
Husaynxon Yahyo Abdulmajid
SHOM QACHON O‘QILADI?
Ko‘pchilikdan eshitganimiz va o‘zimiz guvohi bo‘lganimiz bir gap shuki, ayrim azizlarimiz shomning taqvimda yozilgan vaqtiga qanoat hosil qilmaydilar. Ular osmonni biroz qorong‘ilik bosmaguncha shom vaqti kirgan deb bilmaydilar. Ushbu holat ro‘zani ochishda yana ham ko‘proq ko‘zga tashlanadi.
Bandalarini ibodat uchun yaratgan va ularga O‘z ibodati ta’limini vahiy qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin!
Bandalarga Allohga ibodat qilishni amalda ko‘rsatib bergan Muhammad Mustafoga salavotlar bo‘lsin!
Allohga shukrlar bo‘lsinki, Yurtimiz – biz yashab turgan mintaqa yer yuzining eng mo‘tadil mintaqalaridandir. Qishu yozi, kunu tuni me’yorida. Bu, albatta, ibodatlari kun va oyga bog‘liq bo‘lgan bandalar, ya’ni sizu biz musulmonlar uchun eng qulay sharoitdir. Ma’lumki, Islomning rukni bo‘lmish namoz ibodati kunda besh mahal farz qilingandir. Har bir namozning muayyan vaqti bo‘lib, bu vaqtning kirish va chiqish paytlari belgilab qo‘yilgan. Binobarin, mazkur namoz vaqtlari diyorimizda O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi mas’ullari tomonidan o‘rganilib, kunlik namoz vaqtlari ko‘rsatilgan taqvimlar taqdim qilingan. Biroq, ba’zi namozlarning vaqti xususida ayrim kishilarda ikkilanish yuz bermoqda. Biz bu o‘rinda aynan shom vaqti haqida so‘z yuritmoqchimiz.
Ko‘pchilikdan eshitganimiz va o‘zimiz guvohi bo‘lganimiz bir gap shuki, ayrim azizlarimiz shomning taqvimda yozilgan vaqtiga qanoat hosil qilmaydilar. Ular osmonni biroz qorong‘ilik bosmaguncha shom vaqti kirgan deb bilmaydilar. Ushbu holat ro‘zani ochishda yana ham ko‘proq ko‘zga tashlanadi. Bu esa mazkur azizlarimizning ibodatga bo‘lgan ehtiyotkorliklari, taqvolaridan darakdir. Shu bilan birga, har qanday amal shariat hukmi bilan belgilanishi lozimligi hamma musulmonlar ittifoq qilgan haqiqatdir. Bu haqiqatni amalda ko‘rsatishda taqvodor kishilar barchadan oldinda turadilar. Zotan, taqvo aynan shariatni hakam qilishdir. Shu bois ushbu masalaga biroz oydinlik kiritib qo‘yishni, shom namozining vaqtini shariatimiz, xususan, hanafiy mazhabimiz asosida sodda va aniq bayon qilib qo‘yishni lozim topdikki, ibodatlarda shubha yoki xalal bo‘lmasin.
Shom namozining vaqti qachon?
Shom namozining vaqti kun botishi bilan kirishiga ulamolar jumhuri ittifoq qilgan. Yurtimizda mashhur bo‘lgan fiqhiy manba – «Muxtasar»da shunday deyiladi: «Asrning vaqti o‘shandan botishgacha, shomniki esa bundan shafaq yo‘qolguncha».
Demak, asrning vaqti peshin vaqti chiqqanidan boshlab quyosh botguncha, shomning vaqti esa quyosh botganidan shafaq g‘oyib bo‘lguncha.
Shom namozining «mag‘rib» deb atalishi ham aynan quyosh botishidan – «g‘urub» so‘zidan olingan. Shomning vaqti quyoshning botishi ekanida hech bir mazhabda ixtilof yo‘q. Shuning uchun ham hanafiy mazhabining mo‘’tabar asarlarida – «Hidoya», «Nuqoya», «Muxatasari Quduriy», Saraxsiyning «Mabsut»i, «Muhiti Burhoniy», «Fatovoyi Hindiyya» va boshqa barcha manbalarda shomning vaqti kun botishi bilan kirishi ta’kidlangan.
Shu o‘rinda «kun botishi» deganda quyoshning aynan qaysi holati nazarda tutilganiga ham alohida e’tibor qaratish kerak. Ibn Manzur o‘zining «Lisanul-’arob» asarida arab tilida «g‘urub» deganda nima tushunilishini shunday bayon qiladi: «Kun botishi – quyoshning g‘oyib bo‘lishidir».
Kun botishi osmondan yorug‘likning mutlaq yo‘qolishi yoki osmonning qorong‘ilashishi emas, balki quyosh gardishining yerdagi insonning ko‘zidan g‘oyib bo‘lishidir.
Mulla Aliy Qoriy rahmatullohi alayh «Fathu baabil-’inaaya» asarida «Muxtasar»ning «g‘urub» (quyosh botishi) kalimasini: «Quyoshning butkul g‘oyib bo‘lishi» deb izohlagan va ketidan «Shomning vaqti quyosh sarg‘aygan payti – botish oldidagi nursizlanganda, ya’ni quyosh doirasining pastki qirg‘og‘i yerga yetganda boshlanadi», degan fikr olinmasligini ta’kidlagan. Bundan shom namozining vaqti quyosh doirasi to‘laligicha g‘oyib bo‘lishi bilan kirishi tushuniladi.
Imom Burhonuddin Marg‘iloniy rahmatullohi alayh «Hidoya»da shunday deydi: «Shomning avvalgi vaqti quyosh botgandadir. Uning oxirgi vaqti esa shafaq g‘oyib bo‘lgunchadir».
Marg‘iloniy rahmatullohi alayh ushbu matnning ketidan Imom Shofe’iyning nazdida shomning vaqti shom o‘qiguncha muddat ekanini aytar ekan, u kishi Jabroil alayhissalom Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bir kun namozlarni kirish vaqtida, ikkinchi kuni esa chiqish vaqtida o‘qib berganda shomni ikkala kunda ham bir vaqtda, ya’ni kun botishi bilan o‘qib berganini dalil qilganlarini aytadi va ortidan «U kishi qilgan rivoyat makruhlikdan saqlanish yuzasidan, deya yo‘yiladi», deydi.
Ibn Humom rahmatullohi alayh ushbu matnning sharhida: «Shu bois biz shomni kechga surish mutlaq makruhdir», deymiz», degan.
Demak, shom namozi quyoshning yer yuzidan g‘oyib bo‘lishi bilan kirar ekan.
Imom Buxoriy rahmatullohi alayh o‘zining «Jomi’»ida «Shomning vaqti» degan alohida bob ochib, unda quyidagi hadislarni keltiradi:
«Salama roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Shom namozini Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan u (quyosh) to‘siq ortiga yashiringanda o‘qir edik», ya’ni quyosh yer bilan to‘silgan paytda.
«Rofe’ ibn Xadij roziyallohu anhu aytadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan shom namozini o‘qir ekanmiz, qaytayotganimizda kamonining o‘qi tushadigan joylarni ko‘ra olar edik».
Hanafiy ulamolarning eng katta namoyandalaridan biri Badruddin Ayniy rahmatullohi alayh o‘zining «Sahihi Buxoriy»ga yozgan sharhi «Umdatul-qoriy»da ushbu hadisning izohida shunday deydi: «Mazkur hadis u zot sollallohu alayhi vasallam shomni kun botishi bilan o‘qishlariga, o‘qib bo‘lganlarida tevarak-atrof hali yorug‘ bo‘ladigan darajada basur’at o‘qishlariga dalolat qiladi. Jumhurning mazhabi shudir».
Keyin Ayniy rahmatullohi alayh hadisning boshqa matnlarini ham zikr qiladi. Ularning orasida, jumladan, shunday matnlar keladi: «Keyin biz Banu Salamaning uylariga kirguncha o‘q otishardik. Yorug‘ bo‘lgani uchun o‘qlarning tushgan joylarini ko‘rardik».
«Ular Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan shomni o‘qib, keyin Madinaning chekkasidagi uylariga qaytishardi. Keyin o‘q otishsa, o‘qlari tushgan joylarni ko‘ra olishardi».
Ayniy rahmatullohi alayh shom namozi azbaroyi yorug‘ paytda o‘qilganidan hattoki salafi solihlar davrida «solatul-basor» (ko‘ruv namozi) deb atalganini ham zikr qiladi.
Demak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan shomni o‘qib bo‘lgan sahobalar shaharning chekkasidagi uylariga borib, kamon va o‘qlarini olib, o‘q otishar ekan va osmon yorug‘ligidan hatto o‘sha uzoqlarga otilgan o‘qlarning tushgan yeri ham aniq qo‘rinib turar ekan. Yuqoridagi bir matnda «Banu Salamaning uylari» deb ta’kidlanishi ham bejiz emas. Banu Salamaning yeri Masjidi Nabaviydan taqriban 2 kilometr uzoqlikda bo‘lgan. Bu ta’kid vaqt tasavvuri uchundir, ya’ni shomning vaqtini anglash uchun shomni o‘qib, masjiddan chiqib, 2 kilometr masofaga piyoda yurib borib, uydan kamon va o‘qni olib chiqib, keyin o‘q uzganda o‘qning tushgan joylari ko‘rinib turganini bir tasavvur qilishning o‘zi kifoya.
Hanafiy mazhabidagi eng mo‘’tabar manbalardan hisoblangan «Al-Javharotun-nayyiroh» asarida Abu Bakr Zabiydiy: «Botadigan narsalar uchtadir: quyosh va ikki shafaq», deydi, ya’ni «g‘urub» (botish) uch narsada ko‘rinadi: quyoshning botishi, qizil shafaqning botishi, oq shafaqning botishi. Quyoshning yo‘qolishi bilan shom kiradi, qizil shafaq yo‘qolishi bilan xuftonning birinchi vaqti, oq shafaq yo‘qolishi bilan xuftonning ikkinchi vaqti kiradi. Tunning kirishi aynan kun chiqishining aksidir. Bomdod namozi osmonda oqlik tarqalganda boshlanib, quyosh doirasi yer ortidan ko‘ringuncha davom etganidek, shomning vaqti quyoshning doirasi g‘oyib bo‘lganidan ufqdagi oq shafaq yo‘qolgunchadir.
Mulla Aliy Qoriy rahmatullohi alayh «Mishkot»ga yozgan sharhi «Mirqot»da «Mavoqit» (Vaqtlar) bobidagi hadisning «Shomning vaqti shafaq g‘oyib bo‘lgunchadir» degan jumlasini izohlar ekan, shunday deydi:
«U Imom Shofe’iy, Abu Yusuf va Muhammad rahmatullohi alayhimning nazdida quyosh botganidan keyin buning ketidan keladigan qizillikdir. Abu Hanifa rahmatullohi alayhning nazdida qizillikdan keyingi oqlikdir va bu Abu Hurayra roziyallohu anhu, Ibn Abdulaziz hamda Avzo’iy rahmatullohi alayhimodan ham rivoyat qilingan. Bu esa shom vaqtining shafaq g‘oyib bo‘lguncha davom etishiga dalolat qiladi. Uning (shafaqning) bir qismi ketgani bilan xufton vaqti hali kirmaydi. Xuddi qursning (quyoshning) bir qismi botishi bilan shom vaqti kirmaganidek... Uning vaqti quyosh botishi bilan kirishiga ittifoq qilingan... Buning shialarga xilof bo‘lishi inobatga olinmaydi. «U zot sollallohu alayhi vasallam shomni yulduzlar gavjumlashganda o‘qidilar», degan xabar botildir. Aksincha, sahih sobit bo‘lganki, «Ummatim shomni yulduzlar gavjumlashguncha kechiktirmas ekan, fitratda bo‘ladilar», deganlar. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning uni kechiktirishlari haqidagi sahih hadislar buning joizligini ko‘rsatish uchundir. Imom Termiziy ulamolardan uni avvalgi vaqtidan kechiktirish makruh ekanini naql qilgan».
«Qurs» – quyosh kulchasi, quyoshning aylanasidir. Demak, quyoshning doirasi to‘liq botishi bilan shom vaqti kiradi. Shuningdek, shomni mana shu avvalgi vaqtida o‘qish lozimdir, uni kechga surish jumhur ulamolarning nazdida makruhdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ayrim hollarda shomni kechiktirganlari uning chiqish vaqtini ko‘rsatib berish va uzrli hollardagi ruxsatni bayon qilish uchun bo‘lgan.
Ehtiyot yuzasidan shomni kechiktirib o‘qish joizmi?
Ha, ammo faqat bulutli kunlarda. Bu haqda «Muxtasar»da shunday deyilgan: «Bulutli kunda asr va xufton tezlashtiriladi, qolganlari kechiktiriladi».
Mulla Aliy Qoriy rahmatullohi alayh bu so‘zga: «... toki peshin va shom vaqtidan oldin bo‘lib qolmasin», deya izoh beradi. Ammo hozirgi davrda soat bor. Bulutli kunlarda soatga qarab o‘qilaveradi.
Biroq, bundan boshqa paytlarda shomni kechiktirish makruhdir. Buni fuqaholar, xususan, hanafiy mazhabimiz ulamolari ta’kidlagan.
«Hidoya»ning namozning mustahab vaqtlariga doir faslida shunday deyiladi:
«Shomni tezlashtirish mustahabdir. Zero, uni kechiktirish makruhdir, chunki bunda yahudiylarga o‘xshashlik bor. Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ummatim shomni tezlashtirib, xuftonni kechga surar ekanlar, yaxshilikdadirlar», deganlar». Bir rivoyatda «fitratda bo‘ladilar» deyilgan.
Demak, shomni kechiktirishda yahudiylarga o‘xshab qolish borligi uchun bu ish makruhdir.
«Fatovoyi Hindiyya»ning «Namoz kitobi», birinchi bob, ikkinchi faslida shunday deyiladi: «Barcha vaqtlarda shomni darhol o‘qish mahbub sanaladi».
Vahba Zuhayliy rahmatullohi alayh «Al-fiqhul-islamiyyu va adillatuhu» asarida: «Shomni tezlashtirish mutlaq mahbub sanaladi. Azon bilan iqomaning o‘rtasi ham faqat uch oyat miqdoricha yoki bir yengil o‘tirish bilan ajratiladi. Zotan, uni kechiktirish makruhdir, chunki bunda yahudiylarga o‘xshashlik bor», degan.
«Badai’us-sonaai’» kitobida Kosoniy rahmatullohi alayh shunday deydi:
«Shomga kelsak, qishin-yozin uni tezlatish mahbub sanalmishdir. Uni yulduzlar gavjumlashguncha kechiktirish makruhdir. Zero Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Ummatim shomni tezlashtirib, xuftonni kechga surar ekanlar, yaxshilikdadirlar», deganlari rivoyat qilinmishdir. Shu bilan birga, tezlatish jamoatning ko‘payishiga, kechiktirish esa kamayishiga sabab bo‘ladi. Chunki odamlar kechkilikka va dam olishga kirishib ketadilar. Binobarin, tezlatish afzaldir. Shuningdek, bu yaxshilikka shoshilish jumlasidandir, demak, shu avlodir».
Zafar Ahmad Usmoniy o‘zining hanafiy mazhabining dalillariga bag‘ishlangan «I’laaus-sunan» asarida «Shomni tezlashtirish» bobida quyidagi hadislarni keltiradi:
«Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan, u Hammoddan, u Ibrohimdan rivoyat qiladi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari biror narsada bomdodni yorug‘da o‘qish va shomni tezlatishdagidek jamlanmaganlar».
Demak, buyuk tobein Ibrohim Naxa’iy rahmatullohi alayh sahobai kiromlarning shomni eng avvalgi vaqtida o‘qish lozimligiga ittifoq bo‘lganlarini, bu ishda boshqa masalalarda uchramaydigan darajada yakdil ijmo’ qilganlarini ta’kidlaganlar. Bu rivoyatni aynan mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh o‘z «Musnad»larida rivoyat qilgan ekanlar.
Sunobihiydan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Modomiki ummatim yahudiylarga o‘xshab shomni yulduzlar gavjumlashguncha kutmas, nasroniylarga o‘xshab bomdodni kechiktirmas ekan, dinidan asari saqlanib turadi», dedilar».
Demak, agar musulmonlar yahudiylarga o‘xshab shomni kechiktirib, nasroniylar singari bomdodni kun chiqay deguncha kechga surib o‘qiydigan bo‘lib qolsa, dinidan asar ham qolmagandek bo‘ladi.
Imom Navaviy rahmatullohi alayh «Sahihi Muslim»ga yozgan sharhida: «Shomni quyosh botgan zahoti o‘qishga ijmo’ qilingan. Bu to‘g‘rida shialardan bir nimalar hikoya qilingan. Unga qaralmaydi va uning tagi yo‘q», deydi.
Demak, shomni kechga surishda yahudiylarga o‘xshab qolish bilan birga bilibbilmagan holda shialarga taqlid qilib qo‘yish ham bor ekan.
Imom Saraxsiy rahmatullohi alayh mazhab imomlarining meroslarini jamlagan kitobi «Mabsut»da shunday deydi:
«Shom namozining vaqti bizning nazdimizda quyosh botganidan shafaq g‘oyib bo‘lgunchadir. Shofe’iy rahmatullohi alayh, Jabroil alayhissalomning hadisiga ko‘ra, shomning vaqti faqat bita – uni o‘tagudek vaqtdir, binobarin, quyosh botganidan keyin uch rak’at o‘qigudek vaqt o‘tsa, shomning vaqti chiqadi, deydi. Chunki u (Jabroil alayhissalom) shomni ikkala kun ham bir vaqtda o‘qigan. Bizning dalil esa Abu Hurayra roziyallohu anhuning hadisidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Shomning avvalgi vaqti quyosh g‘oyib bo‘lgan paytdir, oxiri esa shafaq g‘oyib bo‘lgan paytdir», deganlar. Jabroil alayhissalomning imom bo‘lgani haqidagi hadisning ta’viliga kelsak, u adoning mahbub vaqtini bayon qilmoqchi bo‘lgan. Shunga binoan, biz shomni quyosh botganidan so‘ng quyoshning botganini aniqlash miqdoridan boshqa kechiktirishni makruh deymiz. Buni Hasan rahmatullohi alayh imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan rivoyat qilgan. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ummatim shomni darhol o‘qib, xuftonni kechga surar ekanlar, yaxshilikdadirlar», deganlar. Ibn Umar roziyallohu anhu bir kuni shomni yulduz ko‘ringuncha kechga surib qo‘yganlar va buning kafforatiga bir qul ozod qilganlar. Umar roziyallohu anhu esa shomni o‘qimaslaridan oldin ikkita yulduzning chiqqanini ko‘rib, ikkita qul ozod qilganlar. Bu esa kechiktirishning makruhligiga dalolat qiladi. Ammo namozni topish imkoni shafaq g‘oyib bo‘lguncha davom etadi».
Umar roziyallohu anhu va Ibn Umar roziyallohu anhu shomni biroz kechroqqa qolib o‘qiganlarining kafforatiga qul ozod qilgan ekanlar. Demak, sahobai kiromlar bu ishni shu darajada katta xato sanaganlarki, hatto kafforatiga qul ozod qilganlar. Bu o‘rinda shuni ham ta’kidlab qo‘yish kerakki, rivoyatlarda kelgan yulduzlarning ko‘rinishi o‘sha davrga xos bo‘lgan, yerda hozirgidek sun’iy yoritgichlar bo‘lmagan, ochiq joylarda kuzatilgan.
Bulutli kunda shomni kechga surish ham quyosh botganiga aniq ishonch hosil qiladigan darajada bo‘ladi. Ibn Moza rahmatullohi alayh o‘zinin mashhur «Muhiti Burhoniy» asarida «Shomni quyosh botganidan keyin kechga surish makruhdir», deydi va bulutli kundagi kechiktirish haqida: «Quyoshning botganiga ishonch hosil qilguncha miqdordir», deb aytadi. Ammo quyosh g‘oyib bo‘lganini bilgandan keyin ham vaqt o‘tkazish vasvasa hisoblanadi va joiz bo‘lmaydi.
Shuningdek, mazhabimizda shomdan oldin nafl o‘qish makruhligi ham vaqt jihatidan emas, balki shomning kechikib ketishi yuzasidan ekani e’tiborga molikdir. «Hidoya»da: «Quyosh botgandan keyin farzdan oldin nafl o‘qilmaydi, chunki bunda shomni kechiktirish bor», deyilgan.
Demak, uzrsiz ravishda shomni ikki rak’at namoz o‘qigudek darajada kechiktirish ham kareh sanalgan. Shuning uchun Imom Muhammad rahmatullohi alayh Zohirur-rivoya asarlaridan bo‘lmish «Asl»dagi «Namoz vaqtlari» bobida shunday deydi:
«Ayting-chi, shom qachon?» dedim. «Quyosh botgan paytdan shafaq g‘oyib bo‘lguncha», dedi. «Shafaq g‘oyib bo‘lguncha kechiktirishni makruh sanaysizmi?» dedim. «Ha. Shafaq Abu Hanifaning so‘zlarida ufqqa yoyilgan oqlikdir, Abu Yusuf va Muhammadning so‘zida esa qizillikdir.... Ayting-chi, shomni quyosh botganidan keyin biroz kechiktirsa bo‘ladimi?» dedim. «Quyosh botgan bo‘lsa, kechiktirishni makruh sanayman, qishda ham, yozda ham», dedi».
Ma’lumki, Imom Muhammad rahmatullohi alayh o‘z kitoblarida savol-javob uslubini ishlatganlar. Bu yerdagi savol va javobning egasi ham o‘zlaridir. Demak, mazhab imomlarining nazdida nafaqat yulduzlar gavjumlashguncha, balki quyosh botganidan keyin biroz kechiktirish ham makruhdir.
Xulosa qilib aytganda, har bir amalning, xususan, ibodat masalasidagi ishlarning me’yori shariat bo‘lishi kerak. Bu borada taxmin, vahm va vasvasalar o‘tmaydi. Shomni kun botganidan keyin 10-15 daqiqa kechiktirib o‘qiyotgan namozxonlarimiz «kun botishi» deganda quyosh gardishining yerdan g‘oyib bo‘lishini emas, balki yorug‘ligi ham ketishini tushunib qolishgan. Bu esa xatodir. Ushbu kechiktirish agarchi «ehtiyotkorlik» ko‘rinsa-da, aslida vahmdir. Agar shomni kechiktirayotgan o‘sha kishiga quyosh g‘oyib bo‘lganidan keyin, hali osmon yorug‘ turgan paytda «Men hali asr o‘qimagan edim, hozir o‘qisam, vaqtida o‘qigan bo‘lamanmi? Ado deb o‘qiyveraymi?» desangiz, «ha», deya olmaydi. Chunki bu vaqt asrning vaqti ekaniga o‘zi ham ishonmaydi. Holbuki, asr bilan shomning orasida arosat vaqt yo‘q. Fatvolardan ma’lumki, quyosh to‘liq botib ketmaguncha asrning bir qismini o‘qib olgan kishi qolganini quyosh botgandan keyin o‘qib tugatsa ham, o‘sha kunning asriga ulgurgan hisoblanadi. Binobarin, ayta olamizki, quyosh botganidan keyin ham shomni kechga surish yo odatda kech o‘qib o‘rganib qolgan odamning o‘z ko‘nikmasidan kecha olmasligidan, yo vasvasadan bo‘ladi. Boz ustiga, ayrim kishilarning, masjidlarda shom o‘z vaqtidan oldin o‘qilyapti, degan gumon asosida, uning odatidek kechga surilmayotganidan ko‘ngli to‘lmay, shomni uyda o‘qiyotgani makruh ustiga tarki sunnat hamdir. Undan ham xatarlisi, ayrim shomni kechiktiradiganlar jamoatning shomni o‘qib olishini kutib turar, jamoat chiqib ketgach, o‘zlari kirib o‘qishar ekan. Bu ham yetmagandek, boshqalarni ham shunday qilishga buyurar ekan. Bu ehtiyotkorlik emas, balki makruh, tarki sunnat hamda tafriqani o‘ziga jamlagan xatarli va eng achinarlisi, vasvasa ustiga qurilgan ishdir. Shu o‘rinda asosiy jamoat o‘qib bo‘lganidan keyin masjidda ikkinchi jamoat tashkil qilish makruh ekanini ham alohida ta’kidlash o‘rinlidir.
Mazkur kishilarning masjiddagi jamoatning shomni taqvimda ko‘rsatilgan vaqtda o‘qishidan ko‘ngli to‘lmasligiga sabab shuki, ular shom namozining vaqtini kech tasavvur qilib olib, atrof qorong‘ilashmay turib o‘qib qo‘yilsa, namoz namoz bo‘lmaydi, degan ma’noda ehtiyotkorlik qilmoqchi bo‘ladilar. Holbuki, taqvimda ko‘rsatilgan quyosh botish vaqti deyarli to‘g‘ri. Taqvimga aniqlik kiritish maqsadida shaxsan o‘zim poytaxtning yuqori tarafidan shahar tashqarisiga chiqib, quyoshning botishini kuzatdim. 2015 yil 14-dekabr, taqvim bo‘yicha, Rabi’ul-avval oyining uchinchi kuni edi. Taqvimda bu kunning shom vaqti 16:56 ko‘rsatilgan. Ammo quyosh 16:54 da botib bo‘ldi. Demak, taqvimda shom vaqti 2 daqiqa ehtiyoti bilan ko‘rsatilgan. Shuningdek, quyoshning botish vaqti Toshkentdan boshqa shaharlarda ham ishonchli vakillar vositasida kuzatildi. Masalan, Andijonda quyosh Toshkent uchun ko‘rsatilgan vaqtdan 12 daqiqa ilgari botishi anqilandi. Holbuki, taqvimda farq 10 daqiqa deb belgilangan. Aslida bu farq to‘g‘ri ko‘rsatilgan. Biroq, quyosh Toshkentda taqvimda belgilangan vaqtdan 2 daqiqa oldin botgani uchun farq 12 daqiqa bo‘lib qolgan. Binobarin, Andijon uchun ko‘rstaligan shom vaqtining ham 2 daqiqa zaxirasi bor. Shu bilan birga, boshqa shaharlardagi kuzatuvlar natijasi taqvimdagi ayrim shaharlar bo‘yicha Toshkentga nisbatan ko‘rsatilgan farqlar yuz foiz daqiq emasligini ko‘rsatdi. Masalan, Nukusda quyosh o‘sha kuni 17:34 da botgan. Holbuki, taqvimda Nukus Toshkentdan 42 daqiqa keyin deb ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra Nukusda shom vaqti 17:38 da botishi kerak edi. Demak, u yerda quyosh taqvimda ko‘rsatilganidan 4 daqiqa oldin botgan. Buxorodagi kuzatuvga ko‘ra quyosh taqvimda ko‘rsatilgan vaqtdan 3 daqiqa keyin botgan. Shahrisabz, Samarqand, Surxondaryoning Uzun tumani kabi mintaqalarda ham quyosh taqvimda ko‘rsatilgan vaqtdan 3-4 daqiqa kech botgani kuzatilgan. Shuning uchun diniy idora tomonidan qaytadan maxsus hay’at tuzilib, butun mamlakat bo‘ylab namoz vaqtlarini birma bir o‘rganib chiqish lozim, deb o‘ylaymiz. Bu kuzatuv yilning to‘rtala faslida ham olib borilishi kerak. Subhning kirishidan tortib, quyosh botgandan keyingi oq shafaq botgunicha bo‘lgan barcha namoz vaqtlari aniq, daqiqama daqiqa daqiq ko‘rsatilishi matlubdir. Binobarin, tavsiya shuki, shomni kun botmay turib o‘qib olishdan qo‘rqib yurgan kishilar, taqvim vaqtida ikkilansalar, ibodatni shubha va vahm asosida qilib yurmay, marhamat qilib, bir kun yarim soat vaqt ajratib, quyoshning botishini kuzatsinlar. Agar quyoshning gardishi taqvimda ko‘rsatilgan vaqtda ufq chizig‘idan g‘oyib bo‘lsa, demak, taqvimdagi vaqt to‘g‘ri ko‘rsatilgan, deb xulosa qilishlari, yoki aksincha, agar tafovut bo‘lsa, qancha tafovut borligini aniqlab olishlari mumkin. Bu masalada ham, boshqa diniy masalalarda bo‘lganidek, diyor ulamolari mas’uldirlar.
Kun botish vaqti masalasi iftor paytini belgilashda ham muhimdir. Shomni kechiktiradigan kishilar odatda og‘iz ochishni undan ham kechiktiradilar. Natijada og‘iz ochib, so‘ng shomni o‘qisharkan, mutlaqo makruh paytda ado etadilar. Ayniqsa, bamayli xotir yeb-ichib, so‘ng shomga turadiganlar shomning birinchi asl vaqti chiqa yozganda o‘qishlari ham mumkin. Ba’zilari «ta’jilul-iftor», ya’ni og‘iz ochishni tezlashtirish sunnatini «shoshib yeyish» deb ta’vil qilishgacha boradilar. Bu esa aqlga ham, naqlga ham ziddir. O‘zini ilmli sanagan ayrim kishilarning shom vaqti bilan iftor vaqtini ajratish haqidagi bahs va maqolalari ham bor. Ular bunga Baqara surasidagi «Keyin ro‘zani tungacha tugal qilinglar» oyatini dalil qilib, «Shom namozi quyosh botishi bilan o‘qiladi, ammo ro‘za qorong‘i tushganda ochiladi», deyishadi. Bu esa sunnatga, salafi solihlarning ijmo’siga, jumhur ulamolarning fatvosiga zid bir qarashdir, xolos. Iftorga shoshilish masalasi ham alohida bir mavzu.
Ushbu mo‘jaz izlanishdan quyidagi xulosalarni olish mumkin:
- Shomning vaqti osmon qorong‘ilashishi bilan emas, quyosh gardishining yer ortiga o‘tib, ko‘rinmay qolishi bilan kiradi.
- Shomni faqat bulutli kunlardagina kun botgani aniq bo‘lguncha kechiktirish mumkin. Ammo bu fatvo soat va taqvimlar mavjud bo‘lgan bugungi sharoitga tegishli emas.
- Shomni quyosh botganidan keyin biroz kechga surish ham makruh. Buni xususan, hanafiy mazhabi imomlari ta’kidlaganlar.
- O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan chiqarilgan taqvimlardan qanoat hosil qilmagan kishilar namoz vaqtini bevosita kuzatishlari va ibodatlarida aniqlik kiritib olishlari kerak bo‘ladi. Turli elektron jihozlar uchun chiqarilgan dasturlarga kelsak, ular ham shu asosda tekshirilishi mumkin.
- Ro‘za shom vaqti kirishi bilan ochiladi.
- Ibodatda vahmga asoslanib bo‘lmaydi.
- Xalqning ibodat masalalarini bayon qilib berish ilm ahlining haqqi va burchidir.
Alloh taolo barcha musulmonlarning ibodatlarini qabul aylasin, kamchiliklarini O‘zi kechirsin va mukammal ibodat qilishga muvaffaq qilsin!
09.03.2017