
Husaynxon Yahyo Abdulmajid
QURBONLIK
QURBONLIK
Ibrohimga, o‘g‘ling so‘y deding, Senga Kerak emas edi Ismoil qoni, Qurbonlik bo‘yniga o‘tmadi pichoq, Qonsiz qabul bo’ldi Xalil qurboni.
Xalilning qalbida yolg‘iz Sen eding, O‘zgaga o‘rin yo‘q erdi bu dilda, Mahbub tanasini kesolmadi tig‘, So‘yilib bo‘lgandi chunki ko‘ngilda.
Ibrohim millati chin milliyatdir, Milliylik - Sen uchun sevganin bermoq! Qurbon hayiti bir eslatma, xolos, Sevimli mol-mulkdan bir jonliq so‘ymoq!
Iymon shartida Sen uchun arzimas Bir yilda bir marta bo‘g‘izlash hayvon, Balki lozim har kun nafs itin so‘ymoq, Senchun tandan kechib, bermoq Senga jon.
Bittagina tan-jon Sen uchun nima, Jonda Sening, tanda Seningdir yaqin, Biroq yo‘qni bermoq imkonsiz, vana, Ming tanu jon bo‘lsam, berardim barin.
Qurbonlik Sen sari yaqinlik, ya’ni, Sen uchun sevganin qurbon qilishdir, So‘zingga binoan qilmoq jiddu jahd, Yo‘qsa, doimgidan ko‘p go‘sht yeyishdir.
Senga ming tasadduq sevimli jonim, Sevimli jismim ham fidoying butun, Sevimli mol-mulkim, sevimli nafsim, Sevimli sevgim ham faqat Sen uchun!