
Husaynxon Yahyo Abdulmajid
QO‘RQOQLAR
QO‘RQOQLAR
Qo‘rqoqlardan qo‘rqing, azizlar, Qo‘rqoqlar eng qo‘rqinchli maxluq, Qo‘rqoqlikdan qo‘rqing, azizlar, Qo‘rqoqlikdan qo‘rqinchlisi yo‘q. Qo‘rqoqlar eng qo‘rqinchli maxluq!
Tarixlarni varaqlang, o‘rtoq, Ne-ne zolim xonlar o‘tganlar, Ular asli bo‘lganlar qo‘rqoq, Qo‘rqqanidan zulm qilganlar, Qo‘rqoqlar eng qo‘rqinchli maxluq!
Vatanni ham qo‘rqoqlar sotar, Xiyonatga doimo tayyor, Qo‘rqmaslarni qo‘rqoqlar otar, Qo‘rqqanidan shafqatsiz, ayyor! Qo‘rqoqlar eng qo‘rqinchli maxluq!
O‘shalardir el-yurtni yeydi, Jamiyatni qilar nogiron, Yana: «Qo‘rqmang, men borman!» deydi, Aldanadi nodon olomon! Qo‘rqoqlar eng qo‘rqinchli maxluq!
«Ola-bo‘ji» yasar yo‘q yerdan, Panoh tutar ulus, na chora? «Daho» chizar elga o‘zidan, «Dohiy» ko‘rar ahmoq bechora! Qo‘rqoqlar eng qo‘rqinchli maxluq!
Qo‘rqar hatto o‘z soyasidan, Ostidagi kursisidan ham, Alam olar o‘z «doya»sidan, Cho‘chib turar uyqusidan ham. Qo‘rqoqlar eng qo‘rqinchli maxluq!
Oriyat ne, vafo ne, bilmas, Har nimadan tuzar as’asa, O‘zga jonni nazarga ilmas, Qo‘rquvdandir bori vasvasa. Qo‘rqoqlar eng qo‘rqinchli maxluq!
Qo‘rqoq doim qo‘rqib kun ko‘rar, Do‘stu-dushman, katta-kichikdan, Raqobatning ko‘zlarin o‘yar, Qo‘rqa olmas faqat Xoliqdan! Qo‘rqoqlar eng qo‘rqinchli maxluq!
Qo‘rqar mansab, xonu monidan, Tanqiddan-da, erkdan-da qo‘rqar, Dushman yasar do‘sti jonidan, Sotqinlar ham qo‘rqoqdan chiqar, Qo‘rqoqlar eng qo‘rqinchli maxluq!
Qo‘rqoqlardan chiqar har maddoh, Manqurtlaru xushomadgo‘ylar, Ular o‘tmas pichoqdir - siloh, Qurbonlari haqiqatgo‘ylar, Qo‘rqoqlar eng qo‘rqinchli maxluq!
Fahmlari kaltadir g‘oyat, Faqat burnin ko‘rar ko‘zlari, Mayli, elni tutsa ham ofat, Omon qolsa bo‘ldi o‘zlari. Qo‘rqoqlar eng qo‘rqinchli maxluq!
O‘zligi yo‘q, sharafsiz ular, Azizlik ne, xorlik ne, bilmas, Garchi dushman ustidan kular, Shirin jonga tinchlik bo‘lsa bas, Qo‘rqoqlar eng qo‘rqinchli maxluq!
«Qo‘rqoqni gum qilsak-chi», dersiz, Undaylarda bo‘lmas hamiyat, Qo‘rqoq uchun qo‘rqoqlar cheksiz, Qo‘rqoqlardan tuzar jamiyat. Qo‘rqoqlar eng qo‘rqinchli maxluq!
Sizga o‘rnak bo‘lsin avvalo, Shijoatli, mard Rasululloh, Har namozda qilarkan duo, Qo‘rqoqlikdan tilardi panoh, Qo‘rqoqlar eng qo‘rqinchli maxluq!