
Husaynxon Yahyo Abdulmajid
SHORI’NING SO‘ZI VA SHARIATNING ISTILOHI
Ammo ba’zan son ortgan sari sifat pastlashi bu borada ham ko‘zga tashlana boshladi. Ushbu maqola son ortgan sari sifat ham ortsin, degan yaxshi niyatda yozildi.
SHORI’NING SO‘ZI VA SHARIATNING ISTILOHI
O‘zining vahiysi orqali bashariyatni ilmu irfonga oshno qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin! O‘zining fasohatli so‘zlari bilan insoniyatni jaholat uyqusidan uyg‘otgan Muhammad Mustafoga salotu salomlar bo‘lsin!
Peshvolarining har bir so‘z va amalini diqqat bilan yod olib, keyingi avlodlarga omonat sifatida yetkazgan sahobai kiromlarga Allohning roziligi bo‘lsin!
Hozirgi kunda Alloh taoloning inoyati bilan ona tilimiz – o‘zbek tilida islomiy ilmlarni o‘rganishga keng imkoniyatlar ochildi. O‘zbekzabon o‘quvchilarga Qur’oni Karim ma’nolari, hadisi shariflarning tarjimalari, sharhu izohlari o‘z ona tillarida taqdim qilina boshladi. Allohga hamdlar bo‘lsinki, ilgari bir necha yillik mutolaa bilan yetishiladigan katta-katta arabcha asarlar ilm ahli tarafidan tarjima qilinib, oddiy o‘zbek o‘quvchisiga taqdim qilinmoqda. Bu asarlar orasida kichik risolalardan tortib, bir necha jildlik kitoblargacha bor. Bundan tashqari, islomiy maktab va madrasalarda tahsil olib, mullo bo‘lib, joylardagi masjidlarda imom-xatib yoki noiblik faoliyatida ish yuritayotgan, turli ma’rakalarda va’z-irshodlar qilayotgan ahli ilmlarimizning soni ham kun sayin ortib bormoqda. Bu juda quvonarli hol. Ammo ba’zan son ortgan sari sifat pastlashi bu borada ham ko‘zga tashlana boshladi. Ushbu maqola son ortgan sari sifat ham ortsin, degan yaxshi niyatda yozildi.
Mazkur diniy adabiyotlar orqali xalqimizga diniy tushunchalar ham keng miqyosda yetib bormoqda. Kishilarga islomiy ilmlar yetkazib borilar ekan, shar’iy manbalardagi so‘zlarni to‘g‘ri yetkazish, munosib tarjima qilish lozim bo‘ladi. Yurtimizda nashr qilinayotgan asarlar va taqdim qilinayotgan ma’ruzalarni kuzatar ekanmiz, bu borada bir muncha kamchiliklarga ko‘zimiz tushadi. Agar ushbu muammoni atroflicha tahlil qilib, unga keng va aniq yechim taqdim qilmoqchi bo‘lsak, anchagina ish bor.
Biroq biz bu maqola orqali mazkur muammoning bir jihatini yoritmoqchimiz. Maqola «Shori’ning va shari’atning tili» deb atalgan. «Shori’» shariat egasi demakdir. «Shariat egasi» deganda shariatni nozil qilgan Alloh taolo yoki uni tatbiq qilib ko‘rsatgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yoxud har ikki ma’no – Allohu Rasul tushuniladi. «Til» deganda so‘z istiye’moli nazarda tutilgan. Binobarin, aytish mumkinki, maqola Shori’ning gaplarida kelgan so‘zlarni shariat ilmlaridagi atamalar bilan qorishtirmaslikka chaqiriqdir. Binobarin, bahsimiz soha mutaxassislariga qaratilgan. Biz bu mavzuda ayrim misollar keltirish bilan kifoyalanamiz.
- Sunnat.
Qur’oni Karimda, hadisi shariflarda hamda sahobai kiromlarning so‘zlarida kelgan «sunnat» so‘zi ijobiy yoki salbiy ma’nodagi yo‘l-yo‘riq, yo‘sin, tariqa, odat kabi ma’nolarda ishlatilgan. Masalan, Munzir ibn Jarir otasidan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
عَنِ الْمُنْذِرِ بْنِ جَرِيرٍ ، عَنْ أَبِيهِ ، قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى الله عَليْهِ وسَلَّمَ : مَنْ سَنَّ سُنَّةً حَسَنَةً فَعُمِلَ بِهَا ، كَانَ لَهُ أَجْرُهَا وَمِثْلُ أَجْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا ، لاَ يَنْقُصُ مِنْ أُجُورِهِمْ شَيْئًا ، وَمَنْ سَنَّ سُنَّةً سَيِّئَةً فَعُمِلَ بِهَا ، كَانَ عَلَيْهِ وِزْرُهَا وَوِزْرُ مَنْ عَمِلَ بِهَا ، لاَ يَنْقُصُ مِنْ أَوْزَارِهِمْ شَيْئًا.
«Kim bir yaxshi odatni yo‘lga qo‘ysa va unga amal qilinsa, unga o‘shaning ajri va unga amal qilganlarga bo‘lgancha ajr bo‘ladi, ularning ajrlaridan hech narsa kamaymaydi. Kim bir yomon odatni yo‘lga qo‘ysa va unga amal qilinsa, unga o‘shaning gunohi va unga amal qilganlarning gunohi bo‘ladi, ularning gunohidan hech nima kamaymaydi». (Ibn Moja rivoyati)
Biz «odat» deb tarjima qilgan so‘z matnda «sunnat»dir. Demak, bu so‘z lug‘atda ijobiy yoki salbiy ma’nodagi tutum, yo‘lni bildiradi.
Keyinchalik islomiy ilmlar turli sohalarga bo‘linib, alohida-alohida ilmlarga taqsimlana borgach, har bir ilm egalari o‘z mavzulari va tadqiqotlaridan kelib chiqib, «sunnat» so‘zini muayyan istilohda ishlata boshlaganlar. Masalan, hadis ulamolari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ummat uchun yetakchi, o‘rnak sifatida o‘rganar ekanlar, u zotga aloqador barcha narsani – axloq-odob, so‘z-amal, ish-harakat, buyrug‘u qaytariq, ko‘rinishu yurish-turish – barcha-barcha xabarlarni «sunnat» deb ataganlar. Ularning ta’rifiga ko‘ra, sunnat deganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan xabar qilingan, u zot payg‘ambar bo‘lishlaridan oldingi va keyingi so‘z, ish-harakat, taqrir, xalqiy va xulqiy sifatlar hamda fe’l-atvorlari tushuniladi.
Usuli fiqh ulamolari esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni mujtahidlarga shariat qonunlarini belgilab beruvchi va ulardan hukmlar olish qoidalarini ko‘rsatib beruvchi zot deb qaraganlar. Shuning uchun ularning ta’rifiga ko‘ra, sunnat deganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan, shar’iy hukmga dalil bo‘ladigan so‘z, ish-harakat va taqrirlar nazarda tutiladi.
Faqihlar esa bandalarning zohiriy amallariga nisbatan shar’iy hukmni, ya’ni qaysidir amalning qat’iy yoki noqat’iy talab qilingan yoxud qat’iy yoki noqat’iy qaytarilgan amal ekanini o‘rganar ekanlar, «sunnat» so‘zi ularning istilohida farz va vojibdan keyingi o‘rinda turadigan, noqat’iy talab qilingan savobli ishni bildiradi. Xalq orasida «sunnat» deganda asosan mana shu ta’rif tushuniladigan bo‘lib qolgan.
Shuningdek, ulamolarning tilida «sunnat» deganda «bid’at» so‘zining ziddi ham nazarda tutiladi. Masalan, «falon ish sunnatga xilof» degani bid’at demakdir. «Falonchi sunnatdan chiqdi» deganda uning bid’atchiga aylangani tushuniladi.
Ammo hadisi shariflarda kelgan «sunnat» so‘zini boshqa ilmlarga xos istilohiy sunnat bilan, xususan, fiqhiy istilohdagi sunnat bilan aralashtirmaslik kerak. Chunki bu ilmlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sahoblar davrida shakllanmagan bo‘lgan. Istilohlar mazkur ilmlar shakllangan keyingi davrlarda ishlab chiqilgan. «Sunnat» so‘zi Qur’oni Karim va hadisi shariflarda o‘sha davr arab tilidagi sodda ma’noda, ya’ni yuqorida aytilgandek, yo‘l, odat, tutum ma’nosida ishlatilgan. Misol tariqasida ayrim oyatlar va ba’zi mashhur hadislarni keltiramiz.
Alloh taolo Niso surasida mahram-nomahramlar haqidagi hukmlarni, nikohga oid masalalarni bayon qila turib, so‘ngida shunday deydi: «Alloh sizlarga bayon qilib berishni, sizni sizlardan oldingilarning sunnatlariga hidoyat qilishni va tavbalaringizni qabul etishni iroda qiladir. Alloh o‘ta biluvchidir, o‘ta hikmatlidir». (Niso surasi, 26-oyat).
Ushbu oyatda Alloh taolo oldingi ummatlarning tutumlari, yo‘l-yo‘riqlarini «sunnat» deb atagan. Ularning o‘sha sunnatlarini Muhammad solllallohu alayhi vasallamning ummatlariga ham ravo ko‘rganini bayon qilgan. Chunki o‘sha sunnatlarni ularga Alloh taoloning O‘zi amr qilgan, joriy qilgan.
Alloh taolo Qur’oni Karimda O‘zining bandalarda joriy qilgan odatlarini ham «sunnat» deb atagan. Masalan, haqni inkor qilgan, payg‘ambarlarni yolg‘onchiga chiqargan nobakor qavmlarni halok qilishi, O‘zining do‘stlariga nusrat va yordam berishi haqida so‘z borgan oyatlarning nihoyasida Alloh taolo shunday deydi: «Allohning avvaldan kelayotgan sunnatidir. Allohning sunnatiga aslo tabdil topa olmassan». (Fath surasi, 23-oyat).
Ya’ni Alloh taoloning borliqda joriy qilib qo‘ygan qoidalari, odatlari bor. Ularni o‘zgartira olmassan.
Imom Buxoriy Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: «Uch kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ibodatlari haqida so‘rash uchun u zotning zavjalarining uylariga kelishdi. Ularga aytib berilgan edi, buni oz sanaganday bo‘lib, «Biz qayoqda-yu, Nabiy sollallohu alayhi vasallam qayoqdalar?! U zotning oldingiyu keyingi gunohlari mag‘firat qilingan bo‘lsa», deyishdi. Ulardan biri: «Men umrbod tuni bilan namoz o‘qib chiqaman», dedi. Boshqasi esa: «Men bir umr ro‘za tutaman, og‘iz ochiq yurmayman», dedi. Yana boshqasi: «Men ayollardan chetda bo‘laman, umrbod uylanmayman», dedi.
Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam keldilar va shunday dedilar: «Shunday-shunday deganlar sizlarmi?! Hoy! Allohga qasamki, men sizlarning Allohdan eng qo‘rqadiganingizman, Unga eng taqvo qiladiganingizman, lekin men ro‘za ham tutaman, og‘iz ochiq ham yuraman, namoz ham o‘qiyman, uxlayman ham, ayollarga uylanaman ham. Kim mening sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas!»
Imom Ibn Moja Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Nikoh mening sunnatimdandir, kim mening sunnatimdan voz kechsa, mendan emasdir», deganlar.
Ko‘pchilik kishilar ushbu hadislardan uylanish sunnat degan fikrga kelib qolgan. Ikkinchi, uchinchi xotinga uylanishni sunnat deb tushunadiganlar ham bor. Bunda ular farz, vojibdan keyingi o‘rinda turadigan, muakkada va mustahabbaga bo‘linadigan «sunnat»ni, ya’ni fiqhiy istilohdagi sunnatni tushunadilar. Aslida esa unday emas.
Imom Tabaroniy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Ummatim fasodga uchragan paytda sunnatimni tutgan kishiga shahidning ajri bor».
Imom Abu Dovud, imom Termiziy va boshqalar Irbos ibn Soriya roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlar mening sunnatim va mendan keyingi to‘g‘ri yo‘ldagi hidoyatli xalifalarimning sunnatini lozim tuting», deganlar.
Ushbu hadisi shariflarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «sunnat» so‘zini o‘z zamonlaridagi arab xalqining tushunchasida aytganlar, sahobai kiromlar ham shunday tushunganlar. Unga ko‘ra, «sunnat» aqidayu ibodatlarni, tushunchalaru dunyoqarashni, axloqu odobni, ruhiy poklanishu qalb tarbiyasini, fiqhiy istilohdagi farzu vojib, muakkadayu mustahabba sunnatlarni, amallardagi yo‘l-yo‘sin – barcha-barchasini o‘z ichiga oladi. Shuning uchun «nikoh mening sunnatimdir» degan gapni «nikohli hayot kechirish mening tutumimdir, yo‘sinimdir» deb tushunish kerak. «Kim mening sunnatimdan voz kechsa» deganlarini «kim mening yo‘limni, yo‘rig‘imni tark etsa» deb anglash lozim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tutumlarini, yo‘riqlarini tutish ummat uchun vojibdir. Fiqhiy istiloh bilan qaraganda esa, nikohlanish kimgadir farz, kimgadir sunnat, kimgadir makruh bo‘lishi mumkin.
«Ummatim fasodga uchragan paytda mening sunnatimni tutgan kishiga shahidning ajri bor» deganlarida «ummatim mening yo‘l-yo‘rig‘imni tutmay qo‘ygan paytda mening tutumimni ushlagan, ya’ni aqiydasi ham, amallari ham, odob-axloqi ham men ko‘rsatgandek bo‘lgan kishiga shahidning ajri bor», degan ma’no tushunilishi kerak. Bu hadisi sharifdan fiqhiy istilohdagi bitta sunnatni bajargan kishi shahidning savobini oladi, deb uqmaslik lozim.
Shuningdek, hammaning tilida aylanib yuradigan «Ahli Sunna» istilohining aqiyda masalasi asosida vujudga kelgani ham so‘zimizning dalilidir. Zero, aqiyda – iymondir. U musulmon bo‘lish yoki musulmonlikdan chiqish masalasidir. U poychani kalta qilish yoki bomdoddan oldin ikki rak’at nafl namoz o‘qish kabi far’iy masala emas. Turli botil e’tiqodlar, buzuq aqiydalar ko‘paygan bir paytda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar tutgan iymon va aqidani mahkam ushlaganlar «Ahli Sunna» deb atalganlar.
Xulosa shuki, oyati karimalarda, hadisi shariflarda, sahobai kiromlarning so‘zlarida kelgan «sunnat» so‘zini fiqhiy istiloh yoki boshqa atamaga cheklab qo‘ymaslik kerak. Ommaga bir narsani «sunnat» deb aytishda lozim o‘rinda uning qay ma’noda sunnat ekanini tushuntirib qo‘yish kerak.
Masalan, imom Buxoriy rahmatullohi alayh buyuk tobein imom Zuhriydan rivoyat qilgan asarda u kishi: «Ahli ilm kishilarning «Sunnatni mahkam tutish najotdir», deganlarini eshitganman», deganlar. Bu gapni har bir ishda, har bir harakatda, har bir tushunchada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashish najotdir, deb tushunmoq kerak bo‘ladi.
- Nasihat.
«Nasihat» so‘zi lug‘atda xolislik, samimiylik, xayrixohlik, soflik, sadoqat ma’nolarini bildiradi. U «g‘ishshun» so‘zining, ya’ni qilvirlik, xiyonat, aldov, nosamimiylikning aksidir. Kishi birovga chin dildan yaxshilik istagani uchun pand, o‘git qiladi. Shuning uchun «nasihat» so‘zi keyinchalik pand, o‘git, va’z ma’nosida ishlatiladigan bo‘lib qolgan. Masalan, Sayyid Jurjoniy o‘zining «Ta’rifot»ida «nasihat» so‘zini shunday izohlagan: «Nasihat – zamirida solihlik bo‘lgan narsaga chaqirish va zamirida fasod bo‘lgan narsadan qaytarishdir».
Ammo bu ta’rif keyingi davr iste’molidagi nasihatga berilgan. Jurjoniyning ushbu ta’rifdan oldingi «nush» so‘ziga bergan ta’rifi arab tilidagi «nasihat» so‘zining asl ma’nosiga to‘g‘riroq keladi. U kishi shunday deydi: «Nush – amalni fasod kirliklaridan xoli qilishdir».
Biroq keyinchalik vaqt o‘tishi bilan «nasihat» so‘zining arab tilidagi asl ma’nosi unutilib, kishilarning onggiga uning keyingi ma’nolari singib qolgan. Shuning uchun ko‘pchilik Qur’oni Karim va hadisi shariflarda kelgan «nasihat», «nush» so‘zlarini o‘git ma’nosida «nasihat» deb tarjima qilishga o‘tib ketgan. Natijada oyatu hadisni o‘sha tushuncha asosida sharhu izoh qilishga majbur bo‘lingan. Pirovardida oyatu hadisda ko‘zlangan ma’no chiqmagan, asl maqsad yo‘qolgan. Masalan, quyidagi hadisni olaylik:
عَنْ تَمِيمٍ الدَّارِيِّ: أَنَّ النَّبِيَّ r قَالَ: «الدِّينُ النَّصِيحَةُ»، قُلْنَا: لِمَنْ؟ قَالَ: «لِلَّهِ وَلِكِتَابِهِ وَلِرَسُولِهِ وَلِأَئِمَّةِ الْمُسْلِمِينَ وَعَامَّتِهِمْ».
Tamiym Doriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Din samimiyatdir», dedilar. «Kimga?» dedik. «Allohga, Uning Kitobiga, Rasuliga, musulmonlarning peshvolari va ularning hammasiga», dedilar». (Imom Muslim rivoyati).
Hadisi sharifdagi «samimiyat» deb tarjima qilingan so‘z asl matnda «nasihat» deb kelgan, ya’ni «Din nasihatdir», deyilgan. Ushbu hadisi sharifning tarjima va sharhlariga qarasak, undagi «nasihat» so‘zi asosan pand, o‘git ma’nosida tushunilganini ko‘ramiz. Hatto keyingi davrdagi arab olimlari ham hadisdagi «nasihat» so‘zini sharh qilishda va’zu irshod ma’nosiga og‘ib ketganlarini kuzatish mumkin. Ular «nasihat» so‘zining asl ma’nosini yo‘qotgach, uni o‘z tushunchalari bo‘yicha izohlashga kirishishgan, uning asl mazmuniga yeta olmay, chek-chegarasiz gaplarni aytishgan.
Bu hadisdagi «nasihat» so‘zi arab tilida «nasoha-yansohu» fe’lining masdari bo‘lib, yuqorida aytilganidek, soflik, samimiylik, sodiqlik, sidqidillikni bildiradi. Bu fe’lning «nashan», «nushan», «nasohatan», «nisohatan», «nasohiyatan», «nusuhan» kabi boshqa masdarlari ham bor.
Ibn Abbos roziyallohu anhu: «She’riyat arablarning devonidir. Alloh arablarning tilida nozil qilgan Qur’ondan biror kalima bizga ma’lum bo‘lmay qolsa, ularning devoniga murojaat qilamiz, uning bilimini o‘shandan qidiramiz», deganlar. «Qur’on tarjimoni» laqabini olgan mufassirlar imomi Ibn Abbos roziyallohu anhuning ushbu gaplariga binoan biz «nasihat» so‘zini arablarning she’rlaridan qidirsak, uning asl ma’nosini tushunib olishimiz oson bo‘ladi.
Arab shoirlarining eng yuqori tabaqasidan hisoblangan Nobig‘a Zabyoniy o‘zining bir she’rida shunday deydi:
نَصَحْتُ بني عَوْفٍ فلم يَتَقَبَّلوا
رَسُولي ولم تَنْجَحْ لديهم وَسائِلي
Banu Avfga xayrixohlik qildim, ammo ular mening elchimni qabul qilishmadi va ularning oldida mening vasilalarim muvaffaqiyat qozonmadi.
Bu she’rdagi «nasihat» so‘ziga Banu Avfga va’zu irshod qilish ma’nosi tushmaydi, balki xayrixohlik, samimiylik to‘g‘ri keladi.
Ibn Manzur «Lisanul-arob» asarida ushbu baytning ketidan quyidagi misralarni misol qilib keltiradi va yuqoridagi fikrni quvvatlaydi:
أَلا رُبَّ من تَغْتَشُّه لك ناصِحٌ
ومُنْتَصِحٍ بادٍ عليك غَوائِلُه
Sen g‘addor sanagan ayrimlar borki, senga xayrixohdir, Sen xayrixoh sanagan ayrimlar borki, falokatlari ustingda namoyon.
Ushbu baytda «nasihatun» o‘zagi «g‘ishshun» o‘zagiga muqobil, ya’ni antonim sifatida qo‘yilgan.
Ibn Manzur «nasoha» so‘zini sof bo‘lish deb izohlar ekan, «sof asal nosih asaldir», deydi, «nush» so‘zi esa «g‘ishsh»ning ziddi ekanini ta’kidlaydi. Shuningdek, «g‘ishshun» moddasiga kelganda «G‘ishsh – nushning ziddidir», deya ta’riflaydi. So‘ng Ibn A’robiyning she’ridan quyidagi baytning ikkinchi misrasini misol qiladi:
قد كانَ في بئرِ بني نَصْرٍ مَخَشْ
ومَنهل تَروى به غيرُ غَشَشْ
Banu Nasr qudug‘ida harakat bor edi. Chanqoqni qondirar loyqasiz buloq.
Ikkinchi misradagi «g‘oshash» so‘zi «g‘ishshun»dan olingan bo‘lib, kuduratni, soflikning teskarisini bildiradi. «Har bir narsa o‘zining ziddiga qarab aniqlanadi», degan qoidaga amal qilsak, «nush» so‘zini osongina anglab olamiz.
Ibn Asir o‘zining «An-nihaya fii g‘oribil-asar» kitobida «نصح» moddasida yuqoridagi «Din nasihatdir» hadisini keltirib, shunday deydi: «Umuman olganda, «nasihat» so‘zi nasihat qilinayotgan kishiga yaxshilik iroda kilishni bildiradigan so‘zdir. Bu ma’noni shu so‘zdan boshqa biror so‘zning yolg‘iz o‘zi bilan ifodalashning imkoni yo‘q. «Nush» so‘zining ma’nosi asl lug‘atda «xulus»dir (xolislik, soflik). ...Ubayning hadisida shunday deyilgan: «Nabiy solllallohu alayhi vasallamdan nasuh tavba haqida so‘radim. U zot: «Ketidan gunoh qaytarilmaydigan, xolisidir», dedilar». Binbarin, nasuh tavba – xolis, chin yurakdan qilingan, samimiy, sodiq tavbadir.
Demak, biz «din nasihatdir» deganda «din pand-nasihatdir, o‘gitdir», deb emas, balki «din sidqidillikdir», «din samimiyatdir», «din xayrixohlikdir» degan ma’nolarni tushunishimiz kerak. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu so‘zni tabiatan, o‘z tillarida aytganlar. Sahobai kiromlar ham uni tabiiy, lisoniy ta’blari bilan tushunishgan. Shuning uchun «nasihat nima?» deyishmagan, balki «kimga?» deb so‘rashgan. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohga, Uning Kitobiga, Rasuliga, musulmonlarning peshvolariga va hammalariga», deb javob berganlar, ya’ni Allohga, Uning Kitobiga, Rasuliga, musulmonlarning peshvolari va barchalariga samimiy, xayrixoh bo‘lish, deb aytganlar.
جَرِيرَ بْنَ عَبْدِ اللهِ يَقُولُ: بَايَعْتُ النَّبِيَّ r عَلَى النُّصْحِ لِكُلِّ مُسْلِمٍ
Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhu aytadi: «Men Nabiy solllallohu alayhi vasallamga har bir musulmonga xayrixoh bo‘lishga bay’at qildim».
Hadisdagi «nasihat» kalimasining ma’nodoshi bo‘lgan «nush» so‘zi «nasihat» deb tarjima qilinsa, har bir musulmonga pand- nasihat qilish haqida bay’at qilish tushunib qolinadi. Har bir musulmonga o‘git berish imkonsiz, buning shar’an vojib qilinishi ham, buning uchun bay’at olinishi ham mumkin emas. Balki har bir musulmonga samimiy, xayrixoh bo‘lish imkonli va matlubdir.
Qur’oni Karimda «nasihat» so‘zi bir necha o‘rinda keladi. Afsuski, ko‘pchilik bu so‘zni Qur’oni Karimda ham hadisi sharifdagidek tushungan. Misol tariqasida quyidagi oyatlarni keltirishimiz mumkin: «Sizlarga Robbimning risolatlarini yetkazaman hamda sizlarga xayrixohlik qilaman...». (A’rof surasi, 62-oyat).
Bu so‘zlar Nuh alayhissalomning tillaridan aytilgan. Bu ma’no suraning davomida boshqa payg‘ambarlarning tilidan ham takrorlanadi: Hud alayhissalom aytadilar: Sizlarga Robbimning risolatlarini yetkazaman va men sizlarga ishonchli xayrihohman». (A’rof surasi, 68-oyat).
Solih alayhissalom shunday deydilar: «Ey qavmim, batahqiq, sizga Robbimning risolatini yetkazdim va sizga xayrixohlik qildim. Lekin siz xayrixohlarni suymaysiz». (A’rof surasi, 79-oyat)
Shuayb alayhissalom ham shunday deydilar: «Ey qavmim, batahqiq, sizga Robbimning risolatlarini yetkazdim va sizga xayrixohlik qildim. Endi qanday qilib kofir qavmga achinay?!» (A’rof surasi, 93-oyat)
Biz «xayrixohlik» deb tarjima qilgan so‘zni ko‘pchilik pand, o‘git ma’nosidagi «nasihat» deb tarjima qiladi. Holbuki, ma’no unday emas. Zotan, payg‘ambarlarning ularning va’zu irshodini qabul qilmayotgan, pandu o‘gitdan toqati toq bo‘lib turgan qavmga «men sizlarga nasihatgo‘yman» deyishi mantiqan to‘g‘ri bo‘lmaydi. Shuningdek, «amiyn», ya’ni ishonchlilik sifatiga yonma yon qo‘yishga voizlik hamohang kelmaydi, balki xayrixohlik, samimiylik to‘g‘ri keladi. Bu ma’noni yanada aniqroq tushunish uchun bu so‘zning boshqa oyatlardagi misollarini ko‘rib chiqishning o‘zi kifoya: «Ular aytishdi: «Ey otamiz, senga nima bo‘ldiki, Yusufni bizga ishonmaysan? Holbuki, biz unga xayrixohlarmiz».
Ya’qub alayhissalomning o‘g‘illari u zotdan Yusuf alayhissalomni o‘zlari bilan birga olib ketish uchun izn so‘rashganda shunday deyishgan. Ular Yusufga bo‘lgan hasadlari, ginalari tufayli uni yo‘q qilib, qutulmoqchi bo‘lishadi va Yusufni ularga ishonmayotgan otalariga yuqoridagi gapni aytishadi. Tabiiyki, bu o‘rinda suyukli o‘g‘lini ularga ishonmayotgan otaning shubhalarini aritish uchun «Biz Yusufga nasihatgo‘ymiz, va’zu irshod qilmoqchimiz», deyishlari mantiqan aslo to‘g‘ri kelmaydi. Balki, «biz unga samimiymiz, xayrixohmiz», deyishlari to‘g‘ri bo‘ladi.
Iblis Odam va Havvo alayhimassalomni man qilingan daraxtdan yeyishga vasvasa qilar ekan, ular uning rostgo‘yligiga shubha qilishadi va undan aldamayotgani, xolisligi haqida qasam ichishini so‘rashadi. Shunda u bu haqda qasam ichadi: «Ularga: «Albatta, men sizlarga xayrixohlardanman», deb qasam ichdi». (A’rof surasi, 21 oyat)
Ushbu oyatda ham Iblisning Odam va Havvo alayhimassalomga va’zu irshod qilishi, pandu nasihat qilayotganiga qasam ichishi mantiqqa mos tushmaydi. Aksincha, u o‘zining ularga xayrixohligi, xolis, samimiyligiga qasam ichishi to‘g‘ri bo‘ladi.
Yana bir misol. Muso alayhissalomning onasi uni savatga solib, suvga oqizib yuborgach, Fir’avnning odamlari go‘dakni tutib olishadi. Muso alayhissalomning onasi katta qizini uning ortidan borib, kimning qo‘liga tushganini aniqlashga buyuradi. Muso alayhissalomning opasi Fir’avn odamlarining oldiga borib, chaqaloq hech bir ayolni emishga unamayotganini ko‘radi. U ularga enaga tavsiya qiladi va tavsiya qilayotgan oilasi go‘dakni sidqidildan parvarish qilishini ta’kidlaydi. Natijada Muso alayhissalom o‘z onasiga qaytariladi. Ana o‘sha opaning gapi Qosos surasida shunday hikoya qilinadi: «(Opasi) «sizlar uchun unga xayrixoh bo‘lib, kafillikka oladigan bir xonadon ahlini sizlarga aytib beraymi?» dedi». (Qosos surasi, 12-oyat)
Bu oyatda ham ishora qilinayotgan oilaning go‘dakka nasihatgo‘ylik qilishi yoki emishga unamayotgan chaqaloq uchun pandu nasihat tavsiya qilinishi mumkin emas.
Alloh taolo Tavba surasida Tabuk g‘azotiga bormay, safarbarlikdan qolgan kishilarning munofiqlik qilganlari haqida so‘zlar ekan, istisno tariqasida zaifhol kishilarning urushdan qolishlarida gunoh yo‘qligini ta’kidlaydi: «Agar Allohga va Uning Rasuliga samimiy bo‘lsalar, zaiflarga, bemorlarga va sarf-xarajat qiladigan narsa topa olmayotganlarga tanglik yo‘q».
Ko‘rinib turibdiki, bu oyatdagi «nasohuu» so‘zini nasihat deb tarjima qilib bo‘lmaydi, chunki hech kim Alloh taologa yoki Rasululloh solllallohu alayhi vasallamga va’zu irshod, pandu nasihat qilishi mumkin emas.
Xullas, oyati karima va hadisi shariflardagi «nasihat», «nush» so‘zlari xayrixohlik, samimiylik deb tarjima qilinishi lozim.
- Harf.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Kim Allohning Kitobidan bir harf o‘qisa, unga bir hasana bor. Hasana o‘ziga o‘n baravardir. Men «alif lam mim» bitta harf, demayman, balki «alif» bir harf, «lam» bir harf, «mim» bir harfdir». (Imom Termiziy rivoyati).
Ko‘pchilik ushbu hadisdagi «harf» so‘zini yozuvdagi harf deb tushunadi. Masalan, «basmala»da 19 ta harf bor. Binobarin, «Bir marta «basmala»ni o‘qigan kishiga 190 ta hasana bor», deb tushunadi. Ba’zilar harflardan oshib, harakatlarni ham qo‘shadi va hasanalarni sanay ketadi. Shu o‘rinda haqli bir savol tug‘iladi: «Har bir harfga bir hasana bo‘lsa, yozuvdagi harf hisobga olinadimi, nutqdagi tovushmi? Chunki ular bir-biridan farqli. Boz ustiga dastlab Qur’oni Karim yozilganda harakatlar bo‘lmagan. Holbuki, ular ham bir tovushdir». Javob shuki, Shori’ning, ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlarida «harf» deganda kalima tushunilgan, chunki «harf» so‘zi o‘sha davr, o‘sha diyor tilida shunday ishlatilgan. Ibn Abbos roziyallohu anhuning biz yuqorida keltirgan so‘zlari ham bunga dalil bo‘ladi. U kishining «She’riyat arablarning devonidir. Alloh arablarning tilida nozil qilgan Qur’ondan biror kalima bizga ma’lum bo‘lmay qolsa, ularning devoniga murojaat qilamiz, uning ilmini o‘shandan qidiramiz», degan gaplaridagi «kalima» deb tarjima qilingan so‘z matnda «al-harfu» deb kelgan, chunki «Qur’ondan biror tovushni tushunmay qolsak, arab she’riyatiga qaraymiz» deb bo‘lmaydi, balki «biror so‘zni» deyish to‘g‘ri bo‘ladi. Demak, hadisi shariflarda kelgan «harf» so‘zi nutqdagi biror tovushni yoki uning yozuvdagi ifodasi bo‘lgan muayyan shaklni emas, yaxlit bir so‘zni, butun kalimani bildiradi. Oyatlardagi kalimaning adadi esa odatda nutqda ham, xatda ham bir xil bo‘ladi. Yuqoridagi hadisi sharifdan Qur’oni Karimni o‘qigan kishiga har bir kalimasi uchun ajr berilishi tushuniladi.
Shuningdek, hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «alif bir harf, lam bir harf, mim bir harf», deganlar. Holbuki, ularning yozuvdagi harf ma’nosida bir harfligi ma’lum edi. Bu ta’kidlanadigan nukta emas. Bu yerda ular yozuvda bir kalima sifatida qo‘shib yozilgani uchun xatga qarab uchalasini bir kalima deb o‘ylamaslikni, balki talaffuzda alif bir so‘z, lam bir so‘z, mim bir so‘z bo‘lgani uchun ularning har birini bir harf, ya’ni kalima deb hisoblashni ta’kidlaganlar.
Ibn Manzur «Lisanul arob» kitobida «harf» moddasida «harf» so‘zining ma’nolarini sanab kelib, «Kalima ham harf deyiladi. «Arab tilida bunday harf yo‘q», deb aytiladi», deydi. Bu esa arab tilida falon kalima yo‘q, deganidir. To‘g‘ri, «harf» so‘zi keyinroq asosan nutq tovushi va uning yozuvdagi ifodasi bo‘lmish maxsus shaklga nisbatan ishlatiliadigan bo‘lib ketgan. Ammo hadisi sharifda, yuqorida aytilganidek, aynan kalima ma’nosi nazarda tutilgan. Zotan, hadisi shariflarda va sahobai kiromlarning so‘zlarida «harf» so‘zi doim kalima, hatto ba’zan jumla yoki gap ma’nosida kelgan. Masalan, imom Dorimiy o‘z «Sunan»ida shunday rivoyat keltiradi:
عَنْ إِبْرَاهِيمَ وَسَعِيدِ بْنِ جُبَيْرٍ أَنَّهُمَا قَالاَ : لاَ يَقْرَأُ الْجُنُبُ وَالْحَائِضُ آيَةً تَامَّةً يَقْرَآنِ الْحَرْفَ.
«Ibrohim va Sa’id ibn Jubayrdan shunday deganlari rivoyat qilinadi: «Junub hamda hayzli ayol tugal oyat o‘qimaydi, ular kalima o‘qishadi».
Biz «kalima» deb tarjima qilgan so‘z bu yerdagi matnda «harf» deb kelgan. Ma’lumki, Qur’ondan harf o‘qiydi, deb bo‘lmaydi va hech kim Qur’ondan iqtibos keltirmoqchi bo‘lsa, bitta harfni aytmaydi, balki eng kamida bitta kalimani talaffuz qiladi. Bu yerda «Bunday holatdagi ayol oyatni butun o‘qisa bo‘lmaydi, lekin bir-ikki kalimani o‘qisa, zarari yo‘q», deyilmoqchi. Bu ko‘pincha ta’lim asnosida kerak bo‘ladi. Masalan, uzrli ayol shogirdi Qur’on o‘qib berayotganida bir-ikki kalima luqma tashlashi mumkin, chunki bu zaruratdir.
- Fiqh.
«Fiqh» so‘zi aslida «tushunish» demakdir. Ibn Manzur shunday deydi: «Fiqh – bir narsani bilish, uni tushunishdir. Din ilmi ilm turlari orasida ulug‘, sharafli va afzal bo‘lgani uchun asosan shunga ishlatiladigan bo‘lib ketgan».
Demak, dastlab umuman islomiy ilmlarni anglash, tushunish «fiqh» deyilgan. Islomiy ilmlar Qur’oni Karim va sunnat ilmlaridan iborat bo‘lgan. Zotan Islom shu ikkisidan tashkil topgan. Aqida ham, hukmlar ham, tazkiya ham, siyrat ham shuning ichida bo‘lgan. O‘sha davrda «faqih» deganda mazkur ilmlarni o‘zlashtirgan kishi tushunilgan. Keyinchalik o‘sha ikki manba – Kitob va Sunnat ilmlari turli mavzular asosida ajralib, alohida-alohida rivojlanib bordi. Shu asnoda amaliy ibodatlar va muomalaga doir hukmlarni Kitobu Sunnatdan olib bayon qiluvchi soha «fiqh» deb atala boshladi, chunki shariatning jamiyatda aks etishi, Islomning namoyon bo‘lishi asosan shu hukmlarda ko‘rinardi. Natijada Qur’on va Sunnatdan bandalarning amallariga doir hukmlarni o‘rganib, bayon qiluvchi, bunday hukmlarni oyat va hadisdan olish yo‘llarini o‘rganuvchi soha «fiqh» deb ataldi va bu sohaning egalari «faqih» deyildi. Aytish mumkinki, dastlab faqihlar deganda mujtahidlar tushunilgan. Vaqt o‘tishi bilan fiqh ham bir necha yo‘nalishga, asosan «usuli fiqh» va «furu’i fiqh»ga bo‘linib, usuli fiqh egalari «usuliylar», furu’i fiqh egalari «faqihlar» yoki «fuqaholar» deb yuritila boshladi. Pirovardida «fiqh» deganda faqat far’iy fiqhiy masalalarni bilish tushuniladigan bo‘ldi. Tabiiyki, kishilar Qur’oni Karim va Sunnatda kelgan «fiqh» so‘zlarini ham mazkur tushunchalariga solib olishdi. Masalan, «Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo‘yadi», degan hadisdan far’iy masalalarni bilgan odamnigina tushunadigan bo‘lib qolishdi. To‘g‘ri, far’iy masalalarni bilish ham fiqhdan. Ammo fiqh aynan o‘sha yoki faqat shu emas. Balki, fiqh Alloh va Rasulining hukmlari va maqsadlarini anglashdir, ya’ni faqat yuzaki yodlab olish emas, chuqur tushunib yetishdir. Sahobai kiromlarning orasida faqih deb tanilgan kishilarni o‘rganarkanmiz, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Mas’ud, Umar ibn Xattob, Ibn Umar, Oisha roziyallohu anhum kabi buyuklarni ko‘ramiz. Ular Qur’on va Sunnatni puxta egallagan, teran tushungan, shariatning maqsadlarini chuqur anglagan, bu ikki manbadan hukm olishga, mustaqil ijtihod qilish darajasiga yetgan kishilar bo‘lganiga guvoh bo‘lamiz. Boshqalar esa bir qancha shar’iy masalalarni bilsa ham, yoxud ko‘p hadis rivoyat qilgan bo‘lsa ham, «faqih» deb qaralmaganini kuzatamiz.
Xullas, Kitobu Sunnatda va salafi solihlarning gaplarida «fiqh» deganda shariat egasining so‘zini tushunish, maqsadini anglash ko‘zda tutiladi. Abu Ja’far Tahoviy rahmatullohi alayh ham bu nuktaga alohida e’tibor qaratgan. U kishi «Sharhu mushkilil asar» asarida quyidagi ikki hadisni keltiradi: «Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Mendan bir hadisni eshitib, uni yodlab, boshqaga yetkazgan kishini Alloh yashnatsin. Ba’zi o‘zidan faqihroqqa fiqh ko‘tarib boruvchilar bor. Ba’zi o‘zi faqih bo‘lmay turib fiqh ko‘tarib yuradiganlar bor», deganlarini eshitganman».
Muhammad ibn Jubayr ibn Mut’im otasidan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Minoda, Xayfda turib, «So‘zimni eshitib, uni anglab, uni eshitmaganga yetkazib qo‘ygan kishini Alloh yashnatsin. Ba’zi fiqh ko‘tarib yurganlar borki, o‘zida fiqh yo‘q. Ba’zi o‘zidan faqihroqqa fiqhni ko‘tarib boradiganlar bor», dedilar».
Imom Tahoviy mazkur ikki hadisni keltirib bo‘lgach, shunday deydi: «Bir kishi ushbu ikki hadisda ko‘zda tutilgan fiqh nima ekani haqida so‘radi. Alloh azza va jallaning tavfiqi va yordami ila javobimiz shunday bo‘ldi: «U – fahm, ya’ni tushunishdir. Alloh azza va jallaning O‘z Kitobida Muso alayhissalomning tilidan aytgan gapi shu qabildandir: «Tilimdan tugunni yech, so‘zimni tushunishsin». Yana mana bu so‘zi ham: «Uni hamdi ila poklab yod etmagan hech bir narsa yo‘q. Lekin ularning tasbehini anglamaysizlar», ya’ni tushunmaysizlar».
U: «Har bir tushunuvchan faqih bo‘ladimi?» dedi. Bunga javobimiz shunday bo‘ldi: «Har bir tushunuvchan faqih deyilavermaydi, agarchi o‘sha tushungan narsasini yaxshi anglagan bo‘lsa ham. Negaki fiqhning qadri ulug‘ bo‘lib, barcha imlarning qadridan o‘tib ketgandan keyin uning ahli «faqihlar» deya xoslandilar».
Imom Tahoviy keyin Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Fiqh yamanlikdir, iymon yamanlikdir, hikmat yamanlikdir», dedilar».
Keyin shunday deydilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘shani (ya’ni shariat ilmini) «fiqh» deb atadilar. Uni boshqa tushuniladigan narsalardan ayirdilar, ularni «fiqh» deb atamadilar. Shuningdek, uning ahli «faqihlar» deb ataldi, ulardan boshqa tushunuvchanlarga «faqih» deb so‘z ishlatilmadi. Shundan isbot topadiki, har bir faqih tushunuvchandir, ammo har bir tushunuvchan faqih emas».
Xulosa qilib aytganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalariga o‘qib bergan oyatlari hamda ularga aytgan gaplari o‘sha davrdagi arab tilida, o‘sha davrdagi arablarning tug‘ma ta’bi asosida aytilgan. Zotan, Islom hayotiy dindir. Turli shar’iy ilmlar esa keyinchalik shakllangan. Shuning uchun ulardagi maxsus atamalar asl arab tilidan olingan bo‘lsa-da, o‘ziga xos ma’noga ega. Uni arab tilidagi asl ma’nosi bilan adashtirmaslik oyati karima va hadisi shariflarni tarjima qilmoqchi bo‘lgan har bir kishiga lozim va lobuddir. Buning uchun muqaddas matnlarni, qadimiy iboralarni tarjima qilayotgan kishi eski lug‘atlar va qadimgi shoir, adiblarning ifodalariga asoslanishi kerak.
Alloh barchalarimizni O‘z hidoyatidan adashtirmasin, kamchiliklarimizni afvu mag‘firat qilsin!
12.02.2015. Toshkent