
«LAYLI VA MAJNUN» DOSTONIDAN PARCHA
Husaynxon Yahyo Abdulmajid
«LAYLI VA MAJNUN» DOSTONIDAN PARCHA
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Hazrat Mir Alisher Navoiy rahmatullohi alayhning tavalludlariga 575 yil bo‘lgani munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlar qatori aziz o‘quvchilarimiz e’tiboriga u kishining ijodlaridan quyidagi parchani havola qilmoqchimiz. Bu parcha «Layli va Majnun» dostonining 36‑bobining bir qismi bo‘lib, unda Navoiy hazratlari ishq haqida so‘zlaydilar.
Ishq ta’rifidakim, «ayn»ining nurlig‘ tobi tufrog‘ni «ayn» qilur va «shin»ining sharoralig‘ shu’lasi ko‘ngullar xaylig‘a shayn solur va «qof»ining garonsang tog‘i har kimga yuklansa nobud etar va nuqtalarining toza dog‘i har chok ko‘ngulga tushsa lolaning besh bargidek qong‘a bo‘yar
E ishq, g‘arib kimiyosen, Bal oyinai jahonnamosen. Ham zotinga darj kimiyoliq, Ham oyinai jahonnamoliq.
Bukim sangadur bu ikkidin zot, Bir-bir qilayin ikkisin isbot. Qildim esa kimiyo xitobing, Andin ham erur biyik janobing.
Berdi anga bu natija gardun Kim, misga yetishsa qilg‘ay oltun. Insonniki xalq qildi Xalloq, Yo‘q tiynat anga bag‘ayri tufroq.
Senkim anga oshnolik etting, Tufroqqa kimiyolig‘ etting. Oltun qilding uzorin oning, Balkim tani toksorin oning.
Bu nav’ ila dog‘i qilmading, bas, Hajr o‘tig‘a solding o‘ylakim xas. Ul o‘tda chu ihtizoz topti, Andoqki kerak gudoz topti2.
Har g‘ashlig‘dinki erdi noqis, Bo‘ldi bu gudoz birla xolis. Ham oltun o‘lub bu paykari xok, Ham o‘ldi bu nav’ xolisu pok.
Chun xolisu poku beg‘ash o‘ldi, Oltun neki kimiyovash o‘ldi. Garchi sitamu jafo qilursen, Tufrog‘ni kimiyo qilursen.
Ikkinchi dedim yorug‘sen asru, Andoqki jahonnamoy ko‘zgu. Munda dog‘i topilur tafovut, Kim ochsa nazar bilur tafovut.
Ul oyinakim Skandar3 etti, Po‘loddin o‘yla paykar etti. Kim, Rum aro chekib manori, Boqturdi ani Farang4 sori.
Chun berdi jamolig‘a kushoyish, Ko‘rguzdi Farangdin namoyish. Topqoch ani bu sifat ziyoliq, Toqti otig‘a jahonnamoliq.
Bu nav’ki ul demish, emasdur, Menkim ne dedim, hamonu basdur. Xurshedi jahonkushoy sen-sen, Mir’oti jahonnamoy sen-sen.
Kim qildi sanga nazarni ravshan, Ko‘rdi yeru ko‘kdagin muayyan. Chun boqqali ixtiyor topti, Har soriki boqti yor topti.
Ham naqshi vujudin etti foniy, Ham topti baqoyi jovidoniy. Bu ishqki baxti komrondin, Xoli bo‘lmay zamone ondin.
Garchi iki nav’ o‘tti rozi, Avvalg‘ini anglag‘il majoziy 5 Kim, dardu gudozu so‘z birla, Yuz shu’lai jonfuro‘z birla. Chun ayladi poklikka mavsuf,
Ul nav’ qilur birovga mash’uf. Kim ishq aro firoq ila dard, O‘zlukdin etar tamom ani fard. Bil so‘ngrag‘i ishqni haqiqiy,
Kim, davlat erur aning rafiqi. Avvalg‘i vujudin etsa zoyil, Chun bo‘lsa ikinchisiga moyil. Yo‘q-yo‘qki ikinchi oni cheksa,
Ko‘ngliga visol tuxmin eksa. Ul nav’ ketursa turktozi6 Kim, qolmasa surati majozi. Mazhardin ko‘rmayin nishone,
Mazharda o‘zini topsa foniy. Maqsud budur, hayotdin bu, Bal xilqati koinotdin bu.
Nasriy bayon:
«Ishq (عشق ) ta’rifidaki, «ayni»ning nurli toblanishi tuproqni chashmadek oqizadi; «shini»ning uchqunlari shu’lasi ko‘ngullar qo‘shiniga nuqson yetkazur; «qof»ining vazmin toshli tog‘i kimga yuklansa, nobud etar va nuqtalarining toza dog‘i har chok ko‘ngilga tushsa, lolaning besh bargidek qonga bo‘yaydi».
Ey ishq, sen ajoyib kimyosan, balki butun jahonni ko‘rsatib turadigan oynasan. Sening vujudingda ham kimyolik, ham jahonnamolik xususiyati bor. Sening borlig‘ing tarkib topgan bu ikki xossaning ikkalasini birma‑bir isbot qilmoqchiman. Seni «kimyo» dedim. Aslida sening oliyjanobliging undan ham yuksak. Kimyoga taqdir shunday natija berdiki, agar misga tegsa, uni oltin qilib qo‘yadi. Insonni Xalloq – yaratuvchi Alloh tuproqdan yaratarkan, unda tuproqdan boshqa tabiat yo‘q edi. Qachonki sen u bilan birga bo‘lding , bu tufroqni kimyoga aylantirding. Uning yuzini, balki butun tanini oltin qilib qo‘yding. Balki shu bilan to‘xtatib ham qo‘ymading, balki hijron o‘tiga uni xashakdek uloqtirding. U o‘sha o‘tda tebranib, erib ketdi. U qanday g‘illu g‘ashlik, ya’ni nafsdagi yomon sifatlar sababidan nuqsonli bo‘lib turgan bo‘lsa, bu erish bilan o‘shalardan xalos bo‘ldi. Natijada bu tuproq tana shu tarzda kirliklardan xoli, sof va pok oltinga aylandi. U sof va musaffo bo‘lgach, oltin nimasi, kimyo ham bo‘ldi. Sen qiynoq va uqubatga solasanu, tuproqni ham kimyo qilasan. Ikkinchi xossang jahonnamo ko‘zgudek yorug‘liging ekanini aytdim. Bu ma’noda sening farqing bor. Kim qalb ko‘zi bilan qarasa, tafovutni ko‘radi. Iskandar yasagan oyna, go‘yo po‘latdan yasalgan tana edi. Rumga bir minora qurdirib, mazkur oynani Ovro‘poga qaratib qo‘ydi. Uni go‘zal qilib ishlab qo‘yganidan keyin u Iskandarga Ovro‘poni namoyish qilib turadigan bo‘ldi. Uni shunday ziyo taratib turganini ko‘rgach, uni «jahonnamo» deb atadi. U aytgan gap aytganchalik emas. Ammo men nimaiki desam, aynan shundaydir. Ey ishq, butun jahonni ochib yuboradigan quyosh sensan, butun olamni ko‘rsatib turadigan «jahonnamo» sensan. Kim seni tiniq ko‘ra olsa, yeru osmondagi narsalarni muqarrar ko‘ra oladi. Bu ko‘rish ixtiyorini topgan payt qayoqqa boqmasin, faqat Yorni topadi. U o‘z borlig‘i naqshini yo‘q qilib, abadiy boqiylikka erishgandir. Maqsadga erishish baxti bo‘lgan bu ishqda bir on ham undan xoli qolish yo‘q. Bu ikki turli xossaning birinchisini «majoziy» deb bilgin. Ishq dard, kuyish va erish hamda jonni yondiradigan shu’lalar bilan insonni poklagach, uni birovga oshuftayu devona qilib qo‘yadi. Ishqdagi firoqu dard uni o‘zligidan mosuvo qiladi. Undan keyingi ishqni esa «haqiqiy» ishq deb bilgin. Bu ishqqa davlat yo‘ldoshdir. Birinchi ishq insonning borlig‘ini yo‘q qilib, u ikkinchi ishqqa moyil bo‘lsa, yo‘q‑yo‘q, ikkinchi ishq uni o‘ziga tortib, qalbiga visol urug‘ini eksa, majoziy suratidan asar ham qolmaydigan qilib uni toroj, yakson etsa, tashqi ko‘rinishdan nishon ham qolmay, o‘zini foniy topsa, ayni muddao shudir. Hayotdan, balki butun koinotning yaratilishidan maqsad ham shu.
Xulosa:
Navoiy rahmatullohi alayh bu baytlarda insonning qalbiga Allohning muhabbati tushsa, u insonni poklashini, uni nafs illatlaridan, hayvoniy sifatlardan tozalashini bayon etarkan, insonning, balki butun mavjudotning yaratilishidan maqsad insondagi o‘sha kamolot ekanini bayon qilmoqda. «Ishq insonni dardu qiynoqlarga solgan paytda birovga oshufta qiladi» degan ma’noni aytganda ana shu poklanish biror murabbiyga, ya’ni murshidi komilga muhabbat qo‘yib bog‘lanish bilan, uning qo‘lida tarbiya topish bilan bo‘lishi kerakligini ta’kidlamoqda. Bu holat majoziy ishq deb ataladi. Undan keyin kishi rabboniy axloqlarni o‘zida mujassam etish uchun haqiqiy ishq martabasiga ko‘tariladi. Shaytoniy xulqu xislatlardan tozalanib, o‘zida rabboniy xulqlarni mujassam etgan kishi baqo maqomiga yetgan hisoblanadi. Borliqning yaratilishidan maqsad inson bo‘lsa, insonning yaratilishidan ko‘zlangan mazmun aynan ushbu rabboniy kamolotdir.
Ushbu mazmunlardan Layli va Majnun dostonidan ko‘zlangan maqsad ayon bo‘ladi.
Vallohu a’lam.