
Husaynxon Yahyo Abdulmajid
USTOZIMIZ BADRUDDIN QORI AKAM VAFOTLARI MUNOSABATI BILAN YOZILGAN MARSIYA
USTOZIMIZ BADRUDDIN QORI AKAM VAFOTLARI MUNOSABATI BILAN YOZILGAN MARSIYA
Fig‘onkim, Andijon bir ahli Qur’ondan judo bo‘ldi, Nechukkim, Shayxi qurrosi fanodan mosivo bo‘ldi.
Tahajjud, sajda, Qur’on nuridan porlardi siymosi, Ne baxtki ko‘zki, ul siymo qarog‘i ichra jo bo‘ldi.
Go‘zal erdi uning Islomi, lo ya’niyni tark etmish, Ki ma’nodor sukuti birla ham nurul hudo bo‘ldi.
Tuyub rohat jamoatdan, halovat topdi Qur’ondan, Olib quvvat ibodatdan, ishi doim duo bo‘ldi.
Senga ketdi, Kaloming chiqsin istiqboliga, Yo Rabb, Senga ketguncha chunki ul Kalomga oshino bo‘ldi.
Qabrda munisu, mahsharda u bo‘lsin shafoatxoh, Edi va’dangga loyiq, va’dangga doim vafo bo‘ldi.
Kalomingga edi oshiq, senga ishqin tutib pinhon, Musibat bizga yu, o‘ziga ayni muddao bo‘ldi.
Nabiyying yonidan joy ber, unga qil hamnafas mangu, Ki, ustozim yo‘li ayni tariqi Mustafo bo‘ldi.
Beribsan jismiga dardlar, vujudin poklamishdirsan, Sen undan rozi bo‘l, Sen neki bersang, u rizo bo‘ldi.
Berardi jonini Qur’onga, Qur’on birla jon berdi, Kalomning Sohibidan «irji’iy» deb chun nido bo‘ldi.
Ilohiy, ruhiga Firdavsi A’lodan maqom bergin, Bu minglab qullaring qalbida ushbu iltijo bo‘ldi.
Azizlar, sevsangiz Qur’onni, Qur’on ahlini asrang, Fidosi aylang o‘zni, kimki Qur’onga fido bo‘ldi.
Husayn din osmonidan to‘lin oy yerga botmishdir, Hiloli o‘rniga to‘lsinki, shu nurdan bino bo‘ldi!