
Husaynxon Yahyo Abdulmajid
SHAYXUL ISLOM MUHAMMAD SODIQ MUHAMMAD YUSUF HAZRATLARINI XOTIRLAB...
Shayxul islom Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarini xotirlab...
Yuraklar to‘ldi, ey voh, benihoya dardu hasratdan, Suyaklar zirqirar, tan o‘rtanar o‘tli musibatdan, Asar ham qolmadi bu jismu jon ichra halovatdan, Aql ham tondi o‘zdan, ko‘z tinar dahshatli zulmatdan, Butun bir boshli «ummat» ketdi bu bechora Ummatdan, Muhammad Ummati bo‘ldi judo Hazrat Muhammaddan.
Fig‘onkim, Ummati Islom bu kun qaddi duto bo‘ldi, Munavvar erdi millat osmoni, zim-ziyo bo‘ldi, Ko‘ngillar nurlanib turgan edi, birdan qaro bo‘ldi, Yuraklar bu musibatdan ado bo‘ldi, ado bo‘ldi, Qabuliyat berilmish erdi sizga Arshi izzatdan, Muhammad Ummati bo‘ldi judo Hazrat Muhammaddan.
Yaratmish sizni Haq din, ma’rifat, ixlos bog‘ida, Unib o‘smish vujudingiz fidoiylik quchog‘ida, Sug‘ormish sizni sof ilmu muhabbat boshbulog‘ida, Qilibdir tarbiya ming turli mehnatlar o‘chog‘ida, Azal dasti olibdir sizni oliy zubda tiynatdan, Muhammad Ummati bo‘ldi judo Hazrat Muhammaddan.
Ilm-taqvo shiorin asli qilmish sizga Haq ilhom, Mislsiz jiddu jahdu quvvat etmish doimo in’om, O‘shal onlardayoq sizga qo‘yilmish «mujtahid» deb nom, Kirib mastona irfon dayriga qo‘lda siniq bir jom, Samo Soqiysi mo‘l-mo‘l may quyardi sizga himmatdan, Muhammad Ummati bo‘ldi judo Hazrat Muhammaddan.
Ekilgan don unib, soya solar ulkan chinor bo‘ldi, Vujudingiz ulusga bir hidoyatchi minor bo‘ldi, Valekin qalbingiz ming xil mashaqqatga duchor bo‘ldi, Sabr qilgandi dushmanga, biroq, chin do‘stga zor bo‘ldi, Uhudlarni ko‘targan sarv qad sindi xiyonatdan, Muhammad Ummati bo‘ldi judo Hazrat Muhammaddan.
Ajabkim, siz edingiz doimo Haqdan inoyatda, Na qilsangiz, na bo‘lsangiz, ilohiy lutfu hikmatda, Nabiyga voris erdingiz bilim, taqvoyu da’vatda, Yana merosxo‘r o‘ldingiz aziyat, sabru hijratda, Hakim bir sizni tanlab erdi milyonlarcha millatdan, Muhammad Ummati bo‘ldi judo Hazrat Muhammaddan.
Ilm karvoni dunyo bo‘ylab endi yo‘lga otlandi, Kezib yurtlar, yig‘ib durlar, yana mehnatda toblandi, Buxoriy, Termiziylardan omonatlar-da yuklandi, Bu karvonga Xudo sarbon edi, har yoni qutlandi, Vatanda qurdingiz «Irfon Madina» ushbu g‘urbatdan, Muhammad Ummati bo‘ldi judo Hazrat Muhammaddan.
Kirib jonlarga oro, bo‘ldingiz Yurt dardiga malham, Bo‘lib siz yo‘lchi yulduz, qiblaga yuzlandi dillar ham, O‘chibdir ixtiloflar, kiynu da’volar topib barham, Qalam birla ko‘ngillar mulkini fath etdingiz shahdam, Sizi bir lahza mahrum qilmadi Haq fathu nusratdan, Muhammad Ummati bo‘ldi judo Hazrat Muhammaddan.
Solibsiz ma’rifat qo‘shnini, qo‘lda nurli tug‘rolar, Yurib olg‘a, oyoq ostida qoldi fitna-g‘avg‘olar, Olib gardanga millat tashvishin qartaydi a’zolar, Qiyo ham boqmadingiz, poyingizni o‘pdi dunyolar, O‘zin xor tuydi dushman sizda ko‘rgan izzu quvvatdan, Muhammad Ummati bo‘ldi judo Hazrat Muhammaddan.
Salim qalbu hanif din sizga Ibrohiymdan o‘tmish, Sinov zindonidan so‘ng sizni Yurt Yusuf misol kutmish, Yurib Muso kabi siz, ortingizdan el kechib o‘tmish, Muhammad Mustafo xulqi azimu siyratin tutmish, Kimiki sizga dushmandir, hasad yo jahlu illatdan, Muhammad Ummati bo‘ldi judo Hazrat Muhammaddan.
Bu kun siz ketdingiz, el ohidan yirtildi osmonlar, Jigarlar bo‘ldi xun, jonlar ezildi, yutdilar qonlar, Yetim qolgan go‘dakdek jovdirab bosh urdi har yonlar, Ilm faryod chekar, din yig‘ladi, to‘lg‘ondi iymonlar, Xarobdir dil, bo‘shabdir to‘rilar fayzu mahobatdan, Muhammad Ummati bo‘ldi judo Hazrat Muhammaddan.
Netaylik, nurli yuz, shonli xiromingizni sog‘indik, Ko‘ngil torini chertar nutqi tomingizni sog‘indik, Kalomullohga yo‘g‘rilgan kalomingizni sog‘indik, Duoyingiz, nigohingiz, maqomingizni sog‘indik, So‘zingiz pok, ko‘zingiz pok, o‘zingiz toza fitratdan, Muhammad Ummati bo‘ldi judo Hazrat Muhammaddan.
Shahid bir jon tikar, yuz bor tikibsiz siz aziz jonni, Edingiz Haqqa xodim, sarf etib bor barcha imkonni, Shuningchun tuydi jonlar xizmatingizda sharaf-shonni, Solardi zuhdu istig‘noyingiz esga Sulaymonni, Umid ulkim, Nabiyga qo‘shni bo‘ldingiz haqiqatdan, Muhammad Ummati bo‘ldi judo Hazrat Muhammaddan.
Tugatmoq vasfingizni so‘z bilan mumkin emas albat, Beribdir sizga Haq ismu sifotidan ulush behad, Karam, bastu, g‘inoyu, adlu, naf’u, mag‘firat, rahmat, Matonat, ilmu, hikmat, fathu, qahru, izzatu, qudrat, Jalolu, rushdu, birru, vud, jamolu, nur , hidoyatdan, Muhammad Ummati bo‘ldi judo Hazrat Muhammaddan.
So‘rar Haq umringizdan, ayting, o‘tdi Senga toat-la, So‘rar tan -jismingizdan, deng, ibodat, ilmu zaxmat-la, So‘ralsa ilmingizdan, chin amal, ixlos, saxovat-la, So‘ralsa molingizdan, mutlaq infoq-la, qanoat-la, Har ish, har so‘z kelardi sizda xolislik – nasihatdan, Muhammad Ummati bo‘ldi judo Hazrat Muhammaddan.
Ilohiy, ayla siddiqlik maqomin tuhfa Hazratga, Fido qilmish edi bor-yo‘g‘ini Qur’onu Sunnatga, Yana ber shundayin siddiq va sodiqlarni millatga, Muhammad Sodiq ismi, chun edi Sodiq Muhammadga, Nazar solgangga jonli madrasa erdi u siyratdan, Muhammad Ummati bo‘ldi judo Hazrat Muhammaddan.
Yetimlik solmab erdi dilni buncha o‘tli furqatga, Husayno, murshidingning sunnati – sabr et musibatga, «Xudoning do‘stiga yo‘q xavfu, tushmas huznu kulfatga», Jasadda bo‘yi jannat, keldi tushlar ham bashoratga, Ilohiy, qil nasib ko‘rmoqni ul siymoni jannatdan, Muhammad Ummati bo‘ldi judo Hazrat Muhammaddan.
Sharh:
Duto – egik.
Qabuliyat – kishining o‘zi ham, har bir so‘z amali ham elga maqbul, manzur bo‘lishi. Hadisi sharifda keladiki, Alloh taolo bir bandani yaxshi ko‘rsa, uni osmon farishtalariga e’lon qiladi, ularga uni yaxshi ko‘rishni buyuradi. Ular mazkur bandani yaxshi ko‘rishadi. Keyin ular yer yuziga tushib, yer yuzi ahliga o‘sha insonni yaxshi ko‘rishni ilhom qilishadi. Shunda uni yer yuzidagilar ham o‘z o‘zidan yaxshi ko‘rib qolishadi. Natijada uning o‘zi ham, har bir so‘zi, har bir ishi ham kishilarga suyukli, manzur bo‘lib qoladi. Mana shu maqbullik «qabuliyat» deyiladi.
Arshi izzat – azizlik Arshi, ya’ni Arshi a’lo. Arshi A’lodan deganda Alloh taolodan degan ma’no tushuniladi.
Zudba – qaymoq, narsaning qaymog‘i, eng sifatli qismi.
Kirib mastona irfon dayriga qo‘lda siniq bir jom, Samo Soqiysi mo‘l mo‘l may quyardi sizga himmatdan.
Baytning ma’nosi quyidagicha: «Siz ilmu irfon «mayxonasiga» ma’rifat ta’midan mast bo‘lgan holda siniq jom – ko‘ngil bilan, ya’ni siniqlik, tavozu’ va xokisorlik bilan kirib keldingiz. Sizning himmatingizni ko‘rib, Samo Soqiysi, ya’ni Alloh taolo ilmu ma’rifatni qalbingizga serob qilib quyib berardi».
Uhudlarni ko‘targan sarv qad sindi xiyonatdan – Uhudlarni ko‘targan, ya’ni tog‘dek mashaqqatlarni, g‘am tashvishlarni ko‘targan qomatingiz xiyonat sababidan sinib qoldi. Ma’lumki, saodat asridagi mag‘lubiyatli jang Uhud g‘azoti bo‘lgan. O‘sha jangda musulmonlar xiyonat emas, adashmovchilikka yo‘l qo‘yishgan edi. Bu yerda shu ma’noga ham ishora bor. Ya’ni adashmovchiliklardan kelgan Uhud tog‘laridek ulkan azob uqubatlarni ko‘targan edingizu, xiyonat sizni bukib qo‘ydi.
Ilm karvoni – Hazrat nazarda tutilgan.
Bu karvonga Xudo sarbon edi, har yoni qutlandi – ya’ni sizning yo‘lboshchingiz Alloh taoloning O‘zi edi. Shuning uchun qalbingizga behisob ma’naviy boylik va ozuqani jamg‘arib qo‘ydi, har tarafingizga baraka berdi.
Vatanda qurdingiz «Irfon Madina» ushbu g‘urbatdan. G‘urbat – g‘ariblik, ya’ni vatandan judolik. Aytilmoqchiki, o‘sha g‘urbat vositasida Vatanda ma’rifat shahrini barpo qildingiz. Bu yerda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hijrat qilib, Madinatur Rasul shahrini qurganlariga ishora qilinmoqda.
Tug‘ro – tug‘, bayroq.
Salim qalbu hanif din sizga Ibrohiymdan o‘tmish – Ibrohim alayhissalom Qur’oni Karimda «Salim qalb» va «Hanif din», ya’ni Islom dini sohibi sifatida zikr qilinganlar. Bu yerda o‘sha xislatlar Hazratda mukammal mujassam bo‘lganiga ishora bor.
Sinov zindonidan so‘ng sizni Yurt Yusuf misol kutmish – Yusuf alayhissalom sinovlardan o‘tib, zindonga tashlanib, ming qiyinchiliklardan o‘tgach, Misrning rahbari, eng ulug‘i bo‘lib yetishganlari, butun mamlakatning hidoyatiga sabab bo‘lganlariga ishora qilinmoqda.
Yurib Muso kabi siz, ortingizdan el kechib o‘tmish – Muso alayhissalom o‘zlariga ergashganlarni Fir’avndan qutqarib, dengizdan olib o‘tganlari, u kishiga ergashganlar najot topib, boshqalar g‘arq bo‘lib ketgani esga olinmoqda.
Muhammad Mustafo xulqi azimu siyratin tutmish – ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sizga o‘zlarining go‘zal va azim xulqlaridan hamda o‘z hayot yo‘llaridan nasiba tortiq qilgandek edilar.
Shonli xirom – shonu shavkatga to‘la yurish, viqorli odimlash.
Nutqi tom – barkamol nutq.
Zuhdu istig‘no – ko‘ngil boyligi va nafs to‘qligidan dunyoga rag‘batsizlik, o‘zni mutlaqo behojat tutish. Bu yerda Sulaymon alayhissalomning boylik bilan zohidlikni jamlaganlariga ishora qilinmoqda.
Karam – oliyjanoblik. Bast – qo‘li ochiqlik. Adl – odillik. Naf’ – maxluqotga foyda keltirish. Mag‘firat – kechirmlilik. Rahmat – mehribonlik. Matonat –metinlik. Ilm – olimlik, bilimdonlik. Hikmat – har ishni o‘z o‘rniga qo‘yish. Fath – qalblarni ochish. Qahr – hammani taslim qilib qo‘yish. Izzat – azizlik, g‘oliblik. Qudrat – qodirlik, zabardastlik. Jalol – ulug‘vorlik. Rushd – to‘g‘ri yo‘lga boshlash. Birr – yaxshilik qilish. Vud – mehrlilik, muhabbatlilik. Jamol – ichki va tashqi go‘zallik. Nur – yog‘du, yorug‘lik. Hidoyat – muloyimlik bilan to‘g‘ri yo‘lga, yaxshilikka boshlash, yetalash. Ushbu bandda aytilmoqchiki, Alloh taolo sizni, hadisi sharifda aytilganidek, O‘z xulqlari bilan xulqlantirib qo‘ygan, sizga O‘zining komillik sifatlaridan nasiba bergan edi. Endi qanday qilib sizni so‘z bilan to‘la ta’riflash mumkin?
So‘rar Haq umringizdan... Bu band «Qiyomat kuni banda to‘rta narsadan so‘ralmay turib qadami qimirlatilmaydi» deb aytilgan mashhur hadisga ishora.
«Xudoning do‘stiga yo‘q xavfu, tushmas huznu kulfatga» – Yunus surasidagi «Agoh bo‘linglar, albatta, Allohning valiylariga xavf ham yo‘q, ular mahzun ham bo‘lmaslar» degan oyatga ishora.
Jasadda bo‘yi jannat, keldi tushlar ham bashoratga. Shayx Hazratlarining vafotaridan so‘ng tanalaridan taralgan xushbo‘ylik hamda u kishi haqlarida ko‘plab solih kishilarning bir xil ma’noda, ya’ni yuksak maqomlarga erishganlarini bildiruvchi tushlar ko‘rganlari Hazratimizning haqiqiy valiy zot bo‘lganlaridan bashoratdir.
Marsiyadan maqsad shuki, uni o‘qiganlar Hazratimdan o‘z hayotlari uchun ibrat olsalar hamda u zotni tilovat va duolar bilan yod qilsalar
19.03.2015