
Husaynxon Yahyo Abdulmajid
BIROV
BIROV
Yuragi poklarni ko‘rdim ko‘p bora, Ko‘nglim toza, deyish esiga kelmas. Ko‘ksida nimadir sezgan bechora Qalbim musaffo der, o‘zini bilmas.
Yengilgan kurashga to‘ymaydi, derlar, Ortda qolgan bo‘yin cho‘zar beo‘xshov, Qudratli ko‘rinmoq uchun chiranar O‘zida ojizlik payqagan birov.
Izzatni istamas unga sazovor, Hurmatdan mahrumlar hurmattalabdir. Quyoshga nur da’vo aylamoqlik or, Yerga tuproq bo‘lmoq ayni sharafdir.
O‘zin sher ko‘rarmish ko‘zguda mushuk, «Chavandoz edim», der otdan yiqilgan. O‘zingcha gar maqtov qilmasang tuzuk, O‘z haqida fikr so‘raydi eldan.
O‘rmalab yurgancha, qilolmay parvoz, Uchganni «past uchdi», deydi bemalol, Qanotin chiqarsang, ko‘tarsang biroz, Olamga «parvoz»in jar solar darhol.
Kimdir dengizdagi durdan so‘z ochsa, «Yumaloq, serqirra, ko‘rganman», deydi. Mabodo Marsdagi yerdan gap qochsa, «U yerga men chipta olganman», deydi.
Yangi gap aytsang ham, hech tinmas so‘zi, Yo azal bilganday turar «bejirim», «Bilmayman» deyish ham bir ilm o‘zi, Bilib bilmagandek turmoq ham bilim.
Zakovatsizlikning eng ilk belgisi O‘zini o‘zidan zakiy anglatmoq, Egasin bir kuni zabun etgusi O‘zini o‘zidan baland ko‘rsatmoq.
Qo‘y, do‘stim, o‘zingni qaytadan tug‘ma, Ko‘ringaningdek bo‘l, bo‘lgandek ko‘rin. O‘zingni qiynama, o‘zgani bo‘g‘ma, Cho‘g‘ni ko‘p puflamoq kul qilar qo‘rin.