
Husaynxon Yahyo Abdulmajid
JAJJI MUSULMON (2-QISM)
JAJJI MUSULMON (2-QISM) Bolalar uchun kichik barnoma (davomi)
«BUYUK OʻRNAK»
Muqaddima
Hamdlar boʻlsin Allohga! Durud Rasulullohga! Sahobai kiromlar, Barchasiga salomlar!
Bizga ulardir oʻrnak, Barin tanimoq kerak. Sizga shulardan soʻzlay, Oʻnta buyugin koʻzlay.
Bular bashorat olmish, Jannati naqd atalmish.
Tirikligidayoq jannatiyligi bashorat berilgan oʻn sahobaning ismlari
Abu Bakr va Umar, Usmon, Aliy – toʻrt sarvar.
Saʼd-u, Abu Ubayda, Saʼid ibn Zayd, Talha.
Zubayr-u, Abdurrahmon, Jannatiydir oʻnovlon.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu
Birinchisi Abdulloh, Rasulullohga hamroh. Abu Bakr Siddiqdir, Ishi haqda tasdiqdir.
Tutdi Rasul yonini, Tikdi mol-u jonini. Gʻorda hamdam, hijratdosh, Tengsiz vafodor, qoʻldosh.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Ikkinchisi haqparvar, Odil Hazrati Umar. Haq-nohaqni ajratgan, «Foruq» deya nom topgan.
Undan qochar shayton ham, Soʻzin qoʻllar Qurʼon ham. Islom dinin quvvati, Tariximiz shavkati.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu Uchinchi Hazrat Usmon, Ulugʻ hofizi Qurʼon. Muruvvati cheksizdir, Saxovati dengizdir.
«Zunnurayn»dir unvoni, Hilm-u hayoning koni. Koʻngli yumshoq yaralgan, Farishtalar uyalgan.
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu Toʻrtinchi Hazrat Aliy, Allohning doʻsti, valiy. Ilm-u maʼrifatga kon, Buyuk, taqvoli inson.
Shijoatli, gʻayratli, Goʻzal xulqli, haybatli. Rasululloh domodi, Ahli baytdir avlodi.
Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhu Beshinchisi xayrixoh, Abu Ubayda Jarroh. U ummatning amini, Omonatning zamini.
Qalbi toʻlmish iymonga, Choʻmmish nur-u irfonga. Jasoratli, bilimli, Paygʻambarga sevimli.
Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu Oltinchisi Zubayrdir, Doim ishi baxayrdir. Mohir chavandoz, botir, Ilk qilichboz, bahodir.
Siymosin Jibril olmish, Nabiy ham aytgan olqish. Rasul «havoriy»si u, Millatin homiysi u.
Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu Yettinchi Hazrat Talha, Islom diniga qalʼa. Maydonlarda lochin u, Nabiyga doʻsti chin u.
U xayrli, u Fayyoz, Himmati topib eʼzoz. Azmkor-u, fidokor, Xizmatda doim tayyor.
Abdurrahmon ibn Avf roziyallohu anhu Sakkizinchi begumon, Hazrati Abdurrahmon. Islom dini jilosi, Jangovar, jonfidosi.
Barakotga cheksiz kon, Saxiylikda u ummon. Tavozeʼli, kamtarin, Haqqa bermish bor-yoʻgʻin.
Saʼd ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu Toʻqqizinchi buyuk xos, Saʼd ibn Abu Vaqqos. Islomda ilk oʻq uzgan, Qoʻrqmas, chavandoz, mergan.
Nabiyyulloh sevgan u, Farishtani koʻrgan u. Zoʻr qoʻmondon, qahramon, Duosi qabul har on.
Saʼid ibn Zayd roziyallohu anhu Oʻninchi Hazrat Saʼid, Jannatni qilmish xarid. Mard va haqiqatgoʻy u, Toymas nasihatgoʻy u.
Sabr-u matonatlidir, Janglarda shiddatlidir. Ilm-u Qurʼondir ishi, Din gʻamidir tashvishi.
Xotima Muhtaramlar, azizlar! Aqlli oʻgʻil-qizlar! Sahobalar el naqshi, Yoʻqdir ulardan yaxshi.
Biling bu ajdodlarni, Qoʻying boshqa yotlarni. Ularga oʻxshang har dam, Jannatiy boʻling siz ham!
Husaynxon Yahyo Abdulmajid 11.10.2015/27.12.1436