Hasanayn.uz

She’rlar

Ro‘yxatga qaytish

Husaynxon Yahyo Abdulmajid

JAJJI MUSULMON (3-QISM)

JAJJI MUSULMON (3-QISM) (bolalar barnomasi)

Usuluddin Usuluddin sakkizdir, Bilsin o‘g‘ildir, qizdir. «Usul» negizlar demak, Usiz Islom yo‘q, demak. Birma bir aytay, tinglang, Yod olib, amal aylang.

Tavhid Birinchi asl tavhid, Bu yo‘lda o‘lgan shahid. Allohga inonmoqdir, Biru bor deb bilmoqdir. U yakkayu yagona, O‘zgarishdan begona. O‘xshashi yo‘q zotida, Misli yo‘q sifotida, Xotiringdan ne kechmish, U o‘shandan pok emish.

Adl Ikkinchisi adldir, Adlsizlik jahldir. Har so‘zdayu har ishda, Yotish turish, yurishda, To‘g‘ri, odil bo‘lmoq u, Odoblarni tutmoq u.

Imomat Uchinchisi imomat, Qilmoq kerakdir odat. Dunyo oxirat ishi, Teng kelganda tashvishi, Oxiratni tanlamoq, Dunyoni ortga surmoq.

Nubuvvat To‘rtinchisi nubuvvat, U bashar uchun izzat. Payg‘ambarga ishonmoq, Rasulni barhaq bilmoq. Kimda yo‘q bunga iymon, Mo‘min emas u inson.

Amri ma’ruf Amri ma’ruf beshinchi, Udir inson sevinchi. «Amr» demak buyurmak, «Ma’ruf» yaxshilik demak. Yaxshilikka buyurmoq, Amri ma’rufdir, o‘rtoq! Neni qil desa Alloh, U yaxshilik, bo‘l ogoh!

Nahyi munkar Nahyi munkar oltinchi, Munkar shayton quvonchi. «Nahiy» demak qaytaruv, «Munkar» yomon ish deyuv. Yomonlikdan qaytarmoq, Nahyi munkardir, o‘rtoq! Neni qilma der Alloh, U yomonlik, bo‘l ogoh!

Tavallo Yettinchisi tavallo, U do‘st tutmoq, ey dono! Alloh uchun do‘st tutmoq, Alloh do‘stin do‘st bilmoq, Kimki Allohni sevar, Alloh suyganni suyar.

Tabarro Sakkizinchi tabarro, Do‘st tutmaslik mutlaqo. Kimki Allohga dushman, Uni dushman bil bezan. Kim Allohga do‘stdir, bas, Dushmanini do‘st tutmas.

Xotima Bular Islom negizi, Vojibdir har sakkizi. Barchasin tutgan inson, Beshak komil musulmon. Kim bularda tugalmas, Komil musulmon emas. Islom yaxshilik dini, Go‘zal, ezgulik dini.

Husaynxon Yahyo Abdulmajid 1435. Zulhijja 26/20.10.2014.