
Husaynxon Yahyo Abdulmajid
YURTDOSH
YURTDOSH
Hijoz. Yasrib. Toshloq bir diyor, Yurar unda turli el yashab, Yahudiyu, nasroniy dindor, Musulmonu mushrik sof arab.
Nabiy keldi muhojir bo‘lib, Shu tuproqda topdilar panoh, Shahar ketdi nurlarga to‘lib, «Madina» deb nomlandi shu goh.
U elparvar olam sarvari, Butun yurtdan oldi ahd paymon: «Nomusulmon, musulmon bari Shu vatanda bir tanu bir jon!»
Huquq burchi teng har yurtdoshning, Totuv yashar hamma vatandosh, Qismati bir bunda har boshning, Bu vatanda barcha yelkadosh.
Yovlar yurtga hujum qilganda Chiqdi ansor, muhojir bari, Rasul yurtlar kezib qaytganda, Oshiqardi Madina sari.
O‘z vatanin sevmoq, bu – fitrat, O‘z onasin sevgandek odam, Tug‘ishganlik tabiiy ne’mat, Shunday bo‘lar vatandoshlik ham.
Yurtdoshimsan, mayli, sen kimsan, Ey yurtimning erka farzandi, Dindoshimsan, g‘ayridinimsan, Ashrafimsan, sen mening andi.
Yo Rab, yovga yuzlantirsang ham, Xoinlardan asragin biroq! O‘zing olgin bag‘ringga tanam, Kindik qonim to‘kilgan tuproq!