
Husaynxon Yahyo Abdulmajid
MA’NO VA SUVRAT
MA’NO VA SUVRAT
Kel, ey tan, to‘xtagin endi, tur, ey ruh, Haqqa hijrat qil, Bas, ey nafs, o‘zni o‘ldirgin, ko‘ngil, sen endi ishrat qil.
Ko‘zingni yumgin, ey hislar, fikr, sen endi uyg‘ongin, G‘ariza, sen quloq tut, ey aql, sen bir hidoyat qil.
Oyoq, sen bir tinim olgin, tafakkur, endi sen sayr et, Vujuding shal qil, ey til, endi, ey dil, sen sayohat qil.
Quloq, lahza o‘zingni och, ko‘ngil, bir on ko‘zingni och, Kel, ey jon, sen yuzingni och, vujud, bir dam ibodat qil.
Ayo ko‘z milki, har nayzangni sen bir birga mahkam qo‘y, Nigohlar qochmasin har yon, ularni sen himoyat qil.
Aziz ko‘z, mayli sen ko‘r bo‘l, quloq, sen mayli kar bo‘lgin, Bas, ey qalb, endi sen ko‘z bo‘l, quloq bo‘l, bunga himmat qil.
Nido chun keldi Haqdan, tek tur, ey tan, so‘zla sen, ey ruh, Suvingni tashla, ey qo‘l, ey yurak, sen bir tahorat qil.
Husayn, suvratparastlik Haq qolib, butga topinmoqdir, Agar inson esang, ma’noparast bo‘lmoqni siyrat qil.