
Husaynxon Yahyo Abdulmajid
O‘N YOSHING MUBORAK!
O‘N YOSHING MUBORAK!
Zulmatda vujuding nurfoshing sening, Hilolsan, Islomdir quyoshing sening, Porlamish ham iching, ham toshing sening, O‘n bahor ko‘ribdi bu boshing sening, Islom.uz, muborak, o‘n yoshing sening!
Yigirma sayyora tutmish fazoying, Falakda suzarsan, ortar ziyoing, Najot nuqtasidir, so‘ng borar joying, Iymonu ma’rifat yo‘ldoshing sening, Islom.uz, muborak, o‘n yoshing sening!
Benazir sahifang – bu uz.webiston, O‘zbek milliyyatin qilmish namoyon, O‘zligin o‘zgaga sotmagan o‘g‘lon, O‘z yuzing, o‘z ko‘zing, o‘z qoshing sening, Islom.uz, muborak, o‘n yoshing sening!
Qur’on.uz sahifang ko‘ngillarga nur, Ko‘rgan, tinglaganga ruhoniy huzur, Kimga Qur’on mahbub, sen unga manzur, Adashmassan, Qur’on yo‘lboshing sening, Islom.uz, muborak, o‘n yoshing sening!
Rasul hadislari Islom tayanchi, Iymonu axloqu ma’rifat ganji, Hadis.uz xizmati elning yupanchi, Chunki hadis ahli yurtdoshing sening, Islom.uz, muborak, o‘n yoshing sening!
Buyuklarni buyuk ayol tug‘armish, Kelajak g‘ishtini ona qo‘yarmish, Muslimat.uz buyuk ona yo‘narmish, Tarbiyadir umr yo‘ldoshing sening, Islom.uz, muborak, o‘n yoshing sening!
Oilam.uz sendan go‘zal bir parcha, Saodat qasriga ochilgan darcha, Baxtu saodatga muhtojdir barcha, «Baxtiyor oila»dir izdoshing sening, Islom.uz, muborak, o‘n yoshing sening!
Dinbuzar, e’tiqod dushmanlari bor, Ular millatga yov yovuz mardikor, Hilol.kom sarhadda turar jangovor, Din, yurt himoyasi taloshing sening, Islom.uz, muborak, o‘n yoshing sening!
Olamlarga rahmat Rasul hayoti, Najot xaritasi, «siyrat»dir oti, Siyrat.uz parvozda tolmas qanoti, Siyrating ko‘rsatar bardoshing sening, Islom.uz, muborak, o‘n yoshing sening!
Info.uz sayyorang g‘oyat sersamar, Olamda ne ahvol, ogoh, boxabar, Sen o‘zing bir olam, aytsam muxtasar, Axborot ahlidir sirdoshing sening, Islom.uz, muborak, o‘n yoshing sening!
Islom ahkomlari olamga rahmat, Uning har qonuni ayni ibodat, Fiqh.uz bu yo‘lda elga hidoyat, Hanafiy fiqhidir qaroshing sening, Islom.uz, muborak, o‘n yoshing sening!
Tarixsiz kelajak kutmoq xom orzu, Millating tarixi buyuk va mangu, Tarix chehrasiga tarix.uz ko‘zgu, Jonkuyar, vijdonli haqfoshing sening, Islom.uz, muborak, o‘n yoshing sening!
Adabiy maydonda adabiyot.uz, O‘xshashi yo‘q javlon ko‘rsatar hanuz, Nasru, nazm, navo, barmog‘u aruz, O‘z tiling o‘rgatar qondoshing sening, Islom.uz, muborak, o‘n yoshing sening!
Halollik, poklikning ramzisan tamom, Halollik bo‘lmasa, hayotdir harom, Halol.org halolga yo‘ldoshdir mudom, Halollik tarozing, ham toshing sening, Islom.uz, muborak, o‘n yoshing sening!
Arabiydir Qur’on, hadis zaboni, Islomu ma’rifat, hikmat ummoni, Ko‘za kerak bo‘lsa, qonmoq zamoni, O‘zbekka arabik.uz doshing sening, Islom.uz, muborak, o‘n yoshing sening!
Inson ijtimoiy bir jonzot erur, Muloqot uningchun havodek zarur, «Forum»ing insonlar hojatin berur, Ezgu bo‘l, bo‘lmasin avboshing sening, Islom.uz, muborak, o‘n yoshing sening!
Olamni qoplamish dardu jaholat, Elning najotiga kerak tabobat, Tib.uzing ko‘rsatar bunda jasorat, Vujud tarbiyasi taroshing sening, Islom.uz, muborak, o‘n yoshing sening!
Savollar.uz sening eng qizg‘in qisming, Konlarni kashf etar nodir tilisming, Millatchun bebaho boylikdir jisming, Ilm xazinasi durposhing sening, Islom.uz, muborak, o‘n yoshing sening!
Insonda tabiiy moddiy ehtiyoj, Qulog‘i so‘z tuymas qorni bo‘lsa och, Tana ta’minoti ruh uchun iloj, Bozor.uz bel tutar non-oshing sening, Islom.uz, muborak, o‘n yoshing sening!
Bepoyon gulshansan gullaring bisyor, Har gulning o‘z hidi, o‘z ruxsori bor, Har bir bog‘bon uchun ochib bir gulzor, Blog.uz, kamalak rangdoshing sening, Islom.uz, muborak, o‘n yoshing sening!
Nafaqat o‘zbekka eltasan jonlar, Sanoqsiz xalqlarga ocharsan konlar, Senda haqni topar rusiyzabonlar, Islam.uz bir rusiy otdoshing sening, Islom.uz, muborak, o‘n yoshing sening!
O‘zbek milliyligi – musulmonchilik, Namozu niyozsiz el bo‘lar o‘lik, Masjidlar xarita ichradir bitik, Masjid.uz yo‘l uzra firoshing sening, Islom.uz, muborak, o‘n yoshing sening!
Bugungi urushlar fikr jangidir, Basharni mast etgan so‘z ohangidir, «Mediya»ng bu jangoh ichra yangidir, Aql maydonida savoshing sening, Islom.uz, muborak, o‘n yoshing sening!
Sport bugun olmish dil to‘ridan joy, Kimlar hayotiga baxsh etar chiroy, Sport.uz, zulmatda sen bo‘lib bir oy, Faqat yog‘du sochsin chorboshing sening, Islom.uz, muborak, o‘n yoshing sening!
Bor ikki qanoting — ixlos va iymon, Erkin parvozdasan mangulik tomon, O‘zgalar ortingdan yetolmay hayron, Arshi A’lodandir maoshing sening, Islom.uz, muborak, o‘n yoshing sening!
Islom.uz ajoyib shovvozlaring bor, Beminnat xizmatkor, jonbozlaring bor, Shunga eldan ko‘rar e’zozlaring bor, Go‘zalsan, Ustozdir naqqoshing sening, Islom.uz, muborak, o‘n yoshing sening!
Husayn bir xodiming, tilar kamoling, Toabad yashnasin, baxting, iqboling, Zavol topsin, kimki istar zavoling! Quvonchdan quyilsin ko‘z yoshing sening, Islom.uz muborak o‘n yoshing sening!
O‘n yoshda shunchalar topibsan kamol, Yana o‘n asrlar ko‘rsatgin jamol, O‘zidan qo‘ymasin seni Zuljalol, Qiyomatga qadar qo‘ldoshing sening, Islom.uz, muborak, o‘n yoshing sening!
Husaynxon Yahyo Abdulmajid 17.10.2013/1434.12.12.