
Husaynxon Yahyo Abdulmajid
HAQIQAT
HAQIQAT
Hidoyat, zalolat Haqning qo‘lida, Alloh bandalarga zulm etmas aslo, So‘rarlar: «Kim yurar haqning yo‘lida? Kimni zalolatga qilar mubtalo?»
Abu Jahl keldi Rasulga bir kun, To‘plab Quraysh tug‘ma ko‘rlarin obdon, Ularning ko‘zlari ochilsa butun, Musulmon bo‘lishga berdilar paymon.
Nabiy duo qildi, ochildi ko‘zlar, Ular ilk bor ko‘rdi yorug‘ jahonni, «Sehrgar», «kohin» deb yog‘ildi so‘zlar, Darhol unutdilar ahdu iymonni.
Nabiyning xabari yetib, Bin Sallom, Haqni aniqlashga savollar tuzdi, Chehrasin ko‘rdiyu, keltirdi Islom, Yahudiy o‘z savol ahdini buzdi.
Zim-ziyo zulmatda nuqtadek yulduz, Qibla izlaganga qilar kifoya, Nafsin qibla tutgan, mudroqdagi ko‘z Kunduz quyosh nurin tuyadi soya.
Haq va botil aro doim ixtilof, Odamu Iblisning davridan meros, Qiyomatga qadar so‘nmas bu xilof, Har kimga istagi berilar, xolos.
Istak tildan emas, olinar dildan, U yog‘i dillarning Rabbi izmida, Haqqa faqat yetar Haqni istagan, Kim ne topsa, topmish Haqning iznida.