Hasanayn.uz

She’rlar

Ro‘yxatga qaytish

Husaynxon Yahyo Abdulmajid

ULUS

ULUS

Oyog‘i ostidan qo‘l uzgan ulus Boshiga kelganni o‘zidan ko‘rsin! Peshona devorga urilsa hanuz, Burunga qadalgan ko‘zidan ko‘rsin!

Ma’danin qo‘lida qazimagan shoh Tojining gavharin o‘zga qo‘l taqar. Olisdan mosuvo ko‘zlarga har goh Ko‘zlilar har rangli ko‘zliklar yasar.

Yer ustini qirib, qaltirab yoqar, Qay barmoq tuproqning ochmas eshigin. Yurakdan uzilgan qo‘llar tebratar Qalam tebratmagan elning beshigin.

Belingni o‘ylama, elingni o‘yla, «Halqum» deb yashama, «Xalqim» deb yasha! Otang-la maqtanma, o‘zingdan so‘yla, O‘zgani bo‘ktirma, o‘zing yeb yasha!

Biroq, asal ta’min sezmagay tumov, Ko‘r qaydan go‘zallik qadrini bilsin? Istiqlol bo‘yini tuymagan birov, Qaydan ozodlikni ko‘ziga ilsin?