
IBRAT SAFARI YOXUD KOREYA SAFARI TAASSUROTLARI
Husaynxon Yahyo Abdulmajid
IBRAT SAFARI YOXUD KOREYA SAFARI TAASSUROTLARI
Alloh taologa hamdu sanolar, Muhammad Mustafoga salavotlar bo‘lsin! Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam: «Mo‘minning niyati amalidan yaxshidir», deganlar. Bu purhikmat so‘zning ma’nolaridan biri shuki, kishi bir yaxshilikni niyat qilsa-yu, niyati xolis bo‘lsa, uning natijasi o‘sha kishi amalga oshirishi mumkin bo‘lgan darajadan ham yuqori bo‘ladi, shu bois bu niyat amaldan ham yaxshi sanaladi. Nima uchun niyat amaldan yaxshi? Chunki amal qachondir to‘xtaydi, niyatning natijasi esa bardavom bo‘ladi. Amalning ko‘lami tor, niyatniki esa chegarasizdir. Ustozimiz shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ana shunday pok niyatli, maqsadlari ulug‘vor, amallari go‘zal, oliyjanob, muxlis va xolis zot edilar. U kishining barakotlari vafotlaridan keyin ham ko‘p yaxshiliklarga sabab bo‘lib kelmoqda. Hazratimizning ezgu niyatlari xalqimizning o‘z diniga – ajdodlar osha amal qilib kelinayotgan, o‘tmishimizga shon-sharaf manbai bo‘lgan Islomga chin ma’noda amal qilishiga erishish edi. Diniy savodsizlikka barham berish, musulmonlar orasida birodarlik, hamjihatlik ruhini taratish, ixtilof va kelishmovchiliklarni bartaraf etish, ahli sunna val jamoa mazhabi asosida Islom musaffoligini saqlab qolish u kishining maqsadlari, hatto hayotiy shiorlari edi. Xolislik bilan tugilgan bu ezgu niyat Hazratning hayotlik chog‘laridayoq o‘z samarasini bera boshlagan edi. Alhamdulillah, hozir ham kunma-kun yangi-yangi hosillar berib bormoqda. O‘shanday samaralardan biri Shayx hazratlarining xorijda yurgan millatdoshlarimiz, vatandosh, dindoshlarimiz uchun qilgan sa’y-harakatlarining amaldagi mahsulidir. O‘qish yoki ishlash maqsadida Janubiy Koreyada istiqomat qilib turgan vatandoshlarimiz uchun Seul shahrida «Eyr van travel» (Air one travel) shirkati hamkorligida «Hilol-nashr» matbaa-nashriyotining sho‘ba do‘koni ochildi. Bu matbaa bevosita Shayx hazratlarining tashabbuslari va rahnamoliklarida ochilgan edi. Do‘kon Seulning eski shahar hududida joylashgan. Bu hududda Koreyadagi eng katta masjid – Seul markaziy masjidi hamda Koreya musulmonlari assotsiatsiyasi, ya’ni diniy idorasi ham joylashgan. Shayx hazratlarining shogirdlari va «Hilol-nashr» matbaasi xodimlaridan iborat olti kishilik jamoa mazkur do‘konning ochilish marosimini nishonlash maqsadida Koreya sari yo‘l oldik. Jamoa ustozimiz Shayx hazratlarining farzandi arjumandlari Ismoil Muhammad Yusuf, hazratimizning yaqin shogirdlaridan Isʼhoq Muhammad domla, kamina hamda nashriyot xodimlaridan iborat edi. 2016 yil 27 may kuni Koreya havo yo‘llari tayyorasida Toshkentdan ko‘tarildik. Uchoqda biz uchun musulmoncha yemak xizmatiga buyurtma berildi. Baliq va guruchdan iborat yemak keltirildi. Uni halollikdan tashqari, yana bir fazilati – taomlanish payti birinchi bo‘lib o‘sha yemaklar tarqatilar, so‘ng umumiy barchaga taom tortilar ekan. Ajablanarlisi shundaki, uchoqda o‘zbek ko‘p bo‘lishiga qaramay, bunday buyurtma qilgan kishilar sanoqli edi. Inchon tayyoragohida bizni «Eyr van travel» shirkati rahbar Rizo Qanaviy, uning yordamchisi birodarimiz Bahromjon hamda bir qancha vatandoshlarimiz tantanali kutib olishdi. Seulga yetib borgunimizcha keyingi kunning peshin vaqti bo‘ldi. Peshindan keyin u yerdagi vatandoshlar bilan Seul markaziy masjidida uchrashuv o‘tkazildi. Deyarli bir kunlik uyqusizlik, safar mashaqqati va charchog‘i bilinib turganiga qaramay, uchrashuv juda maroqli va mazmunli o‘tdi. Suhbat Qur’oni Karim tilovati bilan boshlandi. Keyin ustoz Isʼhoqjon domla va Ismoiljon domla janoblari ma’ruza qildilar. Suhbatlar Shayx hazratlari, u kishining ilmiy meroslari, «Hilol-nashr» matbaasi borasida bo‘ldi. Keyin erkin savol-javoblarga o‘tildi. Majlisda qatnashganlar o‘zlarini qiziqtirgan, kundalik hayotlari uchun muhim bo‘lgan masalalar haqidagi savollariga ustozlardan javob olishdi. Uchrashuv nihoyatda sermahsul va go‘zal o‘tdi. 29 may kuni Pusan shahriga bordik. U yerda vatandoshlarimiz ko‘proq ekan. Avvalo, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining nomlari qo‘yilgan masjidga tushdik. Keyin bizlarni to‘planib kutib turgan millatdoshlarimiz tomon yo‘l oldik. Katta sport zalini ijaraga olib, uchrashuvni o‘sha yerga uyushtirishibdi. Bu uchrashuv avvalgisidan ham maroqli va foydali bo‘ldi. Suhbat tilovati Qur’on bilan ochildi. Ustozlar tomonidan mazmunli ma’ruzalar qilindi. U yerda ham millatdoshlarimiz bilan halol-harom va ibodat masalalarida savol-javob bo‘ldi. Peshin namozini o‘sha zalda vatandoshlar safida o‘qidik. Vatandoshlarimizning har birining ko‘zida vatan sog‘inchi yaqqol ko‘rinib turardi. Xuddi ota-onasi yo‘qlab kelgan musofir askardek shodlanib, ko‘zlari quvnab ketdi. Ularning sevinchlaridan bizning ham dillarimiz yayradi. O‘zimizni ular bilan xuddi bir oila a’zolaridek his qildik. Qaytishda yo‘l uzra bir masjidda asr namozini o‘qidik. «Taqvo masjidi» deb atalgan bu masjid ham ko‘p qavatli binoning birinchi qavatidan ajratilgan bir xonadan iborat bo‘lib, masjidni aslida malayziyaliklar ochishgan ekan. Keyin uni o‘zbeklarga topshirib ketishibdi. O‘zbek birodarlarimiz ustozlardan masjidga yangi nom qo‘yib berishlarini so‘rashdi. Ustozlar nomi o‘zi yaxshi ekan, qolaversa, o‘z nomida qolishi unga asos solganlarga nisbatan odob talabi ham, deb aytishdi. So‘ngra yana Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf masjidiga kelib, o‘sha yerda shom o‘qib, kechki taomni yedik va xufton namozini ham o‘qidik. 30 may kuni shahar aylanib, 31 kuni vatanga qaytdik. Allohga shukrki, yurtimizdagi fayzu baraka o‘zgacha. Vatanga qadam qo‘yar ekanmiz, u yoqdagi vatandoshlar bizni ko‘rib sevinganlaridan ham ko‘proq sevinib ketdik. Mazkur Koreya safari haqida o‘sha kunlarning o‘zidayoq «muslimaat.uz» hamda «ummat.uz» sahifalarida kunma-kun ma’lumot berib borilgan edi. Ushbu maqolada safar asnosida kechgan voyeqealarni tafsiliy bayon qilmoqchi emasman, balki u yerda o‘sha yerliklar haqida olgan ma’lumotlarim asosida umumiy tahliliy mushohadalarimni o‘rtoqlashmoqchiman. Safardan qaytishimiz Ramazon arafasiga to‘g‘ri kelib qolgani uchun maqola biroz kechikdi. Shu o‘rinda bir gap: ushbu fikrlar kaminaning shaxsiy kuzatuvlari, mulohazalari, xolos. Ular kimningdir dunyoqarashiga to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Chunki ma’lumotlar OAV yoki rasmiy manbalardan emas, aynan o‘sha joyda yashab turgan jonli guvohlardan olingan. Fikrlar esa bir musulmonning mulohazalari, xolos. Shuning uchun o‘quvchilardan buni to‘g‘ri qabul qilishlarini so‘rayman. Koreya suvlikda joylashgan mamlakat ekan. Iqlim harorati, deyarli, O‘zbekistonnikiga o‘xshasa ham, namlik juda baland. Shuning uchun qattiq issiqda muhit go‘yo hammomga aylanar ekan. Hammayoq daraxtzor, gulzor, ko‘kalamzor. Daraxtlari ko‘p, ammo qurilishga yaroqli emas ekan. Aksari dekorativ shaklli daraxtlar. Shu bois qurilish uchun taxtalar asosan xorijdan keltirilar ekan.
Koreya xalqining mentaliteti. Biz rus tilidan buzib o‘girib olgan «karis» so‘zi aslida «koreyets» (koreyalik) degan ruscha so‘zdan olingan. Aslida Koreya xalqi etnik ma’noda «kuriyan» deyiladi. Ular o‘zlarini shunday atashadi. Shuning uchun biz maqolada o‘sha asl lafzni ishlatishni ma’qul topdik. Janubiy Koreya kuriyanlari esa «hangugin» deb yuritilar ekan. Kuriyanlar ko‘p bosqin ko‘rgani, uzoq mustamlaka bo‘lgani uchunmi yoki irqiy tabiatidanmi, umuman olganda anchagina halim odamlar ekan. Koreya yaqin tarixida xitoylarga, so‘ng yaponlarga mustamlaka bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik Rossiya va Amerikaning qaramiga aylangan. Janubiy Koreya xalqi Amerikani o‘zlarining «xaloskori va peshvosi» deb biladi. Chunki AQSH ularni yaponlardan qutqarganidan keyin u yerda taraqqiyot, sanoat rivojlangan va xalqning hayot tarzi keskin o‘sib ketgan. Ular har sohada Amerikadan andoza oladigan bo‘lib qolishgan. Shimoliy Koreya esa hanuz turg‘unlikda. Bizning suhbatimiz faqat Janubiy Koreya va o‘sha yerdagi kuriyan xalqi, ya’ni hanguginlar haqida bo‘ladi. Kuriyanlar tabiatan yuvosh, royish, ko‘nikuvchan, tartib-intizomli, zaxmatkash xalq ekan. Ishda ham, o‘qishda ham bor vujudini berib mehnat qilarkan. Kuriyanlar bir ishni qilsa, nihoyatda hafsala bilan, mas’uliyat bilan yondasharkan. Ularda «Hozircha shunday tura tursin, keyin bir qo‘l tekkanda to‘g‘rilab qo‘yamiz», degan munosabat mutlaqo yo‘q. Hamma narsa o‘z vaqtida, qizig‘ida hal qilinar ekan. Ularning taraqqiy etishiga shu ham katta ta’sir ko‘rsatgan. Masalan, zavodda bir detal yasayotgan kuriyanga «Shuni tezroq yasab ber, juda zo‘r bo‘lmasayam, mayli» deyilsa, «Yaxshilab yasamasam, uni olib ishlatgan odam kuriyanlar haqida yomon fikrga borib qoladi», deb ko‘nmas ekan. Yoki «Buni o‘zimga o‘xshagan bir vatandoshim, millatdoshim olib ishlatadi-ku!» der ekan. Shu xislat aslida bizning xalqimizga xos bo‘lishi kerak edi. Nima uchun xorijda ishlab chiqarilgan mahsulotni o‘zimiznikidan afzal deb bilamiz? Chunki o‘zimizniki ba’zan sal sifatsizroq yasalgan, sal e’tiborsizroq qaralgan bo‘lib qolyapti. Masalan, o‘zbek avtomobilini salondan olib chiqib, avval ustaga bir ko‘rsatib olishga to‘g‘ri kelib qolyapti. Janubiy Koreya, Yaponiya, Germaniya avtomobilsozlik kompaniyalari esa birorta nosozlik aniqlanib qolsa, o‘sha yili yoki o‘sha rusumda ishlab chiqarilgan hamma avtomobillarni (ba’zan bir necha yuz mingtasini) qaytarib olib, uzr so‘rab, tuzatib berishyapti. To‘g‘ri, bunda o‘z kompaniyasining nufuzini saqlab qolish, mijozlarni yo‘qotmaslik maqsadlari ham bor. Lekin oddiy insof, halollik ham yo‘q emas. Nima bo‘lsa ham, ular «Alloh ishini puxta qilganni yaxshi ko‘radi», degan hadisi sharifning ma’nosiga amal qilish bilan juda katta yutuqlarga erishib turishibdi. Aslida bu hadisi sharifga amal qilishga eng haqli xalq musulmon ummatidir. Chunki bu so‘z bizning Payg‘ambarimizning nasihatlari, Allohga sevikli bo‘lishga eng ko‘p intilishi lozim bo‘lgan va bu muhabbatga o‘zini eng haqli bilgan kishilar ham bizmiz. Ularning o‘zi qo‘l urgan ishga ana shunday vijdonan, bor kuch-imkoniyati bilan kirishishi, uni to‘laqonli uddalamaguncha qo‘ymasligini ko‘rib, agar bular musulmon bo‘lsa ham, dunyodagi eng yaxshi musulmonlardan bo‘lsa kerak, dedim.
Iqtisodiyot, sanoat. Koreyada iqtisodiyot yuqori saviyada, kapitalizm – sarmoyachilik tizimi asosida. Sanoat, fan-texnika juda rivojlangan. Armiyasi ham jismoniy harbiy tayyogarlik hisobiga emas, ko‘proq texnik imkoniyat hisobiga kuchli sanaladi. Ayniqsa, elektronika va kemasozlik ularning asosiy sohasi ekan. Xususan, «Samsung» kompaniyasining ishlab chiqarishi, ayniqsa, kemasozlik korxonalari juda katta o‘rin tutar ekan. O‘zbek ishchilarning ham ko‘pi o‘sha korxonalarda ishlarkan. Oyliklar ish muddati asosida belgilangani uchun bir kun-yarim kun ish qoldirgan ishchining oyligi qirqiladi. Shuningdek, imkon bo‘lgan o‘rinda qo‘shimcha soat ishlab berganga oylik ham ko‘paytirib beriladi. Ammo vaqtga nisbatan olganda, qo‘shuvdan ko‘ra qirqish mo‘lroq. Shu bois ish vaqtiga qattiq rioya qilishadi. Xalq ish bilan to‘la ta’minlangan. Oyliklar turmush uchun yetarli. Sanoatga jiddiy ahamiyat berisharkan. 7 kmlik suvosti tunelning xomashyosini ham xorijdan olmay, faqat milliy mahsulot va milliy qudrat bilan qurishganini faxr bilan zikr qilishadi. Chunki Koreya aslida Xitoy kabi xomashyoga boy davlat emas. Ishlab chiqarishda aksar xomashyo xorijdan olib kirilar ekan. Umuman olganda, xalqning iqtisodiy sharoiti juda yaxshi, turmushi farovon. Shu bilan birga, vokzal, bozor kabi ayrim jamoatchilik yerlarida tilanchilar ham uchrab turar ekan. Ular, asosan, tashlandiq mayxo‘rlar bo‘lar ekan. Bizdagilardan farqli joyi shundaki, ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri tilanar ekan, obidsimon kiyinib, taqvodorsifat bo‘lib yoki Xudoni o‘rtaga qo‘yib so‘ramas ekan. Koreyada musulmonlar uchun eng katta muammolardan biri go‘sht va qurbonlik masalasi bo‘lib qolibdi. Jonliq so‘yish huquqi faqat qonaralarga berilgan. Yakka tartibda so‘yish – jinoyat. Qonaralar esa faqat kuriyanlarning tasarrufida. Tabiiyki, ular go‘sht uchun hayvonlarni elektr bilan o‘ldirishadi. Musulmonlar Avstraliyadagi musulmonlar tarafidan so‘yib keltirilgan go‘shtni iste’mol qilishar ekan. Bizga mazkur go‘shtning ruxsatnomasini ham ko‘rsatishdi. Hatto so‘yishga kimlar guvoh bo‘lganigacha ko‘rsatilgan. Kuriyanlarning yeguliklarida dengiz mahsuloti ko‘pligidan bo‘lsa kerak, oziq-ovqat do‘konlarida, yemakxonalarida o‘rganmagan odam uchun yoqimsiz hid kelib turadi. Din, e’tiqod, ijtimoiy holat. Alloh taolo Qur’oni Karimda «Yer yuzida sayr qilib, yolg‘onga chiqaruvchilarning oqibati qanday bo‘lganiga boqinglar», (An’om surasi, 11-oyat) deydi. Biz ko‘pincha bu oyatlarni ilgari o‘tib ketgan, hozirda ayrim osorlarigina qolgan xalqlarning oqibatlarini kuzatish haqida deb tushunamiz. Albatta, bu yerda birinchi navbatda o‘shalar nazarda tutilgan. Ammo oyati karimani yer yuzini kezib, Allohning dinidan yuz o‘girgan xalqlarning dunyo hayotidagi yetib borgan darajasini, topgan oqibatini kuzatish, bundan ibrat olish ma’nosida ham tushunish mumkin. Shu ma’noda qaraydigan bo‘lsak, kuriyan xalqining dinsizlik, xudosizlik natijasida yetib borgan oqibatini kuzatgan kishining ularga rahmi keladi. Kuriyanlar uzoq vaqtlardan buyon buddaviylik diniga e’tiqod qilib kelishgan. Yaqin tarixda esa ularga Amerika ta’sirida xristianlikning protestant oqimi kirib kelgan. Ammo hozirgi avlod umuman olganda hech bir dinga, g‘aybga ishonmaydi. Xalqning aksari moddaparast, xudosiz, dinsiz. Shuning uchun halol-harom, savob-gunoh degan tushunchaning o‘zi yo‘qolayozgan. O‘ta moddaparast bo‘lib ketishganidan, birov vafot etsa, o‘zining biror nojo‘ya harakati yoki biror yoqmaydigan narsa yeb qo‘yganidan o‘lgan deb qarashar, shuning uchun unga achinishmas ekan. Xalq moddiy jihatdan farovon ko‘rinsa-da, ma’naviy jihatdan nihoyatda qashshoq. Insonlar go‘yo robotga aylangan. Ularning nazdida har qanday odam bir oy ishlamasa, o‘ladiganday. Chunki unga hech kim qaramaydi, birov yordam qilmaydi. Shuning uchun ular nafaqa yoshiga yetsa ham, ishlayverishadi. Ishlashni istamagani yoki ishga yaramagani o‘z joniga qasd qilib qo‘ya qoladi. Ahvol shu darajada ekanki, o‘zini daf’atan o‘ldirishga botina olmaganlar uchun bir necha hafta mobaynida ichki a’zolaridan birini quritish bilan insonni o‘ldiradigan dorilar bor ekan. Shuningdek, qazo va qadarga iymon, u haqda tushuncha bo‘lmagani uchun arzimagan muvaffaqiyatsizlikni deb ham o‘z joniga qasd qilish avj olgan. Masalan, sevganiga yetisha olmaslik, o‘qishda imtihondan yiqilish, biror jiddiy maqsadiga erisha olmaslik, hayotdan zerikish va hokazo. Hatto o‘zini metro tagiga tashlash ommalashib ketganidan metro to‘xtash yerlaridagi qirg‘oqlar oyna bilan o‘ralgan. Metro kelib to‘xtab, eshiklarini oyna devor eshiklariga to‘g‘rilab ochgachgina, oyna devordagi eshiklar ochiladi va faqat metroning ichigagina yo‘l qoldiriladi. Shuningdek, armiyada ham o‘z joniga qasd qilish ko‘p uchraydi. Ko‘pincha askar yigit harbiy xizmatda ekanida sevgilisining boshqa birov bilan bog‘langanini eshitib qolsa, tayyor imkoniyatdan foydalanib, o‘zini otib tashlay qoladi. Hisobotlarga qaraganda, Koreya ichkilik va o‘z joniga qasd qilish bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinda turadi. Ruhiy bo‘shliq, ma’naviy qashshoqlik oqibatida kuriyanlar uchun yagona huzur beradigan narsa mastlik bo‘lib qolgan. Ularga: «Nega buni ichasan? Sog‘ligingga ziyon-ku!», deyilsa, «Dunyoda boshqa nima maza bor?» deyisharkan. Shu bois deyarli hamma ichkilik bilan taskin topadi. Erkaklar ichkilikka nihoyatda mukkasidan ketganidan ayrim tashkilotlar ularning oyliklarini xotinining hisobiga tushirar ekan. Chunki kayfida nojo‘ya sarflab yuborishi ehtimoli baland. Masjidlar oz. Jamoatlar, asosan, xorijdan kelgan musulmonlardan iborat. Ko‘pi malay, indonez, arab va o‘zbek kabi musulmon xalqlar. Turli mazhab vakillari bor. Yerli xalqdan, asl kuriyanlardan musulmon bo‘lganlar kam. Masjidlar kichik, sharoiti yaxshi. Ammo sharoit va jamoat soni jihatidan Toshkent masjidlariga yetishiga ancha bor. Yuqorida aytilganidek, Seuldagi markaziy masjid Shimoliy Koreya musulmonlari diniy idorasi yaqinida joylashgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, u yerda halol yemakxonalar ham ko‘p ekan. Arab, turk, malay, va kuriyan halol oshxonalari bor. Bu masjidning jamoati ham boshqa masjidlardagiga nisbatan ko‘p. Imomning qiroati yaxshi ekan. Bu yerda bir narsa e’tiborimni tortdi. Masjidga kirishga bir lavha osilgan. Unda ayollar ko‘ylagi surati solingan. Kalta ko‘ylak ustiga taqiq chizig‘i tortilgan. Lavhada ayol kishi bu hududga shar’iy libossiz, avratlarini to‘smasdan kirishi taqiqlangani e’lon qilingan. Protestant oqimiga mansub cherkovlar bisyor bo‘lib, moddiy jihatdan ancha obod. Amerikadan katta mablag‘ kirishiga qiziqib cherkov ochaverishgan ekan. Ammo xalqning qatnovi kam, chunki moddaparastlik dinsizlikka olib kelgan. Ko‘cha-ko‘yda o‘z diniy liboslarida yurgan rohibalarni ham ko‘rdik. Inson o‘lsa, uch kun ushlab turishar, ko‘pincha shifoxonalardagi maxsus xonalarda saqlashar ekan. Uch kun ichida o‘likning yaqinlari kelib, u bilan xayrlashishadi. Kelganlarga o‘sha yerning o‘zida ziyofatlar uyushtiriladi. Uch kundan keyin mayyit dafn qilinadi. Dafn o‘lik egalarining sharoitiga qarab ikki xil amalga oshiriladi. Koreyada yer juda qimmat. Mayyitni ko‘mish uchun yer sotib olishga hamma ham qodir emas. Boy kishilar mayyitini yerga ko‘madi. Boshqalar esa o‘likni kuydirib, kuymay qolgan suyaklarni maydalab, kukunini bir idishga soladi va maxsus yerga olib borib qo‘yadi. Xalqning aqliyati, asosan, OAV bilan shakllanar, ozuqalanar ekan. Axborot vositalarida esa islomiy ta’limot yo‘q. Shuning uchun u yerlarda Islomning tarqalishi juda sekin. Xalqda haqiqiy ma’naviy ozuqa yo‘q hisobi. Qolaversa, Ovro‘padagidek atrofdan da’vatchilar kelishi ham sezilarli darajada emas. Aytishlaricha, ayrim tablig‘ guruhlari kelib turar ekan. Ammo ular faqat musulmonlarni to‘plab da’vat qilisharkan. Qizig‘i shundaki, «Biz sizlarga «la ilaha illalloh»ni o‘rgatgani keldik», deyishar ekan, ya’ni kalimaning haqiqiy ma’nosini ta’lim bermoqchi bo‘lisharkan. Ammo yerli xalqqa o‘z tillarida chin Islomni yetkazib beruvchi odam deyarli topilmaydi. Pusandan qaytishimizda vokzalda bir kuriyan musulmon bizni eshitib, ko‘rishgani kelibdi. U Islomni ongli ravishda qabul qilib, o‘rganib, millatdoshlarini o‘zi erishgan haqiqatga chorlayotgan ilmli musulmon bir kuriyan bo‘lib, ismi Zubayr ekan. Afsuski, faqat ko‘zlar bir-biriga tushdi, tillar tushmadi. Diniy idora faoliyati nihoyatda sust, muftiysi kuriyanlardan. Musulmon mamlakatlari bilan aloqa tiklaydigan, keltirilgan xayriyalarni o‘z o‘rniga sarflaydigan faol rahbarga ehtiyojlari katta. Oila. Kuriyanlarda oila tizimi buzilgan, oilaning ahamiyati nihoyatda past darajada. Yuqorida aytilganidek, pul ayolning qo‘lida bo‘lgani uchunmi, erkaklarning erlik sifati pastlaganidanmi, oilada gapi o‘tadigan odam xotin bo‘lib qolgan. Hatto, odatda, er-xotin orasida kelishmovchilik yuz bersa, er haydaladigan holga kelgan. Erkaklarda rashk degan sifat yo‘q. Odamlarni bog‘lab turuvchi asosiy rishta ish va manfaat. Natijada silai rahm degan ulug‘ aloqa uzilgan. Uzoq qarindoshlar u yoqda tursin, ota-ona bilan ham bog‘liqlik juda kam. Mezbon yurtdoshlarimizning aytishlaricha, topgan oyliklarini vatanga, ota-onalariga yuborishlari, oilalari uchun bir nimalar xarid qilib, yo‘llashlarini hamkor kuriyanlar eshitsa, buni «tentaklik, aql bovar qilmas ahmoqlikdan boshqa narsa emas» deb baholar ekan. Kuriyanlarning nazdida farzand boqqandan it boqqan yaxshi. Chunki farzandning turgan-bitgani chiqim, tug‘ilganidan tortib uni boqish, parvarishlash, yedirib-ichirish, kiyintirish, o‘qitish, tarbiyalash – hamma-hammasi xarajat. Shu bilan birga, bu farzand oxir-oqibat o‘z yo‘lini topgach, ota-onasini tashlab ketishi aniq. Itning esa deyarli chiqimi yo‘q va u doim egasiga hamroh. Bechoralar o‘z farzandi yoki jigaridan mehr topa olmagach, nopok hayvonga bo‘lsa ham mehr bog‘lab, yuragini to‘ldirgisi keladi. Darvoqe, yeyiladigan itlar bilan boqiladigan itlar boshqa-boshqa bo‘lar ekan. Ko‘cha-ko‘yda bola yetaklagan ayolni juda kam uchratasiz. Xalqining kamayib hamda qarib borayotganini payqagan davlat yaqin yillardan beri farzand ko‘rishga targ‘ib va tashviqlarni kuchaytira boshlabdi va buning biroz natijasi ko‘rina boshlabdi. Biroq ahvol hali o‘nglanmagan. Uylanish juda qimmatga tushar ekan. Kuriyanlarning o‘zbek qizlariga qiziqishlariga sabab ularning «arzon»ligi hamda oilada erni hurmat e’tibor qilishlari ekan. O‘zbek qizlarining kuriyanlarga turmushga chiqishi, asosan, ularning kinolaridan ta’sirlanganlari hamda ota-onalarning 2-3 ming dollarga aldangani. Shu arzimas matohga qiziqib, qizlarining hayotini qurbon qilishga tayyor bo‘lganlaridandir. Aslini olganda esa kinolar kuriyanlarning na hozirgi hayot tarzi, na tarixiga aloqador, balki ayrim kuriyan millatparvarlarining o‘zga yetakchi millatlar haqida o‘qigan-bilganlarini o‘z xalqlarida ko‘rishni istaganlaridan orzularini ularga namoyish qilishlaridir, xolos. Kinolardan maqsad kuriyan xalqini orzudagidek, oliyjanob, ulug‘vor, jangovar va mard qilib shakllantirish ekan. Filmlardagi voqealar kuriyanlarning nafaqat bugungi hayotida, hatto tarixida ham yuz bermagan to‘qima tasvirlardir. Shunday bo‘lsa ham, ularning kinochilariga rahmat, millatining yuksalishi uchun, yolg‘on bo‘lsa ham, kuchli ijobiy ta’sirga ega filmlarni o‘ylab topishar ekan. Hatto o‘sha kinolardagi «Xudo», «Samodagi zot» kabi iboralar ham xalqda ilohiyotga ishonch tug‘dirish uchun kiritilar ekan. Ular o‘zlarining ezgu maqsadlari yo‘lida uydirma va yolg‘ondan ham shunday foydalanishganki, o‘zini dunyoga ustoz allomalarning avlodi deb bilgan katta bir xalq ularga ishonib turibdi. Ming afsuslar bo‘lsinki, bizning kinochilarimiz butun dunyoga odob-axloq, ilmu ma’rifatda ustoz, yetakchi bo‘lgan, mard va oliyjanob, buyuk ajdodlarimizdan birortasining hayotini to‘la va xolis yoritadigan bitta ham film ishlaganlari yo‘q. Holbuki, undayin yo‘lchi yulduzlarimiz sanoqsiz. Buning o‘rniga yengil-yelpi, soxta, safsataga to‘la bachkana filmlar bilan yosh avlodning tarbiyasini buzuvchi, milliyligini parchalovchi, dinu diyonatini yemiruvchi, axloq-odob, hayo-iffat tuyg‘ularini barbod qiluvchi, ularning betini qotirib, qalbini o‘g‘irlovchi buzuq, saviyasiz sahnalar bilan bandlar. Buning uchun yolg‘ondan ham tap tortishmaydi. Hatto aqlini tanigan yosh bola ham ishonmaydigan sahnalarni millionlab xalqqa taqdim qilishdan uyalishmaydi. Xalqimizga ichim achiganidan shu o‘rinda o‘sha kunlari o‘zimiz guvoh bo‘lgan bir voqeani aytgim keldi. Bizni olib yurgan mezbon vatandoshlarimizdan biriga o‘sha yerdagi o‘zbek ayolidan savol xati kelibdi. U o‘sha savolni ustozlardan so‘radi. Ayol kuriyan yigitga turmushga chiqqan ekan. Yigit nikohdan oldin kalima keltirgan. Ammo keyinchalik: «Men Islomga ham, Xudoga ham ishonmayman», degan ekan. Nazarimda ular «kalima keltirish» talab qilinganda bu so‘z shunchaki o‘zbeklarning urfida rozi-rizolik izhori sifatida nikoh payti aytiladigan jumla deb anglashadi, chog‘i. Xullas, ayolning savoli quyidagicha: «Uchta farzandimiz bor. Men ularni musulmon qilib tarbiya qilishni istayman. Shuning uchun ularga to‘ng‘iz go‘shti ham yedirmayman. Ammo erim men yo‘g‘imda qasdma-qasdiga ularga to‘ng‘iz go‘shti yedirib qo‘yyapti. Men nima qilishim kerak?» Ustozlar bunga javoban: «Er Islomni inkor qilgani zahoti oralaridagi nikoh rishtasi uzilgan. Ayol tezda ajralishi lozim», deyishdi. Vatandoshlarimizning aytishlaricha, u yerga turmushga chiqqan to‘qson foiz o‘zbek ayollarining ahvoli mana shunday. Eri Islomni tushunib, chinakam musulmonga aylaganlari ham yo‘q emas, ammo juda oz ekan. Seulda Namsan minorasiga chiqdik. Bu yer Toshkent Yunusobodidagi Teleminora kabi sayohat va istirohat maskani ekan. Shaharning eng yuqori joyi bo‘lgani uchun bu yerdan butun Seul ko‘rinib turadi. Minoraning tagida bir ayvon bor. Ayvon atrofi panjara bilan o‘ralgan. Ikkita-uchta daraxtsimon qurilmasi ham bor. Qurilmayu panjara, hatto ayvongacha bo‘lgan uzun yo‘laklarning panjaralariga ham qulflar osilgan. Katta-kichik hajmdagi turli shaklli qulflar. Ba’zilari rangli, ba’zilari yurak shaklida, ko‘plariga ismlar, sanalar, yurak ramzi yoki «I love you» kabi so‘zlar yozilgan. Bilsak, ularning odatiga ko‘ra, sevishganlar o‘zaro ahdu paymon qilishgach, rishtalari uzilmasligi, bir-birlariga chambarchas bog‘lanib qolish, ayrilmaslik niyatida o‘sha yerga chiqib qulf osib tushishar ekan. Biz ko‘rgan ustma-ust bo‘lib ketgan minglagan qulflar o‘sha sevgi qulflari ekan. Hamrohlarimizning aytishlaricha, qulf osganlarning 90 foizi ajrashib ketar ekan. Balki dastlab bir-biri uchun qulf osgan sevishgan juftlarning har biri oradan ko‘p o‘tmay, boshqa yangi jufti uchun qulf ossa kerak, qulflar o‘ta ko‘p, hisobsiz. Xuddi to‘y yurtga e’lon qilinib, ajrashuv o‘zaro hal qilinganidek, ular ham ahdu paymon tuzganda qulf ilisharkan-u, ajrashishganda borib qulfni olib tashlashmas ekan. Agar shunday qilganlarida, balki u yerda ozgina qulf qolsa kerak edi. Ha, inson hayotida hal qiluvchi omil uning fe’lu amalidir, ramziy tilaklari yoki irim-sirimlari emas. Kiyinish madaniyati. Kuriyanlarning milliy liboslari juda ham sipo. Ayniqsa, ayollarning milliy liboslari, agar katta ro‘mol qo‘shilsa, to‘la shar’iy talabdagi kiyim bo‘ladi. Erkaklarning milliy kiyimlari ham juda chiroyli. Ammo bu liboslar, ko‘plab xalqlarda bo‘lganidek, milliy an’analarni namoyish qilish chog‘idagina qo‘llanadigan bir ermakka aylangan. Ko‘cha-ko‘yda, kundalik hayotda umuman uchramaydi. Milliy liboslar bozoriga ham tushdik, kiyimlari anchagina qimmat. Balki kundalik yashashda ishlatilmagani, yodgorlik ashyosi sifatida qaralgani uchun ham shunday bo‘lsa kerak. Odatiy hayotda kiyinish g‘arbcha tus olgan. Ayollarning kiyimlari uyatli darajada. Ularning tushunchasi bo‘yicha, oyoqni har qancha ochsa ham uyat joyi yo‘q, ammo yelka tarafni ochish axloqsizlik, hatto buzuqlik alomati sanaladi. Shuning uchun asosan tananing yuqori qismini yopishar, oyoqlar ko‘pincha libosdan «mahrum» yurar ekan. Umuman olganda, kiyinish borasida menga ulardagi bir narsa yoqdi: u yerlarda moda yo‘q ekan. Har kim o‘ziga qulay va yoqqan kiyimni kiyar ekan. Shuning uchun falon kiyim moda bo‘libdi deb, o‘ziga qulay-noqulayligiga, qimmat-arzonligiga qaramay olib kiyishdek bemaza odat yo‘q.
Til va muomala. Kuriyan tili til qoidalari, gapdagi so‘zlarning joylashishi jihatidan o‘zbek tiliga to‘la mos tusharkan. Masalan, «Men Koreyaga borib, sayohat qilib keldim», deyish uchun mazkur so‘zlarni lug‘atdan topsangiz bas, xuddi shu tartibda qo‘yib qo‘yaverasiz. Shuning uchun ham bo‘lsa kerak, o‘zbeklarimiz kuriyan tilini oson o‘zlashtirishar ekan. Kuriyanlarning nutqida yana bir kamyob xususiyat bor. Madaniyatli gapirish uslubiga ko‘ra, har bir gap biroz ohang bilan, cho‘zibroq tugallanadi. Muomala madaniyatiga kelsak, kuriyanlar anchagina beozor, yumshoq muomalali xalq. Kamina kuriyanlarning iqtisodiy, oilaviy, ijtimoiy va ma’naviy holatlarini kuzatar ekanman, ularning yuksalishi bilim va mehnat tufayli bo‘lgani, bu sohalardagi yutqazish va ayanchli hollari esa dinsizlik, e’tiqodsizlik, haqiqiy ilohiy ta’limotdan mahrumlik sababidan ekanini ko‘rdim. Buddaviylik diniga e’tiqod qilgan xitoy, yapon xalqlari kabi kuriyanlarda ham taraqqiyotga erishish dindan voz kechish hisobiga qo‘lga kiritilgan. Chunki buddaviylik dini inson, asosan, tarkidunyochilik, dunyo lazzatlari va ne’matlaridan mahrum bo‘lish bilan ulug‘lik, chin insoniylik darajasiga erishadi, Xudoga yaqin bo‘ladi, deb qaraydi. Bir davrlar mazkur xalqlar bechorahol bo‘lib yurgan paytda bu din ularga tasalli bergan, nochor voqelikdan rozi bo‘lishga o‘rgatgan, erisha olmagan narsalaridan ko‘ngilni to‘q qilib, ruhiyatlariga sokinlik baxsh etgan. Ammo bunday qarash inson tabiatiga zid edi. Aksiga olib, yaqin tarixda kirib kelgan nasroniylik ham buzilgan, tarkidunyochilikka aylantirilgan bir ta’limot bo‘ldi. Qachonki ular taraqqiyot, moddiy yuksalish yo‘llarini ko‘rgach, qarashsa, oldilarida ikki yo‘ldan birini tanlash majburiyati turibdi: yo dinini ushlab, dunyo farovonligidan voz kechadi, yo dunyoviy taraqqiyot, kenglikni tanlab, dindan voz kechadi. Shunda ular «nasiya»dan kechib, «naqd»ni olishga qaror qilishgan ekan. Diniga amal qilay desa, dunyo hayoti farovonligiga erisha olmaydi. Dinni tan olsa-yu, amal qilmasa, vijdoni qiynaladi, o‘ziga o‘zi qarshi tura boshlaydi. Shu bois vijdon azobida qiynalmaslik, cheklovlarni mutlaq yig‘ishtirib tashlash uchun ular bir yo‘la Yaratguvchini ham inkor qilishga o‘tishgan. Dindan, e’tiqoddan kechib, hech qanday taqiq va shart qo‘ymaydigan nafs erkinligi asosidagi farvonlikni tanlashgan. Endi o‘zlari istagan farovonlik, moddiy to‘qlikka erishgan bo‘lsalar-da, ma’naviy jihatdan qashshoqlashib ketishgan. Natijada yuqorida aytilgan ayanchli oqibat ularning boshiga tushib turibdi. Agar ularga ham sof Islom ta’limotlari yetib borganda edi, balki ular moddiy jihatdan bugungidan-da taraqqiy etgan, ma’naviy tomondan esa yetuklik, farog‘at va halovatga erishgan bo‘lishardi. Ular «Ayolingning og‘ziga tutgan luqmang ham sadaqadir», «Halol kasb qilib, charchab uxlagan banda uyg‘onarkan, gunohlari to‘kilgan holda turadi», «Sizlarning yaxshilaringiz dunyosini deb oxiratini, oxiratini deb dunyosini tark etmaganingizdir», «Bir dinorni Alloh yo‘lida nafaqa qilding, bir dinorni miskinga yedirding, bir dinorga qul ozod qilding, bir dinorni ahlingga nafaqa qilding, bularning eng ajri ko‘pi ahlingga nafaqa qilganingdir», «Kim qiz tarbiyalab, uning odobini go‘zal qilsa, uning uchun do‘zaxdan to‘suvchi parda bo‘ladi», «Onangning oyog‘iga yopish, jannat o‘sha yerda», kabi ilohiy ta’limotlardan bebahra qolishgan. Biz ularning insoniy fitratdan mahrum bo‘lgan iztirobli holatlarini ko‘rib, musulmon ummatidan, asrlar osha Islomga amal qilib kelgan, dinu diyonat qon-qoniga singib ketgan o‘zbek millatida dunyoga kelganimizga shukronalar qildik. Ammo shu o‘rinda bir mulohaza ham keldi. Yuqorida zikr qilingan oyati karimada ta’kidlanganidek, Allohning dinini yolg‘onga chiqarganlarni kuzatar ekanman, bundan o‘zimizga saboq olishimiz lozim ekanini his qildim. Bu saboq ikki jabhada ko‘rindi. Birinchi: bizning xalqimiz asrlar osha musulmon bo‘lib kelgan, balki Islom ta’limotini tarqatishda dunyoga ustozlik qilgan. Shunday bo‘lsa-da, turli sabablarga ko‘ra, so‘nggi asrlarda qoloqlik botqog‘iga botib, natijada yuvuqsiz xalqlarga mustamlaka ham bo‘ldik. Buning sababi dindorligimiz emas, balki dinimizni bilmasligimiz yoki unga amal qilmasligimiz bo‘lgan, «Islomda rohiblik yo‘q» deya e’lon qilgan Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ta’limotlari qolib, boshqa dinlardan kirgan tarkidunyochilikka ruju qo‘yganimiz, din va dunyo orasiga o‘tib bo‘lmas soxta ko‘prik yasaganimiz bo‘lgan. Natijada mustabid tuzum davrida Islom dinining mohiyatidan bexabar kimsalar tomonidan «yo taraqqiyot, yo diyonat» degan tushuncha xalq ongiga singdirildi va ko‘pchilik jo‘shqin yoshlik davrini dunyo ishratiga, quvvatsiz qarilikni esa dinga ajratadigan bo‘lib qoldi. Aslida dinu dunyo orasini ayrish, dinni hayotdan uzib tasavvur qilish boshqa din vakillari o‘z dinlarini buzishi natijasida paydo qilgan jarlik edi. Islomda esa din insonning dunyodagi hayotini Yaratguvchisiga bog‘lagan holda tartibga soluvchi ko‘rsatmalar majmuidir. Xullas, ana o‘sha noto‘g‘ri tasavvurlar natijasida musulmon ummati dunyodagi yetakchilikni qo‘ldan boy berdi va bu yetakchilikni boshqalar qo‘lga oldi. Ikkinchi: dunyo yetakchiligini ilohiy ta’limotlardan uzilgan, dunyo hayoti va maishatidan boshqa narsani bilmaydigan ellar qo‘lga olgach, insoniyat hayoti halovatsiz, iztirobli bir tarzga tushdi. Borliqni kashf etgan, yeru falakni o‘z izmiga solishga bel bog‘lagan inson o‘zligini topa olmay, iztirobda yashaydigan, o‘z kelajagiga o‘zi tahdid soladigan ahvolga keldi, olamni zulmga to‘ldirdi. Zolim ham o‘zi, mazlum ham o‘zi. Ikkala holat ham insonga Yaratuvchisi tomonidan taqdim qilingan ilohiy ta’limotdan mosuvolik oqibatida kelib chiqqan natijadir. Demak, inson dunyoda haqiqiy baxtga, ortidan baxtsizlik kelmaydigan saodatga erishmoqchi bo‘lsa, Alloh taoloning ko‘rsatmalarini mukammal o‘rganishi va ularga amal qilib yashashi lozimdir. Binobarin, biz ham xalqimizning, kelgusi avlodimizning chinakam baxtu saodat egalari bo‘lishini istasak, ularga chin Islomni o‘rgatishimiz va amalini o‘z hayotimizda ko‘rsatishimiz dakror. Dunyo xalqlaridan ortda qolmaslik uchun moddiy taraqqiyotga e’tibor qilib, ma’naviyatni, dinu diyonatni unutsak, nari borsa, dinsiz taraqqiyotga erishgan o‘sha baxtsiz ellarning ahvoliga tushamiz, Alloh saqlasin! Zotan, yoshi katta kuriyanlarning aytishlaricha, ularda ham ota-ona hurmati, oila qadri, milliy an’analar, insoniy munosabatlar juda yaxshi bo‘lgan. Ammo G‘arbga ko‘r-ko‘rona taqlid qilish natijasida o‘zliklarini yo‘qotishgan. Har kim o‘zi bilan o‘zi bo‘ladigan, har bir narsa moddiy me’yor bilan o‘lchanadigan, yuqorida aytilgandek, farzand ota-onaga qaramaydigan, ota-ona farzanddan uzoq, inson uchun «bola boqqandan it boqqan afzal» sanaladigan ahvolga kelishgan. Men kuriyan xalqining yuqorida zikr qilingan holatini ko‘rib, ularning chin Islom ta’limotiga juda-juda muhtoj ekanlarini, ularga bu dinni yetkazish musulmonlarning insoniylik burchi ekanini his qilar ekanman, bu ishni, avvalo, o‘z xalqimizdan boshlashimiz dolzarbroq ekanini payqadim. Hali imkon borligida yosh avlodning dinu diyonati, odob-axloqi, milliy qadriyatlarini saqlab qolish har bir o‘zbekning burchidir. Bu borada ahli ilmlar va rahbarlarning mas’uliyati nihoyatda katta. Zotan musulmonchilikda dinu dunyo orasida to‘siq, dinni hayotdan ajratishga biror zarurat yoki asos ham yo‘q. Biz boshqa din vakillari kabi dunyoviy taraqqiyot, farovon hayotga, ilmu fanda yetakchilikka erishish uchun dinimizdan kechishga majbur emasmiz. Balki dinimizni samimiy qalb bilan, sof manbadan o‘rgansak, unga amal qilib, ko‘rsatmalarini hayotimizga tatbiq etsak, dunyoviy xatti-harakatlarimiz, urinishlarimiz yanada puxta, samarali, zavqli, eng muhimi barakali va savobli bo‘lishiga erishamiz, inshaalloh. Bir fazilatni qo‘lga kiritish uchun undan katta fazilatni qo‘ldan berish aqldan bo‘lmaydi, albatta. Falakni zabt etish, yerni kashf etish, ellarga yetakchi bo‘lish uchun kiyimni almashtirish yoki yechish, dinu diyonatdan, axloq-odob, hayo, iffat, odamgarchilik kabi insoniy fazilatlardan voz kechish shart emas. Shu bilan birga, mamlakatimizda ilm-fan va sanoatni rivojlantirishga yanada jiddiy e’tibor qaratish, sharoit yaratish lozim ekan. Koreyaga ishlash uchun borgan vatandoshlarimizdan biri o‘sha yerda topganchalik ish va oylikni o‘z yurtlarida, oila bag‘rida yashagan holda topishni orzu qilishlarini o‘kinch bilan aytdi. Sarmoyadorlarimiz falon million dollarga oshxona, to‘yxona qilavermay, o‘sha pulni, mabodo foydasi uncha ko‘rinmagan taqdirda ham, fan kashfiyotlari, ixtirolar, ishlab chiqarishlar uchun tiksalar, millat va vatan ravnaqiga, kelajagiga ijobiy hissa qo‘shgan bo‘lardilar. Umum xalqimiz ham qabristonlardagi bid’at-xurofot yo‘lida sarflanayotgan mablag‘larni talabalarga, ilmu ma’rifat va fan yo‘liga xarjlasalar edi, o‘sha qabrlarda yotgan ulug‘ ajdodlarimiz kabi buyuk insonlar avlodlarimizdan yetishib chiqardi. Shuningdek, to‘y-ma’rakalar, bazmlarda kimo‘zarga tikilayotgan mol-pullarni ham elning, dinu ma’rifatning kelajagi uchun yo‘naltirish lozim. Topgani to‘yga buyuradigan emas, el-yurtga yaraydigan, hatto olamga tatiydigan xalq bo‘lishimiz kerak. Balki shunda o‘g‘lonlarimiz qorin boqish uchun begona yurtlarda ming bir mashaqqat, turli xatarlarga ro‘para bo‘lib yurmasmidi... Alloh taolo barcha ellarni O‘z hidoyatiga erishtirsin!