
Husaynxon Yahyo Abdulmajid
JAJJI MUSULMON (1-QISM)
JAJJI MUSULMON (1-QISM) (bolalar uchun kichik barnoma)
Men kimman? Mening Robbim Allohdir, Bunga qalbim guvohdir. Paygʻambarim Muhammad, Ummatiman toabad.
Kitobimdir Qurʼonim, Unga fidodir jonim! «Kimsan?» desangiz qay on, Aytaman: «Men musulmon!»
Din Bilsang, din, ey musulmon, Iymon, islom va ehson.
Iymon Iymon rukni oltidir, Aytay sizga birma-bir: Avval keltirmoq iymon Haq Allohga begumon.
Soʻngra malaklariga, Keyin kitoblariga. Soʻngra iymon keltirmoq, Rasullarga, ey oʻrtoq!
Oxiratga ishonch ham, Ishonch dilga quvonch ham. Qadar yaxshi-yomoni, Allohdan bilmoq oni.
Islom Islom rukni nechtadir? Sizga aytsam, beshtadir: Iymon-u, namoz, zakot, Roʻza va haj, tutgin yod.
Ehson «Ehson ne?» deb soʻrsalar, Aytay, sinab koʻrsalar: Allohga toat qilmoq, Koʻrib turgandek har choq. Koʻrmas esang seni Uni, U koʻrib turgay seni.
Alloh taolo Alloh bordir va birdir, Ishonmagan kofirdir. U yaratgan odamni, Katta-kichik olamni.
Bizni yoʻqdan bor qilmish, Koʻplab neʼmatlar bermish. U Rahimdir, ham Rahmon, Bizni sevar mehribon.
U yaratmish neki bor, Bizga qilmish xizmatkor. Biz bandamiz U Zotga, Shunga keldik hayotga. Kimki bunga ishonmas, U hech yaxshi insonmas!
Qurʼon Karim Qurʼon Allohning soʻzi, Qalbimiz rizq-u roʻzi. Bizga hayot dasturi, Allohning soʻnmas nuri. Uni oʻqib, tinglarmiz, Sevib amal qilarmiz.
Rasululloh solllallohu alayhi vasallam Alloh elchisi Ahmad, Yaʼni Hazrat Muhammad. Bizga paygʻambardir u, Mehribon rahbardir u.
Sunnati qonun bizga, Ibratdir oʻgʻil-qizga. Bizlar uning ummati, Orzumiz shafoati.
Jannat va doʻzax Bu dunyo oʻtginchidir, Odamning yupanchidir. Oʻlimdan soʻng hayot bor, Unda doʻzax, jannat bor.
Doʻzax juda yomon joy, Kirganning holiga voy! U dahshatli bir olov, Yonar tinmayin lov-lov.
Jannat bir ulkan bogʻdir, Kirganning vaqti choqdir. Undadir barcha neʼmat, Abadiy baxt-saodat.
Unga kirgan baxtiyor, Undan qolgan boʻlgay xor!
Men INSONman Men insonman, odamman, Odam avlodidanman. Inson boʻlib yashayman, Yaxshi ishdan tinmayman.
Maqsadim jannat topmoq, Robbim Allohni koʻrmoq. Men sodiq musulmonman, Chun hazrati insonman.
Husaynxon Yahyo Abdulmajid 05.11.2013/01.01.1435. Toshkent.