Hasanayn.uz

She’rlar

Ro‘yxatga qaytish

Husaynxon Yahyo Abdulmajid

OMONXONA QISHLOG‘I TAASSUROTLARIDAN LAVHA

OMONXONA QISHLOG‘I TAASSUROTLARIDAN LAVHA

Bu foniy jahon ichra Bir dona Omonxona, Dunyo g‘amu dardidan Begona Omonxona.

Bu yurtga Xudo bermish, Suvini Garob dermish, Rizqiga sabab ermish, Sharqona Omonxona.

Kimki jigari bemor, Tib ersa unga bekor, Bil, dardiga darmonkor Yaktona Omonxona.

Kimning kasalidir qand, Yoki o‘tidir dardmand, Bas, kelsin, agar har chand, Tibxona Omonxona.

Chor atrofi tog‘ — haybat, Bir kosa kabi hay’at, Sone’dan erur san’at, Koshona Omonxona.

Kim ko‘ngli esa mahzun, Shod aylaguchi afsun, Husniga qilib maftun, Jonona Omonxona.

Duobayu Zovboshi, Tomchi bulog‘u toshi, Sodiq esa yo‘lboshi, Ostona Omonxona.

Bir toza havosi bor, Ming turfa navosi bor, Kelganga davosi bor, Durdona Omonxona.

Bor maqbara, xilxona, Ish yaxshi duoxona, Bo‘lmishdir eshonxona, Devona Omonxona.

El to‘g‘riko‘ngil, soda, Ichmaslar emish boda, Ko‘p ermish eshonzoda, Farzona Omonxona.

Sen dorul-omon bo‘lgin, Har doim omon bo‘lgin, El jismiga jon bo‘lgin, Bo‘l ona, Omonxona.

Hech qo‘yma yomon xona, To bo‘lma yomonxona, Bo‘l butkul omonxona, Har xona omon xona.

Mas’udu Husaynxondan, Ham do‘sti Kamolxondan, Dil so‘zi senga jondan, Do‘stona, Omonxona!

Husaynxon Yahyo Abdulmajid 08.05.2013/28.08.1434