
Husaynxon Yahyo Abdulmajid
TERROR
TERROR
Oʻn asrni varaqlab chiqdim, Salbchilardek koʻrmadim qonxoʻr, «Terror» ildizini izladim, Gʻarbdan boshqa topmadim gʻamxoʻr, Aslu nasling qilibsan bayon, Rahmat senga, rahmat Tarrantjon!
Islom «salom» dini shunchalik, Salom bilan kutvoldi moʻmin, Sen oʻldirib olding ku alik, Asl holni aylading tayin: Nomusulmon bilan musulmon, Rahmat senga, rahmat Tarrantjon!
Hov bir hovuch masxaragoʻyga Davlatchalar tutdilar motam, Ammo oʻnlab ibodatjoʻyga Kipriklarin qoqmadilar ham, Bosh yuzlarni aylading ayon, Rahmat senga, rahmat Tarrantjon!
Sen axborot oynalariga Siyosatning yuragin solding, «Otishma» der «terror» oʻrniga, «Nasroniy»mas, «oʻngchi» boʻlvolding, Koʻrga hassa kim rost, kim yolgʻon, Rahmat senga, rahmat Tarrantjon!
«Terror» qoʻrquv solishdir har goh, Yoʻqdir uning dinu millati, Mirshabidan qoʻrqsa begunoh, Terrorchidir demak davlati, Miltigʻingda tarixing shoyon, Rahmat senga, rahmat Tarrantjon!
Boshqa ekan bomba va hijob, Qizlarimiz hayosin yuldik, Boshqa ekan urush va niqob, Momolarni obdon unutdik, Ayollardan choʻchibmiz, nodon, Rahmat senga, rahmat Tarrantjon!
Yaxshi, soqol qoʻymabsan, boʻtam, Koʻrlar qani seni koʻrsaydi, Aslin olsa Suriyada ham, Sendaqalar koʻproq «ishlaydi», Hatto tukdan qoʻrqibmiz, ishon! Rahmat senga, rahmat Tarrantjon!
Odamiylik boʻzladi bedil, Yurak toʻshab ruhlar poyiga, Dini boshqa, irqi boshqa el Vijdon gulin qoʻydi joyiga, Yuraklarda uygʻotding vijdon, Rahmat senga, rahmat Tarrantjon!
Sen otgan yuz muslim oʻrniga Yuz minglagan musulmon kelar, Oʻq sadosi yetgan uylarga Islom nuri oʻqdayin kirar, Meni aytdi deysan, qahramon, Rahmat senga, rahmat Tarrantjon!
Kim bir jonni oʻldirsa nohaq, Oʻldirmishdir barcha insonni, Kim bir qonni asrasa barhaq, Tiriltirmish butun jahonni, Sen basharni oʻldirding behad, Laʼnat senga, laʼnat, ey Tarrant!
18.03.2019