
ISLOMDA VABOGA MUNOSABAT
Husaynxon Yahyo Abdulmajid
Ushbu kasallikning tarqalishi butun insoniyatni junbushga keltirdi, xalqlar, mamlakatlar, davlatlar katta zarar ko‘rdi, xavfga cho‘mdi. Buni bir jiddiy ogohlantiruv deb qaramoq kerak. Insonlar o‘zlarini isloh etib, Alloh taologa tavba-tazarru qilishlari, xato-kamchiliklarini tuzatishlari lozim. Aks holda «o‘tdi-ketdi» qabilida g‘aflatga botish yomon oqibatlarga olib keladi.
ISLOMDA VABOGA MUNOSABAT
Kirish
Bismillahir Rohmanir Rohim
Bandalarini yaxshilik va yomonliklar bilan sinab turuvchi Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin!
Yaxshilik va yomonlik yetganda qanday yo‘l tutishimizni o‘rgatgan Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga salotu salomlar bo‘lsin!
Kattayu kichik ishlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashgan sahobai kiromlarga, ularga ergashgan tobe’inlarga va barcha ulamolarga Alloh taoloning rahmatu roziligi bo‘lsin!
Milodiy 2020 yilning bahori butun olam uchun eng mashaqqatli davrlardan biri bo‘ldi. Tojsimon virus balosi jumla basharni tahlikaga solib qo‘ydi. U paydo bo‘lgach, uning insoniyat orasida paydo bo‘lishi va tarqalishiga doir turli xabarlar, qarashlar taqdim qilindi. Kimdir uni insonning noto‘g‘ri ovqatlanishidan kelib chiqqan desa, boshqasi uni dunyoni boshqaruvchi yovuz kuchlar tomonidan maxsus ishlab chiqilgan ofat bo‘lib, insoniyatning hayotini yangi bir xavfli bosqichga olib o‘tish uchun tarqatilayotgan narsa deya ta’rifladi. Bundan boshqa yana turli nazarlar yuzaga chiqdi. Voqelik va voqealar rivoji bu qarashlar g‘oliban asossiz ekanini ko‘rsatib turibdi. Ammo biz siz bilan bundayin mavzular tahliliga kirishmoqchi emasmiz. Zero, har kim o‘z sohasida so‘zlagani maqsadga muvofiq. Imom Ibn Hajar aytganlaridek: «Kim o‘z sohasidan tashqarida so‘z yuritsa, g‘alati gaplar gapirib qo‘yadi». Biz bugun ayni voqelikdan kelib chiqqan holda nima qilishimiz kerakligi haqida dinimiz asosida dildan suhbat qilamiz.
Shu o‘rinda yana bir eslatma: Har bir musulmon o‘z vazifasini to‘g‘ri va to‘kis bajarishga erisha olsa, Islom ummatining zafari shunda. Buning uchun har bir kishi o‘zining burchi va imkoniyatini to‘la anglab, o‘z vazifasi yo‘lida bor kuchi bilan ishlashi kerak. O‘z mas’uliyatini to‘la bajara olmay turib, boshqalarning mas’uliyati bo‘lgan, o‘zining sohasi bo‘lmagan narsalarga kuch, vaqt sarflash shaxslarni, binobarin, millatni cho‘ktiruvchi omillardandir. Shaxslar o‘zini isloh qilsa, Alloh ularning atrofini, bora-bora butun jamiyatni isloh qilib qo‘yadi. O‘zini isloh qilishga kuch topa olmagan inson boshqalarni isloh qilaman deb urinishi, islohni da’vo qilishi o‘z-o‘zini aldashdir. Ibn Atoulloh Sakandariy rahimahulloh aytadilar: «Sen uchun kafolatlangan narsaga tirishib, sendan talab qilingan narsada nuqsonga yo‘l qo‘yishing qalb ko‘zing ko‘r bo‘lganiga dalolatdir».
Aqlli inson har bir narsaga savol bilan qaraydi. Bundayin ulkan hodisa haqida esa ko‘plab murakkab va muhim savollar yuzaga kelishi tabiiy. Bu hodisani nima deb qabul qilishimiz kerak? Unga qanday munosabatda bo‘lish lozim? Undan qanday natija olishimiz darkor? Biz siz bilan ana shu kabi savollarga javoblar yuzasidan gaplashamiz.
Alloh subhanahu va taolodan ushbu kamtarona va ojizona taqdimni maqbul hamda manfaatli qilishini so‘rab qolaman!
Husaynxon Yahyo Abdulmajid
Vabo
«Vabo» so‘zi arab tilida har qanday keng tarqaluvchi yuqumli kasallikka nisbatan ishlatiladi. O‘zbek tilida «vabo» deganda muayyan o‘tkir yuqumli kasallik tushunilishi bilan birga, umumiy epidemiya ham vabo deyiladi. Shu ikkilamchi ma’no aynan arab tilidagi «vabo» so‘ziga to‘g‘ri keladi. Qadimda vabo asosan havo buzilishi oqibatida vujudga keladi yoki hayvonlardan insonga yuqadi, deb qaralgan.
Vabo va to’un
Vabo to’un emas, lekin to’un vabodir, ya’ni to’un kasalliklaridan biri bo‘lib, keng tarqaluvchi va yuqumli bo‘lgani uchun shunday nomlangan. Mana shu ma’no ayrimlarda tug‘iladigan shubhaga javob bo‘ladi. Hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Madinaga Dajjol kirmaydi. To’un ham, inshaalloh», deganlar. Ba’zilar to’unni «vabo» deb tarjima qilgani yoki anglagani natijasida bu hadisni «Madinaga vabo kirmaydi», deb tushungan va vabo voqelikda Madinaga kirgani uchun hadisga nisbatan shubha tug‘dirgan. Masalan, Umar roziyallohu anhuning davrlarida Madinada vabo tarqagan. Aslida hadisi sharifda «vabo» emas, «to’un» deyilgan. Tarixchi olimlarning ta’kidlashicha, darhaqiqat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlaridan buyon Madinada to’un kuzatilmagan. Qadimdan hadisi sharif shorihlarining to’unga bergan ta’riflari ko‘proq o‘lat kasalligiga to‘g‘ri keladi. Shu bois, boshqa hadislarda zikr qilingan «to’un» so‘zini ham «vabo» deb tarjima qilish yaramaydi.
Islom vabo kasalliklariga qanday qaraydi?
Islom dini vabo kasalliklariga nisbatan ham o‘ziga xos qarashga ega. Bu qarashlarni uch turkumga bo‘lish mumkin: aqiydaviy, fiqhiy va axloqiy.
Aqiydaviy jihati
Islom o‘zining doimgi tutumiga ko‘ra, bu borada ham o‘rta yo‘lni tutadi. Hamma narsani faqat g‘ayritabiiy kuchlarga bog‘lab, xurofotlarga ham berilmaydi, har bir narsani faqat moddaga bog‘lab, g‘aybni ham unutmaydi. Balki boshqa hodisalar kabi, kasallikning ham moddiy yoki nomoddiy sabablari bo‘ladi, deb qaraydi. Har ikkisida ham Yaratuvchi, haqiqiy ta’sir egasi yolg‘iz Alloh taolodir, deydi.
Ta’sir egasi yolg‘iz Alloh taolo deb bilish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘pchilik tushunishga qiynaladigan yoki shubhaga tushadigan bir hadisi shariflarida aynan shu qoidani bayon qilganlar. Bu hadisi sharifni imom Buxoriy rahimahulloh Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilganlar:
«...Yuqish ham yo‘q. ...moxovdan esa xuddi arslondan qochgandek qoch».
Shu birgina hadisning o‘zida bir-biriga zid ko‘rinishi mumkin bo‘lgan ikki tushuncha bor. Hadisning avvalida «yuqish yo‘q» deb, oxirida «moxovdan arslondan qochgandek qoch», deyilmoqda. «Moxovdan qoch» degani «senga ham yuqib qolmasin», degani, chunki bu kasallik yo‘tal, aksa urish bilan ham yuqadi. Aslida esa «yuqish yo‘q» degani kasallikning o‘zida ta’sir quvvati yo‘q, balki o‘sha kasallik yuqqan jismda ham kasallikni Alloh taolo yaratadi, demakdir. Shuning uchun hadisning davomida «moxovdan esa xuddi arslondan qochgandek qoch», deyaptilar. Yana boshqa bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «yuqish yo‘q», deganlarida bir kishi: «Mening tuyalarim bor, soppa-sog‘ yurgan bo‘ladi, keyin ularning orasiga bir qo‘tir tuya kirsa, boshqa tuyalar ham qo‘tirga yo‘liqadi», degan. Shunda u zot: «Unda birinchi tuyaga qayerdan yuqqan?» deganlar. Buning ma’nosi shuki, u zot bu gapni «Kasallikning birinchi paydo bo‘lishi o‘z-o‘zidan bo‘lmagan, hamma narsani yaratgani kabi, uni ham Alloh taolo yaratgan, keyingilarida ham xuddi shunday, Alloh taolo yaratadi», degan ma’noda aytganlar. Chunki borliqda mavjud narsa borki, o‘z-o‘zidan yaralmaydi, yarala olmaydi, balki ularning barchasini Xoliq yaratadi. Shuning uchun bir kasallik bir xonadonda yashab turgan ikki kishining biriga yuqib, boshqasiga yuqmagan holatlarga guvoh bo‘lamiz. Ammo Alloh taolo koinotdagi hodisalarni sabablarga bog‘lab qo‘ygani uchun zohirda ularga o‘sha sabablar ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘lib ko‘rinadi. Imtihon taqozosi shu. Buni yer qimirlashidan shamol esishigacha, chanqoq qonishidan farzand ko‘rishgacha bo‘lgan ishlarda ko‘rish mumkin. Shu bois kavniy sabablarni inkor qilish yoki ularni tark etish joiz bo‘lmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «moxovdan qoch» deganlarida mana shu mazmunni iroda qilganlar.
Mazkur tavakkulning haqiqatini ro‘yobga chiqarish maqsadida kasalni davolash, unga davo istashga intilish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Davolaninglar, chunki Alloh azza va jalla dard paydo qilibdiki, unga davo ham paydo qilgan, faqatgina bir dard — qarilikdan boshqa», deganlar.
Tavakkul qilish sabablarni ushlashga xilof bo‘lmaydi. Aksincha, sabablarni ushlash ayni tavakkulning haqiqatiga yetishdir. Masalan, chanqagan musulmon suv ichar ekan, chanqoqni Alloh qondiradi deb biladi, lekin suvga qo‘l cho‘zmay, undan yuz o‘girib yotavermaydi. Chunki aniq sababdan voz kechish unda ta’sir quvvati bor, degan tushunchadan kelib chiqadi. Bu ayni tavakkulning xilofidir. Aksincha, sababni bajo keltirgan holda «Bu bir sabab xolos, ta’sir Allohdan, men suvni ko‘tarib, ichaman, ammo chanqoqni Alloh qondiradi», deb anglash, sababni o‘z qo‘li bilan keltirgan holda uni hech narsa qila olmaydi, deb bilish ayni tavakkul bo‘ladi, shundagina sababga tayanmaslik yuzaga chiqadi. Shu bois Islom ta’sir egasi yolg‘iz Xoliq taolo deb e’tiqod qilishga buyurib, ayni paytda sabab sifatida davolanishga, kasal yuqib qolishidan saqlanishga ham chaqiradi. Tavakkul — qalbning ishidir, tashqi a’zolarning ishi esa harakatdir. Jamiki imkoniyat o‘shadek, sabablarni ushlaysiz, ayni damda sabablar hech narsa emasdek, Allohga tavakkul qilasiz. Tavakkul — (Allohni) vakil tutmoq degani, bir ishni vakil bajaradi, deyilishi ham shundan.
Demak, kasallik yuqishidan saqlanish, undan qochish ham lozimdir. Nabiy alayhissalomning «Moxovdan esa xuddi arslondan qochgandek qochgin», deganlari ayni shu.
Imom Tabaroniy Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda shunday deyiladi: «Bir kishi: «Ey Allohning Rasuli, davo qadarga qarshi foyda qiladimi?» dedi. U zot: «Davo ham qadardandir, Allohning izni bilan foyda ham beradi», dedilar».
Shuningdek, Sa’d ibn Vaqqos roziyallohu anhu bemor bo‘lib yotganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tabib Horis ibn Kaldaga uchrashni tavsiya qilganlar. Ulamolar bu xabardan bunday ishlarda g‘ayrimusulmon mutaxassislarga ham tayanish mumkin ekan, deb xulosa qilishgan. Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Tavrotda «Mutavakkil» — tavakkul qiluvchi, deb atagan.
Ta’sir egasi yolg‘iz Alloh taolo, degan e’tiqodning taqozosiga ko‘ra, qazo va qadardan qochib qutulaman, deb o‘ylamaslik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vabo tarqalgan joydan chiqmaslik, vabo tarqagan joyga kirmaslik haqidagi buyruqlari ham aynan yuqoridagi haqiqatni ta’kidlaydi. Abdurrahmon ibn Avf roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vabo haqida: «Uning biror joyda borligini eshitsangiz, u yerga bormanglar. Siz turgan yerda tarqalsa, u yerdan qochib chiqmanglar», deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Hadisi sharifdagi aqiydaviy jihat shuki, vabo tarqalgan joydan qochgan kishi go‘yo o‘limdan qochmoqchi bo‘ladi, bu esa uning ajal yozib qo‘yilgan, degan aqiydasiga ziddir. Vabodan qochsam, o‘limdan qutulib qolaman, deb bilish sababga qat’iy tayanishdan iborat bo‘lgani uchun joiz emas. Ammo boshqa bir ehtiyoj bilan yoki bundan qutulsam ham, taqdirda yozilganini ko‘raman, degan e’tiqodda vabo tarqalgan joydan chiqsa, gunohkor bo‘lmaydi. Bu go‘yo o‘t ketayotgan uydan chiqib ketishdek gap. Umar roziyallohu anhu vabo bor joyga kirmay, qaytib ketayotib, «Allohning qadaridan Allohning qadariga qochamiz», deganlari shu haqiqatning ifodasidir. Sharti shuki, birov yurtda qolib, vafot etsa, «chiqib ketganida, tirik qolar edi» degan fikr, yana boshqasi tashqariga chiqib, qutulib qolsa, «chiqib ketgani uchungina yashab qoldi, o‘tiraversa, o‘lib ketar edi», degan o‘y kelmasligi kerak. Ammo bir kishi vabo chiqqan joyda bo‘lsa-yu, sabr qilsa, taqdirimda borini ko‘raman deb, o‘sha joyni tark qilmasa va o‘sha vabo bilan vafot etsa ham, etmasa ham, shahidlik ajriga ega bo‘ladi. Aksincha, chiqib ketganimda, o‘limdan qutulib qolar edim, degan tushunchada chiqib ketmay, vabo tarqalgan joyda qolsa, hatto o‘sha vabo bilan vafot etsa ham, shahidlik ajrini olmaydi.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘lat haqida so‘ragan edim, u zot shunday dedilar: «U Allohning O‘zi xohlaganiga yuboradigan azobidir. Alloh uni mo‘minlarga rahmat qildi. Qay bir kishi o‘lat tarqalganda o‘ziga Alloh yozgan narsagina yetadi deb bilgan holda, sabr qilib, savob umidida o‘z shahrida qolsa, unga xuddi shahidning ajri bo‘ladi». Biroq hadisi sharifdagi vabo tarqagan joyga kirishdan va unday yerdan chiqishdan qaytarishning boshqa sabablari ham bor bo‘lib, ular haqida keyingi bo‘limda gaplashamiz.
Xulosa shuki, vabo tarqalgan yurtda qolgan kishi o‘sha vabodan vafot etsa, «agar vabodan qochganida, o‘lmas edi» deb bilish, vabo chiqqan yurtdan ketgan odam yashab yursa, «vabodan qochgani uchun qutulib, yashab qoldi», deb bilish joiz emas, chunki bu Islom aqiydasiga xilofdir. Abu Hasan Madoiniy: «Kamdan-kam odam to’undan qochib, salomat qolgan», deydi.
Shu o‘rinda tavakkul va sababni ushlash masalasiga doir umumiy qoidani zikr qilib ketsak, foydadan xoli bo‘lmaydi. Alloma Toshko‘briyzoda o‘zining «Vabo kasalliklariga shifo» nomli asarida bu borada uzun bahs yuritadi. Masalaning xulosasi quyidagicha: «Sabablar uch xil bo‘ladi: odatiy, ehtimoliy va vahmiy.
Odatiy sabablar doimiy takrorlangani uchun sababligi muqarrar bo‘lgan omillardir. Masalan, suv chanqoqni, non ochlikni ketkazishi kabi. Ehtimoliy sabablar esa ba’zan unday, ba’zan bunday natija bergani uchun sababligi muqarrar bo‘lmagan omillardir. Masalan, dorilarning kasallikka shifo bo‘lishi. Lekin dori ham ko‘p sonli tajribalar orqali odat darajasiga chiqsa, yuqoridagi turkumga kiradi. Vahmiy sabablar esa sababligi doimiy tajribada tasdiqlanmagan omillardir. Bular kinnachilik, folbinlik, soxta tabobat kabi ishlardir.
Birinchi turkumga doir sabablarni qodir bo‘la turib, tark qilish gunohdir. Ikkinchi turdagisini tark etib, tavakkul bilan kifoyalanish shunga qodir bo‘lganlarga joizdir. Uchinchi turni esa sabab sifatida qabul qilish joiz emas».
Asl ta’sir egasi Alloh taolodir. Sabablardagi sabab bo‘lish qobiliyatini yolg‘iz Uning O‘zi yaratgan. Shuning uchun kasallik yoki boshqa biror g‘am yetmasligini so‘rab yoxud kasallik yetgan bo‘lsa, undan xalos bo‘lish uchun sabablarni bajo keltirish bilan birga Alloh taolodan mazkur dard yoki g‘amni aritishni so‘rab, iltijo qilinadi. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kasalliklardan panoh so‘raganlar, dard yetgan paytda esa shifo tilab duo qilganlar va duolarida aynan shu aqiydani bayon qilganlar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam ba’zi ahllariga panoh tilar, ularni o‘ng qo‘llari bilan silab, «Ey insonlarning Robbi Allohim, ziyonni ketkazgin, bunga shifo bergin, shifo beruvchi O‘zingsan! Sening shifoingdan o‘zga shifo yo‘q! Dard qoldirmaydigan shifo ber», der edilar».
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam ruqya qilganlarida: «Robbimizning izni ila yerimizning tuprog‘i bilan, birimizning tupugi bilan dardimiz shifo topadi», der edilar» (Buxoriy rivoyati).
Musulmonlar Madinaga kelishgan paytda bu yurt eng servabo joylardan bo‘lgan. Abu Bakr Siddiq, Bilol ibn Raboh roziyallohu anhum kabi bir qancha muhojirlar bu dardga chalinib, isitmada qolganlar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohim, Madinani bizga xuddi Makkani suyukli qilganingdek yoki undan-da qattiqroq suyukli qilgin va undagi bezgakni Juhfaga ko‘chirgin!» deb duo qilganlar. Imom Buxoriy bu hadisni «Vabo va dardning arishini so‘rab duo qilish» degan alohida bobda keltirganlar. Zotan, duo ham bir sabab.
Musulmon kishi borliqdagi har bir voqea-hodisa yolg‘iz Alloh taoloning taqdiri bilan bo‘lishini, Uning iznisiz daraxtdan yerga bitta yaproq ham tushmasligini aniq biladi, shunday deb e’tiqod qiladi. Shuning uchun xos yoki umumiy ofat, dard kelganda o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydi, sarosimaga tushmaydi, turli vahimalarga berilmaydi, xurofotlardan ta’sirlanmaydi. Binobarin, aytish mumkinki, bugungi dolzarb hodisa bo‘lmish virus masalasida ham u tabiiy jarayon bilan yuzaga kelgan bo‘ladimi, insonlar yoki jinlardan bo‘lgan yovuz kuchlar tarafidan yasalgan narsa bo‘ladimi, bu narsa mo‘minni vahimaga solmaydi. Chunki u butun dunyoning, butun olamning tadbiri yagona Egasining qo‘lida ekanini biladi, xotirjam bo‘ladi, xurofotlarga berilmaydi. Agar asosli ravishda sabablarini topa olsa, uni qarshi sabab bilan daf qilishga amaliy kirishadi.
Qazo va qadarga bo‘lgan mana shu iymon mo‘min kishi o‘zi yoki yaqinlari shunday musibatga yo‘liqqanda ham ish beradi, uning qalbiga taskin, ruhiga xotirjamlik, iymoniga quvvat beradi, unga umid baxsh etadi, uni ajru savobga ko‘madi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Musulmonga biror qiyinchilik, og‘riq, tashvish, g‘amginlik, aziyat yoki g‘am yetsa, hatto bir tikan kirsa ham, bu uning xatolariga kafforat bo‘ladi», deganlar (Muttafaq alayh).
Mu’oz ibn Jabal roziyallohu anhu mashhur Amvos to’unida vafot etganlar. Dard avj olib, og‘riq juda kuchaygan paytlari hushlaridan ketib qolardilar. Ahyonda o‘zlariga kelganda Alloh taologa iltijo qilib, «Bo‘g‘ganingcha bo‘g‘aver, izzatingga qasam, bilasanki, men Seni yaxshi ko‘raman», deb qo‘yardilar.
Bu e’tiqod kishining shundayin dardlarga yo‘liqqan kishilardan hazar qilmasligiga, ular haqida yomon gumonda bo‘lishdan va yomon so‘z aytishdan saqlanishiga asos bo‘ladi. Aksincha, haqiqiy musulmon odam bu dardga chalingan odam shahidlik savobini olgani uchun unga havas qiladi.
Mo‘min kishi izlanishlar natijasida dardga shifo topgan bo‘lsa, buni Allohning ilhomi va tavfiqi deb biladi, Qorun kabi: «Buni o‘z ilmim bilan qo‘lga kiritdim» deb, o‘zidan ketib qolmaydi. Mana shu e’tiqod uni kibrdan, o‘ziga baho berib, tug‘yonga ketishdan, ochko‘zlik va xudbinlikdan qutqaradi. Musulmon odam Qorunga emas, balki Sulaymon alayhissalomga o‘xshaydi. U zot Bilqisning taxtini bir lahzada Yamandan Falastinga keltira olsa-da, «Bu Robbimning fazlidandir. Men shukr qilamanmi yoki noshukrlik qilamanmi, sinash uchundir», deganlar.
Kasallikdan qochish, yuqish sabablaridan saqlanish, dardga qarshi kurashish kabi sabablarga amal qilish qalbning emas, a’zolarning ishi bo‘lgani bois, shariatning bu boradagi ko‘rsatmalarini quyida, fiqhiy jihatlar bobida havola qilamiz, inshaalloh.
Axloqiy jihati
Islom — axloq dinidir. Undagi har bir aqiydada, amalda, buyruq va qaytariqda axloqqa ishlov bor bo‘lib, muammolarga huquqiy yechim ko‘rsatish barobarida axloqiy yondashuv ham aks etadi. Mavzuimizga tegishli axloqiy ahkomlar haqida so‘zlar ekanmiz, buning guvohi bo‘lishimiz mumkin.
Islom dini odamlarni o‘zaro yelkadosh bo‘lishga, bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilishga, o‘zaro hamdard, hamjihat bo‘lishga chaqiradi. Ayniqsa biror qiyinchilik yetgan paytlarda bu buyruq yanada ta’kidlanadi.
Nu’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deydilar: «Mo‘minlar o‘zaro rahm qilishda, do‘stlik va mehribonchiliklarida xuddi bir tanadekdir. Biror a’zo xastalansa, tananing qolgan joylari bedorlik va isitmalash bilan bir-birini u tomon chorlaydi».
Birodarlari dardga chalinib turganda ularni tashlab ketish, ularga yelkadosh bo‘lmaslik Islom axloqiga ziddir. Yuqorida o‘tgan mashhur hadisi sharifda kelgan «Uning biror yerda borligini eshitsangiz, u yerga bormanglar. Siz turgan yerda tarqalsa, u yerdan qochib chiqmanglar», degan so‘zlardagi qaytariqning sabablaridan biri ham shudir. Zero, bemorlarga qarash, bemor bo‘lmaganlarni himoyalash, vafot etganlarni dafn qilish, ularning ahlu oilasiga rioyat ko‘rsatish muqaddas islomiy burchlardandir. Shuning uchun ham o‘sha holda vafot etgan kishi shahidlik savobini oladi.
Imom Ahmad Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «To’undan qochgan jangdan qochgan kabi, unga sabr qilgan esa jangda sabr qilgan kabidir», deganlar.
Mazkur dardga chalinganlar va ularning ahllariga nisbatan yomon nazarda bo‘lishdan saqlanish lozim. Aksincha, ularga xizmat qilishni sharafli burch deb bilish darkor. Imom Tabaroniy Ibn Umar roziyallohu anhudan shunday rivoyat qiladi:
«Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, «Ey Allohning Rasuli, Allohga eng suyukli odam kim? Alloh azza va jallaga eng suyukli amal qaysi?» dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Odamlarning Allohga eng suyuklisi odamlarga foydasi eng ko‘pidir. Amallarning Allohga eng suyuklisi musulmonning qalbiga xursandchilik kiritishing, yoki undan biror tashvishni aritishing, yoki uning qarzini uzib qo‘yishing, yoxud undan ochlikni ketkazishingdir. Men uchun bir birodarimning hojati uchun yurishim mana shu masjidda (ya’ni Madina masjidida) bir oy e’tikof o‘tirganimdan yaxshidir...»
Fiqhiy jihati
Tojsimon virus munosabati bilan yuzaga kelgan voqelikka nisbatan fiqhiy munosabatda juda ko‘p ahkomlar yuzaga chiqdi. Ularni ummatga bayon qilishni turli fatvo hay’atlari, ilmiy muassasalar, ulamolar o‘z zimmalariga oldilar. Biz ana shu fiqhiy ahkomlarning eng muhimlari bilan tanishib chiqamiz.
Vabo va karantin
Kasalliklardan himoyalanish shar’iy talabdir. Kasalliklardan himoyalanish har bir dardning tabiatidan kelib chiqqan holda, turlicha bo‘ladi. Mavzuimiz bo‘lmish tojsimon virusdan himoyalanish choralari bugungi kunda barchaga ma’lum. Umuman olganda, sog‘lom kishi bemordan o‘zini ehtiyot qilganidek, bemor ham sog‘lom kishilarni ehtiyotlashi lozim.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kasal odam sog‘lomning oldiga kirmasin!» deganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Demak, yuqumli kasalligi bor odam sog‘lom kishilar bilan aralashib yurmasligi lozim ekan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yuqorida o‘tgan vabo haqidagi mashhur hadislarida buni aniq belgilab berganlar: «Uning biror yerda borligini eshitsangiz, u yerga bormanglar. Siz turgan yerda tarqalsa, u yerdan qochib chiqmanglar», deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Naqliy va aqliy dalillar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam inson zotining eng mukammali bo‘lganlarini ko‘rsatadi. U zotning kamolotlari sunnatlarida namoyondir. Shu o‘rinda ana o‘sha sunnatlardan mavzuimizga doir ayrimlarini eslatma qilib o‘tishni muvofiq deb topdik. Bu sunnatlar muayyan hodisa yuzasidan emas, balki doimiy odat darajasidagi sunnatlardir.
Doimo ozoda yurish, barcha a’zolarni pok tutish.
Hech bir din, falsafa yoki ta’limot tozalikka Islom shariatichalik ahamiyat bermagan desak, mubolg‘a bo‘lmaydi. Islomda poklik, tozalik iymonning yarmi darajasiga ko‘tarilgan.
Rasulimiz sollallohu alayhi vasallam: «Poklik — iymonning yarmidir», deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo aytadi: «Alloh tavba qiluvchilarni yaxshi ko‘radi va poklanuvchilarni yaxshi ko‘radi» (Baqara surasi, 222-oyat).
Imom Muslim rivoyat qilgan yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «O‘n narsa fitratdandir: mo‘ylabni qisqartirish, soqolni qo‘yish, tishlarni tozalash, burunga suv olish, tirnoqlarni olib yurish, barmoq bo‘g‘inlarini yuvish, qo‘ltiq ostini yulish, kindik ostini qirish va istinjo qilish».
Roviylardan Mus’ab: «O‘ninchisini unutdim, og‘iz chayish bo‘lishi kerak», degan.
Islomda tozalik, poklikka e’tibor bag‘oyat kuchli ekanini shundan ham bilsa bo‘ladiki, Qur’ondan ikkinchi bo‘lib nozil bo‘lgan suraning bosh oyatlaridayoq shu masalaga e’tibor qaratilib, «Kiyimingni pokla», deyilgan (Muddassir surasi, 4-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarga bir narsani aytaymi, Alloh u bilan xatolarni o‘chiradi, darajalarni ko‘taradi?» dedilar. «Ore, Ey Allohning Rasuli», deyishdi. U zot: «Qiyinchilikka qaramay, tahoratni to‘kis qilish, masjidga ko‘p qadam bosish, namozdan keyin namozni kutish. Ana o‘sha siz uchun «murobitlik»dir», dedilar.
Sharh: Islomda musulmonlarni dushmanlar hujumidan himoya qilish uchun shay bo‘lib, chegarani qo‘riqlab turgan odam «murobit» deyiladi. Bu hadisda zikr qilingan amallarni bajaruvchi kishilar esa mazkur amallarni ado etish uchun havoyi nafslarini jilovlab turganlari sababli «murobit» deb atalmoqdalar. Ular ham chegarada vatan himoyasiga shay turgan murobitga o‘xshatilmoqda. Tahoratni to‘kis qilish deganda, og‘izni g‘arg‘ara bilan, burunga suvni chuqur olib, barcha a’zolarni to‘liq suv yetkazib yuvish tushuniladi. Tozalik, ozodalik va poklik sog‘liqni saqlashning eng oson va kafolatli yo‘lidir.
Qo‘lni toza tutishga alohida ahamiyat berish.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «...Birortangiz uyqudan uyg‘onsa, qo‘lini tahorat suviga solishdan oldin uni yuvib olsin, chunki hech biringiz qo‘li qayerda tunaganini bilmaydi», deganlar.
Imom Buxoriy rahimahulloh «Al-Adabul-mufrad» asarida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim qo‘li yog‘li holda, uni yuvmasdan uxlab qolsa, keyin unga biron narsa bo‘lsa, faqat o‘zidan ko‘rsin», deganlar.
Xususan, og‘izga biron narsa solishdan, yemak tanovul qilishdan oldin qo‘llarni yuvish.
Imom Termiziy Salmon Forsiydan rivoyat qilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yemakning barakasi undan oldin va keyin qo‘l yuvishdir», degan ekanlar (hadis zaif).
Aksa urish chog‘ida og‘iz-burunni to‘sib olish.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam aksa ursalar, qo‘llari yoki kiyimlari bilan yuzlarini to‘sib olar, ovozlarini pastlatar edilar» (Termiziy rivoyati).
Odamlarga ozor beradigan o‘rinlarda tupuk tashlashdan saqlanish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu ishni gunoh sanaganlar, «Masjidda tupurish xatokorlikdir, uning kafforati esa uni ko‘mib qo‘yishdir», deganlar (Muttafaq alayh).
Eslatma: U paytda masjidning sahni oddiy yer, qum-tuproq bo‘lgan, shuning uchun tupukni ko‘mib qo‘yishga buyurganlar.
Idishlarni yopish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Idishlarni o‘rab qo‘yinglar, eshiklarni yopib qo‘yinglar», deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Yemak va suv idishlariga nafas, dam urmaslik, puflamaslik.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Birortangiz suv ichsa, idishning ichiga nafas chiqarmasin», deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Boshqalar ham ichadigan suv idishlarining og‘zidan, jo‘mragidan ichishdan saqlanish.
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meshning yoki suvidishning og‘zidan suv ichishdan qaytarganlar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Taom tayyorlovchilar ozodalikka, halollikka mas’ul ekanligini unutmaslikliklari, omonatdorlik bilan tutishlari darkor.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Omonatdorligi yo‘q kishining iymoni yo‘q», deganlar (Imom Ahmad rivoyati).
Ushbu kundalik odoblar musulmonning odatiy ishlaridir. Ko‘rib turibmizki, bu odoblarga doimiy rioya qilib yurgan kishiga tojsimon virus yuqishining ehtimoli nihoyatda pastdir. Endi bunga sunnatda ko‘rsatilgan karantin qoidalari qo‘shilsa, hozirgi tibbiyot mutaxassislari berayotgan tavsiyalar ortig‘i bilan bajariladi, kasallikning tarqalish ehtimoli keskin pastlab ketadi.
Amerikada nashr qilinadigan mashhur Newsweek jurnalining 2020 yil 17 mart sonida «Ommaviy kasallikni to‘xtatishda yolg‘iz duoning kuchi yetadimi? Hatto Payg‘ambar Muhammadning (sollallohu alayhi vasallam) ham boshqacha fikri bor» degan sarlavha ostida bir maqola chop etildi. Maqolada «Shaxsiy tozalikni hamda tibbiy chegaralashni ilk bor tavsiya qilgan odam kimligini bilasizmi? 1400 yil muqaddam Islom payg‘ambari!» deyiladi. Maqolada biz yuqorida keltirgan ayrim hadislardan iqtibos olinib, taqdim qilingan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ta’limotlari o‘n to‘rt asr o‘tib, hatto g‘ayrimusulmonlar uchun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Bu esa u zot chinakam olamlarga rahmat bo‘lganlarining nishonasidir.
Xabarlarga munosabat
Islomda so‘zning ahamiyati juda yuqori baholangan. Inson bir so‘z aytish bilan, bir xabarga ishonish bilan dinga kiradi va bir so‘z bilan, bir xabarga ishonmaslik bilan dindan chiqadi. Shu bois dinimiz har qanday xabarni qabul qilish va tarqatishda ham hushyorlikka chaqiradi. So‘z bilan xalqlar tiriladi, so‘z bilan xalqlar halok bo‘ladi. Shu bois musulmon kishi turli mish-mishlar, vahimalarni o‘ylab topishi, o‘ylab topganlardan eshitib, ularga ishonib ketaverishi, har bir ishongan narsasini tarqataverishi mutlaqo joiz emas.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har bir eshitganini gapiraverish kishining yolg‘onchi bo‘lishiga kifoya qiladi», deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo har bir ma’lumotni muayyan soha egalariga havola qilishni buyuradi, o‘sha ma’lumot tarqalmasidan oldin uni mutaxassislar ko‘rib chiqishi lozimligini ta’kidlaydi. Niso surasida shunday deyilgan:
«Qachonki ularga eminlik yoki xavf to‘g‘risida bir ish — xabar yetsa, uni har yoqqa taraturlar. Agar uni Rasulga va o‘zlaridan bo‘lgan ishboshilarga havola qilganlarida edi, ulardan ish negizini biladiganlari uni anglab yetar edilar» (83-oyat).
Xabarlarni tekshirib, qabul qilishda Islom ta’limotidagi daqiqlik hech qayerda yo‘q. Alloh taolo Hujurot surasida: «Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab olinglar», deydi (6-oyat). «Fosiq» deganda ish-so‘zi shariatga muvofiq bo‘lmagan kimsa tushuniladi. Allohdan qo‘rqmagan odamdan har qanday razolatni kutish mumkin. Yolg‘on esa bajarilishi eng oson gunohlardan hisoblanadi.
Islom ulamolari hadisi shariflarni ularni naql qilayotgan kishilarning xato va yolg‘onlaridan tozalash maqsadida maxsus qoidalar ishlab chiqqanlar, xabar qabul qilishning shartlarini belgilab berganlar va bu bilan insoniyat tarixida misli ko‘rilmagan ulkan ilmga asos solganlar. Shunga ko‘ra, musulmonlar axborot vositalarida tarqatilayotgan xabarlarni tekshirib, qabul qilishda, asossizlarini inkor qilib, fosh qilishda hozir ham butun dunyoga namuna bo‘lishlari kerak edi. Afsuski, aksincha, ular har qanday xabarga tezda ishonish, uni tarqatish, o‘shalar asosida fikr yuritish, baho berish va harakatlanishga o‘rganib bo‘ldilar. Agar bu xabarlarni Islomdagi xabarni qabul qilish me’yorlariga ko‘ra tahlil qila olganimizda edi, hozirgi axborotlarning 80 foizini rad qilgan bo‘lar edik. Bunday me’yorsizligimiz hozirgidek tashvishli holatlarda yana ham ko‘zga tashlanib qolyapti.
Tojsimon virus chiqqanidan beri uning paydo bo‘lishi va tarqalishiga doir bir-biriga qarama-qarshi ko‘plab da’volar, xabarlar tarqadi. Kishilarimiz ularning deyarli hammasiga ishonishga ulgurishdi. Xabar tarqatganning diyonati, e’tiqodi, rostgo‘yligi, aqlu farosati, bilimi, mutaxassislik sohasi haqidagi biror ma’lumotga ega bo‘lmagan holda unga ishonish, uning xabarini tarqatish, kerak bo‘lsa, uning tarafida turib, boshqalar bilan tortishishgacha yetib boradigan ahvolga keldik. Vaholanki, musulmon kishiga bunday qilish mutlaqo joiz emas. Alloh taolo: «Eshitish, ko‘rish va dil — ana shularning barchasidan so‘ralish bor», degan (Isro surasi, 36-oyat).
Tabiblarga murojaat
Shu o‘rinda tibbiyot xodimlariga oid ayrim shar’iy-axloqiy ahkomlarni qisqacha aytib o‘tsak.
Avvalo, tabiblarning bu kabi vabolarga qarshi kurashdagi xizmatlari har qancha tahsinga sazovor, sharafli ish ekanini ta’kidlab o‘tish lozim. Yuqorida o‘tgan vabo haqidagi mashhur hadisdagi «Uning biror yerda borligini eshitsangiz, u yerga bormanglar. Siz turgan yerda tarqalsa, u yerdan qochib chiqmanglar», degan qaytariqning hikmatlaridan biri yurtdagi bemorlarning qarovi va boshqalarning himoyasidir. O‘shanday holatda chidam bilan, savob umidida yurtda qolib, shahidlik savobini olishga eng haqli kishilar ham tibbiyot xodimlaridir. Bu xizmatning Alloh taolo yo‘lidagi jihodga tenglashtirilishi ham shundan dalolat beradi. Badr jangi paytida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qizlari Ruqayya roziyallohu anho og‘ir bemor bo‘ladi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Islom tarixida ilk bor kuyovlari Usmon roziyallohu anhuga jihodga chiqmaslikni, ayoliga qarab, uyda qolishni, uni parvarish qilishni buyuradilar va: «Senga Badrga qatnashganning ajr va ulushi bor», deydilar.
Binobarin, tibbiyot mutaxassislarining bunday jasoratlari, fidokorliklari, mehnatu zahmatlari shu dunyoning o‘zida ham qadrlanishi, davlatu yurtdoshlar tomonidan taqdirlanishi lozimdir.
Tabib — bemorning hayoti va sog‘ligi omonat topshirilgan kishidir. U o‘z vazifasini omonatdorlik, sodiqlik bilan o‘tashi vojib. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Omonatdorligi yo‘q kishining iymoni yo‘q», deganlar. Bu omonatdorlik, sodiqlik, samimiylik kasallikni aniqlash, davolash, hisobot taqdim qilish, bemorning o‘ziga yoki ahliga xabar berish kabi barcha hollarda aks etishi vojib bo‘ladi. Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhu: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga har bir musulmonga nisbatan xayrixoh bo‘lishga bay’at berganmiz», deganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Din — xayrixohlikdir», deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Tabib kasalni o‘zi davolay olmagan yoki yordamga muhtoj bo‘lgan o‘rinlarda taxmin bilan ish ko‘rmay, mutaxassislarga murojaat qilishi, ulardan ilm va ko‘mak olishi shar’iy burchdir. Alloh taolo: «Bilmasangiz, zikr ahlidan (ya’ni soha ahlidan) so‘rang», degan.
Bemorning o‘z sog‘lig‘i, jismoniy holati haqida to‘g‘ri ma’lumot olish huquqi bor. Bemor odam buni talab qilsa, u zarar ko‘rmaydigan suratda yetkazish lozim bo‘ladi.
Tabib bemorga nisbatan bemorning o‘rniga o‘zini, uning ahlu oilasi o‘rniga o‘z oilasini qo‘ygan holda munosabatda bo‘lishi darkor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Din — xayrixohlikdir», deganlarida «Kimga?» deb so‘rashgan. Shunda u zot: «Allohga, Kitobiga, Rasuliga, musulmonlarning rahbarlariga va ommatan barcha musulmonlarga», deganlar.
Kasalxonada davolash vositalari, sun’iy nafas oldirish uskunalari kabi vositalar yetishmovchiligi tug‘ilsa, bu yerga birinchi (oldinroq) kelgan bemor haqli hisoblanadi. Kasallarning yoshi, irqi, jinsi farqlanmaydi. Uskunani bemorning biridan tortib olib, ikkinchisiga qo‘yish joiz emas. Barcha mutaxassislar bir ovozdan davolanishidan umid yo‘q, deb xulosa chiqargan bemordangina bu uskunani olib, davolanishi umid qilinayotgan bemorga qo‘yish mumkin. Bunday vaziyatlardan Alloh taoloning O‘zi asrasin!
Bemorlarga murojaat
Aziz birodar! Bandaga yetgan har bir nasiba — uning rizqidir, Alloh taoloning taqdiridir. Sizga yetgan bemorlik boshqa ko‘plab insonlarga ham yetgan va yetmoqda. Alloh taoloning hech bir ishi bejiz, hikmatsiz bo‘lmaydi. Mo‘min bandaga yetgan har bir musibat yoki zarar uning gunohlarini yuvadigan kafforatdir. U dard va musibatga sabr qilish bilan kechayu kunduz ibodatda bo‘lgan, kunduzlari ro‘zador, kechalari toatda bedor bo‘lgan bandalardan ham yuqori darajalarga ko‘tariladi. Musulmon kishi Alloh taoloning huzuriga borganda chekkan musibatlariga sabr qilgani evaziga beriladigan ajru martabalarni ko‘rib, «Qaniydi yana hayotga qaytsam-u, butun umr boshimga o‘sha musibat yog‘ilsa, men esa sabr qilsam», deb orzu qilar ekan.
Agar sizga vabo yetib, shifo topsangiz, gunohlardan poklangan yangi hayot muborak bo‘lsin!
Agar shu dard umrning tugashiga sabab qilingan bo‘lsa, shahidlik qutlug‘ bo‘lsin!
Suhayb roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Mo‘minning ishi ajoyib: uning hamma ishi yaxshilik. Bu narsa mo‘mindan boshqa hech kimda yo‘q: yengillik yetsa, shukr qiladi va bu unga yaxshilik bo‘ladi; qiyinchilik yetsa, sabr qiladi va bu ham unga yaxshilik bo‘ladi».
Bandaga o‘lim to‘satdan kelmay, dard ortidan kelishi baxtdir, chunki bu holatda inson tavba qilishga, ezguliklar, xayru sadaqalar, toat-ibodat qilishga, eng muhimi vasiyatlarini aytib olishga ulguradi.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Vasiyat qiladigan narsasi bor musulmon kishiga vasiyati yonida bitilmagan holda ikki kecha tunashi durust emas», deganlar.
Birodar, hargiz tushkunlikka tushmang! Bu narsa kasallikni kuchaytiradi, xolos. Umidni uzmang, umidvorlik Allohga yoqadi.
Yaqinlaringizdan, atrofingizdagilardan bemalol yordam oling, shu bahona ular bilan yanada yaqinlashib oling.
O‘zingizga yuqqan dardning boshqalarga yuqib qolishidan hazir bo‘ling.
Bo‘sh vaqtingizdan unumli foydalanib, zikru duo va yaxshi amallaringizni ko‘paytirib oling!
Nafsning siniqligini g‘animat bilib, uni tarbiyalab oling!
Sog‘lomlik payti odatlangan amallaringiz bemorlik tufayli to‘xtab qolgan bo‘lsa, masalan, jamoat namozi, ta’lim, kishilarga yordam berish, tahajjud namozlari kabi doimiy qilib yurgan ishlaringizni qila olmayotgan bo‘lsangiz, ko‘ngilni to‘q qiling: ular siz bajarmasangiz ham, amal daftaringizga oldingidek yozilib turibdi, inshaalloh.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Banda kasal bo‘lsa yoki safarda bo‘lsa, unga muqimlikda va sog‘lomlikda qilib yurgan amallarining misli yozilib turadi», deganlar.
Tojsimon virus tarqalishi munosabati bilan chiqarilgan fatvolar
Quyidagi fatvolar Azhari Sharif elektron fatvo hay’ati tomonidan taqdim qilingan fatvolar asosida berildi. Oddiy o‘zbek kitobxoniga qulay bo‘lishi uchun fatvolarni so‘zma-so‘z emas, mazmunan tarjima qilish bilan kifoyalanamiz.
Savol 1: Tojsimon virus kabi yuqumli kasallikka chalingan bemorning to‘liq davolanib olguncha karantinda qolishdan bosh tortishining hukmi qanday? Javob: Alloh taologa hamdlar, Rasulullohga, u zotning ahlu sahobalariga va ularni do‘st tutganlarga salavotlar bo‘lsin! Ammo ba’d: Islom dini odamlarning salomatligiga katta ahamiyat bergan, ko‘plab tibbiy himoyalanish asoslarini o‘rnatgan. Shulardan biri «tibbiy chegaralash»dir (karantin).
Usoma ibn Zayddan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «To’un nopoklik alomatidir. Alloh azza va jalla ba’zi bandalarini unga mubtalo qilgan. Uni eshitsangiz, u yerga kirmang, sizlar bo‘lib turgan yerda u ro‘y bersa, u yerdan qochmanglar» (Muslim rivoyati).
Tibbiy chegaralash to’un, vabo (xolera), terlama (tif) va yangi COVID-19 kabi yuqumli kasallarning yuqib, tarqalishining oldini olish uchun o‘sha vabo bor yerga kirishdan va undan chiqishdan man qilishdir. Tibbiy chegaralash tibbiy himoya nizomlarining eng kattasi, kasallikni eng tor chegarada cheklash, beshigidayoq hayotiga nuqta qo‘yish uchun qo‘llanadigan eng kuchli vosita hisoblanadi. U hozirda taraqqiy etgan jamiyatlarda eng ishonchli tibbiy tadbirlardandir. Uni ilk bor qo‘llagan, unga buyurgan va uni amalga oshirgan inson sayyidimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bo‘ladilar.
Bu narsa sahobalarning — Alloh taolo ulardan rozi bo‘lsin — qo‘llari bilan ham amaliy tatbiq qilingan. Buning natijasida dunyo tarixida birinchi bo‘lib tibbiy chegaralash shifoxonasiga asos solindi. Bu moxovlar uchun maxsus shifoxona bo‘lib, Valid ibn Abdulmalik davrida, hijriy 88 (milodiy 706) yili qurilgan. U davrda dunyo ahli mana shunday shifoxona bo‘lishi mumkinligini ham bilmas edi.
Sayyidimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak zabonlaridan sodir bo‘lgan qoidani bugungi kunda dunyoning ko‘plab davlatlari tatbiq qilmoqda. Asrlar o‘tgan sari tibbiy tajribalar buni qo‘llab-quvvatlab turibdi. Bu tadbir dunyo bo‘ylab umumiy va xususiy shifoxonalarda yuqumli kasalliklarni bartaraf etish uchun suyaniladigan amaliyotlardan biriga aylanib bo‘ldi. Zamonaviy tabobat tushunib yetdiki, kasallikni bir yerga cheklash uning o‘sha yerdan chiqib, tarqalishidan saqlaydi.
Shariatda buyurilgan tibbiy chegaralash — vabo yetgan bir yurt yoki viloyatni chegaraga olishdir. Bundan maqsad vaboning boshqa mamlakatlarga yoki olam bo‘ylab yoyilmasligidir (yuqorida buning dalili aytib o‘tildi). Kasallikka chalingan bemorlarni bir yerga cheklash ham tibbiy chegaralanishdir. Bunda vabo yurt bo‘ylab tarqalmasligi uchun ularning sog‘ligiga alohida e’tibor qaratiladi, ularning sog‘lom kishilar bilan yoki sog‘lomlarning ular bilan aralashuvidan to‘sib turiladi. Hanif shariat nususlari ushbu ikkinchi turga ham dalolat qiladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kasal odam sog‘lom odamning oldiga kirmasin», deganlar (Buxoriy rivoyati).
Amr ibn Sharid otasidan rivoyat qiladi: «Saqif qabilasidan kelgan elchilar orasida bir moxov kishi bor ekan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga odam yuborib, «Biz sen bilan bay’atlashdik, qaytaver», deb aytdilar».
Ibn Abu Mulaykadan rivoyat qilinadi: «Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Baytullohni tavof qilayotgan moxov ayolning oldidan o‘tib qolib, unga: «Ey Allohning cho‘risi! Odamlarga ozor berma, uyingda o‘tiraversang bo‘lar edi», dedilar. U uyida o‘tirdi. Keyin bir kishi unga: «Seni qaytargan odam vafot etdi, endi chiqaver», degan edi, u: «Allohga qasami, tirikligida unga itoat qilib, o‘lganida osiy bo‘lmayman», dedi» (Imom Molik, «Muvatto»).
Shariatimiz buyurgan zaruratdan boshqa o‘rinda kasallarni chegaralash, bir-biriga aralashtirmaslik lozim bo‘lib, bemorlarning bunga xilof qilishi, beparvo bo‘lishi, bo‘ysunmasligi shar’an haromdir.
Bu cheklov Alloh subhanahu va taologa tavakkul qilishga zid kelmaydi. Aksincha, bu ayni tavakkuldir. Alloh taolo «O‘z qo‘lingiz bilan o‘zingizni halokatga tashlamang», deb buyurgan. Shuningdek, zarar yetkazishi, halok qilishi mumkin bo‘lgan har qanday narsadan hazir bo‘lishga buyurib, «Hazir bo‘ling», deb marhamat qilgan.
Alloh taolo oliydir, bilguvchidir, aziz va hakimdir.
Savol 2: Og‘iz-burunga tutiladigan yuzto‘sgich niqob bilan namoz o‘qish joizmi?
Javob: Yuqumli kasalliklardan himoyalanish kabi zaruriy hollarda tutiladigan yuzto‘sgich bilan namoz o‘qish hech qanday karohiyatsiz joizdir. Chunki hayotni asrash, uni zararlardan himoyalash shar’iy vojibdir. Islom shariatida vositalar maqsadlar hukmini oladi.
Amr ibn Os roziyallohu anhu junub bo‘lib qolgach, sovuq kechada g‘usl qilsa, halok bo‘lishidan qo‘rqib, uning o‘rniga tayammum qilgan. Uni bu ishga undagan omil mana shudir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu ishning ayni sababini taqrir qilganlar, ma’qullaganlar.
Imom Hokim Amr ibn Osdan rivoyat qiladi: «Zotus-Salosil g‘azotida sovuq kechada ehtilom bo‘lib qoldim. Cho‘milsam, o‘lib qolaman deb qo‘rqdim. Tayammum qilib, sheriklarimga bomdod namozini o‘qib berdim. Buni Nabiy sollallohu alayhi vasallamga zikr qilishgan edi, u zot: «Ey Amr, junub holingda sheriklaringga namoz o‘qib berdingmi?» dedilar. Men u zotga nima uchun g‘usl qilmaganimni aytib, «Alloh taoloning «O‘zlaringizni o‘ldirmanglar, Alloh sizlarga mehribon Zotdir», deganini eshitganman», degan edim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kulib qo‘ydilar, lekin biror narsa demadilar».
Savol 3: Musulmon kishi badani yoki kiyimida spirtli modda bo‘lgani holda namoz o‘qishining hukmi qanday?
Javob: Kimyogarlarning nazdida «spirtli» deb atalgan har qanday narsa mast qiluvchi bo‘lavermaydi. Mast qilmaydigan moddalardan tarkib topgan, mast qilish xususiyati yo‘q, mast qiluvchi alkogoldan boshqa, undan boshqa o‘ziga xos sifatlarga ega spirtli modda asli o‘zgarib ketgani uchun pok deb e’tibor qilinadi. U bilan badan va yuzalarni sterillashga shar’an monelik yo‘q bo‘lib, o‘sha modda namozxonning badani yoki namozgohiga tekkan bo‘lsa ham, namoz durust bo‘ladi.
Ammo o‘z mohiyati va xususiyatlarini yo‘qotmagan, mast qiluvchi holida qolgan spirtlarga kelsak, zamonamiz faqihlari spirtlarni nopok deb, mast qilish xususiyatida xamrga ilova qilishda ixtilof qilganlar. Shu bois bunday spirtning pokligida ixtilof bor. Ixtiyor qilingan fikrga ko‘ra, u ham pokdir.
Savol 4: Vabo tarqashidan qo‘rqib, juma va jamoat namozlarini to‘xtatish, masjidlarni yopib qo‘yish joizmi?
Javob: Alloh taolo shunday marhamat qiladi: «Kim Allohning nishonalarini ulug‘lasa, bu qalblarning taqvosidandir» (Haj surasi, 32-oyat).
Bu nishonalarni ijro va e’lon qilish ahamiyatli bo‘lishi bilan birga, Nabiy sollallohu alayhi vasallam zarar ehtimoli bor yoki yomg‘ir, qattiq sovuq, shamol kabilar sababidan mashaqqat tug‘iladigan hollarda namozni uyda o‘qishni joriy qilganlar. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadiki, u kishi sovuq, shamolli, yomg‘irli bir kechada namozga azon aytib, azon oxirida «Namozni o‘z manzillaringizda o‘qinglar! Namozni o‘z manzillaringizda o‘qinglar!» deb aytganlar. So‘ng: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safarda sovuq yoki yomg‘irli kechada muazzinga: «Namozni o‘z manzillaringizda o‘qinglar!» deyishni buyurar edilar», deganlar.
Shak-shubha yo‘qki, vaboning tarqalishidan saqlanish bundan-da muhimdir, chunki bunda odamlarga, ularning salomatligiga katta, xatarli zarar bor. Vabo tarqagan paytda masjidlarda juma va jamoat namozlarini tark etishga ruxsat berilishi aql va fiqh nuqtai nazaridan so‘zsiz maqbul ishdir.
Biroq, ruxsat voqelikda tushib bo‘lgan balogagina cheklanadimi? Yoki virus tarqalishini to‘xtatish uchun ehtiyot va himoya choralariga shoshilish ma’nosida ham joizmi? Bu o‘rinda faqihlar bir fiqhiy qoida xususida savol tashlaydilar: «Bo‘lishi kutilgan narsa voqelikda bo‘lgan kabimi yo yo‘qmi?»
«Muhaqqiqlar tayangan gap shuki, yaqin ehtimolli kutilgan narsa voqe bo‘lgan kabidir, zero, nimaiki bir narsaga yaqin bo‘lsa, uning hukmini oladi» (Al-ashbah van-nazoir, Subkiy, 1/98).
Shunga ko‘ra, agar e’tiborli, xos rasmiy taraflarning nazdida shu virusning insonlar hayotiga, salomatligiga tahdidi aniqlansa, uning tarqalishini to‘xtatadigan ehtiyot choralarini ko‘rish joiz bo‘ladi, jumladan, masjidlarni yopish, yig‘ilish va jamoatlarni to‘xtatib turish ham.
Alloh bilguvchidir, oliydir.
Savol 5: Davlat rahbari Islomning nishonalarini qaydlashi mumkinmi?
Javob: Islom shariatining qamrovli va mukammalligi Alloh taoloning bandalariga fazlu marhamati buyukligidandir. Shariat dinu dunyo masalalarini baravar o‘zida jamlaydi, barcha makonu zamonni qamrab oladi. U agar amalga tatbiq qilinsa, yer yuzini adolat va hikmatga to‘ldiradigan, dunyoyu oxirat ishlarida bandalarning manfaatlarini ro‘yobga chiqaradigan qoida va asoslarga ega.
Islom shariati davlat rahbariga juda katta maqom bergan, xalqni unga itoat qilishga, amridan chiqmaslikka buyurgan. Bunda ikki maqsad asos qilib olingan:
Dinu diyonatni qo‘llab-quvvatlash, asrash.
Insonlarning hayotini tartibga solish, umumxalq manfaatlarini ro‘yobga chiqarish. Zero, omma musulmonlarning manfaatini ko‘zlab ish tutish Islom shariatining maqsadlaridan biridir.
Imom Shotibiy aytadi: «Shariatni o‘rganib chiqib, bildikki, u bandalarning manfaatlari uchun tuzilgandir» («Muvofaqot», 2/12). Bu bobda ilm ahli belgilab bergan qoidalardan biri: «Imomning (davlat rahbarining) tasarruflari manfaatga bog‘liqdir».
Endi rahbarning Islom ko‘rsatmalarini cheklash huquqiga kelsak, faqihlar bu mavzuni uch turga bo‘lib o‘rganganlar:
Namoz va ro‘zaga o‘xshash dinning asoslaridan bo‘lgan masalalar.
Ijtihod maydoni bo‘lgan juz’iy masalalar.
Shariatda aniq buyruq yo qaytariq kelmagan, foyda-zarar bobiga kiradigan mubohlar.
Rahbar ushbu uchinchi turdagi amallarni vaziyatga qarab, makon va zamon taqozosiga ko‘ra shariatga muvofiq tartibga solishi, cheklashi mumkin.
Birinchi va ikkinchi turga keladigan bo‘lsak, rahbarning bu boradagi tasarrufi qanday bo‘lishini mutaxassis olimlar, faqihlar belgilab beradilar. Xuddi boshqa sohalarda ham mutaxassislarning gapiga qarab ish ko‘rilganidek, bu borada ham rahbar o‘zicha ish ko‘ra olmaydi.
Faqihlar bunday vaziyatlar uchun umumiy qoidalarni bayon qilganlar:
Avvalo shar’iy amallarga ma’lum cheklov qo‘yish uchun shuni taqozo qiladigan shar’iy zarurat tug‘ilgan bo‘lishi kerak.
Cheklovlarga oid qarorlar shariatga muvofiq bo‘lishi, uning maqsadlarini ro‘yobga chiqarishi shart.
Cheklovlar zarurat miqdoridan oshmasligi lozim.
Bu cheklovlar yoki majburiyatlar mutaxassislar, olimlar tomonidan chuqur o‘rganilgan bo‘lishi kerak.
Shar’iy amallarga qo‘yilgan cheklov vaqtincha bo‘lishi, zarurat paytidan oshmasligi darkor.
Xulosa shuki, maxsus tadqiqotlar va qarorlar bilan tojsimon virus kabi biror kasallik ommaviy vaboga aylangani aniqlangan bo‘lib, jamoat to‘planishi bu kasallikning tarqalishiga sabab bo‘lishi aniq bo‘lsa, xalqning salomatligini saqlash maqsadida, yuqoridagi shartlarga rioya qilgan holda, juma va jamoat namozlarini vaqtincha to‘xtatish rahbarga joiz bo‘ladi.
Namozlarni uyda o‘tashga oid tavsiyalar
Barcha namozlarni vaqtining avvalida o‘qish mustahab bo‘lib, faqat xufton namozini tunning yarmigacha kechiktirish afzaldir.
Oila rahbari bo‘lgan yoki imomlikka yaroqli boshqa erkak oila a’zolariga imom bo‘ladi.
Masjiddagi azon eshitilsa, kifoya qiladi, jamoatga esa iqoma aytish kifoya.
Oldin erkaklar, so‘ng bolalar, keyin ayollar saf tortadi.
Ayollar erkaklar bilan bir safda turmaydi. Ayol kishining bir o‘zi ham saf bo‘lishi mumkin.
Jamoatda yosh bola bo‘lsa, imomning yonida turishi mumkin.
Farzdan oldin va keyingi sunnatlar o‘z holicha ado qilinadi.
Bomdod namozini jamoat bo‘lib o‘qigach, quyosh chiqqunicha namozgohda zikr qilib o‘tirish shar’an joiz, savobli amaldir.
Juma namozi o‘rniga uyda to‘rt rak’at peshin o‘qiladi.
Uylarda jamoat bo‘lib juma o‘qish joiz emas, bunday namoz jumaning shartlari topilmagani bois, juma o‘rniga o‘tmaydi.
Savol 6: Haj yoki umraga atalgan mablag‘ni musibatga uchraganlarga bersa bo‘ladimi?
Javob: Haj qilishga qodir bo‘lgan kishi hajni o‘sha qodir bo‘lgan yiliyoq ado qilishi shartmi yoki keyingi yillarda ham qilsa bo‘ladimi, degan masala ulamolar orasida ixtiloflidir. Agar kishi hajni qodir bo‘lgan yiliyoq ado qilmasdan, keyingi yillarda bajarsa, qazo emas, ado haj bo‘lishiga barcha ulamolar ittifoq qilishgan. Biroq kechga surgani uchun gunohkor bo‘ladimi, yo‘qmi gap shunda. Agar qodir bo‘lganidan keyin kechga surgan odam keyin o‘sha hajni ado etmasidan vafot etib qolsa, gunohkor holida ketishiga shubha yo‘q. Vafot etmagan taqdirda esa imom Abu Hanifa, imom Molik va imom Ahmad rahmatullohi alayhimdan rivoyat qilingan eng to‘g‘ri naqlga ko‘ra, agar kishi o‘ziga haj farz bo‘lganidan keyin uni bir necha yil kechiktirsa, gunohkor bo‘ladi, guvohligi o‘tmaydigan darajada fosiqqa aylanadi. Shunga ko‘ra, kimga haj farz bo‘lgan bo‘lsa, avvalo o‘sha hajni ado etishi lozim.
Nafl haj va umraga kelsak, ular uchun yig‘ilgan mablag‘ni muhtojlarga berish ko‘pincha afzal bo‘ladi. Abdulloh ibn Muborak rohimahulloh bir yili hajga chiqqanlarida bir qiz duch kelib, «Men va ukamning mana shu izordan boshqa narsamiz yo‘q, manavi axlatxonadagi tashlandiqlardan boshqa yemagimiz ham yo‘q. Bir necha kundan beri bizga o‘limtik ham halol darajaga keldi», deb qoladi. Shunda u kishi haj mablag‘ini unga berib, «Bu yilgi hajimizdan mana shu afzal», degan ekanlar (Ibn Kasir, «Al-bidaya van-nihaya», 10/191).
Imom Ahmad nafl hajning nafaqasini nazarda tutib, «Mening nazdimda uning och qorinlarga sarflangani yaxshiroq», deganlar.
Umar roziyallohu anhuga Ka’baga yopqich (kisva) to‘sish tavsiya qilishganda: «Musulmonlarning qorinlari haqliroq», deganlar.
Binobarin, nafl haj yoki umra qilishga hozirlik ko‘rayotgan kishilar hozirgidek yurt ahli qiyinchilikka tushgan, qimmatchilikka uchragan vaziyatda o‘sha mablag‘larni beva-bechoralarga, kam ta’minlangan oilalarga sarflashlari Alloh taoloning nazdida afzaldir, U Zotning roziligiga yaqinroqdir. Boshqa paytlarda ham nafl ibodatlardan ko‘ra farzi kifoya bo‘lgan o‘rinlarga, turli sohalardagi tolibi ilm va ustozlarga, o‘sha ilmlarning taraqqiyotiga sarflaganlari afzaldir, ajru savobi chandon ziyodadir.
Savol 7: Vabo kasali bilan vafot etgan kishi qanday dafn qilinadi?
Javob: Islom dinida mayyitning ham tirik kabi hurmati bor. Mayyit mo‘min ekan, nima sabab bilan vafot etganidan qat’i nazar, uni to‘liq islomiy tarzda yuvib, kafanlab, janoza o‘qib, dafn qilinadi. Agar mayyitning tanasidan kasal yuqishi aniqlansa, bu amallar himoya choralarini qo‘llagan holda ado qilinadi. Ammo tabiblarning guvohlik berishicha, bugungi kundagi tojsimon virus tufayli vafot etgan kishidan hech qanday kasal yuqish xavfi yo‘q.
Savol 8: Bir oiladan ketma-ket ikki yoki uch kishi vafot etsa, meros masalasi qanday bo‘ladi?
Javob: Birinchi bo‘lib avval vafot etganning moli taqsimlanadi, keyingi odam undan bir soniya keyin vafot etgan bo‘lsa ham, meros bo‘yicha unga ham ulush ajratiladi. So‘ng keyingi vafot etganning moli taqsim qilinadi va hokazo.
Imom Ibn Hajar rahimahulloh hijriy 749 yili dunyoni qamrab olgan katta to’un haqida so‘zlar ekan, meros bir kunda to‘qqizta oilaga ko‘chgan hollar bo‘lganini zikr qilgan.
Himoya
Islom ta’limotiga ko‘ra, sabablar moddiy yoki ma’naviy, ruhiy yoki jismoniy bo‘ladi. Barchasida hukm bir: har bir holatda ta’sir qiluvchi ham, yaratuvchi ham, o‘zgartiruvchi ham, boshqaruvchi ham yagona Alloh taolodir. Alloh taolo A’rof surasida: «Ha, yaratish va amr Unga xosdir», degan (54-oyat).
Ana o‘sha ruhiy va ma’naviy sabablar jumlasiga Qur’on o‘qib, duo qilib, dam solish — ruqya ham kiradi. Biz bunga bir necha misollar keltirish bilan kifoyalanamiz. Oyat, zikr va duolar ma’naviy, ruhoniy sabab bo‘lgani e’tiboridan ularning ta’siri to‘liq ro‘yobga chiqishi uchun botiniy, ruhiy poklik, hozirlik talab qilinadi, mana shu haqiqatni unutmaslik kerak.
Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qaysi bir banda har kuni tongda va kechqurun «Bismillaahillazii laa yadurru ma’asmihii shayʼun fil-ardi va laa fis-samaai va huvas-sami’ul-’aliim»ni aytib yursa, unga hech narsa zarar bermaydi», dedilar.
(Ma’nosi: «Ismi ila osmonu yerda hech narsa zarar keltira olmaydigan Zotning nomi bilan. Eshituvchi, biluvchi Udir». Bu zikr uch marta qaytariladi).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Fotiha surasi o‘limdan boshqa hamma dardga davodir», deganlar.
Imom Buxoriy Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan mashhur hadisi sharifda u kishi roziyallohu anhu chayon chaqqan bir qabilaboshiga Fotihani o‘qib, dam solib qo‘yadilar. U o‘sha zahoti tuzalib ketadi. Ushbu hadisdan Qur’oni Karim hatto kofirga ham shifo bo‘lishi mumkinligini xulosa qilganlar.
Kim vabo tarqalgan kunlarda «Salaamun qovlan min Robbir-Rohim» oyatini (Yosin surasi, 58-oyat) har kuni 28 marta o‘qib yursa, unga vabo tegmaydi, inshaalloh.
Ba’zi mashoyixlar vabo kunlari o‘zlari har kuni An’om surasini o‘qir, omma xalqqa har kuni Ixlos, Falaq va Naas suralarini o‘qishni tavsiya qilar edilar.
Alloh taoloning «Al-Mu’min» ismini har kuni 299 marta zikr qilish.
Alloh taoloning «As-Salaam» ismini har kuni 371 yoki 777 marta zikr qilish.
Hojatlarni talab qilish, iltijolarning ijobati uchun Qur’oni Karimni hafta mobaynida maxsus tartibda xatm qilish ham bor. Tartib quyidagicha:
Juma: Fath — Moida
Shanba: An’om — Tavba
Yakshanba: Yunus — Maryam
Dushanba: Toha — Qasas
Seshanba: Ankabut — Sod
Chorshanba: Zumar — Rahmon (bir rivoyatda Qamar)
Payshanba: Rahmon — An-Nas
Har bir suraning oxirida quyidagi duo o‘qiladi:
بسم الله الرحمن الرحيم اللهم لك الحمد، وإليك المشتكى، وأنت المستعان وعليك التكلان، وإليك المصير، يا كافي المهمات اكفني مرادي (ويذكر مرامه). اللهم وفقني لأحب الأمور إليك، وارزقني من محبتك نصيبا وافرا لا يحتاج فيه إلى الوسيلة، ولا حول ولا قوة إلا بالله العلي العظيم.
Duoning ma’nosi: «Rahmonu Rahim Alloh nomi bilan boshlayman. Allohim, O‘zingga hamd bo‘lsin! Shikoyat O‘zingga qilinadi, yordam Sendan so‘raladi, tavakkul Sengagina qilinadi, qaytish ham O‘zingga. Ey tashvishlarga kifoya qilguvchi Zot, murodimga kifoya qilgin (shu yerda murodini aytadi). Allohim, meni O‘zingga eng suyukli ishlarga muvaffaq qil! Menga O‘z muhabbatingdan shunday mo‘l nasiba berginki, vasila, vositaga hojat qolmasin. Kuch va quvvat faqat Buyuk, Oliy Alloh taolodadir».
Qur’oni Karimni shu tarzda xatm qilib bo‘lgach, sajda qilib, hojatini so‘rasin, o‘rnidan turmasidan hojati ravo bo‘ladi, inshaalloh!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p salavot aytish.
Bunda kishi o‘ziga muayyan adadni vazifa qilib olishi ham mumkin. Imom Termiziy Ubay ibn Ka’bdan rivoyat qilgan hadisi sharifda u kishi aytadi: «Ey Allohning Rasuli, men sizga ko‘p salavot aytaman, salotimdan qanchasini sizga ajratay?» dedim. «Istaganing», dedilar. «To‘rtdan bir?» dedim. «Istaganing, ko‘paytirsang, o‘zingga yaxshi», dedilar. «Yarmi-chi?» dedim. «Istaganing, ko‘paytirsang, o‘zingga yaxshi», dedilar. «Uchdan ikkisi-chi?» dedim. «Istaganing, ko‘paytirsang, o‘zingga yaxshi», dedilar. «Duoyimning hammasini sizga ajrataymi?» dedim. «U holda tashvish qilganlaringda senga kifoya bo‘ladi, gunohlaring kechiriladi», dedilar».
Ulamolar Ubay roziyallohu anhuning «salotimdan» degan gaplarini «Kundalik vird» desa, yana boshqalar «duoyu iltijolarim», deb tushunganlar. Unga ko‘ra «agar so‘rovlar, iltijolar o‘rniga ham salavot aytsang, tashvish qilib, o‘ylab yurgan narsalaringni Alloh ato qiladi, gunohlaringni kechiradi», degan ma’no chiqadi.
Eslatma: Muolajalarning ba’zilari ulamolarning tajribalaridandir. Moddiy-jismoniy sabablarni o‘sha soha mutaxassislari bayon va tatbiq qilganidek, ruhoniy va ma’naviy sabablarni ham bu sohaning ahlidan o‘rganiladi. Shu o‘rinda ushbu amallarni bid’at deb o‘ylashi mumkin bo‘lgan kishilarga ham eslatib qo‘ymoqchimizki, tajribiy ilmlarga Kitobu Sunnatdan dalil talab qilinmaydi. Qoida shu.
Xotima
Yuqorida musulmon kishi vabo yoki kasallik tarqashi kabi og‘ir holatlarda nima qilishi kerakligi haqida qisqacha gaplashib o‘tdik. Masalaning aqiydaviy, axloqiy va fiqhiy jihatlariga nazar solgan bo‘ldik. Ammo bunday holatlardan umumiy xulosa ham chiqarib olish lozim.
Tojsimon virus hodisasi, axborot vositalarida ko‘rsatilayotgan xabar va hisobotlar rost yoki yolg‘on, haqiqiy yoki sun’iy bo‘lishidan qat’i nazar, bir necha haqiqatlarni yuzaga chiqardi.
Inson zoti o‘limining muqarrar ekanini bilishiga qaramay, undan qo‘rquvda ekani, qochib qutulib bo‘lmaydigan o‘limidan umrining oxirigacha qochib yashash uning tabiatida borligi namoyon bo‘ldi. O‘limni eslash insonlarni isloh qilar ekan, Qur’oni Karimning o‘lim va oxiratni bot-bot eslatishi bejiz emas ekan. Ilm ahli buni doimo nazarda tutishlari lozim bo‘ladi.
Musulmon kishi bundayin vaziyatdan foydalanib olishi darkor. Ko‘p marta eshitilgan bir hadisi sharifni tatbiq qilishning ayni o‘rni shu.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Ikki ne’mat borki, odamlarning ko‘plari unda aldanib qolishadi: sog‘lik va forig‘lik».
Tibbiy cheklovdagi vaqt mo‘min kishi uchun ayni ikki ne’mat jamlangan g‘animat fursatdir. Ibn Atoulloh Sakandariy: «Qalbga hech narsa uzlatchalik foyda bera olmaydi, sen unda tafakkur maydoniga kirasan», deganlar.
Bu fursatda kishi o‘zini ko‘pgina solih amallarga chiniqtirib olishi mumkin:
Doim tahoratda yurish;
Namoz-ro‘za kabi nafl ibodatlarga chiniqib olish;
Odamlardan uzoqlashish bahonasida o‘zgalarga nisbatan qilib qo‘yiladigan nojo‘ya, ozorli ishlardan tiyilib olish;
Ko‘proq xoli qolish imkoniyatidan foydalanib, o‘z aybu nuqsonlarini tahlil qilib, isloh qilib olishi;
Kundalik mutolaani yo‘lga qo‘yish, ko‘proq kitob o‘qishga o‘rganib olish;
Farzandlar tarbiyasiga ahamiyatni kuchaytirish, ular bilan ishlashni yo‘lga qo‘yish;
O‘tkazib yuborilgan namozlarning qazosini o‘tab olish;
Yodlash kerak bo‘lgan matnlarni yodlab olish;
Har kunlik muayyan adaddagi zikrlarni vird qilib olish;
Qalblar yumshab turgan paytlarda tavba qilish, mag‘firat so‘rash, duo-iltijolar qilish va hokazo.
Sakandariy aytadilar: «Alloh tilingni so‘rashga aylantirib qo‘yibdimi, bilginki, senga bermoqchi».
Tushkunlik, vahimaga tushishdan hazir bo‘lish.
Bandlik bahonasida kechga surib kelinayotgan yuqoridagi va boshqa xayrli amallarni tartibli yo‘lga qo‘yib olish. Ulamolar aytadilarki, do‘zaxiylarning faryod chekaroq eng ko‘p aytadigan so‘zlari: «Keyin qilarman» deganimdan dod!» deyish bo‘ladi.
Ibn Atoulloh Sakandariy aytadilar: «Qalb o‘lgani alomatlaridan biri o‘tkazib yuborilgan solih amallar uchun g‘amgin bo‘lmaslik, xatolari bo‘la turib, qilganiga nadomat chekmaslikdir».
Bu fursatni televizor oldida, telefon ustida o‘tkazish juda katta yutqazishdir. Ibn Atoulloh Sakandariy yana aytadilar: «Mashg‘ulotlardan bo‘sh bo‘la turib, Allohga yuzlanmasliging, to‘siqlar kamaygani holda U tomon yurmasliging nazaridan qolganing, muvaffaqiyatsizligingdir!»
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biror xavfli yoki qiyin vaziyatga duch kelsalar, namozga shoshardilar, ko‘p iltijo qilardilar. Shu bilan birga, doimo yaxshilik kutar, kishilarni kelajakka umid bilan qarashga o‘rgatar, ularni ruhlantirar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tafoulni — yaxshi so‘z aytilishini yaxshi ko‘rardilar, shumlanishni yoqtirmasdilar. Shuningdek, inson Alloh taolodan nimani kutsa, Alloh taolo unga shunga yarasha muomala qiladi. Alloh taolo: «Men bandamning gumonidagidekman», deydi (Muttafaqun alayh).
Ushbu kasallikning tarqalishi butun insoniyatni junbushga keltirdi, xalqlar, mamlakatlar, davlatlar katta zarar ko‘rdi, xavfga cho‘mdi. Buni bir jiddiy ogohlantiruv deb qaramoq kerak. Insonlar o‘zlarini isloh etib, Alloh taologa tavba-tazarru qilishlari, xato-kamchiliklarini tuzatishlari lozim. Aks holda «o‘tdi-ketdi» qabilida g‘aflatga botish yomon oqibatlarga olib keladi.
Alloh taolo shunday marhamat qiladi: «Qaysi bir shahar-qishloqqa rasul yuborsak, shoyad tazarru qilsalar deb, uning ahlini yo‘qchilik va qiyinchiliklar ila tutganmiz. So‘ngra yomonlikning o‘rnini yaxshilikka almashtirganmiz. Nihoyat, ko‘payishib, «Ota-bobolarimizga ham qiyinchilik va xursandchilik yetgan edi», deganlarida ularni sezmagan hollarida to‘satdan tutganmiz. Agar shahar-qishloq ahli iymon keltirganlarida va taqvo qilganlarida edi, ularga osmonu yerdan barakotlarni ochib qo‘yar edik. Lekin ular yolg‘onga chiqardilar, shu bois ularni qilgan qilmishlari tufayli tutdik» (A’rof surasi, 94-96-oyatlar).
Alloh taolo barchalarimizni doimiy ogoh bo‘lgan, xatolardan tavba qilgan, yaxshilikka yuz tutgan holda yashashni, eng afzal amalimiz asnosida jon berishni nasib etsin! Yurtimizdan, barcha musulmonlardan, butun olam ahlidan bu balo-ofatni bartaraf etib, bashariyatning holini isloh qilsin, bandalarining O‘ziga qaytishlarini oson aylasin!
Allohga hamdlar, Rasulullohga va u zotning ahlu asʼhoblariga salavotu salomlar bo‘lsin!