Hasanayn.uz

She’rlar

Ro‘yxatga qaytish

Husaynxon Yahyo Abdulmajid

OGOHLIK

OGOHLIK

G‘arbdan esar g‘arib bir shamol, Qanotida ko‘tarib gullar, Ko‘rinadi gullar bezavol, Yetarlicha oshiq bulbullar.

Bo‘ylaridan mast bo‘lmish dimog‘, Qamashtirar ko‘zni turli rang, Unda tikon ko‘rmaysan, biroq, O‘tkir ko‘zga ko‘rinar arang.

Nomlari ham rang barang g‘oyat: «Huquq», «hurlik», «erkinlik», «vijdon!» «Taraqqiyot», «tinchlik», «saodat», «Butun dunyo», «xalqaro», «inson!»

Gullar aqlim ayladi xushtor, Bobom bog‘in esladim birdan, Kirsam, gullar undan-da bisyor, Tabiiy, pok, yo‘q aslo tikan.

Angladimki, o‘sha gullar ham, Otam bog‘dan bexabar choqlar, O‘sha yoqqa uchmish dam-ba dam, U yerlarda yaralmish bog‘lar.

Bu gullarni u ellar ammo Bo‘yaganlar, xushbo‘ylaganlar, Zaharlimi tuproq yo havo, Unmish gulda qotil tikanlar.

Zamondoshim, olgin qo‘l cho‘zib, Merosingdir bobongdan gullar, Tikanlarin rad qilgin shilib, Yo‘qsa, bitar bog‘da bulbullar.