
Husaynxon Yahyo Abdulmajid
BULBULLAR
BULBULLAR
Bulbullar yashardik bog‘da sayrashib, Ko‘klarda uchardik, yashnab yayrashib.
Yo‘q edi tutqunlik, ozodmiz tamom, Hamma yoq gulzoru, muattar ayyom.
Har yonda yangrardi mungli fig‘on ham, O‘lik tanalarga berardi jon ham.
Nogoh bog‘ni bosdi qarg‘ayu, zog‘lar, Vayron bo‘ldi gullar, chamanlar, bog‘lar.
Tinmayin qag‘illar qurg‘urlar faqat, Sayragan bulbulni cho‘qirlar faqat.
Bulbullar sayrog‘in tushunmas ular, Bulbulga qag‘illash «ilmin» o‘rgatar.
Sayramay qag‘illar bulbullar chiqdi, Ba’zilar sayroqqa qag‘-qag‘in tiqdi.
Nihoyat, ketdilar, qurib qonlari, Lekin qolmish ayrim polaponlari.
Ammo ular hanuz bilar yashashni, Bulbullar ichrayu, bilmas sayrashni.
Bulbullar ularchun qag‘illar, biroq, Qag‘illay olmagan sanalar qoloq.
Ayb bulbuldami yoki qarg‘ada? «Madaniyat» degan yolg‘on tamg‘ada!
Bulbullar yashardik bog‘da sayrashib...