
TARMOQLI SAVDO
Husaynxon Yahyo Abdulmajid
TARMOQLI SAVDO
Bismillahir rohmanir rohim
Bandalariga halollikni farz qilgan Allohga hamdlar bo‘lsin. Ummatiga halollikni o‘rgatgan Muhammad Mustafoga salotu salomlar bo‘lsin!
Hozirda musulmonlarning kundalik hayotida ro‘para bo‘layotgan, ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan hamda ko‘plab kishilar shug‘ullanayotgan savdo turlaridan biri «tarmoqli savdo» turidir. Bu savdo turi butun dunyo bo‘ylab keng quloch yoygan. Bu haqda ko‘plab olimlardan turli fatvolar olingan. Ma’lumotlarga qaraganda, hiylakor savdogarlar ayrim olimlarga bu to‘g‘rida savol berganlarida u haqdagi ma’lumotlarni uning noshar’iy jihatlarini yashirib yoki o‘zgartirib taqdim qilishgan. Natijada uni joiz degan fatvolar ham chiqqan.
Biz bu o‘rinda muayyan shirkat yoki uning mahsulotlari haqida so‘z yuritmoqchi emasmiz, balki biz ushbu savdo tizimiga tegishli umumiy qoidalarni aytamiz, xolos. Xulosa o‘quvchining o‘ziga havola, amal uning ixlosiga bog‘liq.
Moddiy manfaatdan boshqa narsani o‘ylamaydigan g‘arb tijoratchilari tarafidan bir tizim o‘ylab topilgan edi. Unga ko‘ra, kishi ma’lum miqdorda pul tikib, mazkur tizimga kiradi. Keyin u o‘sha tizimga boshqalarni ham jalb qiladi. Jalb qilingan yangi a’zolar ham belgilangan miqdordagi pulni tikib, tarmoqqa qo‘shiladilar. Keyin ular ham yangi a’zolarni da’vat qila boshlaydilar. Har bir yangi kirgan a’zoning evaziga uning a’zo bo‘lishiga vosita bo‘lgan yuqori tabaqalarning har biri tizim rahbariyati, ya’ni shirkat tarafidan ma’lum miqdorda mablag‘ olib boradi. Unda tikilgan o‘rtadagi mablag‘ning bir qismi quyi tashviqotchilarning maoshiga, asosiy qismi esa ilk tashviqotchi va asoschilarning cho‘ntagiga ketadi. Bu tizim «piramida sxemasi» (Pyramid Sheme) deb ataladi. Ko‘rinib turibdiki, bu tizim ko‘pchilikning yutqazishi evaziga ozchilikning yutishi, ko‘pchilikning kuyishi natijasida ozchilikning gurkirashidan boshqa narsa emas. Bu yerda har kim o‘zidan keyingilarning yutqazishi evaziga yutishni orzu qilib tizimga qo‘shiladi. Holbuki, u yutqazuvchi quyi tabaqa bo‘lishi ham mumkin, lekin u bu tarafni o‘ylamaydi, balki o‘ylashni istamaydi ham. Bu esa ayni qimordir. Bu tizim doim millionlab oddiy va sodda insonlarning mol‑mulki sovirilishi evaziga o‘n‑yigirma firibgarning boyishi bilan yakun topadi. Shuning uchun ayrim davlatlarda bu tizimga taqiq qo‘yildi. Natijada yana ham ayyor firibgarlar vujudga keldi. Endi ular a’zolik kartochkalari o‘rniga qandaydir mahsulot qo‘yadigan bo‘lishdi. Masalan, dori‑darmonlar yoki ziynat vositalari kabi. Bu usul «Tarmoqli savdo nizomi» (Marketing Network system) yoki «Ko‘p bosqichli savdo nizomi» (Multi level Marketing System yoki MLM) deb yuritiladi. Bu ham ayni yuqoridagi hiyla. Faqat bunda ko‘z bo‘yashga o‘rtada mahsulot ham ko‘rinadi. Arzimas bir mahsulot qimmat bahoga sotiladi. Mahsulotning tan narxi sotilgan narxining o‘ndan biri yoki undan ham arzon bo‘ladi. Bu yerda asosiy mablag‘ yuqoridagidek tashviqotchilarning maoshiga tikiladi. Tarmoq keng quloch yoyib, millionlar yoki milliardlar hosil bo‘lgach, shirkat yopiladi va ko‘p sonli quyi tabaqaning pullarini yuqori qatlamdagi firibgarlar olib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi.
Ushbu moliyaviy muomala quyidagi jihatlardan shar’an haromdir:
- Bu tizim g‘arar (kelajakda nima bo‘lishi noaniq savdo) va qimordan iborat. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam g‘arar baydan qaytarganlar. Shuningdek, Qur’oni Karimda qimor harom ekani ochiq aytilgan.
- Bu tizimda ribo bor. Ma’lumki, oldi‑sotdidagi mahsulot asli bozor narxidan qimmat bo‘ladi. Bunda o‘sha ortiqcha miqdor pul tizim a’zoligi uchun tikilgan bo‘ladi. Pulni tikkan shaxs kelajakda shirkatga yangi a’zolar jalb qilish evaziga tikkan pulini ko‘paytirib oladi. Bu esa ayni ribodir.
- Bu tizimda musulmon o‘z birodariga zulm qiladi, uning haqini nohaqdan yeydi. Alloh taolo Qur’oni Karimda «Ey iymon keltirganlar, mol‑mulklaringizga nohaqdan yemang», degan.
- Bu tizimda musulmon o‘z birodariga xiyonat qiladi, uni aldaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim bizni aldasa, bizdan emas», deganlar. Boshqa bir hadislarida: «Kim birodariga to‘g‘ri yo‘l boshqaligini bilib turib bir ishga ishora qilsa, unga xiyonat qilibdi», deb aytganlar.
Endi ushbu shirkatlardan narsa sotib olishga kelsak, quyidagichadir:
- Agar bayda tizimga a’zo bo‘lish yoki a’zo jalb qilish shart qilinsa, aqd taqozo qilmagan shart qo‘yilgani uchun bay fosiddir.
- Agar tizimga kirish shart qilinmasa-yu, mahsulotning narxi bozor narxidan baland bo‘lsa, tizimga kirish niyati bilan mahsulotni sotib olish ham joiz emas.
- Tizimga kirish shart qilinmagan, mahsulotning narxi o‘z bozor narxiga muvofiq bo‘lsa-yu, baydan tizimga qo‘shilish maqsad qilingan bo‘lsa, bu alohida bitim sifatida ko‘riladi va dallollik hukmini oladi. Ammo dallollikka haq berish uchun falon adad xaridor olib kelish shart qilinadigan bo‘lsa, bu ham g‘arar hisoblanadi va joiz bo‘lmaydi.
Xulosa qilib aytganda, bu savdo tizimi mutlaqo joiz emas, chunki u halol‑haromni bilmaydigan, ko‘zlari moddiy manfaatdan boshqa narsani ko‘rmaydigan kimsalar tarafidan o‘ylab topilgan va joriy qilingan. Musulmon kishi esa har bir ishda dinini hakam qilib olishi bilan musulmondir. Shuningdek, ishning oqibatini o‘ylab qadam bosish ham musulmonlik siymosi hisoblanadi. O‘z‑o‘zini halok qiluvchi ummat hech qachon najot topmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Haromdan bitgan et do‘zaxga haqlidir», deganlar. Alloh bizlarni jahannamdan asrasin, barchalarmizni halollikni shior qilib yashashga muvaffaq qilsin!