
Husaynxon Yahyo Abdulmajid
ARAKONLIK SHAHID QORI O‘G‘LONGA XITOB
ARAKONLIK SHAHID QORI O‘G‘LONGA XITOB
Aylanay, jannatiy ovozingdan-a! Qalbingdan yangragan xush sozingdan-a!
Gunohing gunohsiz insonligingmi? Yo go‘zal hofizi Qur’onligingmi?
Kimlarga xatarmish musulmonliging? Balki xavflidir sof insonliging?
Xush xulqing shaytonga soldimi tahdid? Ovozing dillarga yoydimi tavhid?
Nega o‘ldirdilar seni, o‘g‘lonim?! Mayliydi, sen yashab, olsalar jonim!
Qadrin bilmadikmi qiroatlaring? Rabbingga burdingmi tilovatlaring?
Millatning otasi – Abul anbiyo, Millati dardlarin unga ayt, Xumo!
Habibga uzr ayt tarqoq millatdan, Bir yarim milliardlik ojiz ummatdan.
Nafsidan kecholmas, topolmas o‘zin, Qo‘llari doimo o‘yar o‘z ko‘zin.
Yurakda olovlar, suv quyar boshdan, Kular quruq labi qonar ko‘z yoshdan.
O‘limdan qo‘rqadir, do‘zaxdan emas, Jannatiyman deru, dunyo bo‘lsa bas.
Qalblarin qoplamish xavfu xatarlar, Ozgina yolg‘onga dinin sotarlar.
Dushmanlari unga qarshi ittifoq, Bir birga nisbatan dillarda nifoq.
Yov emish xalqiga davlatchalari, Davlatin yolg‘ondan sevar ellari.
O‘z uyin qo‘rgudek yo‘qdir silohi, O‘zganing silohi bori salohi.
Urush sohiblari tinchlik sultoni, Bashar dushmanlari huquq posboni.
Murg‘ak jonginangga mas’uldir ummat, Allohdan bizlarga so‘ra mag‘firat.
Rusulimizga ayt, va’da berurmiz: «Siyratin hayotda qayta qururmiz!»