
Husaynxon Yahyo Abdulmajid
GUL BILAN SUHBAT
GUL BILAN SUHBAT
Koʻrindi bu kecha gulda munojot, Zaboni hol bilan kechdi muloqot.
Dedim: «Ey gul, nechun chehrang qizildir?» Dedi: «Ey qul, yuz izhori koʻngildir».
Dedim: «Nedan ajab nozikbadansan?» Dedi: «Dil nozik ersa, naylasin tan?!».
Dedim: «Jismingda yoʻq gʻunchangdagi boʻy?» Dedi: «Xulqing ogʻizdan koʻrsatar boʻy».
Dedim: «Barging yashil erkan, goʻzaldir», Dedi: «Orzu-umidlardan masaldir».
Dedim: «Soʻlgʻin koʻringaysan xazonda?» Dedi: «Bu yerga yotmoqdan nishon-da».
Dedim: «Hosillaringni ne qilarsan?» Dedi: «Suv ichgan oʻrnimga toʻkarman».
Dedim: «Uzmish gulingni bir necha yosh?» Dedi: «To lab ochildi, ketdi bu bosh!»
Dedim: «Bormi sening bir bogʻboning?» Dedi: «Jisming turarmi, yoʻqsa joning?»
Dedim: «Bulbul senga oshiq ekan koʻp?» Dedi: «Bogʻbondir ishq ahliga mahbub».
Dedim: «Har yaprogʻing sanʼat nishoni», Dedi: «Har biri bogʻbon dostoni».
Dedim: « Nega boqarsan koʻkka doim?» Dedi: «Dil talpinar, aytib «ilohim».
Dedim: «Qancha quyoshdan bahravar tan?» Dedi: «Har qancha unga yuzlanarman».
Dedim: «Yoningda bu ajriqqa ne bor?» Dedi: «Tushsa nazarlar, aylagay kor».
Dedim: «Nega goʻzallik ramzi sensan?» Dedi: «Doim tabassum sunnat erkan».
Dedim: «Sen qoʻlma-qoʻl xalq ichra doim», Dedi: «Sen ham tikonsiz boʻl, muloyim».
Dedim: «El yuzingga maftun boʻlarlar?» Dedi: «Badboʻy esam, tashlab ketarlar».
Dedim: «Essa shaboda tebranarsan?!» Dedi: «Gar tebranolmassan, sinarsan!»
Dedim: «Ari asal olgay gulingdan». Dedi: «Yaxshi, yomon bori tilingdan».
Dedim: «Husningga oshiqlar sanoqsiz», Dedi: «Oʻtkinchi husn ishq(q)a yaroqsiz».
Dedim: «Qumgʻoq nega gul-gʻuncha ochmas?» Dedi: «Bebahra suv birlan koʻkarmas».
Dedim: «Mevang yoʻgʻ-u, sen serxaridor?» Dedi: «Xushchehralikda yaxshilik bor».
Dedim: «Jismingni yulganni netarsan?» Dedi: «Ilgin oʻpib, atrim separman».
Dedim: Nedir hayoting qildi barbod?» Dedi: «Barvaqt ochilmoq boʻldi, hayhot!»
Dedim: «Qaydansan-u, soʻng qayga ketmoq?» Dedi: «Tufrogʻdan-u, tufroqqa qaytmoq».
Dedim: «Bu oʻrtada shaʼningga ne bor?» Dedi: «Gullik vazifam qilmoq izhor».
Dedim: «Umring, valekin, uncha ermas», Dedi: «Bir gul boʻlishga yetmogʻi bas».
Dedim: «Endi qachon sen-la koʻrishmoq?» Dedi: «Sen-la koʻrishmoq oʻrni uchmoq».
Dedim: «Menga nasihat ayla bir dam», Dedi: «Tufrogʻni yod et, ojiz odam!»
Dedim: «Menga vasiyat qil, qadrdon», Dedi: «Qullik vazifang, hazrat inson!»
15.08.2010