
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
FIROQ VAQTIDUR, EY KO‘ZLAR, ENDI QON YIG‘LANG...
Hijriy 1436 sana 5 jumodulavval, 2015 yil 10 mart seshanba oqshomi musulmon ummati, xususan, o‘zbek xalqi ulkan musibatga uchradi. Millatimiz faxri, ulug‘ alloma, faqih, muhaddis, mufassir, mutafakkir, murshid, zohid, barkamol shaxsiyat, buyuk odamiylik sohibi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari o‘tkinchi dunyoni tark etib, Allohning huzuriga yo‘l oldilar.
FIROQ VAQTIDUR, EY KO‘ZLAR, ENDI QON YIG‘LANG...
Bismillahir Rohmanir Rohim
«Albatta, biz Allohnikimiz va, albatta, Unga qaytguvchimiz. Boqiylik Allohga xos».
Hijriy 1436 sana 5 jumodulavval, 2015 yil 10 mart seshanba oqshomi musulmon ummati, xususan, o‘zbek xalqi ulkan musibatga uchradi. Millatimiz faxri, ulug‘ alloma, faqih, muhaddis, mufassir, mutafakkir, murshid, zohid, barkamol shaxsiyat, buyuk odamiylik sohibi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari o‘tkinchi dunyoni tark etib, Allohning huzuriga yo‘l oldilar.
Shayx hazratlari hijriy 1371 sanada rajab oyining 21 inchsida, melodiy 1952 yil 15 aprel seshanba kuni O‘zbekiston Respublikasi Andijon viloyati Asaka tumanida, Niyozbotir qishlog‘ida ilmu diyonat oilasida – Muhammad Yusuf domla xonadonida tavallud topdilar. 1961 yil Muhammad Yusuf domla Buxoro madrasasini bitirib kelgach, bu oila xizmat yuzasidan Andijonning Buloqboshi tumaniga ko‘chib o‘tishdi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf boshlang‘ich diniy ta’limni otalaridan oladilar. O‘rta maktabni tugatgach, 1970 yili Buxorodagi Mir Arab Madrasasiga o‘qishga kiradilar. U paytlarda madarasa ta’limi yetti yillik bo‘lgan. Qahramonimiz bilimlariga ko‘ra 4 kursga qabul qilinadilar. Madrasani bitirgach, Oliy Ma’hadda – Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutida tahsilni davom ettirish uchun imtihon topshiradilar va bir yo‘la 3 kursga qabul qilinadilar. Shuning uchun ham u kishini o‘sha talabalik chog‘laridayoq «Peshqadam» deb nomlashgan edi. 1975 yildan «Sovet sharqi musulmonlari» jurnalida faoliyat boshlaydilar. So‘ngra Liviyaning Tripoli shahridagi «Islomiy da’vat fakulteti» nomini olgan universitetga o‘qishga kiradilar va u yerda 4 yil tahsil olib, 1980 yili fakultetni imtiyozli darajada bitirib, yurtga qaytdilar. Shundan so‘ng Shayx hazratlari Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutida bir necha yil mudarrislik qildilar hamda mudir muovini va mudir vazifasida faoliyat yuritdilar. Ayni vaqtda Diniy idoraning xalqaro bo‘limida tarjimonlik ham qildilar.
Shayx hazratlari 1989 yilda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari Diniy idorasi muftiysi etib tayinlandilar. U kishi mustaqil O‘zbekistonning birinchi muftiysi bo‘ldilar. Ayni paytda Sobiq Sovet Oliy Kengashiga ham deputat etib saylangandilar. Shayx hazratlari o‘z muftiylik davrlarida Markaziy Osiyo musulmonlari uchun juda ulkan xizmatlarni qilganlar. Mintaqa hayotida katta burilish yasashda beqiyos hissa qo‘shganlar. U kishining sa’y harakatlari bilan ko‘plab masjid madrasalar ochilgan, ommaviy ravishda haj safariga borish yo‘lga qo‘yilgan, hojilarimiz bir necha yil Saudiya podshohi mehmoni bo‘lishgan va boshqa son sanoqsiz buyuk ishlar amalga oshirilgan.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahmatullohi alayh o‘nlab nufuzli xalqaro tashkilotlar a’zosi edilar. Yuzlab ilmiy anjumanlar, xalqaro yig‘inlarda O‘zbekiston va O‘rta Osiyo musulmonlari nomidan ishtirok etganlar. Shu e’tibordan u kishi o‘lkamiz musulmonlarining Islom olamidagi vakili, xalqimizning «yuz»i edilar. Shayx Hazratlari Islomga qilgan xizmatlari uchun xalqaro tashkilotlar tarafidan bir necha bor faxriy yorliq va ordenlar olganlar.
Shayx hazratlari o‘zbekzabon xalqlar uchun tafsir, hidis, fiqh, tasavvuf va deyarli barcha islomiy ilmlarga bag‘ishlangan yuz jilddan ortiq ilmiy asarlar qoldirdilar. U kishi omma o‘zbek xalqi uchun Qur’oni Karim hamda hadisi sharif ma’nolari, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlari, islom shariatini o‘rganishlari yo‘lida birinchi ot surgan chavandoz bo‘ldilar. Bir qancha ovozli hamda suratli suhbatlar, turkum darslar, savol javoblar ham u kishidan ulkan ilmiy meros bo‘lib qoldi. U kishining rahbarligida xalqaro internet tarmog‘ida o‘zbek tilidagi sof islomiy sahifaga asos solindi. Ushbu Islom.uz sayti o‘zbek tilidagi eng faol va a’zosi eng ko‘p sahifa hisoblanadi. Islom.uz portali asosida turli mavzularga bag‘ishlangan yigirmadan ortiq sahifa ham yaratildi. Har bir sahifa o‘z mavzusida eng boy va eng faol saytlarga aylandi.
Shayx hazratlari sof Islomni o‘rganish va o‘rgatish yo‘lida yangi bir maktabga asos soldilar. Yuzlab shogirdlar chiqardilar, tarbiyaladilar. U kishiga g‘oyibona shogird bo‘lganlarning esa son sanog‘i yo‘q. Bir qancha asarlari rus tiliga tarjima qilindi. U kishining tashabbuslari bilan rusiyzabon xalqlarga ham ulkan islomiy ilmlar yetib bormoqda. Ushbu ilmiy harakatlarning samarasi o‘laroq mintaqada ixtiloflar, kelishmovchiliklar, buzg‘unchiliklar bartaraf bo‘ldi va turli fitnalarning oldi olindi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining buyuk xizmatlar qilgani, ulkan ishlarni amalga oshirganlarini ko‘pchilik biladi. Asarlari ham barchaga ma’lum. Shu bois, biz hozir bu haqda to‘xtalib o‘tirmay, hayotlaridagi har bir musulmon uchun ibrat bo‘ladigan muhim jihatlarga e’tiborni qaratmoqchimiz.
Shayx hazratlarining muhabbati minglab xonadonlar qatori bizning xonadonni ham zabt etgan edi. Hazrat el oldiga chiqqan, muftiy bo‘lgan paytlari biz 8–9 yoshli bola edik. O‘shanda oila doirasida u kishining oynai jahon orqali chiqishlarini doimiy ravishda kuzatib borardik. U kishi yozgan har bir maqola, har bir asar bizning xonadonda mutolaa qilinar, so‘zlari hujjat qilib olinar edi. Shuning uchunmi, o‘sha paytdanoq u kishiga chin yurakdan ixlos qo‘ygan edik. Oradan yillar o‘tib, Alloh taoloning tavfiqi bilan u kishiga shogird bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldik. U zotga yaqin bo‘lganimiz sari ulug‘liklari, buyukliklariga yana da ko‘proq guvoh bo‘ldik.
Shayx hazratlarini Alloh taoloning O‘zi alohida inoyat bilan yaratgan edi. Bu ilohiy inoyat u kishining har hollarida balqib turardi. Jismonan, ruhan hamda aqlan barkamol inson edilar. Suratlari ham, siyratlari ham go‘zal edi. Zohirda qanday ko‘rkam bo‘lsalar, botinda undan da go‘zal edilar.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahmatullohi alayh ilm va taqvo xonadonida dunyoga keldilar. Otalari ustoz Muhammad Yusuf domla Boybo‘ta o‘g‘li rahmatli Andijon viloyatining ko‘zga ko‘ringan ahli ilmlaridan, taqvo va ibodatda mustahkam, dinu el xizmatida kamarbasta kishi bo‘lganlar. Alloh rahmatiga olsin, onalari Tilakberdi qizi Sobiraxon ona ham juda sodda, parhezkor, ibodatgo‘y, fidokor, samimiy ayol edilar. Ustoz Muhammad Yusuf domla va Sobiraxon ona farzandarining tarbiyasiga qattiq e’tibor berishgandi. Onalari chaqaloqni betahorat, tilovatsiz emizmasdi. Uni bir lahza ham nazardan chetda qo‘ymas edilar. Muhammad Yusuf domla farzandi Muhammad Sodiqning ilm olishiga bor e’tiborlarini qaratgandilar. Maktabda a’lo baholarga o‘qishiga, uyda mustaqil mutolaa qilishiga alohida ahamiyat berardilar. Muhammad Yusuf domla rahmatullohi alayhning o‘zlari bizga shunday deb aytib bergandilar: «Muhammad Sodiq yoshligidan juda ko‘p kitob o‘qirdi. Kechasi uxlab qolguncha mutolaa qilardi. Men kechalari turib, uning nima qilayotganini ko‘rish uchun xonasini poylar edim. U doim kitob ustida uxlab, kitob ustida uyg‘onardi. Men ham undan shuni talab qilardim. Agar sal beparvolikni sezsam, qattiq tanbeh berardim».
Muhammad Yusuf domla rahmatullohi alayh farzandini madrasaga berib ham tinchimadi. Uning yaxshi ilm olishi, taqvoda mustahkam bo‘lishi uchun bor kuchini sarfladi. Hatto o‘g‘lining xabarini boshqa talabalardan maxsus kuzatib bordi. Uni ko‘z qorachig‘idek asrash bilan birga undan ko‘z muskullaridek jiddu jahd ko‘rsatishni talab qildi. Shu bilan birga, qayerda biror olim, xudojo‘y insonni bilsa, borib, undan jigarbandining haqqiga duo oldi. Nihoyat, kutilgan nitijalar ro‘yobga chiqdi.
Shayx hazratlari ilmu amalda, taqvoyu ibodatda, axloqu odobda, bilim va hikmatda o‘xshashi yo‘q, yuksak namuna edilar. U kishini kuzatgan har qanday insofli odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning siyratlarini tasvirda ko‘rgandek bo‘lardi. Dastlab ko‘rgan kishi mahobatlaridan yonida so‘z aytishga jur’at qilolmasdi. Yaqindan gaplashgan inson esa u kishini yaxshi ko‘rib qolar, bor dardini u kishiga to‘kib solganini o‘zi ham sezmay qolar edi. U kishi nafaqat ilm beradigan ustoz, balki samimiy maslahatgo‘y, chin do‘st, haqiqiy murshid, hikmatli murabbiy edilar. Hatto dushmanlari ham qalbining tubida u kishining fazlini tan olishga majbur bo‘lardi.
...U kishi jismonan sog‘lom, teran fikrli, keng bilimga ega bo‘lishga qanchalik ko‘p harakat qilsalar, nafs tarbiyasiga, qalbni poklab, axloqni sayqallash bilan ham ana shunday jiddiy shug‘illanardilar va bu yuksalish hayotlarining so‘ngiga qadar uzuliksiz davom etib keldi. U kishining buyukligi ham shunda edi.
Shayx hazratlari juda xolis, adolatli va o‘ta samimiy inson edilar. Odamiyliklarini, vafodorliklarini, sadoqatlarini ta’riflashga til ojiz. Shuning uchun u kishi bir umr yurt el g‘amida hayot kechirdilar. Vatanning buguni va kelajagi uchun ahamiyatli bo‘lgan har bir katayu kichik narsani e’tibordan chetda qoldirmas, kuzatib borar edilar. Hatto birorta kichikroq inshoatning xalq xizmatiga topshrilganini ko‘rsalar, xursand bo‘lib gapirardilar, befarq bo‘lmasdilar.
Hazratda salafi solihlarning siyrati aks etgandi. Ilmga juda ham chanqoq edilar. Har sohadan boxabar, ko‘pincha o‘sha sohada soha ahlidan ko‘ra bilimdon, qomusiy olim edilar. Ammo dengizlarni sipqorib, yana tashna turardilar. Biror yangi ma’lumot yoki ma’no chiqib qolsa, yosh talabalardek quvonib ketardilar.
Shayx hazratlari juda ham bag‘ri keng, tafakkur ufuqlari ufuqlarga monand kishi edi. Insonlarni, modomiki shariatga zid bo‘lmasa, boricha qabul qila olardilar. Kishilardan yetadigan ozorlarga o‘ta bardoshli edilar. Shogirdlarning ancha muncha erkaliklarini ham ko‘tarardilar, erkinliklarini ta’minlardilar. Ularning o‘z fikrlarini tortinmay aytishlariga imkon yaratib berardilar. Bilmagan narsalarini bilmadim deyishdan va o‘rganishdan zarracha ham tortinmas edilar.
Hazratda bir insonda jam bo‘lishi mushkul bo‘lgan ko‘plab oliyjanob sifatlar mujassam bo‘lgan edi. U kishi o‘zlarida ulug‘vorlik bilan kamtarlik, o‘tkir bilimdonlik bilan soddalik, daho bilan tavozu’, podshodek siyosatdonlik bilan otadek mehribonlik, haybat bilan beg‘uborlik, boylik bilan zohidlik, ustozlik bilan toliblik, olimlik bilan pahalavonlikni jamlagan edilar. Hazrat buyuk arbob bo‘lish bilan birga oddiy musulmon bo‘lishni ham unutmagan edilar. U kishida haqiqiy tavozu’ – dildagi tavozu’ juda mukammal shakllangan edi. Yuksak shon shavkatga ega bo‘lish bilan birga fitrat sofligini ham saqlagan edilar. Suhbatdoshlari bilan chin yurakdan gaplashardilar. U kishi bilan hamsuhbat bo‘lgan har kim Hazrat meni hammadan ko‘p yaxshi ko‘radi deb o‘ylardi. Shogirdlarga ham ustoz, ham ota edilar. Ularni doimo tarbiya va himoya qilar, o‘rtalaridagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlab turar edilar. Mehrlari daryo edi. Keng bag‘irlari hammani o‘ziga sig‘dira olardi.
Shayx hazratlari ilmda odobga qattiq rioya qilardilar. Badxulqlikni qattiq qoralardilar. Har bir so‘z, har bir tasarruflarida salafi solihlarga yuksak odob ko‘rsatardilar. Ilm va fazl ahlini e’zozlar, iste’dodlarni taqdirlardilar. Har kimga iqtidoriga yarasha vazifa bera olardilar. O‘zga tarafidan qilingan yaxshi ish ozgina bo‘lsa ham, bo‘rttirib ko‘rsatardilar, kichik ilmiy jasoratni yuksaklarga ko‘tarib olqishlardilar. O‘zlarining xayrli ishlarini, ilmiy salohiyatlarini, jasoratlarini, ulkan bo‘lishiga qaramay, oddiy baholardilar. Nima muvaffaqiyat bo‘lsa, faqat Alloh taolodan ko‘rardilar. Ilmiy bahs va munoqashalarga doimo shay edilar. Xolis bo‘lsa, har qanday fikr va mulohazani qabul qilardilar. Na o‘z fikriga, na biror shaxs yoki toifaga mutaassiblik qilmasdilar. Har bir so‘zlarida, har bir ishlarida ixlos, xolislik balqib turardi. Odamlarning maqtovlariga ham, mazammatlariga ham e’tibor qaratmasdilar. O‘zlariga qarshi qilinadigan turli fitna va ig‘volarga parvo qilmasdilar. Bunday maydakashlik bilan mashg‘ul bo‘lishni o‘zlariga ep ko‘rmasdilar. Birortasi bu to‘g‘rida gap ochsa ham, «Bunday narsalarga e’tibor qilsak, asosiy ishdan qolib ketamiz», deb qo‘yardilar. Ig‘vogarlar ortlaridan umumiy yoki xos suhbatlarda qanchalar fitna qilmasin, na ommaviy, na xos yig‘inda o‘z himoyalari uchun biror so‘z aytmasdilar. Guruhbozlik, toifachilik, mutaassiblik, shaxsparastlikni mutlaqo yoqlamasdilar. Hatto o‘zlariga nisbatan qilingan takalluflarni ham keskin rad qilardilar. Qalblarida dinu el tashvishidan o‘zga g‘am yo‘q edi. Butun millat u kishi bilan faxrlansa da, o‘zlarida zarracha faxrlanish bo‘lmasdi. Balki o‘zlarining buyuk ijodlari, ishlari qolib, talabalarning kichkina ishlari, kamtarona izlanishlari bilan faxrlanar, quvonib, maqtanib yurardilar. Har bir shaxsdagi ijobiy jihatni ko‘ra olardilar va unga o‘sha nuqtadan muomala etardilar. Muxlis va ilmli kishilarni doim himoya qilardilar.
Hazrat ilm va fazl ahlini alohida hurmat qilardilar va buni amaliy suratda ham targ‘ib etardilar. Mol dunyoga, mansab martabaga qiyo ham boqmasdilar.
Hazrat doimo tinchlik, hamjihatlik tarafdori edilar. Ixtilof va kelishmovchiliklar chiqarishga qarshi turardilar. U kishi Islom shariatining maqsadini tom ma’noda anglagan olim edilar. Turli ixtilofli masalalarni ko‘tarib, kishilarning boshini aylantirib yurmasdilar. Bemazhablikni qattiq qoralardilar. U kishining sababidan xalq orasidagi ko‘plab ixtiloflar barham topdi, musulmonlar orasida birodarlik, do‘stlik ruhi taraldi. Turli boshboshdoqlik, tartibsizliklarni qalam bilan bartaraf etdilar. El dardini davolashda izchillik bilan hakimona ish olib bordilar. Nihoyat, musulmonlar o‘z dinu diyonatlarida u kishiga murojaat qiladigan, muammolarida u kishini hakam qilib oladigan bo‘lishdi. Bir necha suhbatlarida: «Rasululloh sollohu alayhi va sallam oddiy va sodda inson edilar. Bir go‘dak kelib yumushini aytsa, qo‘lini ushlab, ortida boraverardilar», degandilar va o‘zlari ham xuddi shunday edilar.
Hazratimiz hamisha Allohning zikri bilan band edilar. Ulovga o‘tirishlari bilan ulovga minish duosini o‘qir ekanlar, qo‘llariga tasbeh olib, duoga zikrni ulab yuborardilar. Sukutlari doimo qalb zikri bilan kechardi. Shu bois, u kishi har vaqt, hatto yolg‘iz qolganlarida ham Alloh taoloning kuzatib turganini his etib turardilar. Bu hol u kishining gap so‘zlarida, savol javoblarida va boshqa tasarruflarida o‘zini namoyon etardi. Ziyrak odam buni darhol payqab olardi.
Hazrat o‘ta irodali, matonatli, bardoshli edilar, hech qachon tushkunlikka tushmasdilar, salobatli tog‘dek barqaror turardilar. Doimo yaxshi umid bilan yashardilar. Har qanday holatda ham Alloh taolodan yaxshilik kutardilar va yaxshilik Uning taqdirida ekaninini ta’kidlardilar.
Shayx hazratlariga xolis nazar bilan qaray olgan har qanday insof egasi u kishini yaxshi ko‘rmay iloji yo‘q edi. Yurish turishlari, hatti harakatlari, gap so‘zlari – hamma_hammasi ibrat edi. U kishini insof ko‘zi bilan kuzatgan odam biror so‘z ishlamagani holda madrasa bitirardi. Xulosa qilib aytganda, u kishi ikki oyoqda yuradigan «Shariat», jonli «Sunnat» edilar. U kishida shariat va haqiqat ilmlari hamda amali jamlangan edi.
Shayx hazratlari sof Islom, ya’ni Ahli sunna va jamoa aqiydasining posboni, hanafiy mazhabining himoyachisi, naqshbandiya tariqatining targ‘ibotchisi edilar. U kishi bir umr mana shu to‘g‘ri yo‘lda mustaqim hayot kechirdilar, hech qayoqqa og‘madilar.
Ustoz shogirdlarga hamisha tahorat va zikr bilan yurishni, xuddi shu holda ishlashni buyurardilar. Bu so‘zga o‘zlari chin ixlos bilan, izchillik bilan amal qilardilar. U kishining asarlaridagi ta’sir va manfaat zamirida mana shu sadoqatning ham hissasi bor bo‘lishida shubha yo‘q.
Shayx hazratlaridek vaqtni qadrlagan kishini ko‘rmaganmiz. U kishi har bir soniyani g‘animat bilar, har bir nafasning Haq yo‘lida kirib chiqishiga tirishardilar. Biror lahzani behuda o‘tkazmasdilar. O‘zlaridan oshib, o‘zgalarning ham vaqtlarini qizg‘onar, tejar edilar. Kun soatlarini taqsimlab olgan edilar. El yurt ichidagi turli yig‘inlar, qabul soati, zikr virdlar, turli keldi ketdilar, jismoniy mashg‘ulot uchun alohida vaqt belgilab olgan edilar. Kuniga 10 varaq yangi kitob yozish bilan birga 30 varaq yangi kitobdan mutolaa qilishni ham vazifa qilib olgandilar. Biror kun tark qilmasdilar. Ba’zan safarlar sababidan vazifa tark bo‘lib qolsa, uyga qaytgach, o‘rnini to‘ldirib qo‘yardilar. Hatto ba’zan kuniga 30 40 varaqqacha ta’lif qilgan paytlari ham bo‘lgan. Undan tashqari, dunyoda bo‘layotgan hodisalarni uzluksiz kuzatib borar, ularga o‘z munosabatlarini bildirib turardilar. Qisqa qilib aytganda, Hazrat yolg‘iz o‘zlari bir «ummat» edilar.
Tabiiyki, haqiqat bor joyda botil ham bo‘ladi. Kimdir haq tarafida tursa, kimdir botil tarafida kurashadi. Hazratga ham bu borada turli sinovlar kelib turardi. Buyuk so‘fiy olimlardan Bishr Hofiy rahmatullohi alayh Xulaybiyning shunday deganini rivoyat qilgan: «Abu Hanifaga faqat johil yoki hasadgo‘y til tekazadi». Biz ham Shayx hazratlarini yaqindan kuzatarkanmiz, bu gap ayni ma’noda u kishining sha’nlariga to‘la muvofiq kelishini xulosa qilishimiz mumkin.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hadislarida: «Birortangizga musibat yetsa, unga men xususimda yetgan musibatni eslasin, zotan bu musibatlarning kattasidir», deganlar. Ya’ni kim biror yaqinidan ayrilsa, mendan ayrilganidagi musibatni esga olsin, shunda unga ayriliq alami yengil kechadi, chunki ummatimning eng katta musibati mendan ayrilishidir. Biz Shayx hazratlaridan judolikda aynan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ayriliq musibatini eslab, o‘zimizga tasalli olar ekanmiz, ikkinchi tarafdan sahobai kiromlarning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ayrilganlarida qanday holga tushganlarini biroz tasavvur ham qila oldik. Nega Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafot etganlari xabari kelganda: «Kim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni o‘ldi desa, uni o‘zim o‘ldiraman!» deganlarini endi his qildik. Nima uchun Bilol roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin Madinani tashlab chiqib ketganini, azon ayta olmay qolganini ham tushungandek bo‘ldik.
Ha, Shayx hazratlari chin ma’noda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning merosxo‘rlari edilar. U kishi ilmu amalda ham, mehnat_mashaqqatda ham, shuningdek, iymon ahlining muhabbatini qozonishda ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga merosxo‘r bo‘ldilar. Bu ulushdorlik hatto ta’riflanishda ham o‘z ifodasini topdi. U kishini vasf etgan dunyo kezgan kishilar oldin ham, keyin ham u kishining o‘xshashlarini ko‘rmaganlarini ta’kidlamoqdalar.
Shayx hazratlari rahmatullohi alayh shunday hayot kechirdilarki, o‘zlaridan keyingilarni u kishiga o‘xshashdan, maqomlarini kasb etishdan dog‘da qoldirdilar. Tarixda o‘tgan hazrat Abu Bakr, hazrat Umar roziyallohu anhumo, Imom A’zam rahmatullohi alayh kabi buyuk shaxslarga aytilgan «O‘zingizdan keyingilarni charchatdingiz», degan gap Shayx rahmatullohi alayhga ham munosib bo‘lib turgani u kishining fazllarini yana bir bor namoyon etmoqda.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahmatullohi alayh nafaqat O‘zbekiston yoki o‘zbekzabonlarning ustozi, balki butun Islom olamining yirik rabboniy allomasi edilar. Vafotlaridan keyin bunga yana ham amin bo‘lmoqdamiz. Shayx hazrat vafot etganlaridan keyingi jumada bir necha xorijiy mamlakatlarda u kishi haqida mav’izalar qilindi, jamoat bilan g‘oyibona janoza o‘qildi. Janubiy Koreyada millatdoshlarimiz tarafidan Shayx hazratlarining duolari bilan qurilgan masjid yaqinda ochilgan edi. Masjidga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning nomlari berildi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Payg‘ambarlik tugadi, endi mubashshirotlar – xabarchi tushlar qoldi», deganlar. Alloh taoloning inoyati bilan Hazrat haqlarida ayrim bashoratlar ham bo‘ldi. Birgina misol: Zamanamizning eng yirik hanafiy olimlaridan Muhammad Avvoma hafizahullohning o‘g‘li yirik hanafiy olim, muhadis Muhyuddin Avvoma Shayx hazratlari vafot etgan kuni o‘g‘illariga xat yozdi. U o‘sha kuni tongda Shayx hazratlarini ko‘rkam suratda tush ko‘rganini, tushida Hazrat unga Allohning huzurida «shahid» maqomini olganlarini xabar qilganlarini aytdi. Alloh bu ro‘yoni chin qilgan bo‘lsin! Ha, u kishi tom ma’noda Haq yo‘lida jon tikkan zot edilar.
Biz o‘zbeklar, xususan, Andijon ahli shunday buyuk inson aynan bizning tufrog‘dan chiqqani bilan har qancha faxrlansak, haqlariga qancha ko‘p duo qilsak, oz. Bizdan u kishining ilmiy meroslarini o‘rganib, asrab avaylab, keyingi avlodlarga yetkazish, u kishining xizmatlarini ardoqlab, o‘gitlariga amal qilish, yo‘llarini tutib, davom ettirish lozim bo‘ladi.
Shayx hazratlari oilada to‘ng‘ich farzand edilar. U kishining bir uka va bir singillari bor. Ukalari ham akalarining izidan borib, Mir arab madrasasida va Oliy Ma’hadda ta’lim olganlar. Singillari ham ilm ma’rifatli ayol. Allohdan bu azizlarimizga go‘zal sabr va bardosh so‘raymiz.
Shayx hazratlari o‘zlarining ortlaridan bir o‘g‘il, ikki qiz qoldirdilar. Ahlu ayollari, o‘g‘il qizlari, kelin kuyovlari barchalari ilmu ma’rifat yo‘lidalar. Biz ushbu muborak oila a’zolariga chuqur ta’ziyamizni izhor qilamiz. Alloh taolodan ularga sabru salvon, sabrlari evaziga ajri azimlarni tilab qolamiz!
Shayx hazratlarining vafotlari nafaqat oilalari, yaqinlari, el yurt, balki butun musulmon ummati uchun ulkan musibat bo‘ldi. Alloh taolodan barchalarimizga musibatimizda sabri jamil berishini, ortlaridan bizlarni yaxshilikda bardavom qilishini tilaymiz!
Alloh taolo Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarini O‘z rahmatiga olgan bo‘lsin! Oxiratdagi darajalarini yuksak qilsin! Qolgan ahllariga, shogird va muxlislariga sabri jamil ato aylasin!
Firoq vaqtidur, ey ko‘zlar, endi qon yig‘lang, Bilurmisizki, bu kun ne kishidin ayrilasiz?! (Alisher Navoiy)
Hasanxon Yahyo Abdulmajid Husaynxon Yahyo Abdulmajid 17.03.2015