘g‘iningiz uchun bir sadaqa lozimdir. Har bir tasbeh sadaqadir. Yaxshilikka buyurish sadaqadir. Yomonlikdan qaytarish sadaqadir. Choshgoh mahalidagi ikki rak’at esa uning uchun kifoya qiladi». Muslim rivoyati.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan shunday deganlari rivoyat qilingan: «Xalilim sollallohu alayhi vasallam menga har oyda uch kun ro‘za tutishni, ikki rak’at Zuho namozini o‘qishni, yotishdan oldin Vitrni o‘qib olishni vasiyat qildilar». Muttafaqun alayh.

Zuho namozi ikki rak’atdan sakkiz rak’atgacha bo‘lib, uning vaqti quyosh ikki nayza ko‘tarilgandan boshlab, qiyom vaqti kelgunicha, afzal vaqti esa quyosh harorati sezila boshlagan paytdir.

4. Asr namozidan oldingi sunnat.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Asrdan oldin to‘rt rak’at (nafl) o‘qigan kishiga Allohning rahmati bo‘lsin». Abu Dovud va Termiziy rivoyati.

5. Shom namozidan keyingi olti rak’at «Avvobin» namozi.

6. Azon va iqomat o‘rtasida ikki rak’at nafl namozi.

«Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ikki azon o‘rtasida namoz bordir, ikki azon o‘rtasida namoz bordir, ikki azon o‘rtasida namoz bordir», dedilar va uchinchisida «Xohlagan kishi uchun», deb qo‘ydilar». Muttafaqun alayh.

Imom Navaviy aytadilar: «Ikki azondan murod, azon va iqomatdir».

Tungi namozning sunnatlari

1. Tahajjud namozi o‘qish.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Ramazondan keyingi eng afzal ro‘za Allohning oyi - Muharram ro‘zasidir, farzdan keyingi eng afzal namoz tungi namozdir». Muslim rivoyati.

2. Og‘izni misvoklamoq va Oli Imron surasining 190-200-oyatlarini o‘qish.

3. Ikki rak’atdan sakkiz rak’atgacha o‘qish.

4. Sajdalarni uzun qilish.

5. Vitr namozini oxirida o‘qish.

Oisha roziyallohu anhadan rivoyat qilinadi: «Rosululloh sollallohu alayhi vasallam o‘n bir rak’at namoz o‘qir edilar. Bu U zotning tungi namozlari edi. Unda sizlardan birortangiz ellik oyat o‘qigudek miqdorda boshlarini ko‘tarmay sajda qilar edilar...» Buxoriy rivoyati.

6. Tungi namozni qo‘shib o‘qish joiz bo‘lsa-da, ikki rak’at-ikki rak’atdan qilib o‘qish.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Tungi namoz ikki rak’at-ikki rak’at bo‘ladi...»  Buxoriy rivoyati.

7. Tahajjudni avval ikki rak’at yengil namoz bilan boshlash.

Shunda namozga yaxshi kirishish oson kechadi hamda keyingi rak’atlarni zavq bilan, tetik o‘qiydi.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Birortangiz tunda tursa, namozni yengil ikki rak’at bilan boshlasin». Muslim rivoyati.

8. Tahajjudda qiroatni uzoq qilish.

«Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan «Eng afzal namoz qaysi?» deb so‘raldi. U zot «Uzun Qunut», (ya’ni qiyom) deb javob berdilar». Muslim rivoyati.

9. Qiroatni tadabbur bilan qilish.

Agar azob oyatlari kelsa, «A’uzu billahi min azabillah» deyish, rahmat oyatlari kelsa, «Allohumma inniy as-aluka min fazlik» deb duo qilish, tasbeh oyati kelsa, tasbeh aytish.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning tungi namozlari ta’rifida kelganki: «...Ohista qiroat qilar edilar. Tasbeh ma’nosi bor oyat o‘tsa, tasbeh aytar, so‘raladigan oyat o‘tsa, so‘rar, panoh tilanadigan oyat o‘tsa, panoh so‘rar edilar...» Muslim rivoyati.

10. Sunnatda kelgan duolarni qilish.

Tahajjudga turishga yordam beradigan tadbirlar:

Kunduzi qaylula qilish, ertaroq yotish, duo qilib Allohdan yordam so‘rash, nafsga qarshi turish, kundalik hayotda kattayu-kichik gunohlardan uzoq bo‘lish, va’da qilingan ajrlarni mulohaza qilish.

Vitr namozining sunnatlari

1. Uyg‘onishiga ishonsa, Vitr namozini kechaning oxirgi qismida o‘qish.

2. Birinchi rak’atga A’la, ikkinchi rak’atga Kafirun, uchinchi rak’atga Ixlos suralarini zam qilish.

3. Vitr namozidan so‘ng «Subhanal-malikil-quddus, subhanal-malikil-quddus, subhanal-malikil-quddus, robbil-malaikati var-ruh» deyish, uchinchisida ovozni cho‘zib aytish. Abu Dovud rivoyati».

Namozga taalluqli umumiy sunnatlar

1. Farz namozlarini jamoat bilan o‘qish.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Jamoat namozi kishining bir o‘zi o‘qigan namozidan yigirma besh barobar afzaldir». Muslim rivoyati.

2. Tahajjud, Zuho, ravotib sunnatlar kabi nafllarni uyda o‘qish.

«Kishi namozining eng yaxshisi uyidagisidir, faqat farz namozi bundan mustasno». Muttafaqun alayh.

«Kishining odamlar ko‘rmaydigan joydagi o‘qigan nafl namozi odamlar ko‘z o‘ngida o‘qiganining yigirma beshtasiga teng keladi». Abu Ya’lo rivoyati.

Inson ushbu sunnatga amal qilishga harakat qilsa, u har bir uyda o‘qigan sunnat va nafl namozlarida qo‘shimcha ajrlarga ega bo‘ladi.

Samarasi:

  • Banda ibodatidagi xushu’-xuzu’ning mukammal bo‘lishiga, amalining riyodan uzoq bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
  • Uyiga rahmat yog‘ilishi, undan shaytonning quvilishiga sabab bo‘ladi.
  • Masjidda o‘qilgan farz namozining savobi ko‘p bo‘lgani kabi, odamlar ko‘rmaydigan joyda o‘qilgan nafl namozidagi ajru savob bir necha barobar ko‘p bo‘ladi.

Bomdod namozidagi sunnatlar

1. Bomdod namozining sunnatini yengil o‘qish.

Oisha roziyallohu anhadan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam Bomdod namozida azon va iqomat orasida yengil ikki rak’at o‘qir edilar». Muttafaqun alayh.

2. Birinchi rak’atga Kafirun, ikkinchi rak’atga Ixlos suralarini zam qilish. Muslim rivoyati.

Yoki boshqa rivoyatlarda kelgan oyatlarni o‘qish.

3. Sunnatdan so‘ng ozgina yonboshlash.

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Bomdod namozining sunnatidan keyin o‘ng taraflari bilan ozgina yonboshlab yotar edilar». Buxoriy rivoyati.

4. Bomdod namozidan keyin o‘sha joyda o‘tirish

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Bomdod namozidan so‘ng namoz o‘qigan joylarida to quyosh yaxshi chiqib olgunicha o‘tirar edilar». Muslim rivoyati.

Namozdagi qavliy sunnatlar

1. Sano aytish.

«Subhanakallohumma..»ni o‘qish. To‘rtovlari rivoyat qilganlar.

2. Qiroatdan avval taavvuz aytish.

3. Har bir rak’atda Fotihadan oldin Basmalani aytish.

4. Fotihani o‘qib bo‘lgach, «Omin» deyish.

5. Zam surani turli namozlarda sunnatda vorid bo‘lganidek qilmoq.

Bomdod va Peshin namozlarida «Haftiyak»ning uzun suralari, Asr va Xufton namozlarida o‘rta suralarini, Shom namozida qisqa suralarini o‘qish. 

6. Ruku’’da eng kami uch marta tasbeh aytish.

7. Ruku’’dan turgach, «Robbana lakal-hamd»ni aytish.

8. Sajdada eng kami uch marta tasbeh aytish.

9. Tashahhuddan so‘ng salovat aytish.

10. Salovatdan so‘ng sunnatda kelgan duolarni qilish.

Ushbu sunnatlardan oltitasi (3-8) har rak’atda takrorlanadi. Sajda ikki marta bo‘lishini hisobga oladigan bo‘lsak, farz namozlarining o‘zida bir yuz o‘n to‘qqiz sunnat tatbiq bo‘ladi. Sunnat va Vitr namozlarini qo‘shsak, yana bir yuz besh sunnat amalga tatbiq etilgan bo‘ladi. Agar bunga yuqorida aytilgan kundalik nafl va boshqa namozlarni ilova qiladigan bo‘lsak, u yanada ziyoda bo‘ladi. Bir namozda faqat bir marta o‘qiladigan zikrlar ham (1,2,9,10) besh mahal namozning o‘zida qirq to‘rtta sunnatga aylanadi.

Namozdagi fe’liy sunnatlar

1. Tahrimadan oldin qaddi­qomat va boshni tik va tekis tutib olish.

2. Takbiri tahrimani aytish oldidan qo‘llarni quloq yumshoqlari barobarida ko‘tarish.

3. Qo‘llarni ko‘tarishda barmoqlar ortiqcha yumilmagan hamda ochilmagan, balki o‘z holicha, tik bo‘lishi, qo‘llarning kafti qiblaga to‘g‘ri bo‘lishi.

4. Erkak kishi kiyimining yengi uzun bo‘lsa, tahrimada qo‘llarini yengidan chiqarishi.

5. Qiyomda o‘ng qo‘lni chap qo‘l ustiga qo‘yish.

6. O‘ng qo‘lning kafti chap qo‘lning ustiga qo‘yilib, bosh barmoq va jimjiloqni halqa qilib, chap qo‘lning kaft bo‘g‘inidan ushlash.

Bunda o‘rtadagi uchta barmoq tirsak tomon cho‘zilib turadi.

7. Qo‘llarni kindik ostiga qo‘yish.

8. Qiyomda nigohning sajdada bo‘lishi.

9. Oyoqlarning orasi yopishmagan, shuningdek, yelka barobaridan ortiq ochilmagan, tavozu’ va tazarru’ga muvofiq turishi.

10. Qiroat va zikrlarda tadabbur bo‘lishi.

11. Ruku’da belni tekis tutish.

12. Ruku’da barmoqlarni keng ochib, tizzalarni changallash.

13. Ruku’da boshni past ham, baland ham emas, gavda bilan barobar tutish.

14. Ruku’da nigohni oyoq uchlariga qaratish.

15. Ruku’da bilaklarni yonboshga yopishtirmaslik.

16. Sajdaga borganda avval tizzalar, so‘ng qo‘llar, so‘ng yuzni qo‘yish.

17. Sajdada yuzni ikki kaftning orasiga qo‘yish.

18. Sajdada bilaklarni yondan uzoq tutish.

19. Sajdada qorinni tizzadan uzoq tutish.

20. Sajdada sonlarni boldirlardan uzoq tutish.

21. Sajdada tizzalarning orasini bir-biridan alohida qo‘yish.

22. Sajdada oyoqlarni (qadamlarni) tik qo‘yish.

23. Sajdada barmoq uchlarini qiblaga qaratish.

24. Sajdada qadamlarini bir-biriga yaqin tutish.

25. Sajdada qo‘l barmoqlarini qiblaga cho‘zish.

26. Sajdada qo‘l barmoqlarining orasini ochmaslik.

27. Sajdada ko‘zlarni yummasdan, burun uchiga qarab turish.

28. Sajdadan turishda avval yuz, keyin qo‘llar, keyin tizzalarni ko‘tarish.

29. Sajdaga borish va undan turishda tayanmaslik.

30. Sajda bilan qiyom orasida yengil o‘tirish qilmay, birdan turish.

(Bu o‘tirish «qa’dai istiroha» deb atalib, Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning uni qilganlarini ulamolar keksalik yoki betoblikka yo‘yganlar yoki ijozat ma’nosida bo‘lgan, deganlar.)

31. Nafl namozlarda hadislarda kelgan qavma va jalsadagi qo‘shimcha duolarni o‘qish.

32. Qa’dada chap oyoqning ustiga o‘tirib, o‘ng qadamni barmoqlarni qiblaga qaratgan holda tik qo‘yish, qa’dada nigohni quchog‘iga qaratib o‘tirish.

33. Ishorai sabboba qilish.

Ishora paytida nigoh barmoqqa qaratiladi.

34. Salom berganda ikki yelkaga to‘la burilib salom berish.

35. Salom berganda ikki tarafidagi farishtalar va odamlarni niyat qilish.

Yolg‘iz namozxon faqat farishtalarni niyat qiladi.

36. Namozda sokinlikni lozim tutish.

37. Ko‘z yumib-ochguncha ham chalg‘imay, xushu’ va xuzu’da barqaror bo‘lish, o‘z-o‘zi bilan gaplashmaslik.

38. Yo‘tal va esnoqlarni kuchi yetchancha qaytarish.

Ayollar ham «Ayollar namozni iymanib o‘qiydilar» hadisiga muvofiq tarzda o‘qiydilar. Uning kayfiyati fiqh kitoblarimizda bayon qilingan.

Mazkur sunnatlarni har namozda ado etgan kishi bir kecha-kunduzda necha marta sunnatga amal qilishini o‘zingiz hisoblab ko‘ravering.

Foyda:

Ibn Qayyim alayhirrohma aytadi: «Bandaga Alloh taoloning huzurida ikki turish bordir. Birinchisi namozdagi turishi, ikkinchisi oxiratda, U Zotga yo‘liqqan chog‘ida turishi. Kimki birinchi maqomning haqqini ado qilsa, unga ikkinchi maqom oson kechadi. Kimki birinchi maqomning haqqini ado etmasa, uni yengil sanasa, ikkinchi maqom uning uchun og‘ir holat bo‘ladi.

Namozdan keyingi sunnatlar

1. Uch marta «astag‘firulloh» deb, so‘ngra «Allohumma antassalam...»ni aytish.

2. Oyatal-kursiyni o‘qish.

3. «Subhanalloh», «Alhamdu lillah» va «Allohu akbar»larni o‘ttiz uch martadan aytib, yuzinchisiga «Laa ilaaha illallohu vahdahu…»ni o‘qish. Muslim rivoyati.

4. Quyidagi zikrni o‘qish:

لا إله إلا الله وحده لا شريك له، له الملك وله الحمد وهو على كل شيء قدير. اللهم لا مانع لما أعطيت ولا معطي لما منعت ولا ينفع ذا الجد منك الجد. Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

5. Quyidagi zikrni o‘qish:

لا إله إلا الله وحده لا شريك له، له الملك وله الحمد وهو على كل شيء قدير، لا حول ولا قوة إلا بالله، لا إله إلا الله ولا نعبد إلا إياه له النعمة وله الفضل وله الثناء الحسن، ولا إله إلا الله مخلصين له الدين ولو كره الكافرون. Muslim rivoyati.

6. Ushbu duoni o‘qish:

اللهم أعني على ذكرك وشكرك وحسن عبادتك. Abu Dovud va Nasaiy rivoyatlari.

7.  Ixlos, Falaq va Nas suralarini o‘qish. Abu Dovud, Termiziy va Nasaiylar rivoyat qilganlar.

Bomdod va Shom namozlaridan so‘ng uch martadan o‘qiladi.

8. Quyidagi zikrni Bomdod va Shom namozlaridan so‘ng o‘n martadan o‘qish:

لا إله إلا الله وحده لا شريك له ، له الملك وله الحمد يحيي ويميت وهو على كل شيء قدير. Termiziy rivoyati.

9. Tasbehlarni o‘ng qo‘l bilan sanash.

O‘ng qo‘l bilan bo‘lsa, afzal.

10. Mazkur zikrlarni namoz o‘qigan joyida qilish.

Musulmon kishi ushbu sunnatlarga amal qilar ekan, bir kunda ellik sunnatni ihyo qilgan bo‘ladi.

Samarasi:

  • Mazkur zikrlarni har namozdan so‘ng doimo o‘qib yurgan kishiga bir kunda taxminan olti yuz sadaqa bitiladi.

Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Har bir tasbeh sadaqadir. Har bir takbir sadaqadir. Har bir tahmid (hamdu sano) sadaqadir. Har bir tahlil sadaqadir...»

Imom Navaviy: «Ya’ni unga sadaqaning savobi beriladi», deganlar.

  • Mazkur zikrlarni har namozdan so‘ng doimo o‘qib yurgan kishi uchun bir kunda bbesh yuz daraxt o‘tkaziladi.

«Abu Hurayra roziyallohu anhu ko‘chat o‘tkazayotgan chog‘larida yonlaridan Rosululloh sollallohu alayhi vasallam o‘tib qoldilar va aytdilar: «Ey Abu Hurayra, seni sening uchun bundan-da yaxshi narsaga dalolat qilaymi?» U kishi: «Ha, ayting, yo Rosululloh», dedilar. Shunda (Rosululloh sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: «سبحان الله، والحمد لله، ولا إله إلا الله، والله أكبر» degin, har biriga sening uchun jannatda bir daraxt o‘tkaziladi». Ibn Moja rivoyat qilgan.

  • Har farz namozidan so‘ng Oyatal-kursiyni o‘qib yurgan kishini jannatdan faqatgina o‘lim to‘sib turadi.
  • Uchinchi bandda aytilgan tasbehlarni o‘qib yurgan kishining xatolari, agar dengizning ko‘piklaricha bo‘lsa ham, o‘chiriladi. Bu ma’no Sahihi Muslimda kelgan.
  • Mazkur tasbehlarda bardavom bo‘lgan kishi dunyo va oxiratda xorlik va noumidlikka tushmaydi. Bu ma’no ham Sahihi Muslimda kelgan.
  • Ushbu zikrlar namozda bo‘lgan nuqson, kamchiliklarning o‘rnini to‘ldiradi.

Tongda va kechki payt o‘qiladigan zikrlar

1. Oyatal-kursiyni o‘qish.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Kim uni tongda o‘qisa, kechgacha, kim uni kechki payt o‘qisa, tonggacha jindan himoyada bo‘ladi». Nasaiy rivoyati.

2. Ixlos, Falaq va Nas suralarini uch marta o‘qish.

«Kim uni tongda va kechki payt uch martadan o‘qisa, uning uchun barcha narsaga kifoya qiladi». Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar.

3. Tongda va kechki payt quyidagi duoni o‘qish:

أصبحنا وأصبح الملك لله والحمد لله، لا إله إلا الله وحده لا شريك له، له الملك وله الحمد، وهو على كل شيء قدير. رب أسألك خير ما في هذا اليوم وخير ما بعده، وأعوذ بك من شر ما في هذا اليوم وشر ما بعده، رب أعوذ بك من الكسل وسوء الكبر، رب أعوذ بك من عذاب النار وعذاب القبر.

Kechki payt أصبحنا o‘rniga أمسينا, shuningdek, ما في هذا اليوم o‘rniga ما في هذه الليلة, ما بعده o‘rniga ما بعدها deydi. Muslim rivoyati.

Ma’nosi: «Bizlar va barcha mulk Alloh taoloniki bo‘lgan holda tong ottirdik (yoki «kech kirgizdik»). Allohdan o‘zga iloh yo‘q. U yolg‘izdir. Uning sherigi yo‘q. U har bir narsaga qodirdir. Robbim, men Sendan ushbu kundagi hamda undan keyingi yaxshiliklarni so‘rayman. Men Sendan ushbu kundagi (yoki tundagi) hamda undan keyingi yomonliklardan panoh so‘rayman. Robbim, men Sendan dangasalikdan va yomon qarilikdan panoh tilayman. Rbbim, men Sendan do‘zax azobi va qabr azobidan panoh tilayman».

4. Tongda:

اللهم بك أصبحنا وبك أمسينا، وبك نحيا وبك نموت، وإليك النشور.

«Allohim! Sening yordaming bilan tong ottirdik, Sening yordaming bilan kech kirgizdik. Sening qudrating bilan o‘lurmiz (uyquga keturmiz), Sening qudrating bilan tirilurmiz (uyg‘onurmiz). Qayta tirilib borish Sening huzuringgadir».

Kechki payt:

اللهم بك أمسينا وبك أصبحنا، وبك نحيا وبك نموت، وإليك النشور.

«Allohim! Sening yordaming bilan kech kirgizdik, sening yordaming bilan tong ottirdik. Sening qudrating bilan o‘lurmiz (uyquga keturmiz), Sening qudrating bilan tirilurmiz (uyg‘onurmiz). Qayta tirilib borish Sening huzuringgadir». Termiziy rivoyati.

5. Istig‘forlar sayyidi:

اللهمَّ أَنْتَ رَبِّي لا إِلَهَ إِلا أَنْتَ، خَلَقْتَنِي و أَنَا عَبْدُكَ، وأَنَا عَلَى عَهْدِكَ وَوَعْدِكَ مَا اسْتَطَعْتُ، أَعُوذُ بِكَ مِنْ شَرِّ مَا صَنَعْتُ، أَبُوءُ لَكَ بِنِعْمَتِكَ عَلَيَّ و أَبُوءُ لَكَ بِذَنْبِي، فَاغْفِرْ لِي فَإِنَّهُ لا يَغْفِرُ الذُّنُوبَ إِلا أَنْتَ.

«Allohim! Sen mening Robbimsan. Sendan o‘zga iloh yo‘q. Sen meni yaratgansan, men Sening bandangman. Men qudratim yetganicha Sening ahding va va’dang uzradirman. Men qilgan amalimning yomonligidan Sening panohingga qochaman. Sening mendagi ne’matlaringni tan olaman. Gunohimni iqror etaman. Bas, meni kechirgin, zero gunohlarni Sendan o‘zga hech kim kechirmas».

«Kimki ushbuni chin qalbdan ishongan holda ertalab o‘qisa, kechgacha vafot etsa, u jannat ahlidandir. Kimki uni chin qalbdan ishongan holda kechqurun o‘qisa, tonggacha vafot etsa, u jannat ahlidandir». Buxoriy rivoyati.

«Allohning ahdi» - Odam bolalaridan miysoqda olgan ahdidir. Unda Alloh taolo: «Robbingiz emasmanmi?» degan va Odam bolalari unga javoban: «Ha, albatta, sen bizning Robbimizsan», deganlar. «Allohning va’dasi» - uning huzuriga unga shirk keltirmagan, buyurganlarini ado qilgan holda borgan bandasini jannatga kiritmog‘idir.

6. Quyidagi duoni ertalab va kechki payt to‘rt martadan o‘qish:

اللَّهُمَّ إِنِّي أصْبَحْتُ، أُشْهِدُكَ وأُشْهِدُ حَمَلَةَ عَرْشِكَ وَمَلائِكَتَكَ وَجَمِيعَ خَلْقِكَ أنَّكَ أنْتَ لا إِلهَ إِلاَّ أنْتَ، وأنَّ مُحَمَّداً عَبْدُكَ وَرَسُولُكَ.

«Allohim! Mana, tong ottirdim. Men seni, Arshingni ko‘tarib turguvchi farishtalarni, hamma maloikalaringni, barcha maxluqotingni guvoh qilib aytamanki, Sendan o‘zga iloh yo‘q, Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) Sening bandang va Payg‘ambaringdir».

Kechki payt أصْبَحْتُ o‘rniga أَمْسَيْتُ, ya’ni «kech kirgizdim» deydi.

Samrasi:

«Alloh taolo uni do‘zaxdan ozod etadi». Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilganlar.

7. Quyidagi duoni o‘qish:

اللَّهُمَّ ما أصْبَحَ بِي مِنْ نِعْمَةٍ أَوْ بِأَحَدٍ مِنْ خَلْقِكَ فَمِنْكَ وَحْدَكَ لا شَرِيكَ لَكَ، لَكَ الحَمْدُ وَلَكَ الشُّكْرُ.

«Allohim! Menga yoki biror maxluqotingga birorta ne’mat yetgan bo‘lsa, yolg‘iz Sening o‘zingdandir. Sening sheriging yo‘q. Senga hamdu sanolar bo‘lsin. Senga shukrlar bo‘sin».

Samarasi:

«Kimki buni tongda aytsa, kunining shukrini ado etgan bo‘ladi, kimki uni kechki payt aytsa, tunining shukrini ado etgan bo‘ladi». Abu Dovud va Nasaiylar rivoyat qilganlar.

8. Ushbu duoni uch marta o‘qish:

اللَّهُمَّ عافِني فِي بَدَني، اللَّهُمَّ عافِنِي في سَمْعِي، اللَّهُمَّ عافِني في بَصَري، اللَّهُمَّ إني أعُوذُ بِكَ مِنَ الكُفْرِ وَالفَقْرِ، اللَّهُمَّ إني أعُوذَ بِكَ مِنْ عَذَابِ القَبرِ، لا إِلهَ إِلاَّ أنْتَ.

«Allohim! Mening badanimni sog‘lom qil. Allohim! Mening eshitish a’zoyimni sog‘lom qil. Allohim! Mening ko‘rish a’zoyimni sog‘lom qil. Allohim! Men Sendan kofirlik hamda faqirlikdan panoh so‘rayman. Allohim! Men Sendan qabr azobidan panoh so‘rayman. Sendan o‘zga iloh yo‘q». Abu Dovud va Ahmad rivoyatlari.

9. Ushbu duoni o‘qish:

حَسْبِيَ اللَّهُ لا إِلهَ إِلاَّ هُوَ عَلَيْهِ تَوَكَّلْتُ وَهُوَ رَبُّ العَرْشِ العَظِيمِ.

«Menga Allohning o‘zi kifoya. Undan o‘zga iloh yo‘q. Aynan unga tavakkal qildim, tayandim. U buyuk Arshning Robbidir».

«Kimki ushbuni ertalab va kechki payt yetti marta o‘qisa, Alloh taolo uning dunyoviy va uxraviy muhim ishlariga kifoya qiladi».

Abu Dovud rivoyati.

10. Ushbu duoni o‘qish:

اللَّهمَّ إني أسألُكَ العَافِيَةَ في الدنيا والآخِرةِ. اللَّهمَّ إني أَسألُكَ العَفو والعَافِيَةَ في دِيني ودُنيايَ، وأهلي ومَالي. اللَّهمَّ استُر عَوْرَاتي، وآمِنْ رَوْعَاتي. اللَّهمَّ احفظني من بَينِ يَدَيَّ ومِن خَلْفي، وَعن يَميني، وعن شِمالي، ومِن فَوقي، وأعُوذُ بِعَظَمَتِكَ أنْ أُغْتَالَ مِنْ تَحتي.

«Ey Alloh! Men Sendan dunyo va oxiratda ofiyat so‘rayman. Ey Alloh, men Sendan diynim, dunyoim, ahlu ayolim va molu mulkimda o‘tim va ofiyat so‘rayman. Ey Alloh, avratlarimni yopgin, qo‘rqinchlarimni tindirgin. Ey Alloh, meni oldimdanu ortimdan, o‘ngimdanu so‘limdan hamda ustimdan muhofaza etgin. Men Sening buyukliging bilan ostimdan halok etilishimdan panoh tilayman». Abu Dovud, Nasaiy va ibn Mojalar rivoyatlari.

«Avratlar»dan murod, musulmon kishining badani, ahli, moli, dunyo va oxiratida o‘zgalarga ayon bo‘lsa, xijolatga tushadigan jihatlaridir.

11. Ushbu duoni o‘qish:

اللَّهُمَّ فَاطِرَ السَّمَاوَاتِ وَالأَرْضِ، عَالِمَ الْغَيْبِ وَالشَّهَادَةِ، أَنْتَ رَبُّ كُلِّ شَيْءٍ وَمَلِيكُهُ، أَشْهَدُ أَنْ لاَ إِلَهَ إِلاَّ أَنْتَ، وَحْدَكَ لاَ شَرِيكَ لَكَ، وَأَنَّ مُحَمَّدًا عَبْدُكَ وَرَسُولُكَ، أَعُوذُ بِكَ مِنْ شَرِّ نَفْسِي، وَشَرِّ الشَّيْطَانِ وَشِرْكِهِ، وَأَنْ أَقْتَرِفَ عَلَى نَفْسِي سُوءًا، أَوْ أَجُرَّهُ إِلَى مُسْلِمٍ.

«Allohim! Ey osmonlar va yerni yaratgan Zot. Ey g‘aybu oshkorni bilguvchi Zot. Sen har bir narsaning Robbi va egasidirsan. Guvohlik beramanki, Sendan o‘zga iloh yo‘q, Sen yolg‘izsan, Sening sheriging yo‘q va Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) Sening bandang va Payg‘ambaringdir. Men o‘z nafsimning yomonligi, shaytonning yomonligi hamda shirkidan, o‘z-o‘zimga yomonlik keltirib qo‘yishdan yoki uni biror musulmonga yetkazib qo‘yishdan Sening panohingga qochaman». Termiziy va Abu Dovud rivoyatlari.

12. Ushbu duoni o‘qish:

بِسْمِ الله الَّذِي لاَ يَضُرُّ مَعَ اسْمِهِ شَيْءٌ في الأَرْضِ وَلاَ في السَّمَاءِ وَهُوَ السَّمِيعُ الْعَلِيمُ.

«Yeru osmonda Uning ismi bilan bo‘lganda biror narsa ziyon qila olmaydigan Zot Allohning nomi ila. U o‘ta eshitguvchi va o‘ta bilguvchidir».

«Kimki ushbu zikrni ertalab va kechki payt uch martadan o‘qisa, unga hech bir narsa ziyon keltirmas, (inshaalloh)». Abu Dovud, Termiziy, ibn Moja va Ahmadlar rivoyat qilganlar.

13. Ushbu zikrni o‘qish:

رَضِيتُ بِالله رَبًّا، وَبِالإِسْلاَمِ دِينًا، وَبِمُحَمَّدٍ نَبِيًّا.

«Allohni Robb deb, Islomni diyn deb, Muhammad sollallohu alayhi vasallamni payg‘ambar deb rozi bo‘ldim».

«Kimki ushbuni ertalab va kechqurun uch martadan aytsa, qiyomat kuni uni rozi qilish Alloh taoloning zimmasida bo‘ladi». Abu Dovud, Termiziy, Nasaiy va Ahmadlar rivoyat qilganlar.

14. Tongda va kechki payt:

يَا حَيُّ يَا قَيُّومُ بِرَحْمَتِكَ أَسْتَغِيثُ أَصْلِحْ لِي شَأْنِي كُلَّهُ، وَلَا تَكِلْنِي إِلَى نَفْسِي طَرْفَةَ عَيْنٍ.

«Ey Hay, ey Qoyyum! Rahmatingdan yordam so‘rayman. Mening barcha holatimni tuzatgin. Meni ko‘z yumib-ochguncha ham o‘z-o‘zimga tashlab qo‘yma». Hokim rivoyat qilgan.

«Hay» - doimiy barhayot, hayot manbasi.

«Qayyum» - o‘z-o‘zidan qoim, barqaror, mavjudotlarning barcha tadbirini bajaruvchi.

15. Ertalab va kechki payt:

أَصْبَحْنَا عَلَى فِطْرَةِ الإِِسْلاَمِ، وَكَلِمَةِ الإِِخْلاَصِ، وَدِينِ نَبِيِّنَا مُحَمَّدٍ صَلَّى الله عَلَيه وسَلَّم، وَمِلَّةِ أَبِينَا إِبْرَاهِيمَ حَنِيفًا مُسْلِمًا وَمَا أَنَا مِنَ الْمُشْرِكِينَ.

«Islom fitrati, ixlos kalimasi, Nabiyimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning diyni hamda otamiz Ibrohim alayhissalomning o‘zga yoqqa og‘magan musulmon millatida uzra tong ottirdik va men mushriklardan emasman».

16. Quyidagi tasbehni aytish:

سُبْحَانَ اللهِ وَبِحَمْدِهِ.

«Alloh taoloni unga hamd aytgan holda poklab yod etaman».

«Kimki uni ertalab va kechki payt yuz martadan aytsa, Qiyomat kuni o‘shani qilgan yoki ziyoda aytgan kishidan boshqa hech kim u keltirgan narsadan afzal narsa keltira olmaydi».

«Xatolari dengiz ko‘pigicha bo‘lsa ham o‘chiriladi».

Imom Muslim rivoyati.

17. Quyidagi zikrni tongda yuz marta aytish:

لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَحْدَهُ لاَ شَرِيكَ لَهُ، لَهُ الْمُلْكُ وَلَهُ الْحَمْدُ وَهُوَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ قَدِيرٌ.

«Allohdan o‘zga iloh yo‘q. U yolg‘izdir. Uning sherigi yo‘q. Mulk unikidir. Maqtov unikidir. U har bir narsaga qodirdir».

Samarasi:

  • O‘nta qul ozod qilganning ajri beriladi.
  • Unga yuzta hasana (yaxshilik) bitiladi.
  • Undan yuzta xato o‘chiriladi.
  • O‘sha kuni kechgacha shaytondan himoyada bo‘ladi.

Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

18. Har kuni yuz marta tavba-istig‘for aytish:

أسْتَغْفِرُ اللَّهَ وَأَتُوبُ إِلَيْهِ.

«Allohdan kechirishini so‘rayman va Unga tavba qilaman». Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

19. Ertalab quyidagi duoni qilish:

اللهم إني أسألك علماً نافعاً ورزقاً طيباً وعملاً متقبلاً.

«Allohim! Men Sendan foydali ilm, pokiza rizq va qabul bo‘ladigan amal so‘rayman». Ibn Moja rivoyati.

20. Quyidagi tasbehni uch marta aytish:

سُبْحَانَ الله وَبِحَمْدِهِ عَدَدَ خَلْقِهِ وَرِضَا نَفْسِهِ وَزِنَةَ عَرْشِهِ وَمِدَادَ كَلِمَاتِهِ.

«Alloh taoloni Unga hamd aytgan holda poklab yod etaman: maxluqotlarining adadicha, Zotining roziligicha, Arshining og‘irligicha, kalimalarining sanog‘icha». Muslim rivoyati

21. Kechki payt uch marta ushbu duoni qilish:

أَعُوذُ بِكَلِمَاتِ اللهِ التَّامَّاتِ مِنْ شَرِّ مَا خَلَقَ.

«Allohning barkamol kalimalari bilan yaratgan narsalarining yomonligidan panoh tilayman». Termiziy rivoyati.

Samarasi:

  • Unga hech qanday zarar yetmaydi, inshaalloh.
  • Musulmon kishi ushbu zikrlardan har birini ado etganda bir sunnatga amal qilayotgan bo‘ladi. Demak, banda ushbu sunnatlarga amal qilish bilan ko‘plab ajrlarga ega bo‘lish uchun ertayu-kech harakat qilishi kerak. Shuningdek, kishi mazkur zikrlarni ulardagi ma’nolarni his etgan holda, ixlos va ishonch bilan qilishi, bu ma’nolar uning butun hayotida o‘z aksini topishi lozim.

Insonlarga yo‘liqqandagi sunnatlar

1. Eng avval salom berish.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan «Eng yashi musulmonchilik qaysi?» deb so‘raldi. Shunda U zot «Taom ulashishing hamda tanigan-tanimaganingga salom berishing», dedilar. Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

«Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga bir kishi keldi va «Assalamu alaykum», deb salom berdi. U zot unga javob qaytardilar va «O‘nta», deb qo‘ydilar. Keyin yana bir kishi kelib, «Assalamu alaykum va rohmatulloh», dedi. U zot unga ham javob qaytardilar va «Yigirmata», deb qo‘ydilar. So‘ngra yana bir kishi keldi-da, «Assalamu alaykum va rohmatullohi va barokatuh», dedi. U zot unga javob qaytargach, «O‘ttizta», dedilar». Abu Dovud rivoyat qilgan, Termiziy «hasan» degan.

Aziz birodar, Alloh sizga tavfiq bersin. Salomni yarimta-yurimta berib yurgan kishi qanchalar hasanotdan mahrum bo‘lib qolayotganini qarang. Vaholanki, u o‘sha soniyaning o‘zida o‘ttizta hasanani, Alloh taolo uni eng ozi o‘nga ko‘paytirib berishini hisobga olsak, uch yuzta hasanotni qo‘lga kiritishi mumkin edi. Shunday ekan, siz salomni to‘liq berishga, alikni to‘liq qaytarishga tilingizni o‘rgating, toki ulug‘ ajlardan mahrum bo‘lib qolmang.

2. Ko‘rishgan kishi bilan xayrlashayotganda ham salom berish.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Sizlardan birortangiz bir majlisga kelsa, salom bersin, qaytmoqchi bo‘lsa, yana salom bersin. Birinchi salom ikkinchisidan haqli emas». Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari.

Ya’ni, ikkinchi salomning ahamiyati birinchinikidan kam emas.

Musulmon kishi bir kun mobaynida uyga kirib-chiqishida, yig‘inlarda, ko‘cha-ko‘yda, ish joyida, telefondagi muloqot va hokazolarda ushbu sunnatga necha marta ro‘baro‘ bo‘ladi? U har doim mazkur sunnatga amal qilib yursa, bir kunning o‘zida o‘nlab sunnatga amal qilayotgan, yuzlab savoblarga ega bo‘layotgan bo‘ladi.

3. Tabassum bilan ro‘baro‘ bo‘lish.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Yaxshi amaldan biror narsani arzimas sanama, hatto bir birodaringga ochiq chehra bilan yo‘liqishni ham». Muslim rivoyati.

4. Ikki qo‘l bilan ko‘rishish

«Ikki musulmon bir-birlariga yo‘liqib, qo‘l berib ko‘rishar ekan, ular hali ajralmay turib, albatta, ularning gunohlari mag‘firat qilinadi». Abu Dovud, Termiziy va ibn Mojalar rivoyat qilganlar.

Imom Navaviy aytadilar: «Bilginki, qo‘l berib so‘rashish har ko‘rishganda mustahabdir».

Shunday ekan, ey do‘stim, siz har bir inson bilan unga salom berib, tabassum qilgan holda, ikki qo‘l bilan ko‘rishar ekansiz, shu lahzaning o‘zida uchta sunnatni bajarayotgan bo‘lasiz.

5. Go‘zal so‘z.

Alloh taolo marhamat qiladi: «(Ey Muhammad sollallohu alayhi vasallam) bandalarimga deginki, eng go‘zal narsani aytsinlar. Albatta, shayton ularning oralarini buzar. Albatta, shayton insonga ochiq-oydin dushmandir». Isro surasi, 53-oyat.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Yaxshi so‘z sadaqadir». Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Yaxshi so‘zlar deganda zikr, duo, salom-alik, chiroyli xulqlar, yaxshilikka buyurish, yomonlikdan qaytarish kabi xayrli so‘zlar tushuniladi.

Yaxshi so‘z insonni shaydo qiladi, uning qalbiga rohat baxsh etadi, unga xotirjamlik keltiradi.

Yaxshi so‘z mo‘min kishining qalbidagi nurga, hidoyat va xayriyatga dalolat qiladi.

Aziz birodar! Siz butun hayotingizni ertadan kechgacha yaxshi so‘z bilan obod qilishni o‘ylab ko‘rdingizmi?! Ota-onangiz, jigarlaringiz, ayolingiz, farzandlaringiz, qo‘shnilaringiz, do‘stlaringiz, hamkasblaringiz va boshqalar bilan yaxshi so‘z asosida muloqotda bo‘lish bilan dunyoyu oxiratingizni jannati na’imga aylantirishni xohlamaysizmi?!

Taomlanishdagi sunnatlar

1. Qo‘llarni yuvish.

Imom Tobaroniy Abdulloh ibn Abbosdan qilgan rivoyatda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Taomdan oldin va keyin qo‘llarni yuvish faqirlikni daf qiladi va u payg‘ambarlarning sunnatlaridandir».

2. «Bismillah» deyish.

3. O‘ng qo‘l bilan yeyish.

4. Taomni o‘z oldidan olish.

Bu uch sunnatni quyidagi hadis jamlagan: «Hoy bolakay. Allohning nomini ayt, o‘ng qo‘ling biln ye, o‘z oldingdan ol».

5. Tushib ketgan luqmani olib, yeb qo‘yish.

«Birortangizdan bir luqma tushib ketsa, undagi zararni ketkazsin, so‘ngra yesin». Muslim rivoyati.

6. imkon bo‘lsa, uchta barmoqda yeyish.

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam uchta barmoq bilan yer edilar». Muslim rivoyati.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aksariyat hollarda shunday yer edilar.

7. Taomlanish asnosida cho‘kkalab yoki bir tizzani ko‘targan holda o‘tirish.

Hofiz ibn Hajar o‘zining «Sahihi Buxoriy»ga yozgan sharhida buni mustahab, degan.

Taomlangandan keyingi sunnatlar

1. Idishni yalab, tozalab qo‘yish.

2. Barmoqlarni yalab tozalash.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam bu amalga buyurib turib: «Baraka qaysida ekanligini bilmassiz», deganlar. Muslim rivoyati.

3. Allohga hamd aytish.

«Albatta, Alloh taolo banda taom yeb, Unga hamd aytganidan rozi bo‘ladi». Muslim rivoyati.

4. Sunnatda kelgan hamdlarni aytish.

Jumladan:

الحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي أطْعَمَنِي هَذَا وَرَزَقَنِيهِ مِنْ غَيْرِ حَوْلٍ مِنِّي وَلاَ قُوَّةٍ.

«Mening tarafimdan hech qanday o‘zgarish va kuch-quvvatsiz ushbuni menga yedirgan, uni menga nasib etgan Allohga hamdlar bo‘lsin».

Ushbu duoning samarasi: «Oldingi gunohlari kechiriladi». Abu Dovud, Termiziy va ibn Mojalar rivoyat qilganlar.

5. Qo‘llarni yuvish.

Abdulloh ibn Abbosdan rivoyat qilingan hadisga muvofiq.

Agar kishi bir kunda uch marta taomlansa va mazkur sunnatlarga amal qilsa, u o‘ttiz oltita sunnatga amal qilgan bo‘ladi. Orada yengil tamaddi qilishlar ham qo‘shilsa, yanada ko‘payadi.

Ichimlik ichishdagi sunnatlar

1. Tasmiya.

2. O‘ng qo‘lda ichish.

3. Dam olib, (idishning tashqarisida) nafas olib, uch bo‘lib ichish.

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam ichimlikda uch marta nafas olar edilar». Muslim rivoyati.

4. O‘tirib ichish.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Birortangiz tik turib ichmasin». Muslim rivoyati.

5. Ichib bo‘lgach, Allohga hamd aytish.

«Albatta, Alloh taolo banda taom yeb Unga hamd aytganidan, ichimlik ichib, Unga hamd aytganidan rozi bo‘ladi». Muslim rivoyati.

Majlis odobi

1. Abdulloh ibn Umar aytadilar:

«Biz Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning bir majlisda:

رب اغفر لي وتب على إنك أنت التواب الرحيم

«Robbim, meni kechirgin, tavbamni qabul qilgin. Albatta, Sen tavbalarni ko‘p qabul qilguvchi va rahmli zotsan» deganlarini yuz marta sanar edik». Buxoriy rivoyati.

2. Majlisdan turish oldida majlis kafforoti bo‘lgan zikrni aytish:

سُبْحَانَكَ اللَّهُمَّ وَبِحَمْدِكَ، أَشْهَدُ أَنَّ لاَ إِلَهَ إِلاَّ أَنْتَ، أَسْتَغْفِرُكَ وَأَتُوبُ إِلَيْكَ.

«Allohim! Seni Senga hamd aytgan holimda poklab yod etaman. Guvohlik beramanki, Sendan o‘zga iloh yo‘q. Sendan kechirishingni so‘rayman va Senga tavba qilaman». Sunan egalari rivoyat qilganlar.

Inson bir kecha­kunduzda necha marta majlis quradi? Bunga bir necha misol keltirishimiz mumkin:

Har doimgi dasturxon ustida. Odatda taom ustida ham bir muncha suhbat bo‘ladi.

Qo‘ni­qo‘shni yoki do‘stlar bilan ko‘chada ko‘rishib qolish natijasidagi suhbatlar. Ba’zan tik turgan holda ham anchagina suhbatlar bo‘ladi.

O‘qish va ish joylaridagi sheriklar bilan bo‘lgan suhbatlar.

Uyda ahlu ayol bilan bo‘lgan suhbatlar.

  • Mashinadagi yoki piyoda hamroh bilan bo‘lgan so‘zlashuvlar.

Ilmiy suhbat, mav’iza, ma’ruzalarda.

Samarasi:

Hadisda ta’kidlanganidek, «Suhbatda o‘tgan xato va kamchiliklarga kafforot bo‘ladi».

Qarang, azizim! Bir kunda Robbingizga necha marta bog‘lanasiz. Necha marta سُبْحَانَكَ اللَّهُمَّ وَبِحَمْدِكَ deb, uni poklab yod etasiz, unga hamd aytasiz. Necha marta أَشْهَدُ أَنَّ لاَ إِلَهَ إِلاَّ أَنْتَdeb, shahodat kalimalarini qaytarish bilan iymoningizni yangilaysiz. Alloh taoloni rububiyyat, uluhiyyat va asmou­sifatda yagonaligini eslab, tavhidingizni mustahkamlaysiz. أَسْتَغْفِرُكَ وَأَتُوبُ إِلَيْكَ kalimalari bilan Robbingizga tavbangizni yangilaysiz, doimo gunohdan poklanib yurish barakasiga erishasiz. Natijada kun bo‘yi Alloh taologa hamd va tasbeh, tavhid va istig‘for bilan bog‘lanib turasiz.

Uyqu oldidagi sunnatlar

1. Quyidagi duoni o‘qish:

بِاسْمِكَ اللَّهُمَّ أَمُوتُ وَأَحْيَا.

«Allohim! Sening noming bilan o‘laman (uyquga ketaman) va tirilaman (uyg‘onaman)». Buxoriy rivoyati.

2. «Ikki qo‘lini ochadi va kaftlariga Ixlos, Falaq, Nas suralarin o‘qib, dam uradi. So‘ngra ikki kafti bilan qo‘li yetgancha badanini mash qiladi. Buni uch marta takrorlaydi». Buxoriy rivoyati.

3. Oyatal­-kursiyni o‘qish.

Samarasi:

«Alloh taolo tomonidan bir qo‘riqchi unga tushadi, tonggacha unga shayton yaqin kela olmaydi». Buxoriy rivoyati.

4. Quyidagi duoni o‘qish:

باسْمِكَ رَبِّي وَضَعْتُ جَنْبِي وبِكَ أرْفَعُهُ إِنْ أمْسَكْتَ نَفْسِي فارْحَمْها وإنْ أرْسَلْتَها فاحْفَظْها بِما تَحْفَظُ بِهِ عِبادَكَ الصَّالِحينَ.

«Parvardigoro! Sening noming bilan yonimni qo‘ydim. Yana Sening yordaming bilan uni ko‘tarurman. Agar jonimni ushlab qolsang, unga rahm qil. Agar uni qo‘yib yuborsang, uni solih bandalaringni saqlaganing ila saqla». Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

5. Quyidagi duoni o‘qish:

اللَّهُمَّ أنْتَ خَلَقْتَ نَفْسِي وأنْتَ تَتَوَفَّاها، لَكَ مَمَاتُها وَمَحْياها، إنْ أحْيَيْتَها فاحْفَظْها، وَإنْ أمَتَّها فاغْفِرْ لَهَا، اللَّهُمَّ إنِّي أسألُكَ العافِيَةَ.

«Allohim! Jonimni yaratgan Sensan. Uni O‘zing olguvchidirsan. Uning hayoti ham, mamoti ham Sening uchundir. Agar uni yashatsang, O‘zing uni asra, agar vafot ettirsang, uni kechirgin. Allohim! Men Sendan ofiyat so‘rayman». Muslim rivoyati.

6. O‘ng qo‘lni yonoq ostiga qo‘yib, quyidagi duoni uch marta o‘qish:

اللَّهُمَّ قِنِي عَذَابَكَ يَوْمَ تَبْعَثُ عِبَادَكَ.

«Allohim! Bandalaringni qayta tiriltirgan kuning meni azobingdan asra». Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar.

7. O‘ttiz uch marta «Subhanalloh»ni, o‘ttiz uch marta «Alhamdu lillah»ni, o‘ttiz to‘rt marta «Allohu akbar»ni aytish. Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

8. Ushbu duoni o‘qish:

الحَمْدُ لله الَّذِي أَطْعَمَنَا وَسَقَانَا وَكَفَانَا وَآوَانَا فَكَمْ مِمَّنَ لاَ كافِيَ لَهُ وَلاَ مُؤْوِيَ.

«Bizlarni taomlantirgan, sug‘organ, bizlarga kifoya qilgan, boshpana bergan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin. Qanchadan­qancha kifoya qilguvchisi yo‘q, boshpana berguvchisi yo‘qlar bor». Muslim rivoyati.

9. Ushbu duoni o‘qish:

9 ­ اللَّهُمَّ فَاطِرَ السَّمَاوَاتِ وَالأَرْضِ، عَالِمَ الْغَيْبِ وَالشَّهَادَةِ، أَنْتَ رَبُّ كُلِّ شَيْءٍ وَمَلِيكُهُ، أَشْهَدُ أَنْ لاَ إِلَهَ إِلاَّ أَنْتَ، وَحْدَكَ لاَ شَرِيكَ لَكَ، وَأَنَّ مُحَمَّدًا عَبْدُكَ وَرَسُولُكَ، أَعُوذُ بِكَ مِنْ شَرِّ نَفْسِي، وَشَرِّ الشَّيْطَانِ وَشِرْكِهِ، وَأَنْ أَقْتَرِفَ عَلَى نَفْسِي سُوءًا، أَوْ أَجُرَّهُ إِلَى مُسْلِمٍ.

«Allohim! Ey osmonlar va yerni yaratgan Zot. Ey g‘aybu oshkorni bilguvchi Zot. Sen har bir narsaning Robbi va egasidirsan. Guvohlik beramanki, Sendan o‘zga iloh yo‘q, Sen yolg‘izsan, Sening sheriging yo‘q va Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) Sening bandang va Payg‘ambaringdir. Men o‘z nafsimning yomonligi, shaytonning yomonligi hamda shirkidan, o‘z-o‘zimga yomonlik keltirib qo‘yishimdan yoki uni biror musulmonga yetkazib qo‘yishdan Sening panohingga qochaman». Termiziy va Abu Dovud rivoyatlari.

10. Ushbu duoni o‘qish: 

اللَّهُمَّ إِنِّي أَسْلَمْتُ وَجْهِي إِلَيْكَ، وَفَوَّضْتُ أَمْرِي إِلَيْكَ، وَأَلْجَأْتُ ظَهْرِي إِلَيْكَ، رَهْبَةً وَرَغْبَةً إِلَيْكَ، لا مَلْجَأَ وَلا مَنْجَا مِنْكَ إِلاَّ إِلَيْكَ، آمَنْتُ بِكِتَابِكَ الَّذِي أَنْزَلْتَ وَبِنَبِيِّكَ الَّذِي أَرْسَلْتَ.

«Allohim! Albatta, men yuzimni Senga taslim etdim, ishimni Senga topshirdim, og‘irimni Senga soldim, Sendan qo‘rqqanim hamda Senga intilganimdan. Sendan qochib qutuladigan, Sendan panoh topadigan joy yo‘q, magar o‘zing tomondir. Tushirgan Kitobingga, yuborgan Nabiyingga iymon keltirdim». Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Samarasi: «Agar vafot etsang, fitratda vafot etasan». 

11. Ushbu duoni o‘qish:

اللَّهُمَّ رَبَّ السَّمَاوَاتِ وَرَبَّ الْأَرْضِ وَرَبَّ الْعَرْشِ الْعَظِيمِ رَبَّنَا وَرَبَّ كُلِّ شَيْءٍ فَالِقَ الْحَبِّ وَالنَّوَى وَمُنْزِلَ التَّوْرَاةِ وَالْإِنْجِيلِ وَالْفُرْقَانِ أَعُوذُ بِكَ مِنْ شَرِّ كُلِّ شَيْءٍ أَنْتَ آخِذٌ بِنَاصِيَتِهِ اللَّهُمَّ أَنْتَ الْأَوَّلُ فَلَيْسَ قَبْلَكَ شَيْءٌ وَأَنْتَ الْآخِرُ فَلَيْسَ بَعْدَكَ شَيْءٌ وَأَنْتَ الظَّاهِرُ فَلَيْسَ فَوْقَكَ شَيْءٌ وَأَنْتَ الْبَاطِنُ فَلَيْسَ دُونَكَ شَيْءٌ اقْضِ عَنَّا الدَّيْنَ وَأَغْنِنَا مِنْ الْفَقْرِ.

«Allohim! Ey osmonlarning Robbi, yerning Robbi, buyuk Arshning Robbi! Ey bizlarning Robbimiz va har bir narsaning Robbi! Ey urug‘ va danakni yorguvchi, Tavrot, Injil va Zaburni tushirguchi Zot! Men har bir Sen uning peshona sochidan ushlagan narsaning yomonligidan Sening panohingga qochaman. Allohim, Sen Avvalsan, Sendan oldin hech bir narsa yo‘qdir. Sen Oxirsan, Sendan keyin hech bir narsa yo‘qdir. Sen Zohirsan (oshkor, namoyonsan), Sendan zohir narsa yo‘q. Sen Botinsan (maxfiysan), Sendan maxfiy narsa yo‘q. Bizlarning qarzimizni uzgin va bizlarni muhtojlikdan behojatlikka chiqargin». Muslim rivoyati.

12. Baqara surasining oxirgi ikki oyatini o‘qish.

«Bu ikki oyat uning uchun kifoya qiladi». Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Navaviy aytadilar: «Uning uchun kifoya qiladi» jumlasining ma’nosi haqida ulamolar turli fikr aytganlar. Ba’zilar: «Tungi qiyomi, qiroati sifatida kifoya qiladi», deydilar. Boshqalar: «Har qanday yomonlik hamda ko‘ngilsiz holatlardan himoya sifatida kifoya qiladi», deydilar. Men aytamanki: «Bu yerda har ikkisi iroda qilinishi mumkin».

13. Tahorat bilan yotish.

«Yotog‘ingga kelsang, tahorat qil...» hadisiga muvofiq.

14. O‘ng tarafni qiblaga qilib yotish.

15. O‘ng yon bilan yotish.

«Keyin o‘ng yoning bilan yot». Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

16. O‘ng qo‘lni o‘ng yonoq ostiga qo‘yib yotish.

«Qachonki yotsalar, o‘ng qo‘llarini o‘ng yonoqlari ostiga qo‘yib yotar edilar».

Abu Dovud rivoyati.

17. O‘rinni qoqib tashlash.

«Sizlardan birortangiz joyiga yotsa, uni qoqib tashlasin... zero, u o‘zidan keyin o‘rnida nima kelganini bilmas...» Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

18. Kafirun surasini o‘qish.

«U shirkdan poklikdir». Abu Dovud va Termiziy rivoyati.

Imom Navaviy aytadilar: «Inson ushbu bobdagi barcha zikrlarni aytishi afzaldir. Buni eplay olmasa, kuchi yetganicha, eng zarurlarini o‘qiydi».

Agar e’tibor qilsak, kishilar bir kunda faqat kechqurun emas, kunduzi ham uxlaydilar. Demak, ushbu sunnatlarni bir kunda ikki martadan tatbiq etishi mumkin. Zero, bu sunnatlar tungi uyquga xos emas. Chunki hadislar umumiy lafzda kelgan.

Mazkur uyqu oldidagi sunnatlarni ado etib yurishdagi foydalar:

Yuqorida aytilgan tasbehlarni uyqu oldidan aytgan kishi uchun:

Yuzta sadaqaning savobi bitiladi. Negaki, Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda o‘tdiki: «Har bir tasbeh sadaqadir, har bir takbir sadaqadir, har bir tahmid (hamd aytish) sadaqadir, har bir tahlil sadaqadir...»

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Hurayra roziyallohu anhuga aytganlariga muvofiq, jannatda yuzta daraxt ekiladi.

Alloh taolo tun bo‘yi bandani o‘z himoyasiga oladi, shayton unga yaqinlasha olmaydi, balo­ofatlardan omonda bo‘ladi.

Musulmon kishi kunini Allohni zikr etish, Unga tavakkul qilish, Undan yordam olish va Unga bo‘lgan iymon­e’tiqodini yangilash bilan tamomlagan bo‘ladi.

Tungi sunnatlar

1. Oisha roziyallohu anha aytadilar:

«Rosululloh sollallohu alayhi vasallam tunda u yon-bu yonga aylanayotganlarida quyidagi zikrni aytar edilar:

لاَ إله إِلا الله الْوَاحِدُ الْقَهَّارُ رَبُّ السَّمَوَاتِ وَالأَرْضِ وَمَا بَيْنَهُمَا الْعَزِيزُ الْغَفَّارُ.

«Yagona va Qahhor bo‘lgan Allohdan o‘zga iloh yo‘q. U osmonlaru yer va ularning orasidagi narsalarning Robbi Aziyz va G‘affordir».

Qahhor ­ o‘z hukmini o‘tkazuvchi.

Aziyz ­ o‘z ishida g‘olib.

G‘affor ­ gunohlarni ko‘p­ko‘p kechuvchi.

2. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar:

«Kimki kechqurun uyg‘onib ketgan chog‘i:

لا إلَهَ إلاَّ الله وحْدَهُ لا شَرِيكَ لَهُ، لَهُ المُلْكُ ولَهُ الحَمْدُ، وهُوَ على كلِّ شيءٍ قَدير، الحَمْدُ لله وسُبْحانَ الله ولا إله إلا الله والله أكبر، ولا حَولَ ولا قُوةَ إلا بالله.

«Allohdan o‘zga iloh yo‘q. U yolg‘izdir. Uning sherigi yo‘qdir. Moliklik Unga xos. Barcha hamdu sano Unga xos. U har bir narsaga qodirdir. Allohga hamdlar bo‘lsin. Allohni poklab yod etaman. Allohdan o‘zga iloh yo‘q. Alloh buyukdir. Hech qanday o‘zgartirish va kuch­qudrat yo‘qdir, magar Alloh(ning yordami) ila bo‘lur», deb aytsa, so‘ng «Allohim, meni kechirgin» desa, (yoki duo qilsa, dedilar) albatta, ijobat qilinadi. Agar tahorat qilib, namoz o‘qisa, namozi qabul qilinadi». Termiziy va ibn Mojalar rivoyat qilganlar.

Qur’oni Karimning haqqi

Har bir o‘zini Qur’on ummatidan deb bilgan shaxs uchun Qur’oni Karimdan kundalik vazifa bo‘lishi lozim. Har qanday oddiy musulmon Qur’oni Karimni bir oyda bir marta xatm qilib turishi kerak. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar:

«Qur’onni har oyda xatm qilinglar». Abu Dovud rivoyati.

Buning oson yo‘li quyidagicha:

Har bir namozga o‘n daqiqa oldin kelasiz, Qur’oni Karimdan to‘rt sahifa, ya’ni ikki varaq o‘qiysiz. Besh mahal namozdagi yig‘indisi bir pora bo‘ladi. Natijada bir oyda xatm bo‘ladi.

Xulosa

Tirikchilik, yeb-­ichish, uyqu-­istirohat kabi inson tabiiy ehtiyoj asosida doimiy ravishda qilib yuradigan muboh amallar musulmon kishi uchun niyatini to‘g‘rilashi, u bilan Allohga yaqin bo‘lishni iroda qilishi natijasida ulug‘ ibodatlarga, minglab ajru hasanotlarga aylanadi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam «Albatta, amallar niyatlarga bog‘liqdir» (Buxoriy va Muslim rivoyatlari) deb, bejiz aytmaganlar. Misol uchun, musulmon inson Tahajjud yoki Bomdod namoziga o‘z vaqtida turish uchun ertaroq uxlasa, uning ana shu uyqusi ham ibodatga o‘tadi. Boshqa muboh amallarda ham shunga o‘xshash bo‘ladi. Bundan tashqari, umrini g‘animat bilgan kishi bir vaqtning o‘zida bir necha ibodatni jamlashi mumkin. Masalan:

Masjidga borishning o‘zi xoh piyoda bo‘lsin, xoh ulovda bo‘lsin, ayni ibodatdir. Ammo o‘sha muddatning o‘zida Allohning zikri yoki tilovati Qur’on bilan mashg‘ul bo‘lsa, u bir vaqtning o‘zida ikki ibodatni jamlayotgan bo‘ladi.

Gunoh va ma’siyatdan xoli bo‘lgan to‘yga chaqiriqqa javoban borishning o‘zi katta ibodat. Ammo o‘sha to‘yda Allohning zikri bo‘lsa, tilovati Qur’on yoki amri ma’ruf, nahyi munkar qilinsa, bu ibodat ustiga ibodat bo‘ladi va bir vaqtning o‘zida bir qancha buyuk savoblarga erishiladi. Misol uchun:

  • Allohni zikr qilish bandalikning asosidir. Zero, u bandani Yaratuvchisiga bog‘lab turuvchi asosiy vositadir. Oisha roziyallohu anhadan Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda shunday deyilgan:

«Rosululloh sollallohu alayhi vasallam barcha hollarida Allohni zikr qilar edilar».

Allohni zikr qilish mo‘min bilan munofiqning o‘rtasini ajratib turadi. Allohni kam zikr qilish munofiqning belgisidir.

Shayton insonga Allohning zikridan g‘ofil bo‘lgandagina g‘alaba qila oladi. Binobarin, Allohning zikri insonni shaytonning hiylalari, vasvasalaridan himoya qilib turuvchi mustahkam qo‘rg‘ondir. Shuning uchun ham shayton insonni o‘ziga og‘dirish uchun avvalo unga Allohni unuttirishi lozimligini yaxshi biladi.

Allohning zikri ikki dunyo saodati, farovonligi, xotirjamligining kafolatidir. Alloh taolo aytadi:

«Ular iymon keltirib, qalblari Allohning zikri bilan xotirjam bo‘lgan kishilardir. Ogoh bo‘lingki, qalblar Allohning zikri bilangina xotirjam bo‘lur!» Ra’d surasi, 28-oyat.

Banda Allohni kezi kelgandagina emas, doimiy zikr qilmog‘i lozim. Zero, jannat ahli hech narsadan hasrat qilmaydilar, faqatgina hayoti dunyoda Allohni zikr qilmasdan o‘tkazgan onlari uchun hasrat qiladilar. Allohni doimo zikr qilish unga doimiy bog‘lanib turish deganidir.

Imom Navaviy aytadilar: «Ulamolar tahoratsiz, junub, hayz yoki nifosdagi insonlar uchun til bilan ham, dil bilan ham tasbeh, tahlil, salovat va duo kabi zikrlarni qilishlari joiz, faqat Qur’on qiroatigina mumkin emas, deb ittifoq qilganlar».

Kimki Alloh taoloni eslasa, Alloh ham uni eslaydi.

«Bas, meni zikr qilinglar, men ham sizlarni zikr qilaman. Menga shukr keltiringlar, kufr keltirmanglar». (Baqara surasi 152-oyat)

Inson o‘ziga o‘xshagan insonlardan bo‘lgan bir podsho o‘zining a’yonlari orasida uni maqtashidan qanchalar quvonadi. Endi olamlarning Robbi, poshohlarning Podshohi bo‘lgan Alloh taolo eng ulug‘ mavjudotlarni muqarrab farishtalarining orasida zikr qilsa, maqtasa, banda qanday holatga tushishni hech narsa bilan qiyos qilib bo‘lmaydi.

Zikr, deganda qalb g‘aflatda, Allohning ta’zimi va toatini his qilmagan holda tilning quruq qimirlashini tushunmaslik kerak. Balki til zikr qilar ekan, unga qalb ham sherik bo‘lmog‘i, uning ma’nolarini tafakkur qilmog‘i, Alloh taolo bilan bog‘lanayotganini his etmog‘i darkor. Alloh tolo aytadi:

«Robbingni ertayu kech ichingda tazarru’la, qo‘rqib, ovoz chiqarib gapirmay zikr qil va g‘ofillardan bo‘lma». (A’rof surasi, 205-oyat)

Zikr qilayotgan shaxs o‘zi nima deyayotganini his etmog‘i, tili bilan birga dili ham zikr aytmog‘i zarur, toki Alloh taologa zohiru botinda bog‘lansin. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Allohning ne’matlari borasida tafakkur qilinglar. Ammo Allohning zotida fikr yuritmanglar». Tobaroniy va Bayhaqiylar rivoyat qilgan.

Banda bir kunda bot­bot ado etishi lozim bo‘lgan ishlardan yana biri - Allohning ne’matlarini his etmog‘idir. Masalan, siz masjidga ketayotgan chog‘ingizda atrofingizdagi qancha kishilar uzr sababli yoki uzrsiz bu ne’matdan mahrum bo‘lganlarini idrok etganmisiz?! Siz Bomdod namoziga yo‘l olgan bir paytda bir qancha musulmon xonadonlar qabr kabi qorong‘u bo‘lib yotgani, ularning egalari esa murda kabi tosh qotganini his qilganmisiz?! Katta yo‘lda borar ekansiz, yo‘lning bir tarafida bir avtoulovdan shaytoniy kuy­sadolar yangragan, yo‘lning ikkinchi tarafida esa kimdir avtohalokat sababli omonatni topshirib turgan onda sizdan qanday kechinmalar o‘tishini o‘ylaganmisiz?! Turli davlatlardagi zilzila, suv toshqini, urush, ocharchilik, notinchlik kabi kulfatlarning xabarini oynai jahondan tomosha qilgan chog‘ingizda sizni o‘rab turgan Allohning ne’matlarini his etganmisiz?!

O‘ylaymanki, qalbu shuuri Allohning ne’matlarini idrok etishdan bir nafas ham xoli bo‘lmagan, har bir o‘rinda, har bir holatda Alloh taoloning iymon, diyn, salomatlik, eson­omonlik va boshqa ne’matlari uchun hamdu shukronalar bilan band bo‘lgan kishi haqiqiy tavfiqqa erishgan, chin muvaffaqiyat qozongan shaxsdir. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar:

«Kimki biror musibatga uchragan kishini ko‘rganida «Seni mubtalo qilgan narsadan meni omon qilgan va meni ko‘p yaratganliridan afzal qilgan Allohga hamd bo‘lsin» desa, o‘sha balo unga yo‘liqmaydi». Termiziy «hasan hadis», degan.

Yuqorida sanab o‘tganlarimiz kundalik sunnatlardan Alloh muyassar qilganicha to‘plaganimizdir. Allohdan bizlarga Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bilan hayot kechirish hamda vafot etishni nasib etishini so‘rab qolamiz.

So‘nggi duoyimiz shunday, azizlar: «Barcha maqtov olamlarning Robbi Allohga xosdir».