Hasanayn.uz

She’rlar

Ro‘yxatga qaytish

Husaynxon Yahyo Abdulmajid

HAYOT SHULDIR

HAYOT SHULDIR

Qachon U birladir qalbing, umr shuldir, hayot shuldir, Qachon Undan judodir dil, o‘lim shuldir, mamot shuldir.

Yurarsan Haq sari pinhon, yo‘lingda har qayon yov bor, Turolsang «Robbunalloh»da, sabr shuldir, sabot shuldir.

Yetishmoq istasang, chopmoq kerak, uchmoq kerak Ul yon, O‘tarsan farzu naflini, oyoq shuldir, qanot shuldir.

Basharda yo‘l sanoqsizdir, hama o‘zicha haq mutlaq, Nabiy, siddiq yo‘lin tutsang, tariq shuldir, sirot shuldir.

Peshonang yerdayu, nafsing o‘zin osmonda tutmish gar, Na deb butlarni chopgaysan, Hubal shuldir, Manot shuldir.

Xudoga bosh egib qalbing, tiyilsa U uchun nafsing, Namozu ro‘za ne derlar, savm shuldir, salot shuldir.

Najotga besh mahal chorlov kelar har kun minorlardan, Husayn aytmish nido mag‘zin, najoh shuldir, najot shuldir.

10.08.2014. Surxondaryo. Omonxona.