Hasanayn.uz

Maqolalar

Ro‘yxatga qaytish

ISLOMDA INSON SALOMATLIGIGA E’TIBOR

Husaynxon Yahyo Abdulmajid

Shriftni kichraytirishShriftni kattalashtirishMatnni nusxalashHavolani nusxalashSaqlash

ISLOMDA INSON SALOMATLIGIGA E’TIBOR

Islomda «shariatning maqsadlari» degan qoida bor. Shariat maqsadlari beshtadir. Islom shariatida nima ta’qiqlangan bo‘lsa, nima buyurilgan bo‘lsa, o‘sha besh maqsaddan biriga hizmat qiladi. Ular din, jon, aql, nasl, mol-mulk muhofazasidan iborat.

E’tibor qiladigan bo‘lsak, shu besh narsadan uchtasi inson sog‘ligi, salomatligiga taalluqlidir: nafs – jon muhofazasi, aql muhofazasi, nasl muhofazasi. Demak, Islomning asosiy maqsadlari bo‘lgan besh maqsadning uchtasi inson salomatligiga xizmat qiladi. Qadimgi ulamolarimiz, jumladan, imomi Shofeiy rahmatullohi alayh ham aytganlar: «Ilm ikkitadir, dinni o‘rganish uchun fiqx ilmi, badanni o‘rganish uchun tib ilmi». Islom dini inson sog‘ligi masalasiga kirishar ekan, davolashdan ham oldin, sog‘liqni saqlashga e’tiborni kuchaytirgan. Bu borada birinchi bo‘lib poklikka chaqirgan. Dinimizda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning «Poklik iymonning yarmidir», degan hadislari mashhurdir. Ya’ni mo‘min musulmonchilikning yarmi poklanishdan iborat.

Imomi Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan boshqa bir hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam «Haftada bir marta badanni va boshni yuvib turish har bir mo‘minga lozimdir», deganlar. Shuningdek, yana boshqa bir hadislarida «Ummatimga mashaqqat qilib qo‘yishim mumkin bo‘lmaganida, har tahoratda misvok tutishlarini buyurar edim», deganlar. Bu esa tishlarni, og‘izni doimo pokiza tutishga buyurar edim, deganidir. Bu ham insonning sog‘ligini saqlaydigan muhim omillardan biridir. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan yana bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «O‘n narsa fitratdandir, ya’ni insonning sof tabiatidandir», deb turib, tirnoqlarni olib, tuklarni tozalab yurish, badanning bukiladigan joylarini yaxshilab yuvish, mo‘ylablarni qisqartirib yurish kabi amaliyotlarni aytganlar. Demak, mana shu amallar bajarib yurilsa, insonning fitrati sof turadi, bo‘lmasa, insonning fitrati buzilishni boshlaydi. Buni oddiy gigiyena emas, «insonning fitrati» deb baho berilgan. Dinimiz inson sog‘ligiga ta’sir ko‘rsatuvchi tashqi omillarni ham muhofaza qilishni yo‘lga qo‘ygan. Misol uchun, suvni nopok qilmaslik, daraxtlarni behuda kesmaslikka buyurilgani, tabiatga ziyon keltiradigan narsalarni ta’qiqlangani shular jumlasidandir. Dinimizda inson sog‘ligini saqlashga qaratilgan ishlardan yana biri badantarbiyaga bo‘lgan e’tibordir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlari chapdast, baquvvat bo‘lganlar va sahobalarni shunga o‘rgatganlar. Yugurish musobaqalari uyushtirilgan. Hatto Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlari jufti halollari Oisha onamiz roziyallohu anho bilan musobaqa qilib yugurishganlar. Sahobai kiromlarning orasida ham yugurish bilan mashhur bo‘lgan sahobalar bo‘lgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘q otishni, suzishni farzandlarga o‘rgatishni buyurganlar va ummat bunga amal qilib kelgan. Shariatimizda sog‘liqni saqlashga qaratilgan ishlardan biri shuki, toat sifatida, Allohga yaqinlik hosil qilish uchun yo‘lga qo‘yilgan ibodatlar ham inson sog‘ligiga bevosita xizmat qiladi. Kishi sog‘likni niyat qiladimi, qilmaydimi, farqi yo‘q. Musulmon odam Allohga qurbat hosil qilish uchun namoz o‘qiydi, bu bilan u badantarbiyani ham bexosdan bajaradi. Nafas yo‘llari bo‘yicha mashhur mutaxassis Buterino inson to‘g‘ri nafas olishi uchun kerak bo‘lgan tana vaziyatlari suratini chizgan. Mana shu vaziyatlarda insonni o‘pkasi eng to‘g‘ri tarzda ishlaydi, degan. U o‘zi bilmagan holda namozdagi qiyom, ruku, sajda va qa’da holatlarini chizgan. Agar inson nafas olish muvozanati buzilgan bo‘lsa, shu holatda uzoq nafas olib chiqarsa, muvozanat joyiga kelar ekan. Qiyom, ruku, sajdalarni uzoq qilish sunnatdir. Bu amallar qurbat uchun bajariladi, shu bilan birga, inson o‘z tanasiga sog‘lik-salomatlik keltiradi.

Shuningdek, olimlarning ta’kidlashlaricha, kishi sajdani uzoq qilsa, odatda erkaklarda bo‘ladigan yoshi o‘tgan sari xotiraning pasayishi oldi olinar ekan. Asosan erkaklarda bo‘ladigan holat shuki, 30 yoshdan boshlab miya to‘qimalari asta-sekin qurib boradi. Hatto 60 yoshga yetganda bu 30 %ga ham borishi mumkin. Agar kishi ko‘p, uzoq sajda qilsa, bu holat kuzatilmaydi. Tahajjud namozi ham kishining asabini, ruhiy tetikligini ta’minlovchi asosiy omillardan biridir. Ro‘za ham insonning sog‘ligiga hizmat qiladi. Inson tanasiga kirgan ortiqcha g‘izolarni chiqarib tashlaydi, badanni chiniqtiradi. Haj va umra ham harakat, mehnat, jismoniy tarbiyadan iborat. Islom shariati ma’lum ibodatlarni buyurar ekan, sog‘lik muhofazasi uchun kerakli o‘rinlarda yengillikka ham ruxsat bergan. Tahorat suvi zarar yetkazadigan bemorlarga tayammumga ruxsat qilingan. Namozni turib o‘qiy olmasa, o‘tirib o‘qishga, o‘tirib o‘qiy olmasa, yotib o‘qishga ruxsat berilgan. Ro‘za ibodatida ham ro‘za tutishga sog‘ligi yaramasa, fidyasini to‘lashi mumkin. Xususan, homilador va emizikli ayollarga vaqti kelganda, sog‘ligi tiklanganda tutib berishlariga ruxsat berilgan. Islom shariatining sog‘likni saqlash uchun qilgan choralaridan biri shuki, inson tanasiga ziyon keltiradigan narsalarning hammasi harom qilingan. Bu asos – mezon qilib olingan. Masalan, ichkilik, kashandalik, giyohvandlik kabilar harom qilingan. Hattoki, ibodatda ham tanaga ziyon keltirish ta’qiqlangan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Abdulloh ibn Amr ibn Ossga: «Ko‘zingning senda haqqi bor, tanangning senda haqqi bor», deganlar. Demak, ibodatni ham tanani qiynamaydigan darajada qilishga buyurganlar. Shuningdek, shariatimizda bir kishi birovning tanasiga ziyon keltirsa, uning fidyasi – xunini to‘lashi vojib qilingan. Bulardan tashqari, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayotiy tajribalar, o‘sha vaqtdagi sharoitdan kelib chiqib, aytgan ba’zi tibbiy tavsiyalari ham dinimizda «Tibbun Nabaviy» – Payg‘ambar tabobati degan mavzuda keng o‘rganilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Har bir dardning davosi bordir», degan so‘zlari musulmon ummati uchun shiorga aylangan. Bu shior Islom ummatining tibbiy saviyasini shakllantirishda, ularning kelajakda izlanishlar qilishlariga ilhombaxsh omil bo‘lgan. Dinimizda yo‘lga qo‘yilgan yana bir chora shuki, tibbiy muolaja bilan davolanib tuzalmagan ruhiy kasallarga ruqya o‘qib, dam solishga ham ruxsat berilgan. Fiqhiy akademiyalarning ham tibbiyot borasida qilayotgan ishlari haqida ham qisqacha to‘xtalib o‘tsak, hozirgi kunda Misr, Saudiya, AQSh, Yevropa, Hindiston kabi o‘lkalarda turli fiqhiy akademiyalar tashkil qilingan. Turli zamonaviy masalalarda, jumladan, sog‘likni saqlash mavzularida ham ularning bir qator fatvolari chiqqan va chiqmoqda. Masalan, a’zolarni ko‘chirish, jinsni o‘zgartirish, nogiron tug‘ilishi mumkin bo‘lgan homilani oldirish, qon quyish, sun’iy urchitish va yana bir qancha masalalarda ularning fatvolar chiqqan. Butun Islom olamida keng tarqatilgan.